Sigaret chekmoqchi boʻladi, yonida gugurti yoʻq. Shu atrofdagi oziq-ovqat doʻkoniga kiradi, qarasa, yana bir qancha xaridor navbatda turibdi. Bitta gugurt olgani ham navbatga turamanmi, deb sotuvchiga pul uzatadi, lekin xaridorlar uni navbatga turishga majbur qilishadi.
Doʻkondan tashqariga chiqib, sigaret chekib tursa, qadrdon doʻsti kelib qoladi. U bilan gaplashyapti-yu, xayoli yana navbatlarda boʻladi. Xayrlashayotib, doʻstining tez-tez koʻrishib turaylik, uzoqlashib ketmaylik, degan taklifiga “Mayli, navbati bilan koʻrishib turamiz”, deydi va kulgiga qoladi.
Buni qarangki, shu kuni yigit sevgan qizini kinoga taklif etgan boʻladi, biroq navbatda turish tashvishlari bilan andarmonligi uchun buni unutadi. Uchrashganlarida qiz undan oʻpkalaydi. Shunda xayoli parishon yigit sevgilisini yupataman deb, yana “qovun tushiradi”, yaʼni navbati bilan kinoga tushishlarini aytadi. Qiz esa mendan boshqasi bilan ham yurasizmi, deb rosa ranjiydi. Shu yerning oʻzida ikkovlari navbati bilan yigʻlab olishadi, keyin esa navbati bilan kulishadi…
Fikrimizni hajviy asardan boshlaganimiz bejiz emas. Chunki, haqiqatan ham, shoʻro tuzumi davrida navbatga turish, navbat kelishini kutish eng ogʻriqli nuqtalardan biri edi. Oʻtgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida avtomashina sotib olish hammaga nasib qilavermasdi. U paytda faqat bir necha rusumda avtomashinalar ishlab chiqarilar va ularni xarid qilish uchun rayijroqoʻmga navbatga turilardi. Qachonki, oylar, yillar oʻtib, navbat kelgach, rayijroqoʻm qarori bilan mashinani fuqaroga sotishga ruxsat berilardi.
Yoki qishloqlarda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi, shaharlarda esa koʻp qavatli uylardan kvartira sotib olishda ham xuddi shu tartib qoʻllanilardi. Samolyotga, poyezdga, avtobusga chiptalarni sotib olishda ham uzundan-uzoq navbatlarda turishga toʻgʻri kelardi. Talabalik yillarimizda, ayniqsa, yangi yil bayrami arafasida qishki taʼtil uchun Toshkentdan viloyatlarga ketishda chipta olish nihoyatda mushkul edi.
Bunday misollarni yana oʻnlab keltirish mumkin. Mustaqillik yillarida bu dolzarb muammolar birin-ketin oʻz yechimini topa boshladi. Qishloqlarda odamlarga uy qurish uchun minglab gektar yer ajratib berildi, kottej tipidagi namunali uylar, shaharlarda ham koʻp qavatli binolar qurish koʻlami uch-toʻrt barobar kengaydi, yangi mavzelar bunyod etildi. Soʻnggi yillarda 300 mingta, joriy yil oʻzida esa 90 mingta, 2030-yilgacha 1 million xonadonli binolarni bunyod etish koʻzda tutilgani va bu maqsad uchun 15 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilishi masalaga qanchalik katta ahamiyat qaratilayotganidan dalolat beradi.
Bugun “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil amalda. Shu paytgacha odamlar uy-joyiga kadastr qildirish, yangi firmaning taʼsis hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish, litsenziya, fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasini olish, farzandini bogʻchaga berish kabi xizmatlardan foydalanish uchun oʻnlab tashkilot va muassasalar eshigida sargʻayib, qimmatli vaqtlarini behuda sarflashardi. Bank yoki soliq idoralariga kirishdagi qiyinchilarni aytmasa ham boʻladi. Eshik tagida qoʻriqlash xizmati xodimlari har bir mijozdan fuqarolik pasportini koʻrsatishni talab qilar, yoʻq boʻlsa, kirishga ruxsat etilmasdi. 2017-yildan davlat xizmatlari markazi va uning viloyat, shahar, tuman boʻlimlari tashkil etildi. Fuqarolar yuqorida sanab oʻtilgan oʻnlab xizmatlarni shu yerning oʻzida hal qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
“Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan Davlat xizmatlari markazlari xalqimiz uchun samarali xizmat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, bu tizimni yanada rivojlantirishga qaratilgan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Milliy strategiya qabul qilindi. Unda qayd etilishicha, oʻtgan besh yilda 207 ta Davlat xizmatlari markazi va ularning 141 ta filiali orqali 42 milliondan ortiq xizmat koʻrsatilgan.
Davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan jami 73 ta hujjat hamda maʼlumotnomani talab qilish amaliyoti bekor qilindi. Hisob-kitoblarga koʻra, yiliga 20 milliondan ortiq aholi ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod boʻldi, idorama-idora sarson yurishining oldi olindi. Yaratilgan qulayliklardan yana biri qayerda doimiy roʻyxatdan oʻtganligidan, qayerda yashashidan qatʼi nazar, aholiga, tadbirkorlarga oʻzlari uchun qulay va yaqin boʻlgan istalgan joyda davlat xizmatlari markaziga murojaat etishi mumkin.
Davlat xizmatlari markazlaridan 50–100 kilometr uzoq hududlarda 138 ta filial ochildi. Olis va chekka huddudlarda yashovchi fuqarolarga yengillik va qulaylik yaratish maqsadida sayyor davlat xizmatlari, eshitish va nutqida nuqsoni bor fuqarolarga surdo tarjimon xizmati ham yoʻlga qoʻyildi. Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyuruvchilar uchun kutish zallari, elektron navbat tizimi, axborot kiosklari, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish va salomatlik burchaklari, bolalar oʻyin maydonchalari, bepul internet joyi doimo shay.
Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi 2017-yil 12-dekabrda respublikada namuna tarzida birinchi boʻlib ochilgan. Dastlab xizmat turlari soni 35 ta boʻlgan, hozirda 300 ga yaqin. Bunday xizmatlarga navbat kutish vaqti Namangan shahrida kami 20 daqiqa, koʻpi 1 soat, tumanlarda esa jami 10–20 daqiqa. Tigʻiz navbatlar asosan viloyat markazida ertalab soat 9:00 dan – 14:00 gacha kuzatiladi. Tushlikdan keyin deyarli navbat yoʻq. Koʻproq vaqt ketadigani kadastr, tadbirkorlik yoʻnalishlari, haydovchilik guvohnomasi va xorijga chiqish pasporti, subsidiya, kami elektron raqamli imzo olish, bogʻchaga onlayn navbatga qoʻyish, sanatoriylarga yoʻllanma berish va hokazo. Nikoh tuzishni rasmiylashtirish muddati esa bir oy.
Namangan shahrida haydovchilik guvohnomasi, shaxsni tasdiqlovchi ID-karta va xorijga chiqish pasportini yagona darchada, bitta binoda almashtirish imkoniyati bor. Joriy yil yakuniga qadar barcha tumanlar ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini chop etish apparatlariga ega boʻladi. Darvoqe, yaqinda Yangi Namangan tumanida koʻzi ojizlar uchun brayl alifbosi asosidagi xizmatlar joriy qilindi. Qolaversa, ilgari oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirish uchun poytaxtga va boshqa viloyatlarga atayin borilardi, ancha pul va vaqt sarflanardi. Ish darrov bitsa yaxshi, ammo biror kamchilik topilsa, yana ovora boʻlinardi va qatnalardi. Davlat xizmatlari markazlari ishga tushgach, abituriyent yelkasiga oftob tegdi. U uyidan turib, hujjatlarini onlayn tartibda joʻnatadi. Oʻqishga kirish va davlat imtihonlariga tayyorgarlik uchun xotirjam shugʻullanishdan aslo ajralmaydi. Ha, bularning bari inson qadri uchun!
Shu oʻrinda qayd etish joiz, bank, soliq idoralari keyingi yillarda tub oʻzgarishlarga yuz tutdi. Birinchi galda, iqtisodiyot idoralari binolarining qaytadan rekonstruksiya qilingani, bankomatlar oʻrnatilgani, onlayn usuldagi zamonaviy xizmatlar joriy etilgani fuqarolar uchun zarur qulayliklar yaratdi, buni eʼtirof etmaslik insofdan emas. Lekin hali kamchilik va muammolar borligidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Bugun ham qisman bank, soliq idoralarida mijozlarning navbat kutib oʻtirganlariga guvoh boʻlasiz. Yoki davlat avtomobil nazorati idoralarida transport vositalarini roʻyxatdan, texnik koʻrikdan oʻtkazish, ularga davlat raqamlarini olish, davlat xizmatlari markazida esa haydovchilik guvohnomalarini almashtirish va boshqa xizmatlarni amalga oshirish uchun, oz boʻlsa-da, navbatlar mavjud.
Maʼlumki, joriy yil may oyidan boshlab yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuchga kirdi. Avvalo, alohida taʼkidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda siyosatchilar, iqtisodchilar, deputatlar, tadbirkorlar, ziyolilar, fermerlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, bir soʻz bilan aytganda, xalqimizning barcha qatlami vakillari ikki yuz mingdan ortiq taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi. Bundan tashqari, eng taraqqiy etgan davlatlarning ilgʻor tajribalari, milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizni uygʻunlashtirgan holda ham shaklan, ham mazmunan boyitilgan mukammal Bosh qonun loyihasi tayyorlandi. Unda ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Ikkinchidan, uni hayotga tatbiq etishdan oldin shu yil 30-aprel kuni yana bir karra umumxalq muhokamasiga qoʻyildi va saylovchilarning toʻqson foizdan ortigʻi yoqlab ovoz berdi. Umumxalq referendumi arafasida mahallalarda, korxona, tashkilot va muassasalarda maʼnaviyat targʻibotchisi sifatida qatnashdim. Amin boʻldimki, xalqimizning tafakkuri bundan besh-oʻn yil burungi darajadan keskin oʻsgan. Befarqlik, loqaydlik alomatlarini sezmadim. Aksincha, davra suhbatlari, muloqotlar bahs-munozaralarga boy tarzda kechdi.
Xususan, mahallabay, xonadonbay ishlash tizimi joriy etilganidan, davlat idoralarining rahbarlari xalq ichiga kirib borayotganidan, ancha yillardan buyon hal boʻlmay kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tizimli ravishda yechim topayotganidan, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan yirik koʻlamdagi ishlardan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” asosida aholining kam taʼminlangan qismi, nogironlar, yolgʻiz qariyalar manzilli ravishda ijtimoiy himoya qilinayotganidan behad mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shu bilan birga, iqtisodiy buhronlar, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muammolar, etnik nizolar kuchayayotgan bugungi globallashgan davrda vatanimizda tinchlik-osoyishtalikni barqaror saqlash, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, taʼlim sifatini tubdan oshirish zarurligini ham eʼtirof etdilar. Ular quyi tizimdagi vaziyatdan ertayu kech xabardor kuyunchak sektor rahbarlaridan, mahallalardagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilaridan minnatdor.
Uchrashuvlarda yana mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlashga oid samarali islohotlar oʻz natijasini berayotgani, jumladan, oxirgi besh yilda viloyatda ishlab chiqarish korxonalari soni 15 mingtaga koʻpayib, jami 32 mingtaga, xususiy biznes tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 1,6 barobar oʻsib, 8,3 trillion soʻmga yetgani, yaqin yillargacha dotatsiyada boʻlgan Namangan hozirga kelib barqaror daromadli, sanoati rivojlangan, mahsulotlarini dunyoning oʻnlab davlatlariga eksport qilayotgan istiqboli porloq viloyatga aylanganini gʻurur-iftixor bilan tilga oldilar.
Soʻzimizni hazrat Alisher Navoiyning barchamizga tanish quyidagi hikmati bilan yakunlamoqchimiz:
Odamiy ersang, demagil odami,
Onikim yoʻq, xalq gʻamidin gʻami.
Darhaqiqat shunday, bugun el farovonligi, yurt tinchligi, Vatan ravnaqini oʻylamaydigan, buni oʻzining muqaddas burchi deb sanamaydigan, ezgu maqsad yoʻlida jonbozlik, fidoyilik koʻrsatmaydigan davlat idoralari rahbarlariga oramizda oʻrin yoʻq. Zero, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishlari shart va zarur!
Komiljon FAYZIYEV,
jurnalist