Doʻstlik va qardoshlik tashrifi: Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlar yangi darajada

    Taraqqiyot davridagi har bir davlatning qudrati xalqaro maydondagi mavqeyi, qoʻshni mamlakatlar bilan olib borayotgan hamkorligi, oʻz strategik hamkorlariga nisbatan yuritayotgan oqilona tashqi siyosatida yaqqol namoyon boʻladi.

    Muhtaram Prezidentimizning bu boradagi oqilona siyosati Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans davri uzra bosayotgan qadamlarini tezlatmoqda.

    Aytish joizki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yili deb eʼlon qilinishi - kelajakda misli koʻrilmagan oʻzgarishlar hamda hamkorlik orqali erishilishi mumkin boʻlgan katta natijalar uchun ochiq eshik boʻlib xizmat qilishi tabiiy.

    Ortga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻz hududiy chegaralari yaxlitligi, ozodligi uchun kurashgan buyuk va jasur Ozarbayjon xalqi 1918-yilda mustaqillikka erishdi va Janubiy Kavkazda milliy davlat jadal rivojlanishga yuz tutdi.

    Darhaqiqat, oʻzgacha turkiy ruh shijoatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka alohida eʼtibor qaratayotgan mazkur mamlakat azaliy qardoshlik munosabatlarini hamisha yuksak qadrlab keladi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik, mushtarak madaniyat hamda qadriyatlarning ildizlari esa moziy qadar tutash. Bu ikki xalqni mushtarak oʻtmish va maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turgani hech kimga sir emas. Atoqli oʻzbek shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni, XX asr oʻzbek sheʼriyatining yorqin vakili Abdulla Oripov Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqlari doʻstligini yuksak baholab, shunday yozadi:

    "Xayol oti bilan kezgil har yonni,

    Topmassan bundayin xushbaxt bir onni.

    Muhr etdi dillarga tarix inchunin,

    Qadim qondoshlikni – oliy ehsonni.

    Eʼzozlab turibdi koʻtarib boshga,

    Bu kun ozar eli Oʻzbekistonni.

    Soʻylasin ming yillik moʻysafid tarix,

    Bu doʻstlik bilganmi shubha, gumonni?

    Oʻzbekman, anglamay qayoqqa bordim,

    Shu inja ozariy tilni, zabonni.

    Doʻstlik bu – muhabbat yangligʻ farahkim,

    Bilgay u na hadni va na dovonni.

    Asli Muqannaga qiyos etgulik,

    Bobakning qalbidan toshgan tugʻyonni.

    Nizomiy bolidan halvo pishirmush

    Navoiy zabt etib turkiy jahonni."

    Bu ajoyib misralarni Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi buyuk doʻstlik yodgorligi deyish mumkin. Oʻzbek farzandi boʻlgan shoir ozarbayjon xalqi timsolida doimo fidoyi va sodiq doʻstni koʻra oladi.

    Eʼtirof etish kerakki, ikki qardosh xalqning bir-biriga boʻlgan samimiy munosabati, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish — ular oʻrtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishiga, hamkorlikning yuksak bosqichga koʻtarilishiga olib keldi. Bugungi kunga qadar oʻndan ortiq tashriflar har ikki davlat uchun samarali natijalar berdi.

    Ayni davrda bu ikki davlat koʻplab sohalarda hamkorlik qilmoqda. Davlat rahbarlari oʻrtasidagi iliq va doʻstona munosabatlar barcha jabhalarda keng koʻlamli sheriklikka yoʻl ochadi.

    Barchamiz guvohi boʻlganimiz – yaqin fursatlarda amalga oshirilgan tashriflar izchilligida ikki davlat rahbarlarining koʻp asrlik doʻstona munosabatlari — tomonlarning koʻp qirrali sheriklikni har taraflama rivojlantirishga qatʼiy sodiqligini tasdiqladi. Bu esa ramziy maʼnoda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilayotganini ifodasi boʻldi. Oʻzbekiston har doim Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlab keladi, Qorabogʻda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish masalasiga jiddiy yondashadi va bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak qadrlaydi. Chunki maqsad ezgu, qarashlar mushtarak, birlikka intilish qatʼiy.

    Zero, muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Ozarbayjon bizning muhim strategik hamkorimiz va ittifoqchimizdir.” Bizni mushtarak tarixiy ildizlarimiz va koʻp asrlik doʻstligimiz, yagona din, oʻxshash madaniyat va anʼanalar bogʻlab turadi. Bularning barchasi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ishonchli poydevor boʻlib xizmat qilmoqda». Bilasizmi, yurakdan aytilgan bu soʻzlar ikki davlat oʻrtasida imzolangan tarixiy hujjatning tantanasi sifatida qardoshlar qalbida jaranglamoqda. Boisi, ittifoqchilik — xalqaro diplomatiyada davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda eng yuqori pogʻona demakdir. Demakki, oʻzaro munosabatlarimiz doʻstlikning barcha sinovlarida poʻlatdek toblanib, bugun shu oliy pogʻona qadar koʻtarildi.

    Qardoshlikning, yelkadoshlikning yangi sahifalari muborak boʻlsin!


    Bahodirjon Shermuhammadov,

    Fargʻona davlat universiteti rektori, professor


    Hamkorlik materiali