Emir KUSTURITSA: “Oʻzbekiston haqidagi fikrimda sobitman u – sivilizatsiyalar chorrahasidagi mamlakat”

    Madaniyat 14 Oktabr 2023 1069

    Kecha qator bosma va elektron nashrlar rejissyor Muzaffar Erkinovning “Mubolagʻasiz, gʻurur tuydim...” sarlavhali maqolasini eʼlon qildi.

    Oʻzbek rejissyori yaqinda mamlakatimiz mezbonlik qilgan XV Toshkent xalqaro kinofestivaliga mehmon boʻlib kelgan Emir Kusturitsaning taassurotlariga asoslangan samimiy maqolasida xorijlik hamkasbi kechinmalarining chiroyli bayonini keltirgan.

    Yevropaning eng yirik kinofestivallari, shu jumladan, Kann kinofestivalida ikki marta “Oltin palma yaprogʻi”ni olishga musharraf boʻlgan yagona ijodkor, kelib chiqishi bosniyalik kinorejissyor va aktyor bilan Toshkent kinofestivali doirasida suhbatlashish imkoniyati boʻlmagan edi. Shuning uchun Muzaffar Erkinov bilan bogʻlandik, yaxshi maqola yozgani bilan tabrikladik. Darvoqe, Ozarbayjonda Turk dunyosi III “Qoʻrqut ota” kinofestivali oʻz ishini yakunladi. Unda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov turkiy dunyo kinemato grafiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi. Shuningdek, kinofestivalda rejissyorlar Muzaffar Erkinov “Abdulla Oripov” badiiy filmi uchun “Eng yaxshi ssenariy”, Shuhrat Mahmudov “Mening doiram” hujjatli filmi uchun “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ushbu eʼtirof bilan ham ijodkorni muborakbod etdik.

    — Muzaffar, bilishimizcha, ham gʻoyibona ustozingiz, ham doʻstingiz Emir Kusturitsa hozir qisqa taʼtilda ekan. U yurtimizga safari davomida tigʻiz jadvalda ishladi, suhbatlashishga imkonimiz boʻlmadi. Rejissyor bilan bogʻlanib, ayrim savollarimizga javob olishda yordamingiz kerak.

    — Texnika rivojlangan asrda bu muammo emas, jonim bilan! Hech qancha fursat oʻtmay, jahon kinosi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan “Yashamoq — bir moʻjiza”, “Arizona orzusi”, “Oq mushuk, qora mushuk”, “Andegraunt”, “Loʻlilar soati” kabi mashhur filmlar muallifi, rejissyor, aktyor va musiqachi Emir KUSTURITSA va uning prodyuseri Mirko RADINOVICH bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqa oʻrnatildi, onlayn rejimda savollarimizga javob oldik.

    * * *

    — Bugun oʻzbek matbuotida sizning yurtimizga tashrifingiz taassurotlari yoritilgan maqola eʼlon qilindi. Biroq u Toshkent va Samarqandda boʻlib turgan vaqtingiz bilan bogʻliq hamda muallif — hamkasbingiz tilidan berilgan. Mana, oʻz mamlakatingizga qaytdingiz, oradan vaqt oʻtdi. Tahlil, tashbeh va xulosalaringiz oʻzgarmadimi?

    — Avvalo, aytishim kerak, Oʻzbekistondan qaytganimdan soʻng ham menga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibordan minnatdorman. Doʻstim, hamkasbim Muzaffarning maqolasi eʼlon qilingani va unda bildirilgan izhorlardan qisman xabarim bor. Oʻzbekiston haqidagi fikrlarimda sobit qolaman va hamon safar hayajoni meni tark etmaganini taʼkidlamoqchiman. Men Toshkent va Samarqand shaharlarining goʻzalligidan, maftunkorligidan, ixlosmandlarning kino sanʼatiga hurmati, uni teran anglashi va tushunishidan, Toshkent xalqaro kinofestivalining yuqori saviyada oʻtganidan qanday hayratlangan boʻlsam, xalqingizning samimiyligi, mehmondoʻstligi, eʼtiboridan shuncha taʼsirlandim. Shaharlaringiz sayilgoh va istirohat bogʻlariga boy, kirgan va sayr qilayotgan odamni sehrlab qoʻyadigan darajada ertaknamo ekaniga guvoh boʻldim. Turli yosh, din, irqdagi odamlar oʻzlarini birdek xotirjam, bexavotir his qilayotganini koʻrdim. Oilasi, farzandlari bilan har qadamda favvoralar sharqirab turgan tungi koʻchalarni, muzeylarni eslatib yuboruvchi tamaddixonalarni toʻldirib, hordiq chiqarayotgan har xil dinga mansub, liboslari ham turlicha rusumda boʻlgan fuqarolar bilan salomlashdim. Bu demokratiyaning oliy koʻrinishidir. Bu Oʻzbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasida ekaniga ishora edi.

    — Dunyoning yetakchi kino mutaxassislari sizga “oldinni koʻra bilish, bashorat qilish qobiliyatiga ega, buni oʻz ijodi, yaratgan filmlari orqali ham isbotlagan, jamiyatining qarashlarini oʻzgartirishga qodir ijodkor”, deya taʼrif beradi. Oʻzbekistonning kelajagi, xususan, kinosanoati istiqbollari haqida qanday fikrdasiz?

    — Men Yer sayyorasining bir fuqarosi sifatida, oʻz tahlillarimga tayanib, dunyoning kelajagini Osiyoda koʻraman. Oʻzbekiston esa Osiyoning ajralmas qismi, boz ustiga Markaziy Osiyodek muhim mintaqada yetakchi pozitsiyaga ega mamlakat. Kelajakka nazar tashlash shart emas, bugunning oʻzida Osiyo davlatlari qanday rivojlanib borayotganini koʻrib turibmiz. Ishonamanki, Oʻzbekiston eng oldingi saflardan mustahkam oʻrin oladi. Iqtisod rivojlangani sari milliy kino sanʼati ham taraqqiy etib boradi. Buning uchun sizlarda ulkan salohiyat ham, imkoniyat va sharoit ham yetarli. Mening qadrdonim, ayni paytda prodyuserim Mirko Radinovich 1991-yilda ilk bor mamlakatingizda boʻlgan. Kechagi safarda menga hamrohlik qildi. Oʻzgarishlardan, islohotlardan ogʻzi ochilib qoldi. Muzaffar Erkinov guvoh, tungi “Toshkent siti”da aylanib yurganimizda Fransiyada boʻlib turgan sayohatchi doʻstlarimiz bilan telefon orqali gaplashdi. Ularga “Parijda nima bor, Toshkent yoki Samarqandga kelinglar”, deya xitob qilganidagi hayajonini, gaplari samimiy va chin yurakdan chiqayotganini hammamiz sezdik. Yana bir gap, faqat hech kimga aytmang (kuladi). Toshkent xalqaro kinofestivaliga qizim Dunyani ham olib kelgandim. Men tadbirma-tadbir yurganimda u koʻplab manzillarni aylandi, koʻrdi, oʻziga Oʻzbekistondan doʻstlar orttirdi. Qaytishda qizim bilan safar taassurotlari haqida gaplashishga imkon boʻlmadi, men oʻz ishlarim, u oʻz yumushlari bilan band boʻldik. Lekin bilasizmi, kecha u menga nima dedi? “Parijdagi uyimni sotib, Toshkentdan uy olish haqida oʻylayapman”, dedi. Qizimning bu gapi menda boshqa savol qoldirmadi.

    — Navbatdagi kinofestivalda ishtirok etish uchun Toshkentga yana kelish rejangizda bormi?

    — Menimcha, navbatdagi festivalni kutib oʻtirmayman. Imkon tugʻilsa, yana Oʻzbekistonga bormoqchiman. Ishonamanki, yurtingizda men koʻrmagan va hayratimga hayrat qoʻshadigan manzillar, jihatlar koʻp. Qolaversa, Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan keng islohotlar bugun avj pallada va izchil davom etmoqda. Yaʼni men yana guvoh boʻladigan beqiyos va koʻlamli oʻzgarishlar oldinda. Oʻzbekiston kun sayin nafaqat Osiyoning, balki jahonning yetakchi mamlakatlari safidan joy olish sari dadil qadam tashlayapti. Ushbu jarayonni bevosita kuzatish, taraqqiyotning ichida boʻlish istagidaman.

    — Demak, Toshkentda koʻrishguncha, janob Kusturitsa!

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri