Borliqqa yangi nafas, yangi hayot ulashgan koʻklam kurtaklaru gʻunchalarda, maysa-qiyoqlarda boʻy va rang namoyon etgan kunlar... Quyoshli Oʻzbekistonimizda qadimiy va navqiron Navroʻzni el-yurtimiz katta tantana bilan keng nishonlagan kunlar... Xuddi shu kunlarda hali yupun qish yopinchigʻini tashlamagan Belarus zaminida oʻtgan Oʻzbekiston adabiyoti kunlari oʻziga xos adabiyot, ulkan doʻstlik bayramiga aylanib ketdi. Xuddi shu kunlarda Minskda Oʻzbekiston va Belarus Respublikasi oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik aloqalarining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tadbirlar hamda XXX Minsk xalqaro kitob koʻrgazmasi oʻtayotgan edi.
Minsk shahridagi xalqaro aeroportda bizni – Toshkentdan borgan shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olim, noshir va matbaachilarni Oʻzbekistonning Belarusdagi elchixonasi vakillari va Belarus Yozuvchilar uyushmasi raisi Aleksandr Karlyukevich eski doʻstlarni sogʻingan kabi ochiq chehra, ochiq qalb bilan kutib oldi.
Xalqaro aeroport Minsk shahridan qirq chaqirim yiroq. Yiroqligi sezilmaydi. Yoʻl ravon. Yoʻlning ikki cheti oʻrmon. Yoʻl-yoʻlakay Aleksandr Karlyukevich oʻzbek adabiyoti kunlariga tayyorgarlik haqida, oʻtgan 2022-yilning dekabr oyida Oʻzbekistonda boʻlgani, oʻzbek adiblaridan doʻstlar orttirgani haqida gapiradi. Ayniqsa, Toshkent mavzusida gapirganda ogʻzidan bol tomadi:
— Tarixiy voqea – Belarusda Oʻzbekiston adabiyoti kunlari oʻtkazilishi. Bu xalqlarimizning madaniy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Adiblarimizni, adabiyotlarimizni, shu orqali odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Oddiy odamlar oʻrtasida bordi-keldini kuchaytiradi. Yangi davr va yangi sharoitlarda mamlakatlarimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasida amaliy aloqalarning mustahkamlanishi – bularning barchasiga davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy irodasi tufayli erishilmoqda. Yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olim va tarjimonlarning ijodiy hamkorligi adabiyot va madaniyatlarning, mazkur sohada oʻzaro munosabatlarning mutanosib va uygʻun rivojini taʼminlaydi.
Karlyukevichning mulohazalari oʻrinli. Adiblar – adabiyotlarni, adabiyotlar — madaniyatlarni, madaniyatlar — xalqlarni, xalqlar — yurtlarni yaqinlashtiradi. Adabiyot olislarni yaqinlashtiradi. 2022-yili Oʻzbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi adabiy aloqalar ufqlarini yanada kengaytirgani shu fikrning yaqqol isbotidir.
Mashinada Aleksandr Karlyukevich har birimizga bittadan gazeta uzatdi:
– “Adabiyot va sanʼat” (“Literatura i mastastva”) gazetasining yangi sonini koʻringlar.
Belarus Yozuvchilar uyushmasi muassisligida 1932-yildan buyon chop etiladigan ijodkor ziyolilarning haftada bir marta chiqadigan belarus tilidagi nashrning maxsus soni oʻzbek adabiyotiga bagʻishlangan ekan.
* * *
Belarus adabiyoti tarixi davlat muzeyi Minsk shahrida joylashgan. U mamlakatdagi eng katta muzeylardan biri. Zallarni aylanib, muzey faoliyati bilan tanishar ekanmiz, mazkur maskanda Belarus adabiyoti tarixiga oid nodir qoʻlyozmalar, eski bosma kitoblar, adiblar qoʻlyozmalari, badiiy kitoblarga rassomlar tomonidan ishlangan rasmlar, shoir-yozuvchi va adabiyotshunos olimlarning shaxsiy buyumlari saqlanayotganiga guvoh boʻlamiz.
— Respublika boʻylab turli hududlarda toʻqqizta filiali mavjud boʻlgan muzeyimiz 1991-yildan buyon faoliyat yuritadi, — deydi muzey direktori Sergey Ivanovich Osik.
Muzey zallarida oʻzbek adabiyotiga oid kitoblar va boshqa tarixiy ashyo-buyumlarni koʻrar ekansiz, oʻzbekning ezgu soʻzi dunyoning uzoq-uzoq oʻlkalariga ham yetib borgani va cheksiz qadr topganidan hayratingiz oshadi. Adabiyotimiz asarlari boshqa xalqlar tomonidan ham sevib mutolaa qilinayotgani, asrab-avaylanayotganiga guvoh boʻlasiz. Oʻzbek shoir-yozuvchilarining belarus tilida chop etilgan kitoblarini, Belarus gazeta-jurnallaridagi chiqishlari aks etgan matbuot nashrlarini koʻrib, ich-ichdan gʻurur tuyasiz. Fotosuratlarga muhrlangan ularning quyoshli siymosi uzoqdan emas, yaqindan, yonginangizdan qarab turgandek boʻladi. Bu yerda Oʻzbekistonning bir parchasi sizga kulib qarab turadi.
Yana bir maxsus stend oʻzbek shoiri Sulton Joʻraga bagʻishlangan. Unda mashhur shoirning oʻtgan asrda chop etilgan “Kimning xati chiroyli”, “Yomgʻirdan soʻng”, “Ochiq chehralar” va boshqa kitoblari, fotosuratlari oʻrin olgan. Bu yerdagi maʼlumotlarga koʻra, Sulton Joʻra bolalar uchun talaygina asarlar yaratgan. “Harflar paradi”, “Tinish belgilarining majlisi”, “Yolgʻonchi”, “Choʻntak”, “Oy nechta”, “Sogʻinchli salom” kabi asarlari bolalar adabiyotining eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi.
Sulton Joʻra Ikkinchi jahon urushi frontida 1943-yilning 10-noyabrida, 33 yoshida Belarusda qahramonlarcha halok boʻlgan. Gomel shahri, Loyev tumani, Kozerogi qishlogʻida dafn etilgan.
“Literatura i mastastva” gazetasi bosh muharriri Aleksey Ivanovich Cherota yonimga kelib:
– Oʻzbek xalqining ulugʻ shoiri Sulton Joʻra bebaho ijodi, Belarus xalqini himoya qilib, Belarus tuprogʻida fidoyilik koʻrsatib, tinchlik yoʻlida jonini qurbon qilgani bilan mangulikka daxldordir, – deydi.
Meningcha, bu gap Sulton Joʻraning oʻziga ham yetib bordi.
Urush dahshati nima ekanini bu yerda juda yaxshi bilishadi. Belarus xalqi urush iztirobi va ogʻrigʻini butun vujudida his qilib koʻrgan va uni hech qachon unutmaydi, unutolmaydi. Zero, urush xotirasi tinchlik uchun xizmat qiladi. Shu boisdan ming-minglab oʻz farzandlari kabi oʻzbekning shoir oʻgʻloni Sulton Joʻrani ham unutmaydi, uning yodini doim eʼzozlaydi.
Bu stendga derazadan quyosh nuri tushib turibdi. Bu quyosh Oʻzbekistonni kezib, juvonmarg ketgan shoirga oʻzbekona salom olib kelayotgan boʻlsa, ajabmas.
Muzeyda oʻzbek shoir va yozuvchilari asarlarining belarus tiliga qilingan tarjimasiga bagʻishlangan adabiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda shoir va yozuvchilar, jamoatchilik vakillari, adabiyot ixlosmandlari, sheʼriyat muxlislari ishtirok etdi. Shoir va tarjimon Viktor Shnip oʻzbek adabiyoti namunalarining belarus tiliga tarjimasi, tarjimaning nozik sir-sinoatlari haqida gapirdi.
Taniqli shoir, muzey xodimi Mixail Baranovskiy oʻzbek adabiyotining chin muxlisi. U oʻtgan yillarda oʻzbek adiblarining belarus tilida chop etilgan kitoblarini toʻplagan. Shu kitoblardan bir nechtasini koʻrsatib, kitoblar va mualliflar haqida, asarlarning mazmun-gʻoyasi toʻgʻrisida oʻz mulohazalarini bayon etdi.
Minskda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ham ushbu tadbirga jalb etilgan. Ular va mahalliy talabalar tomonidan Alisher Navoiy, Choʻlpon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov sheʼrlari yoddan oʻqilganda adabiyotimiz naqadar kuchli va baquvvat ekanini yana bir karra dildan his qildik. Zero, har qanday badiiy asarning boʻy-basti, salmogʻiyu zalvori u boshqa xalqlarning adabiyoti namunalari bilan yonma-yon qoʻyilganda ayon boʻladi.
Adabiyot tarixi bu – fikr, his-tuygʻu, xotira va sogʻinch tarixidir. Adabiyot muzeyi fikr, tuygʻu, xotira, sogʻinch muzeyi hamdir. Kimdir bular yoʻq narsalar, deyishi mumkin. Yoʻq, ular chindan ham bor!
* * *
Belarus davlat universitetida oʻtgan “Yozuvchi va zamon” mavzuidagi xalqaro simpozium adabiyot kunlarining muhim voqealaridan biri boʻldi. Munozaralarda Oʻzbekistondan Yozuvchilar uyushmasi xodimi, shoir va tarjimon Nikolay Ilin ishtirok etdi. Uning fikr-mulohazalari ilmiy va mantiqiy jihatdan chuqur asoslab berilgani bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Simpozium tugaganidan keyin ham Ilinga murojaat qilib, mavzuga oid fikrlari bilan qiziqqanlar boʻldi.
Simpozium ishida davr va adabiyot bilan bogʻliq masalalar keng muhokama qilindi. Birov u, birov bu dedi. Hatto bir-biriga zid fikrlar bildirildi. Bu zidlik manfaatlar va qarashlar, nuqtayi nazarlarning har xilligi tufayli edi. Soʻzga chiqqanlarni kuzatib, tinglab oʻtirar ekanmiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yili 13-mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida aytgan fikrlari xayolimdan oʻtdi: “Zamon juda murakkab, hozir katta-katta davlatlar Oʻzbekiston, sen kim tomondasan, deyapti. Neytral boʻlib yurishing boʻldi endi, yo u tomonga, yoki bu tomonga oʻtgin... Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, oʻzlari ham shunga daʼvat qilyapti. Oʻzbekiston aholisi 36 million boʻldi, uch-toʻrt yilda 40 million boʻladi, katta davlat boʻladi, kim tomonsan, deyapti. Qani, bunday ogʻir savolga qanday javob berish kerak?!. Javobim bitta: millatim, xalqim tomondaman, buyuk Oʻzbekistonimning manfaati uchun oʻlishga ham tayyorman, deb javob beraman”.
Yon-atrofga qarang, bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Toʻxtovsiz yangilanib bormoqda. Garchi adabiyotning tub mohiyati oʻzgarmasa-da, davr adabiyot haqidagi zamondoshlarimizning qarashlariga isloh kiritmoqda. Milliy tafakkur, badiiy did yangilanmoqda... Lekin adabiyot bu yangilanishlar oldida qarzdor boʻlib qolmasligi kerak. Chunki adabiyot hamisha ezgulikni, goʻzallikni yaratadi. Erkinlik, shaxs daxlsizligi, haqiqat prinsiplaridan chekinmaslik – Adabiyot amal qiladigan mezonlardir.
Yozuvchi zamondan, jamiyatdan ayro holda alohida ijod qilolmaydi. Bugungi kun qanday soʻrasa, adiblar shunday yozadi. Bugungi kun nimani soʻrasa, adiblar shuni yozadi. Bularning ayrim eng muhimlari: Oila qadriyatlari; Bolalik muammosi; Kitobxonlik muammosi; Yolgʻon yozmaslik.
Oila barcha jamiyatlarning asosidir. Tabiat erkakni – ota, ayolni – ona qilib yaratgan. Ota-onadan farzandlar – oʻgʻil, qiz dunyoga keladi. Ular aka, uka, opa, singil boʻladilar. Shu tarzda insoniyat juda uzun yoʻlni bosib oʻtdi. Va yana juda uzun yoʻlni shu tarzda bosib oʻtadi.
Oila anʼanalarining yemirilishi, uzoq-yaqin oʻlkalarda yashayotgan baʼzi bir kishilar kutgandek, yangi madaniyatni yuzaga keltiradi, deb oʻylamaymiz, aksincha, jamiyatning asosi boʻlgan maʼnaviyatni, maʼrifatni, shu orqali jamiyatni yemiradi. Adabiyot, albatta, bunga qarshi turadi.
Taraqqiyot, ayniqsa, rivojlangan shaharlarda, ilgʻor mamlakatlarda butun-butun avlodlarning bolaligini “oʻgʻirlab olmoqda”. Bugungi bolalar va oʻsmirlar avlodining hayoti virtual olam ichida kechmoqda. Virtual olam yosh oʻsmir naslni bolalikdan mahrum etmoqda. Kundan kunga tabiatdan tobora koʻproq uzilib borayotgan, hayotida tabiat tobora kamayib borayotgan bolalar va oʻsmirlar avlodi hayotidagi kemtikni adabiyotgina toʻldirishi mumkin. Shundagina bolalar va oʻsmirlar tabiatida, ruhiyatida boʻshliq paydo boʻlishining oldi olinadi.
Dunyo miqyosida ommaviy kommunikatsiya vositalari rivojlangani sari bolalar va oʻsmirlarning qiziqishlari badiiy adabiyotdan tobora uzilib borayotganini kuzatish mumkin. Ular badiiy adabiyotni qogʻozli kitob shaklida mutolaa qilsalar, juda yaxshi. Agar bunday boʻlmasa, yaʼni elektron kitoblarni oʻqib, badiiy asarlardan bahramand boʻlsalar ham, mayli. Eng muhimi, umuminsoniy va milliy qadriyatlar bilan toʻyingan, necha asrlardan buyon insoniyatni tarbiyalab kelgan badiiy adabiyotdan va uning qalblarni, eʼtiqodlarni tarbiyalovchi yorugʻ taʼsiridan uzilib qolmasinlar.
Adabiyotning yolgʻon yozmaslik kerak, degan qoidasi hozirgi davrda yanayam oʻtkirroq tarzda namoyon boʻlmoqda. Davrimiz, zamonimiz ming marta, million marta oʻz tasdigʻini topgan ushbu qoidani bugungi adabiyot, bugungi adiblar yana bir marta tasdiqlab berishlarini talab etmoqda.
Xalqaro simpoziumdagi bahs-munozaralar shu kabi mulohazalar atrofida boʻldi.
* * *
Minsk shahrida, Mustaqillik prospektiga yondosh manzilda yuksak osmonlarga intilgan baland daraxtlar qurshovida sokin bir goʻsha bor. U – Yakub Kolas nomidagi adabiyot-memorial muzeyi.
Yakub Kolas Belarusning klassik shoiri, dramaturg, tarjimon, jamoat arbobi. Yangi Belarus adabiyotining asoschisi sanaladi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida shoir Minskdan Sharqqa evakuatsiya qilinadi. 1941—1943-yillarda Toshkentda yashaydi. Oybek, Mirtemir, Hamid Olimjon, Zulfiya, Uygʻun, Shuhrat, Ramz Bobojon bilan yaqin munosabatda boʻladi. Ular bilan hamqadam, hamnafas boʻlib fashist gazandalarini tor-mor etishga undovchi sheʼrlar yozadi. Radioda yangi sheʼrlarini oʻqiydi, otashin nutqlar qiladi. Uning xalqlar doʻstligi, odamiylik kabi insoniy fazilatlar tarannum etilgan “Chimyon”, “Solor”, “Oʻzbekiston” va boshqa koʻpgina sheʼrlarida oʻzbek zaminiga, oʻzbek xalqiga chuqur ehtirom aks etgan. 1942-yilning noyabr oyida Toshkentda mashhur shoirning 60 yillik yubileyi nishonlanadi. Eʼtiborli jihati, bu yerda shoirning Toshkentda yashagan yillari ijodi va hayotining alohida davri sifatida taqdim etilgan.
Uy-muzey xodimi, shoirning evarasi Vasilina Miskevich aytishicha, Yakub Kolas Toshkentda yashagan paytida: “Mening qalbim Belarusda qolgan” deb oʻrtanib yozgan. Belarus ozod etilib, Minskka qaytgach esa, oʻz maqolalarida sogʻinch bilan “Mening qalbim quyoshli Oʻzbekistonda, urushdan aziyat chekkan menga oʻxshagan minglab odamlarga keng bagʻrini ochgan, mehr-muruvvat koʻrsatgan Toshkentda qoldi” deb yozadi. Shoirning Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi bilan bogʻliq xotiralarini soʻzlar ekan, Vasilinaning koʻzlari yoshlandi:
– Bu yer siz, oʻzbek shoirlarining oʻz uyingiz, har bir oʻzbekning oʻz uyi, – deydi u yuz-koʻzi nurlanib.
Bir narsa kishiga boshqacha taʼsir qiladi: uy-muzeyda Belarus xalq shoiri Yakub Kolas yashagan davr va muhit aynan saqlangan. Oʻsha zamon ruhi, oʻsha yillar manzarasi yaratilgan. Jihozlar, buyum va ashyolar oʻsha paytda qanday turgan boʻlsa, hozir ham shunday. Biz ham oʻtgan asrga, oʻsha davrga kirib qolgandek boʻldik.
Ekskursiya yakunida uy-muzey mehmonxonasida davra suhbati uyushtirildi. Suhbat gʻoyatda samimiy oʻtdi. Belarus tilida Yakub Kolas sheʼrlari yangradi. Sheʼrlarni shoirning farzandlari, nabiralari, evaralari oʻqidi. Ijodiy guruhimiz aʼzosi, taniqli shoir Sirojiddin Rauf Yakub Kolasning oʻzbek tiliga oʻzi oʻgirgan tarjimalarini oʻqidi. Bu mezbon tomonda, shoirning yaqin qarindoshlarida chuqur taassurot uygʻotdi.
Vasilina Miskevich Yakub Kolasning Oʻzbekistonda kechgan hayoti, Toshkentdagi ijodiy faoliyati haqida gapirdi:
– Yakub Kolas oilasi Toshkentda Hamid Olimjon va Zulfiya oilasi bilan qoʻshni yashagan. Ikki oila oʻzaro juda yaxshi munosabatda boʻlishgan. Sulolamizdagi yoshi ulugʻlarning soʻzlariga qaraganda, Yakub Kolas oilasi Toshkentdan Minskka qaytishi oldidan Hamid Olimjon va Zulfiya uyida mehmon boʻlib, eʼtiborga sazovor joylarda fotosuratlarga tushishgan. Yakub Kolas ogʻir urush yillarida respublika radiosida koʻp chiqishlar qilganini bilamiz. Ehtimol, oʻsha suratlar Hamid Olimjon va Zulfiyaning avlodlarida, Respublika radiosi arxivida esa Yakub Kolasning ovozi yozilgan tasmalar saqlangandir? Mabodo, kimlarningdir shaxsiy arxivlarida, esdalik albomlarda saqlanayotgan yangi fotosuratlar, ovoz yozilgan tasmalar topilsa, biz bajonidil ulardan nusxalar olgan boʻlar edik.
Ijodiy guruhimiz Yakub Kolas uy-muzeyiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashr etilgan kitoblarni sovgʻa qildi.
Biz bilan xayrlashish chogʻida Vasilina eski qadrdonlari bilan xayrlashayotgan kabi koʻz yoshlarini tutib turolmadi. Biz ham... Chunki bu yerda oʻzbek haqida, Oʻzbekiston haqida har bir millatdoshimizning qalbini hayajonga soladigan sogʻinchlar, samimiy rahmatlar izhor etilar edi.
Yakub Kolasning katta oilasi aʼzolari – farzandlari, nabiralari, evaralari biz uzoqlab ketgunimizgacha ortimizdan qoʻl siltab turishdi.
* * *
Minsk shahridagi Yanka Kupala nomidagi markaziy kutubxonada boʻlib oʻtgan oʻzbek sheʼriyati kechasida Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning 120-yilligi tantanali nishonlandi. Kutubxona zalida oʻzbek tilidagi kitoblar koʻrgazmasi tashkil etilgan. Koʻrgazmada yurtimizda chop etilgan gazeta-jurnal, kitob va rasmli albomlar tartib bilan terib qoʻyilgan. Anjumanning har bir ishtirokchisi ularni bemalol qoʻlga olib, varaqlab koʻrishi, oʻtirib oʻqishi mumkin.
Adabiyot kechasida oʻzbek va belarus tillarida sheʼrlar yangradi, qoʻshiqlar ijro etildi. Kecha nihoyatda samimiy oʻtdi. Taniqli estrada, teatr va kino aktrisasi Olga Bogushinskaya, Belarus Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Valentina Drobishevskaya Gʻafur Gʻulom sheʼrlarini belarus tilida oʻqidi. Sheʼrlarni shoir va tarjimon, Belarus Yozuvchilar uyushmasining Minsk shahar boʻlimi rahbari Mixail Pozdnikov tarjima qilgan. Tadbirda Belarus davlat pedagogika universiteti dekani oʻrinbosari, adabiyotshunos olim Irina Butorina, Belarus Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va tarjimon Inna Frolova soʻz olib, oʻzbek adabiyoti, xususan, Gʻafur Gʻulom ijodi haqida toʻlib-toshib gapirdilar. Ayniqsa, Olga Bogushinskaya Gʻafur Gʻulomning Konstantin Simonov rus tiliga tarjima qilgan “Sen yetim emassan”, shoira Valentina Drobishevskaya “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” sheʼrlarini oʻqiganda katta zal bir vujud boʻlib tingladi.
– Oʻzbekistonning badiiy soʻzi, shubhasiz, dunyo maʼnaviy xazinasiga ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan. Necha asrlardan buyon dunyo xalqlari, jumladan, biz – belaruslar shu ulkan maʼnaviy ummondan bahramand boʻlmoqdamiz, – dedi Mixail Pozdnikov.
– Bugungi yorqin adabiy anjuman biz – ishtirokchilarga tarixi va buguni buyuk oʻzbek adabiyoti bilan yaqindan tanishish uchun imkon yaratganidan mamnunmiz, – deydi Inna Florova.
Shunday paytlarda adabiyot dilni dilga, elni elga bogʻlaydigan oltin koʻprik ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilasiz.
“Minsk sozlari” milliy kuy va qoʻshiqlar ansambli oʻz chiqishlari bilan fayzli kechaga quvnoq ruh bagʻishlab turdi.
* * *
Xatin – Belarusning katta, hech qachon bitmaydigan jarohati. U poytaxtdan ellik chaqirim narida. Ikkinchi jahon urushi paytida fashistlar Xatin qishlogʻi odamlarini bitta qoldirmay yoqib yuborgan. Katta pichanxonaga yosh-qari, xotin-qiz, goʻdaklaru bolalargacha qamab, oʻt qoʻyib yuborishgan. Bir amallab qochib chiqqanlarni pichanxonani oʻrab turgan avtomatchilar otavergan. Butun qishloq Belarus zaminida keng yoyilgan partizanlar harakatiga homiylik koʻrsatganlikda ayblangan va shu qismatga duchor boʻlgan. Shunday taʼqibga qaramasdan bir chol qoʻlida farzandi – oʻsmir qizi bilan pichanxonadan otilib chiqqan. Afsuski, olovda kuygan qizi ota qoʻlida jon beradi. Ota taʼqibdan amallab qutuladi. Lekin fashistlar uni boshqa qishloqda qoʻlga olishgan va otib tashlashgan.
Yodgorlik majmuasi markazida ana shu Ota, ana shu Qizga haykal qoʻyilgan. U Hazrati Inson hasratiga qoʻyilgan haykal. Juda salobatli, yuksak... Koʻp narsalardan baland. U inson irodasining timsoli. Nigohlarda aks etgan iroda dengizlar, togʻlardan ham oʻtib, judayam uzoqqa qadalgan...
Bugun oʻsha paytda kultepaga aylangan Xatin qishlogʻi oʻrnida, juda katta hududda yodgorlik majmuasi bunyod etilgan. Fashistlar urush yillarida Belarus zaminida 186 ta qishloqni butunlay yoqib yuborishgan. Qishloqlar oʻrnida bir uyum qop-qora kultepa qolgan. Yodgorlik majmuasida ana shu qishloqlarning har biriga ramziy qabr oʻrnatilgan. Marmar lavhada xonavayron qilingan qishloqning nomi, halok boʻlgan odamlarning soni yozilgan. Yodgorlik lavhalarida yigirma, oʻttiz mingdan ortiq raqamlarni koʻrasiz. Demak, fashistlar bir qishloqda shuncha odamni yoqib nobud etishgan.
Yon-atrofda, har qadamda kulga aylangan tuproqdan sizga najot istab qarab turgan yoshli koʻzlarni, yordam soʻrab choʻzilgan qoʻllarni koʻrgandek boʻlasiz.
Shu soʻzlarni qogʻozga tushirar ekanmiz, qogʻoz-qalam, qoʻllarim kuyib yonayotgandek tuyuldi. Yonayotgan qishloqlarning, shaharlarning olovi sizning yuragingizni kuydirmayaptimi?..
Adib Qoʻchqor Norqobil mazkur yodgorlik majmuasini qishloqlar qabristoni deb atadi. Darhaqiqat, shunday. Bunday qabriston boshqa yana biror joyda bormikan?..
Hududdagi baland ustunlarga oʻrnatilgan qoʻngʻiroqlar har daqiqada yurak va miyani teshib yuborgudek bong uradi: “Ogoh boʻling, odamlar!”
Bu yerdagi yodgorliklarning poyidan kunu tun gul uzilmaydi. Gul – zamondoshlarimizning fidoyi ajdodlar xotirasiga ehtiromi ramzi. Gul – Tinchlik, Goʻzallik ramzi. Ha, dunyoda eng goʻzal narsa – Tinchlik!
* * *
Urush yaxshi-yomonga ajralmaydi. Barcha urushlar yomon. Shunga qaramasdan, Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng yovuz, eng shafqatsiz urush deya tan olingan.
Belarus davlat Ikkinchi jahon urushi tarixi muzeyidamiz. Minskda shunday muzey bor. Uni urush muzeyi ham deydilar. Bu yerda Sovet Ittifoqi qahramoni, oʻzbek oʻgʻloni Mamadali Topiboldiyevga alohida stend ajratilgan. Stendda Topiboldiyevga tegishli hujjatlar, harbiy liboslar, shaxsiy buyumlarni koʻrasiz. Urush yillarida Belarus oʻrmonlarida qoʻlga tushmas partizan sifatida dong taratgan, jafokash zaminni yovuz bosqinchilardan ozod etishda mislsiz qahramonliklar koʻrsatgan mard va jasur yurtdoshimizning nomi bu uzoq yerlarda afsonaga aylangan. U koʻrsatgan qahramonliklarning bir chetida biz ham bordek sezamiz oʻzimizni va gʻururlanamiz. Chunki u bizning vatandoshimiz, millatdoshimiz! Topiboldiyevning yonidan ketgimiz kelmaydi. Muzeyga qoʻyilgan shaxsiy ashyo-buyumlari bilan emas, goʻyoki uning oʻzi bilan suratlarga tushamiz.
Muzeyda maktab oʻquvchilari uchun ochiq darslar oʻtilmoqda. Eh, insoniyat shu tinch kunlarga yetib kelishi uchun qanday ogʻir kunlarni boshidan oʻtkazmadi, deysiz! Millionlab odamlar, qancha-qancha navqiron yoshlar nobud boʻldi. Urush muzeylarda qolsin. Muzeydan hech qachon chiqmasin.
Buning uchun barcha Adabiyotlar muzeylardan chiqishi kerak!
* * *
Belarus Yozuvchilar uyushmasining tantanalar zalida Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan “Nazm va navo” kechasi davom etmoqda. Kechani Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari, yozuvchi Yelena Stelmax va uyushmaning Minsk shahar boʻlimi rahbari, shoir va tarjimon Mixail Pozdnikov olib bormoqda. Yelena atlas libos, Mixail oʻzbek doʻppisni kiyib olgan. Ikkalasi ham shu bilan oʻzbeklarga alohida yaqin ekanini koʻz-koʻzlamoqchi.
Belarus davlat universiteti talabasi Azizbek Nurmamatov Navoiy gʻazallarini ifodali oʻqiganda zalga sukunat choʻqdi. Belarus shoirasi Inna Frolova hayratini yashirolmay shivirlaydi:
– Buyuk Navoiy gʻazallari naqadar musiqiy...
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori, adabiyotshunos Olimjon Davlatov hazrat Alisher Navoiy gʻazallarining nozik maʼno qatlamlari haqida soʻzlar ekan, barcha jon qulogʻi bilan tinglaydi. Shubhasiz, bunday paytda koʻpchilik, ayniqsa, Alisher Navoiyni tarjimada oʻqiydiganlar buyuk shoirni qayta kashf etadi.
Alisher Navoiy gʻazallarini shoir Nikolay Ilin avval oʻzbek, keyin rus tilida oʻqidi. Gʻazallarni oʻzi tarjima qilgan. Zalda mutafakkir shoirimizning muxlislari koʻp. Buni olqishlab chalingan qarsaklardan sezish mushkul emas. Gʻazallar belarus tilida yangraganda butun Belarus xalqining buyuk shoirimizga, oʻzbek xalqiga boʻlgan mehr-muhabbatini his etamiz.
Shu yerda Belarus Yozuvchilar uyushmasiga hazrat Alisher Navoiyning kitoblari sovgʻa qilindi.
Belarusda oʻtgan Oʻzbekiston adabiyoti kunlari chinakamiga oʻzbek adabiyoti bayramiga aylandi. Bu bayram keyingi paytlarda adabiyot dunyoga, insoniyatga yanayam koʻproq kerak boʻlayotganini koʻrsatadi.
Ha, dunyoga adabiyot kerak...
Salim ASHUR,
Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 14-aprel, 72 soni)