Olamni hayratlantirgan hamjihatlik
Ana shu tarixiy ildizlardan kuch olgan Oʻzbekiston dunyo bilan boʻylashmoqda. Bilasizmi, Oʻzbekiston dastlab yon qoʻshnilarga quchoq ochdi, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Gapni bitta qildi. Azaliy doʻstlik, yaʼni Markaziy Osiyo bir butun, yaxlit makonga aylandi.
Bu birlik va hamjihatlik butun dunyoni hayratlantirdi. Doʻstlikning kuchi, qudrati nima ekani dunyoga sezildi. Haqiqatan mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik, ogʻizbirchilik ulkan muvaffaqiyatlarga yoʻl ochdi. Ushbu yoʻl orqali dunyo Oʻzbekistonga oqib kelmoqda. Bu yoʻl Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga zamin yaratdi.
Eʼtibor bering: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligidagi sammitda Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etib, “Kelajakka sarmoya kiritish” shiori ostida qator masalalarni muhokama qiladi. Hatto Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Yevropa investitsiya banki rahbarlari ham Samarqandda.
Endi savol tugʻiladi: sammitda qanday masalalar koʻrib chiqiladi va muloqot uchun nega aynan Oʻzbekiston, Samarqand tanlandi?
Avvalo, Samarqand oʻzining azaliy mavqei, imijini tiklaganini aytish joiz. Eng xavfsiz va jozibali hudud sifatida dunyo nigohini oʻziga qaratmoqda. Bu qadimiy shahar azaldan savdo, fan va diplomatiya markazi boʻlib kelgan. Madaniyatlar va xalqlarni birlashtirishga xizmat qilgan. Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun eng qulay muloqot maydonidir.
Sammitda, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga eʼtibor qaratiladi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, innovatsiyalar, “yashil” energetika, togʻ-kon, qishloq xoʻjaligi, transport-logistika va raqamlashtirish sohalarida qoʻshma dastur va kooperatsiya loyihalari ilgari suriladi. Qolaversa, madaniyat, turizm, fan, taʼlim va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda faol fikr almashinuvlar tashkil etiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari va Yevropa Ittifoqining asosiy institutlari rahbarlari Samarqand xalqaro iqlim forumining yalpi majlisida ham ishtirok etadi. Demak, xalqaro anjuman bu faqat sammit bilan bogʻliq emas, balki Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi bogʻliqlikni yanada mustahkamlash va chuqur tarixiy ildizlar, umumiy manfaatlar va yaqin hamkorlikka obyektiv intilish bilan chambarchas bogʻliq. Sammitning formati noyob ekani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Yaʼni iqtisodiyot va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiya muhokama markazida boʻladi.
Jahon transport zanjirining muhim boʻgʻini
Keling, endi Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarga qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Buning uchun oxirgi yetti yilga nazar tashlaymiz. Shu yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarining YEI bilan tovar ayirboshlash hajmi toʻrt barobar oʻsib, 54 milliard yevroga yetdi. Oʻzbekiston bu jarayonning eng yetakchi ishtirokchisi sifatida Yevropa biznesining Markaziy Osiyoga qiziqishi oshishiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Bugun dunyo qalqib turibdi. Iqlim oʻzgarishi, global isish, qurgʻoqchilik, choʻllanish, suv tanqisligi, tabiatdagi muvozanat buzilishi, sanoatning jadal rivojlanishi orqali atmosferaga chiqindilar haddan tashqari koʻp chiqarilishi kabi muammolar ayni dam insoniyatni chuqur oʻylantirmoqda. Mazkur muammolar YEI va Markaziy Osiyoni faol hamkorlikka chorlamoqda. Bu birlashuv va sheriklikka ehtiyoj nihoyatda katta.
Chunki global oʻzgarishlar va iqlim muammolari sharoitida Yevropa Ittifoqi bilan barqaror sheriklikni yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari va “yashil” energetikani rivojlantirish asosiy yoʻnalishlardan biridir. Bu YEI uchun ham juda manfaatli. Shu bois, Oʻzbekiston kelgusi besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilib qoʻygani ham bejiz emas.
Eʼtiborli jihati shundaki, bugun Yevropa Ittifoqiga aʼzo 27 davlatda 500 milliondan ortiq odam istiqomat qiladi. Mintaqaning nominal yalpi ichki mahsuloti 19 trillion yevrodan oshadi. Sotib olish paritetiga koʻra, 26 trillion yevroga teng. Dunyodagi eng yirik bozor.
U nafaqat iqtisodiy qudrat, balki huquqiy, texnokrat va ekologik standartlarni belgilaydigan global platforma sifatida ham tan olingan. Demak, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga intilayotgani, qoʻl berayotgani shunchaki uchrashuv yoki sammitni oʻtkazish emas, balki iqtisodiy zaruratdir. Bunda teng huquqli sheriklik hukm suradi va sammitda ana shu jihatlarga katta eʼtibor qaratiladi.
Ushbu uchrashuv mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida hamkorlik hamda oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Markaziy Osiyo jahon transport zanjirining muhim boʻgʻiniga aylanadi.
Sammitning aynan Samarqandda oʻtkazilishi haqida fikr yuritsak, u Oʻzbekistonning xalqaro imiji va nufuzi oshishiga xizmat qilishini taʼkidlash joiz. Anjumanga mezbonlik Oʻzbekistonning mintaqadagi yetakchi davlat sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi. Qolaversa, mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiq, pragmatik va muloqotga tayyor ekani oldinga qoʻyilgan maqsadlarga erishishda muhim omildir. Boshqa jihatdan qaraganda, sammit Oʻzbekiston uchun muhim siyosiy voqea boʻlibgina qolmay, amaliy imkoniyatlar manbai sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.
Samarqandda oʻtayotgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti xalqaro munosabatlar tizimida muhim voqea sifatida baholanmoqda. U nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy oʻsish va siyosiy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Osiyo bozorlariga yoʻl ochuvchi muhim koʻprik
Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning strategik joylashuvi ham Yevropa Ittifoqi uchun Osiyo bozorlariga yoʻl ochuvchi muhim koʻprikdir. Qolaversa, soʻnggi sakkiz yilda Oʻzbekiston faqat resurs yetkazib beruvchi emas, balki intellektual va iqtisodiy sherik boʻlishga tayyor davlat sifatida rivojlandi.
Eʼtiborli jihati shundaki, Samarqand sammiti Oʻzbekiston va mintaqada atrof-muhitni asrash hamda “yashil” loyihalarni kengaytirishda ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, Orol muammosi, suv resurslarini boshqarish, iqlim oʻzgarishiga moslashuv kabi masalalarda Yevropa tajribasi va mablagʻlariga Oʻzbekistonda ehtiyoj bor. Bunday sarmoyalar kiritilishi ham bejiz emas. “Yashil” energetika Yevropa Ittifoqi uchun ustuvor yoʻnalishdir.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikning meʼyoriy-huquqiy bazasi yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Eʼtiborlisi, Bryussel soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolayapti. Bugungacha Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston Yevropa Ittifoqi bilan bunday shartnomalarni imzoladi. Tojikiston va Oʻzbekiston mazkur hujjatni imzolash arafasida turibdi. Bundan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqasi oʻrtasidagi aloqalar huquqiy maqomga ega ekani koʻrinadi. Bunda teng huquqli hamkorlik amaliy natijasi aks etib turibdi.
Samarqand sammiti Oʻzbekistonning faqat diplomatik yutugʻi emas. U iqtisodiy, ijtimoiy va ekologiya sohalarida ham rivojlanish drayveriga aylanadi. Albatta, mamlakatimizning Yevropa bilan aloqalari har tomonlama yangi bosqichga koʻtarilishi xalqaro miqyosdagi nufuziga ijobiy taʼsir oʻtkazadi. Oʻzbekistonni dunyo taniydi, tan oladi. Ishbilarmonlarning keng hudud boʻylab, iqtisodiy yoʻnalishdagi biznesini ochiq va erkin amalga oshirishi uchun imkoniyat tugʻiladi.
Masalan, 2024-yilda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash qiymati 6,4 milliard dollarga yetgani ham quvonarli natija. Yoki 2023-yilga nisbatan bu koʻrsatkich 5,2 foiz koʻpaygani Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik tobora rivojlanib borayotganini tasdiqlab turibdi. Yevropa kapitali ishtirokida mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Investitsiya loyihalari qiymati esa 30 milliard yevroni tashkil etmoqda.
Bu iqtisodiy salohiyatimizni yuksaltirish bilan birga, mustaqil va suveren davlat sifatida obroʻ-eʼtiborimizni ham oshiradi. Xalqimizning oʻz yurti, vatani tenglar ichra teng, oʻz soʻzi hamda oʻz ovoziga ega davlat ekanidan gʻururlanishiga imkoniyat yaratadi. Bugun Oʻzbekiston toʻy ogʻushida, dunyodan toʻyonalar kelayotgandek. Bugun Oʻzbekiston dunyoni bir nuqtada birlashtirayotgandek koʻrinmoqda. Bu nuqta eng nurli va istiqbolli maskan yangi Oʻzbekistondir! Xalqaro anjuman esa uning istiqboli porloq ekanidan dalolat berib turibdi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi