Fuqarolar oʻzlarining moliyaviy koʻnikmalarini shakllantirishi kerak

    Ijtimoiy hayot 1 Dekabr 2022 1685

    1-21-noyabr kunlari davomida “Jamoatchilik fikri” Telegram-kanali orqali messenjer foydalanuvchilarining pul mablagʻlarini qayerda va qanday shaklda saqlashini bilish maqsadida soʻrov oʻtkazildi.

    Soʻrovda jami 1 067 kishi ishtirok etdi. Shundan respondentlarning 45 foizi pul jamgʻarish imkoniyati yoʻqligini, hammasi roʻzgʻorga ketishini, 35 foizi pul yigʻolmasligi kredit toʻlovlari borligi bilan bogʻliqligini taʼkidlagan.

    Respondentlarning 19 foizi mablagʻini uyida, milliy valyutada naqd pul shaklida, 13 foizi esa xorijiy valyutada saqlashini qayd etgan. Soʻrov ishtirokchilarining atigi 9 foizi pulini banklarda, omonat koʻrinishida, 6 foizi koʻchmas mulk koʻrinishida saqlashi maʼlum boʻldi. Respondentlarning 2 foizi mablagʻini aksiya va qimmatli qogʻozlarga investitsiya qiladi va yana shuncha foizi kriptovalyutada saqlaydi.

    Ushbu soʻrov natijalarini Moliya.uz va “Growth Academy” hammuassisi, moliyaviy savodxonlik boʻyicha ekspert Shohida Ibragimova shunday sharhladi:

    — Soʻrovnoma natijasiga koʻra, respondentlarning 80 foizi umuman pul yigʻolmaydi. Bu asosan, xarajatlarni toʻgʻri boshqara olmaslik, daromadni taqsimlashni bilmaslik va toʻgʻri moliyaviy odatlar shakllanmagani bilan bogʻliq.

    Soʻralganlarning 35 foizi pul jamgʻara olmasliklari bilan birgalikda, pul bilan toʻgʻri munosabat oʻrnatmaganliklari natijasida qarz va kreditlarga oʻralashib qolgan. Kredit olsa boʻladigan vaziyatlar bor, olib boʻlmaydigan vaziyatlar bor. Kredit olishda notoʻgʻri qabul qilingan qarorlar odamlarni qarzga botirib qoʻyishi mumkin.

    Ishtirokchilarning 45 foizida jamgʻarma bor va bu yaxshi. Lekin ularning yarmi, yaʼni 19 foizi mablagʻini uyda naqd pul shaklida va milliy valyutada saqlashi maʼlum boʻldi. Bu unchalik toʻgʻri usul emas. Birinchidan, uyda turgan pulni tez ishlatib qoʻyamiz, ikkinchidan, naqd pul inflyatsiyaga uchraydi, buning natijasida zarar koʻrish mumkin.

    Respondentlarning 9 foizigina mablagʻini bank omonatida saqlar ekan, bank omonati pul saqlash uchun yaxshi tanlov, biroq, passiv daromad oʻrnini bosa olmaydi.

    Pulni koʻchmas mulk shaklida saqlash ham yaxshi tanlov. Bu ishonchli investitsiya turlariga kiradi. Uni ijaraga berib passiv daromadga aylantirish mumkin.

    Soʻralganlarning 4 foizi mablagʻini investitsiya qilar ekan. Har qanday investitsiya qilishdan oldin uni puxta oʻrganish kerak, bu xavf-xatarlarni kamaytiradi.

    Soʻrovnomadan qisqa xulosa qilish mumkinki, fuqarolarda moliyaviy savodxonlik darajasi, afsuski, past. Yaxshiroq natijaga erishish uchun daromadni koʻpaytirish yoʻllarini, passiv daromad manbalarini yaratish va moliyaviy koʻnikmalarni shakllantirish kerak.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.