“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2022-yil 20-sentyabrdan boshlab xorijiy davlatlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari asosida bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar, jumladan kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sunʼiy intellekt sohalarida atom va quyosh energetikasi, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, telemeditsina, virusologiya va respublikamizdagi boshqa ustuvor sohalar va mutaxassisliklar kesimida 226 oʻringa moʻljallangan 2022-yilgi 3-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qildi.
Mazkur tanlovda Jamgʻarmaning bakalavriat taʼlim dasturi uchun 34 oʻrin, magistratura taʼlim dasturi uchun 95 oʻrin, doktorantura taʼlim dasturi uchun 97 oʻrin ajratilgan. Nomzodlarning hujjatlari 2022-yil 20-sentyabrdan 20-oktyabriga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilindi.
Tanlov komissiyasi texnik guruhi tomonidan amalga oshirilgan dastlabki saralash va hujjatlarni tahlil qilish natijalariga koʻra, birinchi bosqich yakuni boʻyicha jami 976 nafar nomzodlar elektron shaklda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, doktorantura dasturi boʻyicha 126 nafar, magistratura dasturi boʻyicha 360 nafar, bakalavriat dasturi boʻyicha 490 nafarni tashkil etmoqda.
Saralash tanlovning birinchi bosqichining yakuni boʻyicha jami roʻyxatdan oʻtgan 976 nafar nomzodlardan Jamgʻarmaning 3 ta taʼlim dasturi boʻyicha jami 371 ta Acceptance letter (oʻqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida xati) kelib tushgan.
Tanlovning komissiyasining 2022-yil 25-oktyabrdagi yigʻilish qaroriga koʻra stipendiya tanloviga ajratilgan 226 oʻrin uchun Nizom talablariga toʻla mos keladigan jami 171 nafar nomzodlarning hujjatlari 2-bosqichga tavsiya etildi.
Tanlov komissiyasining mazkur yigʻilish qaroriga asosan tanlovning 2-bosqich test va suhbat jarayonlari joriy yilning 7-noyabr kunidan 14-noyabr kuniga qadar Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Ikkinichi bosqichda nomzodlarning xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olingan bilimlarni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi boʻyicha bilim va koʻnikmalari, maʼnaviy-axloqiy tafakkuri, sogʻlom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, shuningdek, davlat tilini bilish darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat Davlat boshqaruvi akademiyasida joriy yil 8-noyabrdan 14-noyabrga qadar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.