“Dunyoni maʼnaviy tanazzuldan qutqara oladigan mutafakkir” yoxud Navoiy asarlarini yoshlarga innovatsion usullarda oʻqitish zarur...

    Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga oʻgirgan kanadalik tadqiqotchi Geri Dikning taʼkidlashicha, hozirgi kunda Gʻarbda Alisher Navoiy asarlarini oʻqishga boʻlgan ehtiyoj katta.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, deya bejiz taʼkidlamadi. Zero, bugungi kunda ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish borasida hal etilishi zarur boʻlgan koʻplab muammo va vazifalar mavjud.

    Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga oʻgirgan kanadalik tadqiqotchi Geri Dikning taʼkidlashicha, hozirgi kunda Gʻarbda Alisher Navoiy asarlarini oʻqishga boʻlgan ehtiyoj katta. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish” tarmoq markazi rahbari, filologiya fanlari doktori Zulxumor Mirzayeva Alisher Navoiy ijodining xorijdagi tadqiqi, asarlarining ingliz tiliga tarjimalari va taʼlim muassasalarida Navoiy ijodini oʻqitishga oid izlanishlar olib borib, mutafakkirning xalqaro miqyosdagi oʻrni va ahamiyatini yana-da yuksaltirishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Suhbatdoshimizning Navoiy asarlarini taʼlim muassasalarida innovatsion oʻqitilishiga doir qarashlari, mulohazalari va takliflari, mutafakkir ijodining xalqaro miqyosdagi oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan fikrlari sizni ham quvontirsa, yangi maqsadlar sari undasa, ajab emas.

    — Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir ­Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mumtoz adabiyotimizga yuksak mehr qoʻygan tadqiqotchi va ijodkorlar tomonidan juda katta quvonchli voqea sifatida qabul qilindi. Shunday emasmi?

    — Alisher Navoiy ijodini oʻrgangani sayin hayratlar dunyosiga koʻmilib boradigan, oʻzi kashf etgan xazinani tezroq oʻzgalarga yetkazishga shoshiladigan qalb egalari borki, bu qarordan juda mamnun boʻldilar. Bu qaror nafaqat oʻzbek olimlari, balki koʻp yillar Navoiy hayoti va ijodi bilan shugʻullanayotgan xorijlik mutaxassislar uchun ham yangi tadqiqotlarni yaratishga juda katta ragʻbat berdi. Ular Alisher ­Navoiyni “Dunyoni maʼnaviy tanaz­zuldan qutqara oladigan mutafakkir” deya taʼriflashadi. Dunyoda Alisher Navoiy asarlari kabi keng tarqalgan, jahonning deyarli har bir chekkasida kitoblarining nusxalari saqlanayotgan va katta muhabbat bilan oʻrganilayotgan boshqa ijodkorni topa olmaysiz... Hazrat Navoiy hayotining soʻnggi yillaridayoq uning asarlari tiliga lugʻat ishlanganligi biz hozir navoiyshunoslik deb atayotgan sohaning ancha qadimiy ekanligini koʻrsatadi.

    — Alisher Navoiy ijodi shunchalar serqirraki, uning asarlari tarjimasiga qoʻl urish uchun islom dini gʻoyasi va qarashlari, turkiylar madaniyati, yashash tarzi va soʻzlarning kelib chiqishini sinchiklab oʻrganish talab etiladi. Avvalo, buyuk mutafakkir shoir gʻazallarining asl maʼnosini toʻliq tushunib, his etish kerak. Qarorda chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda ­Alisher Navoiyning asarlari chet tillarga tarjima qilinib, nashr etilishi va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlari oʻtkazilishi belgilangan. Bu jarayonda qanday yangi niyatlar va maqsadlarni dilingizga tugib qoʻygansiz?

    — Shuni quvonch bilan aytishim mumkinki, 2020-yilning oktyabr oyi oʻrtalarida Navoiy asarlarini xalqaro miqyosda tadqiq va targʻib etish, chet tillariga tarjima qilishga oid Vengriyaning Etvos universiteti bilan hamkorlikda tayyorlagan lo­yiham ERASMUS dasturida tasdiqlangani haqidagi xabarni oldim. Bunday loyihaning xalqaro miqyosda, eng obroʻli dastur tomonidan aynan Alisher Navoiyning 580-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorning eʼlon qilinishi bilan bir vaqtda tasdiqlanishi, nazarimda, tasodif emas. Bunda ham qandaydir ramziylik bor. Aslida ERASMUS (European Community Action Scheme for the Mobility of University Students — Yevropa jamiyati universitet talabalari mobilligi harakat dasturi) dunyodagi eng obroʻli dasturlardan biri boʻlib, 1987-yilda tashkil etilgan. Dastur Yevropa Ittifoqining taʼlim, madaniyat, sport va yana koʻplab sohalarni hamkorlikda rivojlantirishni maqsad qilgan. Keyingi yillarda ERASMUS dasturi yana-da rivojlantirilib, Yevropa universitetlari hamkorligida jiddiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, mazkur dastur bizga ham oʻzbek adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiy asarlarini jahon adabiyotshunosligi konteks­tida oʻrganish imkonini yaratadi. Zotan bugun Navoiyni xalqaro miqyosda oʻrganish va oʻrgatish uchun maxsus innovatsion yondashuvlar, dunyoviy mezonlar talab etiladi. Xorijlik tadqiqotchilar ushbu noyob ijodiy merosning qaysi jihatlariga koʻproq qiziqishlarini bilishimiz, ularning talabi, maʼnaviy ehtiyoji darajasidagi zarur manbalarni xorijlik mutaxassislar hamkorligida yaratishimiz va birdamlikda Navoiy asarlarini jahoniy miqyosida targʻib va tashviq qilishimiz bugunning eng muhim vazifalaridan biri. Mazkur vazifalar Davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” gi qarorida ham aks etgan. Shu maqsadda Vengriyaning Etvos universiteti bilan xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyib, ular bilan birga uch yildan beri ERASMUS dasturiga Alisher Navoiy asarlarini jahon miqyosida oʻrganish va oʻrgatish, tarjima qilish borasidagi loyihamizni taqdim etib kelayotgan edik. Va nihoyat 2020-yilda loyihamiz Yevropa Ittifoqining ERASMUS dasturi tomonidan tasdiqlandi. Shu oʻrinda xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, loyihalarni shakllantirishda bizni har jihatdan qoʻllab-quvvatlagan, ilmiy-tadqiqotlar olib borishimizga zarur shart-sharoitlarni yaratib berayotgan universitetimiz rahbariyatining xizmatlari haqida ham gapirib oʻtishni joiz deb bilaman. Eʼtirof, ragʻbat, erkinlik bor joyda rivojlanish boʻladi. Universitetimizning juda qisqa muddatda Respublika OTM orasida yuqori reyting­ni egallashida ham yuqorida taʼkidlagan omillar muhim ahamiyat kasb etadi, deb oʻylayman

    ERASMUSga taqdim etilgan loyiha uch yilga belgilangan boʻlib, mazkur vaqt mobaynida hamkor universitet bilan birgalikda muayyan vazifalarni amalga oshirishni maqsad qilib qoʻydik. Bu vazifalar orasida Alisher Navoiy asarlari lugʻatining multimedia ishlanmasi va uning mobil ilovasini yaratish ham mavjud. Bu jarayonda Navoiy asarlarida eng koʻp qoʻllanilgan, faol soʻzlardan 5 000 ta yoki 10 000 tasi tanlab olinib, ularning arab yozuvidagi shakli, transkripsiyasi va inglizcha tarjimasi oʻsha soʻzning vizual ta­s­viri orqali beriladi, soʻzning maʼnolari Navoiy gʻazallari kontekstida tushuntiriladi. Xorijlik mutaxassislar, shuningdek, Etvos universiteti turkiyshunos olimlarining taʼkidlashicha, innovatsion yondashuvda yaratiladigan bunday xildagi lugʻatlar nafaqat Navoiy asarlarini xorijda oʻrganayotgan olimlar, balki talabalar uchun ham mutafakkir haqidagi dastlabki bilimlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hozir jamoamiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda mazkur lugʻatning dastlabki loyihasi ustida ish boshladik.

    Ikkinchidan, Alisher Navoiyning chet tillariga tarjima qilinmagan asarlari ustida ish olib boramiz. “Hayrat ul-abror” asaridagi 10 ta hikoyani tarjima qilishga kelishib oldik. Shuningdek, ERASMUS doirasida xalqaro anjumanlar ham oʻtkaziladi. Va shu jarayonda Etvos universiteti olimlari va talabalari bizning universitetimiz olimlari va talabalari bilan oʻzaro tajriba almashadilar. Shuni aytib oʻtish lozimki, ushbu rejalarimizning barchasi ERASMUS homiyligida amalga oshiriladi. Dastur asosidagi rejalarni oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, taniqli navoiyshunos olim Aftondil Erkinov, filologiya fanlari doktori Dilnavoz Yusupova, axborot texnologiyalari boʻyicha yetuk mutaxassislardan biri Botir Elov, Navoiy asarlarining mohir tarjimonlaridan Qosimjon Maʼmurov va yana qator mutaxassislar, magistrlar va talabalardan iborat ijodiy guruhni ham shakllantirdik. Guruhimiz aʼzolari Etvos universitetida oʻzbek adabiyoti, tili, Navoiy asarlari doirasida ingliz tilida maʼruzalar qiladilar. Hamkor tashkilotning taklifi bilan mazkur universitetda izchil “Oʻzbek tili” kurslarini tashkil qilishni ham rejalashtiryapmiz. Shuning bilan birga Alisher Navoiy ijodini oʻrganish boʻyicha maxsus oʻquv qoʻllanmalari, sayt va darsliklar nashr etishni ham belgilab qoʻyganmiz.

    — Ota-onalar va oʻqituvchilar bilan suhbatlashgan chogʻimizda nafaqat bolalarimizning, balki kattalarning ham tili, qalbi Alisher Navoiydan anchagina uzoqlashib ketganiga guvoh boʻlamiz. Avvalo Alisher Navoiy ijodi borasida soʻz yuritayotgan oʻqituvchining oʻzi mavzuni qalban his qilishi, tushunishi kerak emasmi? Ayni damda siz faoliyat olib borayotgan malaka oshirish markazida oʻzbek adabiyoti, xususan, Navoiy ijodining oʻqitish saviyasini oshirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    — Tan olish kerak, ne-ne yillar davomida ona tilimizga qarshi olib borilgan siyosatning natijasida bugungi avlod oʻzbek tilini oʻrganish jarayoniga beparvo boʻlib qolgan. Aksariyat ota-onalar farzandlarini 1-sinfdan rus tiliga asoslangan maktab­larda oʻqitishni maʼqul koʻrmoqdalar. Ular buni, “farzandim til bilsin, dunyoni tanisin”, degan xayrli maqsadlarni koʻzlab amalga oshirayotganlariga zarracha shubham yoʻq. Lekin masalaning boshqa bir xavfli jihati ota-­onalarimiz eʼtiboridan chetda qolyapti. Abdulhamid Choʻlpon “Kecha va kunduz” romanida jadid obrazi tilidan, “farzandlarimiz boshlangʻich taʼlimni milliy maktablarda olishi zarur”, degan edi. Choʻlpon buni bejiz aytmagan. Chindan ham bola qaysi tilda fikrlashni boshlasa, tafakkuri oʻsha tilda oʻz poydevorini yaratadi. Bizning til oʻrganishimiz muhim, dunyoni bilish uchun, jahon bilan boʻylasha olish uchun ham mustahkam bilim qatorida kamida ikkita xorijiy tilni bilish zarur. Ammo ular Navoiy asos solgan oʻzbek tilini unutish yoki ona tilimizni boshqa chet tillar soyasida qoldirish evaziga emas.

    Bugungi kunda bolalarimizning ­Alisher Navoiydan uzoqlashib borayotganlari ularning oʻzbek tiliga eʼtiborsizligi deb bilaman. Yoshlarimiz “madaniylashuv”ni oʻzicha anglab, tilimizdan uzoqlashib ketayotgandek va bunda biz kattalarning, ustozlarning ham aybi bor: ularning qalbiga bobomizning asarlarini singdira olmayapmiz.

    2017-yilda Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetining ochilish marosimiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan edi. Mazkur uchrashuvda farzandlarimizga Alisher ­Navoiy ijodiy merosini, sanʼatini, asarlaridagi badiiy moʻjizani oʻquvchi ruhiyatiga singdirishda maxsus oʻqitish usullari, innovatsion yondashuvlar zarurligi haqidagi fikr-mulohazalarimni, takliflarimni bil­dirgan edim. Davlatimiz rahbarining koʻrsatmalariga asosan jahon adabiy taʼlimida sinovdan oʻtgan ilgʻor tajribalar, Gʻarbda mumtoz adabiyot namunalari, jumladan Shekspir asarlarini oʻqitishda ham keng foydalaniladigan Gardner, Klark kabi jahonning eng mashhur olimlari nazariyalariga tayanib oʻqitishning innovatsion usullari haqida taqdimot qilgan edim.

    Xorijlik metodist olimlar klassik adabiyotni vizual yondashuv orqali oʻrgatishni tavsiya qilishadi. Bu jarayonda biz oʻqituvchilar Navoiy asarlarini oʻrganuvchilarga hech qanday tabdilsiz, asl matni bilan oʻrgatishimiz, tushuntirishimiz talab etiladi. Gʻarb mamlakatlariga xizmat safari bilan borganimda bolalar bogʻchasida Shekspir asarlarini vizual yondashgan holda rivoyat va ertaklar asosida oʻrgatishayotganiga guvoh boʻlganman. Bu jarayonda bola kerakli soʻzni quruq yodlamaydi, balki tasvirini koʻrib his qiladi. Koʻz bilan koʻrilgan axborot esa inson xotirasida 70 foizgacha saqlanib qoladi. Biz esa bogʻcha tugul maktabda oʻqiydigan bolaga ham Navoiy asarlari ogʻirlik qiladi, deya uni uzoqlashtirishga harakat qilamiz. Baʼzan oʻrta taʼlimda ijodkor asarlarini meʼyoridan ortiq berib oʻquvchilarni Navoiydan bezdirib qoʻyish holatlari ham kuzatilyapti. Axir bolalarimiz bogʻcha yoshidan mutafakkir bobolarimizni tanisa, ular bilan faxrlansa, asarlarini tushunishga harakat qilsa yaxshi emasmi?!

    Alisher Navoiyning didaktik yoʻnalishdagi hikoyatlarini animatsion tarzda ishlasak qanday yaxshi ish boʻlar edi. Afsus­ki, bugungi kungacha faqatgina “Sher bilan Durroj” hikoyasi multfilm tarzida ishlangan, xolos. Demak, biz tezroq asliyatga qaytishimiz, bolalarimizga mumtoz adabiyotimizni qanday boʻlsa, shundayligicha his qildira olishimiz kerak va Navoiy asarlarini bolalarimizga juda erta yoshdan singdira bilishimiz, lozim. Bu juda murakkab jarayon boʻlib, millatimizni, oʻzligimizni saqlab qolishda katta oʻrin tutadigan muhim vazifadir.

    Bugun farzandlarimiz bor diqqat-eʼtiborini virtual olamga va virtual dasturlarga qaratayotgan ekan, demak, biz ham muhim dasturlarimizni ana shu olamga yoʻnaltira bilishimiz zarur. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi respublika oliy taʼlim muassasalari oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish boʻyicha ilmiy salohiyati jihatidan yuqori boʻlgan tayanch markazlardan biri hisoblanadi. Qisqa fursatli faoliyatim davomida tinglovchilarning bitiruv layoqat ishlari himoyalari jarayonlarini kuzatib, bugun respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan aksariyat professor-oʻqituvchilarimiz yangi pedagogik texnologiyalar mohiyati, maqsadi va vazifalari haqida yaxshi tasavvurga ega emasdek, dars jarayonlarida qoʻllanayotgan pedagogik texnologiyalar talabaning ijodkorlik, yaratuvchanlik, tanqidiy fikrlashini rivojlantirishga emas, balki darsning tashqi jozibasini oshirishga xizmat qilayotgandek tasavvur uygʻotdi menda. Hatto Navoiy asarlarini oʻrganish ham turli xil “oʻyinlar”ga aylanib ketgan.

    Vaholanki, talaba ertaga maktabga borganida universitetda oʻrgangan bilimlari dasturulamal boʻlib xizmat qiladi. Mana shu muammolarni bartaraf qilish maqsadida Garvard, Kolumbiya, Indiana, Gumboldt, Parij kabi jahonning nufuzli universitetlarida olib borgan ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatim davomida orttirgan tajribalarim asosida malaka oshirish kurslaridagi oʻquv rejalarini taʼlim sifatiga xizmat qiladigan “Jahon adabiy taʼlimining ilmiy-nazariy asoslari”, “Adabiy taʼlimda xalqaro standartlar”, “Adabiyot oʻqitishni yangilash metodikasi”, Taʼlimda baholash nazariyasi va metodologiyasi”, “Oliy taʼlimda mumtoz sheʼr tuzilishini oʻqitish muammolari” kabi yangi fanlar bilan rivojlantirdik. Bu fanlar mazmunini shakllantirishda Navoiy asarlarini oʻqitish muammolariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari, Hazrat asarlarini oʻqitishning eng samarali usullarini taqdim etgan professor oʻqituvchilarimizning darslarini OTM larda ommalashtirishni ham maqsad qildik.

    — Siz bir necha yillar davomida oʻzbek adabiyotining Amerikada oʻrganilishi boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borgansiz. Bu jarayonda Alisher Navoiy asarlariga katta eʼtibor qaratgansiz, shunday emasmi?

    — Doktorlik dissertatsiyam “XX asr ­oʻzbek adabiyotining Amerikada oʻrganilishi” mavzuida edi. Unda asosiy eʼtibor XX asr milliy soʻz sanʼatining amerikalik olimlar tomonidan tahlil va tadqiq etilishi, jadid adabiyoti namunalarining ingliz tiliga tarjimalari masalalariga qaratilgan. Keyinchalik oʻzbek mumtoz adabiyoti vakillari, xususan, Navoiy ijodining xorijda oʻrganilishiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarimni davom ettirib kelyapman. Bilasizmi, xorijlik oʻzbekshunoslar milliy til va adabiyotning qaysi davri bilan shugʻullanmasin ularning deyarli barchasi Navoiy asarlariga murojaat qilgan. Masalan, Ingabord Baldauf, Zigrid Klaymihel kabi mashhur nemis olimlari jadid adabiyoti, XX asr adabiy siyosati yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borgan boʻlsa ham ilmiy-tadqiqotlari mundarijasida Navoiy asarlarini oʻrganishga oid mavzularga ham duch kelasiz. Klaymihel xonimning “Alisher Navoiy ijodida Xizr obrazi” tadqiqoti Sharqu Gʻarbda mashhur boʻlgan.

    Xorijda Navoiy ijodi, uning asarlari tarjimasi bilan maxsus shugʻullanayotgan olimlar tadqiqotlarini oʻrganganimda jahonda yuz berayotgan siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlar, oʻzaro munosabatlardagi yangicha yoʻnalishlar Alisher Navoiy ijodiga yondashuvning ham obyektiv tamoyillarini belgilab berganligiga guvoh boʻldim. Kanadalik Geri Dik, fransiyalik Mark Toutant, vengriyalik Benedek Pere, amerikalik Devin Devis, Nikolas Vomsli va yana qator xorijlik olimlar tadqiqotlarida Navoiy dunyoqarashi, ijodiy estetik konsepsiyasi, olam va odam mohiyati xususidagi estetik qarashlarining badiiy talqini, falsafiy-majoziy mohiyat mushohadasi kabi muhim omillarga eʼtibor qaratishdek sifatiy siljishlarni koʻrish mumkin. Oʻzbekistonda xorijliklar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham mazkur yoʻnalishning yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarilishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab qoʻyilgan “Navoiyning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini taʼsis etish” taklifi, nazarimda, qarorning eng muhim va ahamiyatli jihatlaridan biri. Chunki olis oʻlkalardan Oʻzbekistonga kelib, gʻarbona tafakkurga ega olimlarning Navoiy ijodini birlamchi manbalar asosida oʻrganishi va salmoqli tadqiqotlar yaratishi ortida qancha mashaqqatlar yotadi. Shu nuqtayi nazardan, xorij olimlarining Navoy asarlarini oʻrganishi, chet tillarga tarjima qilishi va xalqaro maydonlarda turib targʻib qilishi juda katta eʼtibor va eʼtirofga munosib. Bu targʻibot ortida millatning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati va kuchi ham yotganligini unutmaslik lozim. Ishonch bilan aytamanki, mazkur qaror kelgusida ­Navoiy ijodi tahlili, tadqiqi va tarjimalariga oid xalqaro miqyosdagi ishlarning yana-da jadallashuviga katta ragʻbat beradi.

    — Ijodiy izlanishlaringizda omad tilayman. Suhbat uchun tashakkur!

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA

    suhbatlashdi.