Rahmon Toʻxtamishev ham xizmat uchun qonunda belgilangan muddatni kutadi. Biroq, muddat tugabdi ham-ki, suv oʻlchagich oʻrnatilishi uchun hovli tashqarisida qazilgan joy kovlanganicha ochiq holda qolaveradi. Birinchi galda Karmana tumani Davlat xizmatlari markaziga qoʻngʻiroq qilib murojaati yuzasidan ahvolni oʻrganadi. Bilsaki, elektron bazada murojaat qanoatlantirilgani haqidagi xabar qoldirilgan. Balki, ulgurishmagan, balki xizmat koʻrsatishni istashmagan. Xullas, uddaburon xodimlar elektron qabul qilingan murojaatni imi jimida yopishadi. Hayratdan yoqa ushlagan fuqaro “bir murojaat izidan” qabilida ish tutadi.
Toʻgʻrisi, fuqarolarni sarson boʻlishiga yoʻl qoʻyayotgan ayrim tashkilotlarning baʼzi mutasaddilari ishi kurakka turmaydi. Tavba, elektron hukumatni aldab qayergacha ham borarding. Nahot, fuqaro murojaati natijasini surishtirmasa? Axir, fuqaro ichimlik suvini hisoblagich orqali toʻlashni istasa buning nimasi yomon. Dunyo boʻyicha ichimlik suvi tanqisligi haqida bong urilayotgan bir paytda, aksincha suv isrofgarchiligining oldi olinadi, iqtisod bilan suv sarflanadi.
Xullas, fuqaro Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasigacha murojaat bilan keldi. Xodimlar tomonidan suv taʼminoti boʻyicha vakolatli idora xodimlariga maʼmuriy chora koʻrilishi ogohlantirildi. Biroq, shunda ham qani soha xodimlari pinagini buzsa. Jarimaga tortilish yoki mehnat shartnomasi bekor qilinishi shartmikan? Qiziqda, berilgan vakolatini vaqtida uddala olmayotganini yashirish uchun ham elektron bazani aldasa aldaydiki, ammo muddatida oʻz ishini bajarmaydi.
Bu orada fuqaroning ketgan vaqti va asabiga “balli” deysan, kishi. Ammo, murojaatchiga boshqarma masʼullari tomonidan davlat xizmati koʻrsatuvchi vakolatli idora xodimiga berilgan jazo chorasining ahamiyati yoʻq. Unga muddatida ichimlik suviga hisoblagich oʻrnatilishi muhim. Chunki, fuqaro haq, axir u xizmat uchun toʻlovlarni vaqtida amalga oshirgan. Xullas bunday tashkilotlar bisyor. Tanishing 6 oy davomida Navoiy viloyatida aholi va tadbirkorlarga davlat xizmati koʻrsatishda qonun buzgan vakolatli idoralar roʻyxati.
Vakolatli idoralardan qoidabuzarlikda eng peshqadami sogʻliqni saqlash tizimi. Mazkur idora joriy yilning 6 oyi davomida 435 ta qonun buzilishiga yoʻl qoʻydi. Keyingisi ijtimoiy taʼminot idoralari, bu tizim 166 ta murojaatda qoidabuzarlik sodir etdi. Kadastr 120 ta, qurilish va arxitektura 107 ta, tijorat banklari 105 holatda murojaatlarga muddatida javob qaytarmagan yoki asossiz rad javobini berishgan. Kuzatilishicha, eng koʻp qoidabuzarlik tugʻilganlik haqidagi holatni elektron bazaga muddatida kiritmaslik, subsidiya berishdagi davlat xizmatini koʻrsatishda sodir etilgan. Ikki hatto bir ish kuniga kechikkan murojaatlar muddatiga masʼul mutasaddi qonun oldida javob beradi.
Shunday boʻlyapti ham. Vakolatli idoralarning eʼtiborsizligi bois jami 3329 ta murojaatda fuqarolar huquqi buzilgan. Ushbu holatlar yuzasidan vakolatli idoralarga jami 17 ta taqdimnoma kiritildi. 60 holatda javobgar shaxslar maʼmuriy jarimaga tortildi, 62 holatda boshqarma tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri maʼmuriy huquqbuzarlik bayonnomalari tuzildi. 6 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi, bir nafarining mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Behzod Safarov,
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi.