Doʻkoningizning nomini tushuntirib bering

    Doʻkonlar nomi nega ajnabiy tillarda yozilgan?

    Ishga kelayotganimda va qaytayotganimda yoʻllar chetidagi yozuvlarni oʻqib, kuzatib ketaman va hayron qolaman. Koʻplab doʻkonlarning nomlari ajnabiy tillarda yozilgan. Sof oʻzbek tilida yozilganlari juda kam. Baʼzan “Pink island”, “Max. Fardan”, “Gourmet”, “Swiss bakery”, “Parguet collection”, “Socials” kabi matnlarga koʻzim tushganda oʻzi Oʻzbekistondamanmi, Toshkentdamanmi, deb oʻylanib qolaman. Rostdan ham, yuqoridagi yozuvlar nimani anglatadi?

    Shu savolga javob topish maqsadida internetga kirib, qidirib koʻrdim. “Pink island” ayollar liboslari sotiladigan doʻkonlar tarmogʻi ekan. Poytaxtimizda shu nomdagi bir necha doʻkon faoliyat koʻrsatarkan. Doʻkonlar oldiga borsangiz, nomi koʻrsatilgan joyda oʻzbekcha yozuv yoʻq. Hech boʻlmasa, ayollar kiyim-kechaklari sotiladigan doʻkon, degan belgini ham uchratmaysiz.

    “Max. Fardan” ham xuddi shunday doʻkonlar tarmogʻi boʻlib, ularda erkaklar kiyim-kechagi sotilarkan. Albatta, xorijning sifatli kiyim doʻkonlari mamlakatimizga kirib kelishi yaxshi, lekin doʻkon nomining yonida oʻzbekcha takrori yoki izohi ham boʻlsa, koʻproq xaridor kirardi, nazarimda.

    “Socials” kafe va restoranlar tarmogʻi ekan. Menimcha, socials degani “ijtimoiy” maʼnosini anglatadi. Bundan bilish mumkinki, bu ijtimoiy, yaʼni arzonroq kafe va restoranlar tarmogʻi. Albatta, bunday ovqatlanish shoxobchalari boʻlishi yaxshi. Tarmoqning ayrim kafelarida taoamlarning narxi 10 ming soʻmdan 50 ming soʻmgacha ekanini internetdagi reklamalardan bildim. Ammo kafelar oldida uning ijtimoiy, yaʼni arzonroq ekanini koʻrsatadigan yozuv yoki belgini koʻrmadim.

    Yana bir gap. “Vsyo dlya doma”, “Shtorы”, “Obuv”, “Xoztovarы”, “Elektrotovarы” deb nomlangan, shu sohalarga ixtisoslashtirilgan doʻkonlarni har qadamda uchratamiz. Aslida avval oʻzbekcha matn, keyin uning boshqa tildagi tarjimasi yozilishi kerak emasmi? Koʻp joylarda, hech boʻlmasa, doʻkon nomining davlat tilidagi tarjimasi yoʻq. Goʻyo shunday boʻlishi kerakdek. Eng achinarlisi, ushbu doʻkon egalarining 90 foizi millatdoshlarimiz. Oʻzingdan chiqqan baloga, qayga borasan davoga, degani shu boʻlsa kerak-da.

    Qoʻyliqqa Fargʻona yoʻli koʻchasi boʻylab ketaverishingizda yangi massiv qurilyapti. Nomi “Alfraganus”. Nega “Al-Fargʻoniy” emas? Nahotki, “Alfraganus” “Al-Fargʻoniy”dan jarangliroq boʻlsa. Yana bir joyda Dogʻiston oshxonasi bor. Binoning tepasiga “Papakha” Dagestanskaya kuxnya” deb yozib qoʻyilgan. Mayli, “Papakha” Dogʻistonga xos biror narsaning nomidir. Lekin nega tagidagi yozuv “Dogʻiston taomlari” yoki “Dogʻiston oshxonasi” emas. Oshxonani dogʻistonlik tadbirkor ochgan boʻlishi mumkin. Biroq asosiy xoʻrandalar oʻzbeklar-ku. Bundan tashqari, oshxona ochilgan manzil Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda-ku!

    Yurtimizda avtomobillar koʻpaygandan soʻng ketma-ket ularni yuvadigan shoxobchalar ham ochila boshladi. Lekin kamdan-kam joyda “Avtomobillarni yuvish shoxobchasi” degan yozuvni uchratasiz. Avval “Avtomoyka” edi, hozir “Car wash”. Ayrimlarida “Car wash” – “Ekspress moyka”. Lekin oʻzbekchasi yoʻq.

    Nima uchun shunday? Nega xorijiy yozuvlar yonida oʻzbekchasi yozilmayapti? Men bu xususda bir doʻstimga aytgan edim, u fikrimga qoʻshilmadi, hatto eʼtiroz bildirdi:

    “Bugun Oʻzbekiston dunyo uchun ochiq. Jahonning istalgan mamlakatidagi tadbirkor kelib, pul tikib, biznes bilan shugʻullanishi mumkin. Hozirgi globalizatsiya jarayonida tadbirkor erkin boʻlishi kerak. U qaysi tilni xohlasa, shu tilda eʼlon bersin. Doʻkoni tepasiga ham oʻzi istagan nomni yozib qoʻysin. Axir u sarmoya kirityapti, ish oʻrni yaratyapti. Bundan tashqari, Toshkent va boshqa shaharlarimiz koʻchalaridagi siz aytayotgan yozuvlar katta firmalarning brendi ham boʻlishi mumkin. Ularni oʻzgartirish shart emas, hamma biladi, tushunadi.

    Sizga bir misol keltiraman. AQSH shaharlarida, xususan, Nyu-Yorkning xitoy kvartalida xitoycha, rus kvartalida ruscha, ispan kvartalida ispancha yozuv va eʼlonlar bor. Bu kvartallarda ingliz tilida koʻrsatilgan joy yoki firma nomini deyarli uchratmaysiz. Lekin amerikaliklar bunga eʼtiroz bildirmaydi. Nega inglizcha emas, deymaydi. Reklamani ham, joylar, firmalar, doʻkonlar nomlarini ham qanday boʻlsa, shunday qabul qiladi”, – dedi u.

    Albatta, uning gapi ham qaysidir maʼnoda toʻgʻri. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, koʻchalarimizdagi oddiy fuqarolar tushunmaydigan yozuvlarning ayrimlari, haqiqatan ham, yirik firmalarning brendi ekan. Lekin shu oʻrinda yana bir narsani unutmasligimiz kerak. Ular yirik firmalarning brendi ekanini hamma ham bilavermaydi-ku. Masalan, men shu masalaga qiziqqanimdan soʻng internetdan bildim bular doʻkonlar tarmoqlari nomi ekanini.

    Nyu-Yorkdagi misolga keladigan boʻlsak, oʻsha katta shaharning xitoy kvartalida asosan xitoylar, rus kvartalida asosan rusiy zabon odamlar, ispan kvartalida koʻproq ispan tilida gaplashuvchi aholi yashaydi. Shuning uchun eʼlonlar, reklamalar, korxona va doʻkonlar nomi oʻsha tillarda. Boshqacha aytganda, asosiy isteʼmolchi oʻsha yozuv yozilgan millat vakillari. Agar oʻsha kvartallarda boshqa millat vakillari yashasa, istaysizmi, yoʻqmi, reklamalar boshqa tilda boʻlardi. Ularni Toshkentdagi yozuvlar bilan solishtirish unchalik toʻgʻri emas.

    Oʻzbekistonning shahar va qishloqlarida asosiy isteʼmolchi kim? Oʻzbeklar. Ularning juda koʻpchiligi bu yozuvlarning mazmunini tushunmaydi. Ayrimlari bu yozuvlarni oʻqiy olmaydi ham. Umuman, aholining asosiy qismi oʻzbeklar boʻlgan hududda bunday ajnabiy tillardagi yozuvlarning borligini, lekin yonida yoki tagida, hech boʻlmasa, tarjimasi yoʻqligini ijobiy holat deb hisoblash mumkinmi?

    Shu oʻrinda bir misol keltirib oʻtsam. Bugun Dubay shahri dunyo biznes markazlaridan biriga aylangan. Jahondagi eng yirik kompaniyalar, korxonalar va firmalar shu shaharda filiallariga, oʻz savdo uylariga ega. Lekin har bir kompaniya, korxona va firmalar joylashgan binodagi oʻsha tashkilotlarning inglizcha nomi yonida uning arabcha tarjimasi ham bor. Vaholanki, shaharda deyarli barcha aholi ingliz tilida bemalol gaplashadi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, shahar aholisining salkam 90 foizi ingliz tilida gaplashuvchi xorijdan kelgan muhojirlardir. Demoqchimanki, oʻsha nomlarning arabcha tarjimasi boʻlmasa ham dubayliklar uchun tushunarli, lekin ular oʻz tillarini sevishadi, hurmat qilishadi, ingliz tilidan kam emas, deb bilishadi.

    Bundan uch-toʻrt yil burun AQSHning Kaliforniya shtatida yashaydigan bir tanishim mehmonga keldi. U ancha yillardan buyon okean ortida yashaydi. Toshkentni aylanib yurganimizda, Oybek metrosi bekati yaqinidagi bir bino eshigidagi yozuvni koʻrib, kulib yubordi. Keyin mendan soʻradi: “Anovi eshik ustidagi yozuvning tarjimasini bilasizmi?”. Qarasam, inglizcha yozuv. “Yoʻq” dedim. “Poyabzal ustaxonasi ekan. Tepasiga inglizchalab poyabzal ustaxonasi deb yozib qoʻyibdi. Toshkentda ingliz tilini biladiganlar shunchalik koʻpayib ketganmi?” deya yana kuldi mehmon.

    Toʻgʻrisi, shu koʻchadan tez-tez oʻtib tursam-da, bu bino eshigidagi lavhaga eʼtibor bermagan ekanman. Haqiqatan ham, qiziq. Ishonchim komil, ustaxonaning egasi ingliz emas. U ingliz boʻlganida, hech qachon bu lavhani koʻpchilik tushunmaydigan tilda yozib qoʻymasdi. Balki ingliz tiliga qattiq qiziqadigan insondir. Aslida usta uchun ustaxonaning tepasidagi yozuv emas, koʻproq mijoz kelishi muhim. Buning uchun esa bu qanday joy ekanini odamlar bilishi kerak, yaʼni yozuv oʻzbek tilida boʻlishi shart. Eshik tepasiga “Poyabzal taʼmirlaydigan ustaxona”, deb yozib qoʻyilsa, mijoz koʻp keladi. Shunday emasmi?

    Umuman, keyingi paytlarda firmalar, korxonalar, doʻkonlar nomini tanlashda qandaydir tushunarsiz, ajnabiy soʻz va iboralardan foydalanish modaga aylangandek, avj olgandek. Sof oʻzbekcha nomlar juda kam. Internetga kirib, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari nomiga nazar soldim va bir nechtasini yozib oldim. Mana ular: “Al sage pharm” MCHJ, “Aluminium systems ip” MCHJ, “Aqua polymer team” MCHJ, “Pit stop motors” MCHJ, “Chistiy dom lyuks” MCHJ, “Comfort sleep” oilaviy korxonasi, “East line telekom” MCHJ, “Eco-han project” xususiy korxonasi, “Elastikum” MCHJ, “Fire security systems” MCHJ, “Sewing machines trading” MCHJ.

    Bu nomlar balki yaxshi mazmunga egadir. Bundan tashqari, korxonasini qanday nomlash tarbirkorning ixtiyoridagi ish. Albatta, xorijda roʻyxatdan oʻtgan firmalar nomiga bir narsa demaymiz Lekin oʻzimizda roʻyxatdan oʻtganlarining nomini sal oʻzbekchalashtirsak yaxshi boʻlarmidi...

    Yuqorida tilga olganimiz – doʻkonlar nomi ajnabiy tillarda yozilganini qoʻya turaylik. Keyingi paytda doʻkonlar, firmalar nomini, turli lavhalarni, reklamalarni imloviy xatolar bilan yozish ommaviy tus olib ketgan. Eng achinarlisi, bu xatolarga barchamiz beparvomiz. Umuman, bunday nuqsonlarni kim nazorat qilishi kerak?

    Bir paytlar shahar hokimligi huzurida til, atamalar bilan shugʻullanadigan boʻlimmi, shoʻbami bor edi. Bugun ham oʻsha tashkilot faoliyat koʻrsatyaptimi? Agar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, nega jim? Axir gap tilimiz, davlat tili haqida ketyapti. Biz bugungidek beparvo yuraversak, yaqin yillarda shahar va qishloqlarimiz koʻchalarida birorta ham oʻzbekcha yozuv qolmaydi. Davlatimiz rahbari BMT minbarida oʻzbek tilida gapirib turgan paytda yurtimizda tilimizga boʻlgan eʼtiborsizligimiz qimmatga tushishi mumkin.

    Mamlakatimizda tilimizni himoya qiladigan qonuniy asos bor. “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, mamlakatimiz hududida reklama davlat tilida tarqatiladi, qoʻshimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.

    Shuningdek, reklamaning boshqa tildagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi maʼnosini buzmasligi, tashqi reklama obyektidagi reklama tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal tarzda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi, tarjima matnining shrift oʻlchami davlat tilidagi reklama matni shriftidan kichik boʻlishi kerak.

    “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va eʼlon qilinishi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi yozib qoʻyilgan. Amalda esa...

    Aslida yuqorida biz tilga olgan nuqsonlar faqat poytaxtimizgagina xos emas. Mamlakatimizning barcha katta-kichik shaharlarida duch kelasiz bunday holatga. Lekin bu ishga masʼullar jim. Men senga tegmayman, sen menga tegma, degan kayfiyatda ishlayapti. Nima, shuni ham albatta Prezident eslatishi kerakmi? Jamoatchilik nega jim? Nega masʼullarni uygʻotmaymiz, ulardan bu nuqsonlarni tuzatishni talab qilmaymiz?

    Men xorij tiliga qarshi emasman, qani endi yoshlarimizning hammasi ingliz, fransuz, ispan, nemis, rus va boshqa tillarni mukammal bilsa. Til bilish hamisha, hamma davrlarda qadrlangan. Lekin bu zinhor oʻzbek tilini kamsitish hisobiga boʻlmasligi kerak.

    Bekqul EGAMQULOV,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.