Qishning sovuq kunlari baʼzi insonlarda allergik reaksiyalarni paydo qilishi mumkin.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova ushbu patologiya haqida maʼlumot berdi.
— Sovuqqa allergiya koʻproq ayollar va bolalarda kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — U, birinchi navbatda, immunitet tizimi zaiflashishi oqibatida yuzaga keladi. Allergiyaning bu turiga moyil kishilar sovuq bilan yuzlashganda, organizm noyob patologik oqsil — krioglobulin ishlab chiqara boshlaydi.
Bu modda immunitet hujayralari tomonidan begona unsur sifatida qabul qilinib, hujumga uchraydi. Mazkur jarayonda faol ishlab chiqariladigan gistamin moddasi esa allergik reaksiyaga sabab boʻladi.
Kasallik turli koʻrinish va shakllarda namoyon boʻladi. Eshakemi, rinit, konyunktivit, dermatit, astma shular jumlasidan. Hatto ayrim bemorlarda Kvinke shishi ham hosil boʻlishi mumkin. Ular orasida eng keng tarqalgani eshakemi boʻlib, tanada pufakchalar paydo boʻlishi bilan kechadi.
Sovuqqa allergiya belgilari izgʻirin harorat taʼsiridan 3-5 daqiqa oʻtib paydo boʻladi va simptomlar 1-2 soatdan bir necha kungacha kuztilishi mumkin.
Kasallikning oʻtkir va surunkali shaklida qoʻl, yuz, yonoq va oyoqlarlarda kuchli qichishish yuzaga kelib, soʻng terida qizil dogʻ va pufakchalar yuzaga keladi.
Baʼzida titroq, umumiy holsizlik, yurak urishi tezlashishi va boʻgʻimlarda ogʻriq kuzatiladi. Nafas qisishi, taxikardiya, qon bosimi pasayishi, koʻngil aynishi, qusish, qorin ogʻrigʻi bezovta qilishi mumkin.
Oʻtkir respirator virusli kasallikka chalingan, allergiyaga nasliy moyilligi bor, oshqozon-ichak yoʻllari va jigar xastaliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarda sovuq harorat taʼsiriga koʻproq sezgirlik paydo boʻladi.
Hozirgi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazimizda ushbu kasallik eng ilgʻor diagnostika vositalari yordamida aniqlanib, bemorlar zamonaviy muolaja usullari yordamida muolaja qilinmoqda.