Tilni asrash, rivojlantirish millatni yuksaltirishning muhim  omilidir

    Fikr 13 Sentabr 2023 1338

    Oʻzbek tilining nufuzi bugungi kunda xalqaro maydonda ham ortib bormoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi qatoridan oʻrin olgan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

    Bundan 32 yil muqaddam 1989-yil 21-oktyabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun boʻlib, yurtimizda 21-oktyabr Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.

    Shuningdek, hujjatlarni davlat tilida rasmiylashtirish, ish yuritishni oʻzbek tilida olib borish masalasi dolzarb muammolardan biri boʻlib, ish yuritish sohasida bir qator islohotlar amalga oshirilgan, meʼyoriy hujjatlar qabul qilingan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilar davlat tilimizning qonun talablariga mos ravishda barcha ish yuritish, qogʻozlaridagi kamchiliklarni ijroga yoʻllamasdan turib bartaraf etib, hujjat aylanmalarini lotin yozuvida yozilishini belgilangan tartibda amalga oshirish ishlarini olib boryapti.

    Bundan tashqari, maslahatchilar tomonidan Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha ham jiddiy ishlar amalga oshirilyapti.

    Xususan, Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida 283 ta turli obyektlar mavjud. Bular 18 ta mahalla, 17 ta aholi punkti, 7 ta qabriston, 1 ta istirohat bogʻi va 240 ta koʻchalardir. Ularning barchasining nomlariga tuzatishlar kiritilib, nomlanmagan koʻchalar nomlanib, xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan. Va ushbu 283 ta obyekt qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda davlat reyestri bazasiga kiritildi.

    Tuman hokimligining tashabbusi bilan tashqi reklamalar boʻyicha koʻcha, doʻkon va hatto bozorlardagi peshlavhalarda eʼlonlarni tartibga solish boʻyicha bir qator ishlar bajarilyapti.

    Davlat tiliga hurmat, avvalo, soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilish va yozishdan boshlanadi. Tasavvur qiling: “oʻtkazmoq” soʻzining oʻrnida “oʻtqazmoq” yoki “xalos” soʻzining oʻrnida “xolos” soʻzi yanglish yozilsa, matnda qanchalik maʼno oʻzgaradi. Shunday ekan, har bir soʻzlayotgan soʻzimizga mehrli, tilimizga esa eʼtiborli boʻlishimiz zarur.

    Abdulla Qodiriy bobomiz: “Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, — deya bejiz aytmaganlar. Shuning uchun ham davlat tilini eʼzozlash, uning qadr-qimmatini oʻrniga qoʻyish kerak. Unutmaslik kerakki, ona tili ona vatan kabi aziz va suyukli, u hamisha eʼtibor hamda ehtiromga munosib. Ona tilimizni qanchalik asrab avaylasak, vatanimizni, davlatimizni, oilamizni ham shunchalik asrab avaylagan boʻlamiz!

    Gulnoza Sobirova,

    Tuproqqalʼa tumani hokimining maslahatchisi.