SSV Matbuot xizmati stressning sabablari, uning inson organizmiga taʼsiri va boshqa jihatlari toʻgʻrisida Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov bilan suhbat uyushtirgan edi. Quyida ushbu suhbatning davomi bilan tanishishingiz mumkin.
— Stress qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?
— Tan olish kerak, stressning foydali jihatlari ham bor. Sababi, bu himoya mexanizmi bizga inqirozli, ekstremal vaziyatlarda omon qolishga yordam beradi. Biroq bu holat doimiy ravishda roʻy berishi organizmga jiddiy zarar yetkazadi. Xususan, yurak-qon tomir tizimiga yuklama ortadi, hujayralarning qarishi tezlashadi, — deydi mutaxassis.
Qolaversa, doimiy stress insonning immun tizimini zaiflashtiradi. Buning oqibatida esa “uxlab yotgan” kasalliklar qoʻzgʻaladi, mavjudlari esa kuchayadi. Stress gormonlarining betartib ishlab chiqarilishi qandli diabet rivojlanishi, yuzda toshmalar paydo boʻlishi, soch toʻkilishi, keskin ozib ketish, oshqozon yarasi va boshqa jiddiy patologiyalarga olib kelishi mumkin.
Bundan koʻrinib turibdiki, stress koʻpchilik oʻylagandek ruhiy holatga emas, balki turli fiziologik oʻzgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan reaksiyadir.
— Stressdan qutilish uchun nimalarga amal qilish kerak?
— Birinchi navbatda, inson stressning asl mohiyatini anglashi, yaʼni uni qoʻzgʻatuvchi omillarni aniqlab, ularning oldini olishi kerak. Stressli vaziyatga tushib qolsangiz, vahima bosishiga yoʻl qoʻymang, chuqur nafas olib, tinchlanishga harakat qiling.
Bundan tashqari, muntazam jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanish tavsiya etiladi. Sababi jismoniy faollik “baxt” gormonlari ishlab chiqarilishiga yordam beradi va insonning kayfiyatini koʻtaradi.
Stressning oldini olishda sogʻlom uyqu, toʻgʻri ovqatlanish, yaʼni foydali vitamin va minerallarga boy boʻlgan mahsulotlarni koʻproq isteʼmol qilish ham muhim rol oʻynaydi.
Agar stressdan mustaqil ravishda qutila olmasangiz, yordam soʻrab yaqinlaringiz yoki shifokorga murojaat qilishdan tortinmang.