Jumladan, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi va uning tizimidagi byudjet tashkilotlarida xodimlarga ish haqi, mehnat taʼtili, moddiy yordam va mukofot pullarini hisoblashda xatoliklarga yoʻl qoʻyilishi oqibatida 9,4 mlrd.soʻm miqdoridagi byudjet va byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari noqonuniy sarflab yuborilgan, deya xabar beradi Moliya vazirligi Axborot xizmati.
Misol uchun, ekologiya, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasiga ajratiladigan tushumlarni, atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini hamda bioxilma-xillik yuzasidan tabiatga yetkazilgan zarar uchun tegishli tashkilotlardan 3,8 mlrd.soʻm undirilishi taʼminlanmagan boʻlsa, byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan 2,2 mlrd.soʻm boshqa xarajatlarga ortiqcha va maqsadsiz sarflab yuborilgan.
Bundan tashqari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi tizimidagi hududiy “Toza hudud” DUKlarga ajratilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarni maqsadli sarflanishida, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlashda, maxsus texnikalar va chiqindi konteynerlarini xarid qilishda hamda chiqindi poligonlarini qurilishida 77,9 mlrd.soʻmlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Misol uchun, Andijon viloyati “Toza hudud” DUK hisobchisi oʻziga tegishli bank kartasiga 282,7 mln..soʻm mablagʻni asossiz oʻtkazib, oʻzlashtirib yuborgan boʻlsa, Qashqadaryo viloyati “Toza hudud” DUKda xodimlarning oylik ish haqi miqdori asossiz ravishda yuqori qoʻllanilishi hisobiga ishchi-xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlardan 1 730,4 mln..soʻm ortiqcha toʻlab yuborilgan.
Shu kabi holatlarga Navoiy (1 561,7 mln..soʻm), Samarqand (776,4 mln..soʻm), Surxondaryo (262,1 mln..soʻm), Jizzax (173 mln..soʻm), Xorazm (101,6 mln..soʻm), Sirdaryo (50,5 mln..soʻm) va Buxoro (29,6 mln..soʻm) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi (236,3 mln..soʻm)dagi hududiy “Toza hudud” DUKlarida ham yoʻl qoʻyilgan.
Hududiy “Toza hudud” DUKlarida maxsus transport vositalaridan maqsadli foydalanilishida va yoqilgʻi moylash mahsulotlarini sarflash meʼyorlariga amal qilinmaganligi natijasida 44,2 mlrd.soʻm miqdorida mablagʻlar asossiz ortiqcha sarflangan.
Misol uchun, maishiy chiqindi yigʻish poligonlarida yordamchi bino, avtogaraj, maʼmuriy binolar va inshoatlar qurilishida pudratchilar tomonidan bajarilmagan qurilish-taʼmirlash ishlarini hisobotlarga qoʻshib yozilishi oqibatida Toshkent (695 mln..soʻm), Sirdaryo (587,5 mln..soʻm), Navoiy (201,6 mln..soʻm), Andijon (104,8 mln..soʻm), Jizzax (91 mln..soʻm), Fargʻona (36 mln..soʻm) va Xorazm (25 mln..soʻm) viloyatlarida mablagʻlar asossiz sarflab yuborilgan.
Shuningdek, Buvayda tuman hokimining qarori bilan 2020-yilda poligon uchun ajratilgan hududda 470 mln..soʻmga qurib bitkazilgan avtogaraj mazkur yilning noyabr oyida asossiz buzib tashlanib, byudjet mablagʻlarini samarasiz sarflanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Hududiy “Toza hudud” DUKlar tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilmasdan 11,3 mlrd.soʻmlik shartnomalar tuzilgan va xaridlar amalga oshirilgan.
Misol uchun, mazkur Qonun talablariga zid ravishda Samarqand (7,1 mlrd.soʻm), Buxoro (794,7 mln..soʻm) va Namangan (372,4 mln..soʻm) viloyatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar asosida tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan.
Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.