Eksportchi korxonalarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 7 Sentabr 2021 4736

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Respublikamizning eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, milliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash va valyuta tushumlarini koʻpaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6091-son Farmoni va 2021-yil 13-iyuldagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PQ–5184-son qaroriga asosan eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan Eksportni ragʻbatlantirish agentligi huzuridagi Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 200 million AQSH dollari ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab:

    Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollaridan oshgan korxonalarga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSH dollarigacha miqdorda hamda bir yilgacha muddatga taqdim etilishi;

    oxirgi oʻn ikki oy davomida 1 million AQSH dollaridan ortiq tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha foiz hisoblanmagan hamda ularning toʻlanishini taʼminlash talab etilmagan holda 120 kunga toʻlovni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

    Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash muddatini uzaytirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.

    3. Belgilab qoʻyilsinki:

    tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan jarimalar qoʻllanilishi, shuningdek, ushbu Farmon kuchga kirguniga qadar qoʻllanilgan jarimalar undirilishi 2021-yil 31-dekabrga qadar toʻxtatiladi;

    2021-yil 1-oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, oʻlchov vositalari, kimyoviy reagentlar, koʻtarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi;

    Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan korxonalarga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etish tartibini tasdiqlash va oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

    4. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S.U. Umurzakov) ikki hafta muddatda:

    Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etish tartibiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;

    Yevropa mamlakatlariga qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish tizimini bir yil muddatga joriy etsin;

    sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyolar, oʻlchov vositalari, kimyoviy reagentlar, koʻtarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega davlatlar roʻyxatini tasdiqlasin.

    5. Belgilansinki, tariq (TIF TN kodlari 1008 21 000 0, 1008 29 000 0), quritilgan dukkakli ekinlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 10 000 0), meva va yongʻoqlardan olingan un va kukun (TIF TN kodi 1106 30 900 0) eksporti uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi ruxsati talab qilinmaydi.

    6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

    7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 7-sentyabr