Dronlardan foydalanish fermerlarga xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi

    Fikr 13 Noyabr 2023 567

    Suv resurslari taqchilligining sezilarli darajada kuchayishi, yer resurslarining jadal tanazzulga uchrashi, zararkunandalar va oʻsimliklar kasalliklarining tarqalishi sharoitida uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) qishloq xoʻjaligi sohasida tobora ommalashib boryapti.

    Agar 2016-yilda qishloq xoʻjaligi uchun dronlar bozori 864 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib uning hajmi 5 barobar oshib, 4,2 milliard dollarga yetdi. Joriy yil boshida qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan dronlar umumiy dronlar sonining11 foizini tashkil etdi. 2030-yilga borib uning oʻrtacha yillik oʻsishi 20 foizni tashkil etishi taxmin qilinyapti.

    Hozirgi kunda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligining texnik jihozlanish darajasi: paxta va gʻallachilikda – 90 %; sabzavot va polizchilikda – 45 %; chorvachilikda – 48 %; bogʻdorchilik va uzumchilikda – 36 %. Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarish uchun 267 mingdan ortiq texnika va uskunalar mavjud. Ularning 38 %i maʼnan va jismoniy jihatdan eskirgan, 15 yildan ortiq ishlatilgan. Shu bilan birga, dronlardan qishloq xoʻjaligi maqsadlarida deyarli foydalanilmaydi.

    Nega dronlarga boʻlgan talab ortib boryapti?

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ular yordamida:

    - mineral oʻgʻitlar, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish;

    - suv resurslarini tejash;

    - mehnat unumdorligi va hosildorlikni oshirish mumkinligida.

    Birinchidan, dronlar multispektral tasvirlash orqali ekin maydonlarining holati haqida maʼlumot toʻplashi mumkin. Bu yer va hosilning oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojni, zararkunandalar bilan zararlanish holatlarini, shuningdek, bakteritsid va virusli oʻsimlik kasalliklarini aniqlash imkonini beradi.

    Maʼlumot uchun: multispektral tasvir bir vaqtning oʻzida elektromagnit nurlanish spektrining turli zonalarida bir xil hududning bir nechta tasvirlarini hosil qiladi. Tegishli dasturiy taʼminot, sunʼiy intellekt va mashinani oʻrgatish (machine learning) orqali hududlarning holati haqida kerakli maʼlumotlarni taqdim etadi.

    Shunday qilib, dronlar zararkunandalar bilan zararlangan va begona oʻtlar koʻpaygan hududlarni 95 % aniqlik bilan aniqlaydi, bu esa fermerlarga ekinlarning faqat maqsadli joylarini davolash imkonini beradi. Tadqiqotlarga koʻra, anʼanaviy usullar (qoʻl yoki traktorda) odatdagidan 30 % koʻproq pestitsid va oʻgʻitlardan foydalaniladi.

    Ilmiy tadqiqot natijalariga koʻra, dronlardan foydalanish natijasida fermerlarning pestitsidlar va oʻgʻitlarga boʻlgan xarajatlari 40 %gacha qisqaradi. BBC eʼlon qilgan intervyuda esa Hindistonda dronlar orqali 60 % – 70 % oʻgʻitlar tejalishiga olib kelgan.

    Ikkinchidan, dronlar suv tanqisligi va ortiqchaligini oʻz vaqtida aniqlab, suv resurslarini boshqaradi.

    Masalan, Qatarda dronlardan foydalanish qishloq xoʻjaligida suvni 30 %ga tejalishiga olib keldi. Mozambikda qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish samaradorligi 55 %ga yaxshilandi.

    Uchinchidan, dronlardan foydalanish mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Tadqiqotlarga koʻra, dronlar qishloq xoʻjaligi yerlarini kuzatish vaqtini 10 barobarga qisqartirishga yordam beradi.

    Masofadan boshqariladigan qurilmalar, shuningdek, inson salomatligiga zarar yetkazuvchi kimyoviy moddalarni tez purkash imkonini beradi, bu esa qishloq xoʻjaligi yerlarini qayta ishlash vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.

    Bunda kimyoviy moddalarning zararliligi tufayli odamlar dalalarda juda cheklangan vaqtgina qolishi taʼminlanadi. Shuningdek, katta paxta maydonlarida odamlar uchun zararli va juda qimmat aviatsiya xizmatining oʻrnini bosadi.

    Bu omillarning barchasi qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini sezilarli darajada oshiradi. Mozambikda yangi dron texnologiyalari qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini 41 %ga, Saudiya Arabistonida 20 %ga oshirishga yordam berdi.

    Hindiston modeli

    Hindistonda qishloq xoʻjaligida dronlardan ommaviy foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Dronlardan foydalanish 2026-yilga borib Hindiston yalpi ichki mahsulotini 1,5 %ga (51 milliard dollar) oshirishi va 500 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratishi kutilyapti.

    Qishloq xoʻjaligiga dronlarni keng koʻlamda foydalanishga targʻib etish boʻyicha Hindiston modelining xususiyatlari quyidagilardan iborat:

    1) Qishloq xoʻjaligiga yangi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish.

    Hukumat bir qator davlat idoralari tomonidan dronlarni sotib olishni 100% subsidiyalaydi.

    Fermerlarni lizing shartlarida dron bilan taʼminlash maqsadida dron narxining 40%i miqdorida moddiy yordam koʻrsatadi.

    Fermer ayollar yoki kam rivojlangan va aholi kam yashaydigan hududlar vakillari tomonidan yakka tartibda dronlarni sotib olinishi uchun dron narxining 50%i miqdorida moddiy yordam koʻrsatiladi.

    Maʼlumotlariga koʻra, qishloq xoʻjaligi uchun tayyor uchuvchisiz uchadigan apparatlar tizimlari 1,5 ming dollardan 25 ming dollargacha boʻlishi mumkin.

    2) Dronlarni sotib olish va ulardan foydalanish sohasidagi qonunchilikni liberallashtirish.

    Hukumat qishloq xoʻjaligi dronlarini sertifikatlashning soddalashtirilgan sxemasini joriy etdi, u nafaqat kimyoviy moddalar va oʻgʻitlarni purkash, balki foto va videoga olish orqali yerlarni kuzatishda ham qoʻllanilishi mumkin.

    3) Fermerlarni yangi texnologiyalarga oʻrgatish dasturlarini ishga tushirish.

    Qishloq xoʻjaligida dronlardan foydalanishni rivojlantirish maqsadida Hindiston hukumati mamlakatning barcha hududlarida fermerlar uchun ommaviy oʻquv kurslarini tashkil etgan.

    4) Fermerlarga dronlarni ijaraga olish imkoniyati mavjudligi.

    EM3 ilovasi ishlab chiqilgan boʻlib u fermerlarga qoʻshimcha daromad topish imkoniyati va texnikasi mavjud boʻlmagan dehqonlarga ularni ijaraga olish imkoniyatini yaratib beradi.

    Xitoyda dronlar ijarasi boʻyicha ilova yaratilgan.

    2016-yil boshida Pekinda tashkil etilgan Farm Friend fermerlar uchun qishloq xoʻjaligi dron egalariga ekinlarga pestitsidlar va oʻgʻitlar purkash uchun dronlarni ijaraga olish platformasidir. Farm Friend qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan dronlarga oʻzi ega emas, shunga qaramay u Xitoyning 10 ta provinsiyasida 60 ming gektardan ortiq maydonda 5 mingdan ortiq dronlarni joylashtiryapti. Fermerlar oʻzlari xohlagan sana va vaqtni, ekin nomini, oʻgʻit yoki pestitsidni, gektar qishloq xoʻjaligi yerini, joylashuvi va aloqa maʼlumotlarini kiritadilar. Farm Friend avtomatik ravishda eng yaqin xizmat koʻrsatuvchi provayderlar bilan ularning soʻrovlarini moslashtiradi. Dron operatorlari buyurtma maʼlumotlarini oladi va ishni rejalashtiradi. Ish tugagach va dastur orqali ishlash haqida fikr-mulohazalar yuborilsa, toʻlovlar operatorlarning hisoblariga oʻtkaziladi.

    Oʻzbekiston tajribasi

    Ayni paytda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, oʻgʻit va kimyoviy moddalar tannarxini pasaytirish, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish muammolarini hal etishda dronlardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar mavjud.

    Masalan, Jizzax viloyatidagi “Jizzax Organic” klasteri Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligida dronlardan foydalanish boʻyicha muvaffaqiyatli tajribaga ega. Ushbu korxonaning qurilmalari oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishidagi anomaliyalarni aniqlaydi, oʻgʻitlarni aniq sepadi va sugʻorishning bir xilligini nazorat qiladi. Ushbu amaliyot “Jizzax Organic” mutaxassislariga ekinlarning sifati, shikastlanishi yoki nobud boʻlishi haqida soʻnggi va toʻliq maʼlumotlarni taqdim etadi.

    Birinchi prototip Oʻzbekistonga 2020-yil noyabr oyida kelgan. Great Shark 330VTOL modeli Xitoyning FOXTECH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Uskuna tasvirni 30 barobar kattalashtirishi mumkin va uning maxsus rejimi tungi vaqtda kuzatish imkonini beradi. Qurilmaning maksimal yuk koʻtarish ogʻirligi 21 kilogrammni tashkil etadi va yuqori tezlikda (80 km/soatigacha) 2,5 soat davomida parvoz qilish imkoniyatiga ega.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonda dronlarning keng qoʻllanilishi qator sabablarga koʻra yetarlicha rivojlanmagan. Xususan:

    Birinchidan, qishloq xoʻjaligi maqsadlarida dronlarni olib kirish va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy bazaning yoʻqligi.

    Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati, jumladan, xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan foto va video materiallar tayyorlash uchun dronlarni vaqtincha olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

    Boshqa maqsadlarda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsatnomalar tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga Vazirlar Mahkamasining alohida qarori asosida berilishi mumkin.

    Maʼlumot tariqasida: Rossiyada ogʻirligi 250 grammgacha boʻlgan dronlarni roʻyxatdan oʻtkazmasdan olib kirish mumkin. Ogʻirligi 250 grammdan 30 kilogrammgacha boʻlgan dronlar roʻyxatga olinadi. Roʻyxatdan oʻtish onlayn va bepul amalga oshiriladi, dron egalariga pochta orqali maxsus radiochastota (RFID) teglari yuboriladi, ularni kuzatish uchun dron korpusiga yopishtirish kerak boʻladi.

    AQSHda ham 250 grammgacha boʻlgan dronlar roʻyxatdan oʻtmasdan foydalanishga ruxsat etilgan. Ogʻirligi 250 grammdan 25 kilogrammgacha boʻlgan modellar onlayn roʻyxatdan oʻtish kerak (har bir nusxa uchun 3 yilga toʻlov — 5 dollar). Roʻyxatdan oʻtgandan soʻng dron korpusiga yopishtirilishi kerak boʻlgan maxsus stiker beriladi.

    Ikkinchidan, dronlardan foydalanish boʻyicha mutaxassis bilim va koʻnikmalarning yetishmasligi. Aksariyat klasterlar va fermer xoʻjaliklari qishloq xoʻjaligi muammolarini hal etishda dronlarning imkoniyatlaridan bexabar. Hozirgi ilmiy va taʼlim muassasalari ushbu sohani oʻrganmaydi va bu yoʻnalishda ilmiy tadqiqot olib bormaydi.

    Uchinchidan, qishloq xoʻjaligi muammolarini hal etishda dronlarni joriy etishni davlat tomonidan ragʻbatlantirish tizimining mavjud emas.

    Qishloq xoʻjaligi maqsadlarida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish boʻyicha quyidagilar tavsiya etiladi:

    – Hindiston, Xitoy va Qatar tajribasini oʻzlashtirish;

    – fermerlarga uchuvchisiz uchadigan apparatlarning ilgʻor texnologiyalarini joriy etishda ilmiy va amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish;

    – yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar va universitetlar bilan hamkorlikda dronlardan foydalanish tajribasini ommalashtirishga qaratilgan oʻquv kurslar tashkil etish;

    – qonunchilikka qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan dronlarning olib kirish va ulardan foydalanish hamda aerofotosurat materiallarini nazorat qilish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritish;

    – dronlarni ijaraga berish va almashish platformasini yaratish;

    – davlat tashkilotlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligida dronlardan foydalanishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

    – fermer va qishloq xoʻjaligi xodimlarini dronlardan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatishga oʻrgatish boʻyicha oʻquv dasturlar va seminarlar tashkil etish.

    Umuman olganda, dronlardan faol foydalanish qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan klaster, fermer va boshqa tashkilotlarning faoliyatini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash va hosildorlikni oshirish borasida qoʻyilgan maqsadlarga erishishga salmoqli hissa qoʻshish imkoniyatini yaratadi.

    Progressiv islohotlar markazi matbuot xizmati.