Endilikda davlat va idoralardagi butun jarayonlarni kuzatib borish imkoni boʻladi

    Raqamlashtirish 23 Fevral 2021 1229

    AOKAda “Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlar sohasini yana-da rivojlantirish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Unda Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Zohidjon Ziyayev hamda bir guruh masʼul xodimlar, Ochiq maʼlumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Akrom Sultonov, shuningdek, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayevlar ishtirok etishdi.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Davlat statistika qoʻmitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash, tegishli axborotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portali (data.gov.uz)da oʻz vaqtida aks ettirilishini muvofiqlashtirishga masʼul etib belgilandi.

    Nima uchun bu masala oxirgi yillarda juda muhim va dolzarblik darajasiga koʻtarildi? Ochiq maʼlumotlar davlatga, biznes jarayonlari va jamiyat taraqqiyotiga nima beradi? Loyiha boshlanganidan buyon qanday yutuqlarga erishildi? Portalning yangi versiyasidan oʻziga xos yondashuvlar oʻrin olganmi? Matbuot anjumanida aynan shu kabi savollar mutaxassislar tomonidan ochiqlandi.

    Bugungi kunda maʼlumotlarning ochiqlik va shaffoflik bilan yetkazilishi nafaqat yurtimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishimizda ham muhim ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bu borada sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Davlat organlarining shaffofligi taʼminlanib, keng jamoatchilik nazoratini oʻrnatish imkoniyati yaratildi.

    “2015-yilda tashkil etilgan Ochiq maʼlumotlar portaliga 2019-yilgi Prezident qarori asosida katta oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, texnik tomondan mukammallashtirilib, portalning konsepsiyasi ishlab chiqildi, xorijiy tillar qoʻshildi, maʼlumotlar bazasi kengaytirildi, vazirlik va idoralar jalb qilindi, roʻyxatlar shakllantirildi”, – deydi Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Zohidjon Ziyayev. — “Natijada ijobiy oʻzgarishlarga erishildi. Shuningdek, 2019-2020-yillar davomida 100 dan ortiq vazirlik va idoralardagi 385dan ortiq xodimning xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda malakasi oshirildi. Albatta bu yoʻnalishdagi ishlarimiz endi boshlandi. Hali oldinda qiladigan ishlarimiz juda koʻp”.

    Ochiq maʼlumotlar reytingida (Open Data Inventory - ODIN) Oʻzbekistonning 63 ball toʻplab, 125ta pozitsiyaga koʻtarilgani va dunyoda 44-oʻrinni, Markaziy Osiyoda esa 1-oʻrinni egallagani islohotlar oʻz natijasini bera boshlanidan dalolat.

    Albatta, bu kabi koʻrsatkichlarni eʼtirof etish lozim. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat kuzatuvi 2020”da “Ochiq davlat maʼlumotlari indeksi” boʻyicha Oʻzbekiston eng yuqori (Very High OGDI) koʻrsatkichga ega boʻlgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy olgani, ushbu indeksda jami 193ta mamlakat baholanib, ular orasida yurtimiz eng yuqori ball toʻplagani ham katta yutugʻimizdir.

    Hozirgi kunda, Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalida jami 11 mingga yaqin maʼlumotlar toʻplamlari 3 tilda (oʻzbek, rus va ingliz) joylashtirilgan.

    Tan olish kerak, yaqin-yaqingacha yillab yangilanmagan, notoʻliq bazasi tufayli Oʻzbekistonning ochiq maʼlumotlar portaliga ishonch yoʻqolgan, uni deyarli unutishgan edi. Lekin qalovini topsang, qor ham yogʻadi, deganlaridek, 2 yillik saʼy-harakatlar yoʻqotilganlarni qaytarish imkoniyatini berdi.

    “2 yil oldin Oʻzbekistonning ochiq maʼlumotlar portali boʻyicha fikrlarni oʻrganganimizda juda koʻp salbiy gaplarni eshitdik. Oʻsha paytda portalda 4000taga yaqin maʼlumotlar bor boʻlib, koʻpi eskirib ham qolgandi. Oʻz vaqtida toʻldirilmagani, dolzarb emasligidan kelib chiqib, barcha maʼlumotlarni olib tashladik va oʻrniga butunlay yangilarini joylashtirdik. Bundan tashqari, ochiq maʼlumotlar roʻyxatini yangidan shakllantirdik”, – deydi Ochiq maʼlumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Akrom Sultonov. — “Hozirgi amaldagi roʻyxatda 1500taga yaqin maʼlumotlar toʻplami mavjud. 2019-yilning 1-avgustida esa portalning ingliz tilidagi versiyasi ishga tushirildi. Shuningdek, dunyodaga barcha xalqaro statistik hamda xalqaro tashkilotlar maʼlumotlar bazalarini oʻrganib chiqdik. Oʻsha paytdagi tahlilimizga koʻra, ularda Oʻzbekiston toʻgʻrisida atigi 28% maʼlumot mavjudligi aniqlandi. Keyingi toʻldirish va maʼlumotlarni shakllantirish boʻyicha amalga oshirgan ishlarimiz natijasida bu koʻrsatkich 53 foizdan oʻsdi. Oldimizga qoʻygan maqsad – yangi shakllantirilayotgan maʼlumotlarni portalga joylashtirib borish bilan birga ham xalqaro, ham ichki foydalanuvchilar uchun qulay va yagona bazani yaratishdir”.

    Soʻnggi yillarda elektron hukumatni tashkil etuvchi koʻpgina davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari yaratildi. Bunga katta-katta mablagʻlar ajratildi. Shunday ekan, endilikda ushbu maʼlumotlardan nafaqat davlat sektori, ijtimoiy masalalar, balki tijorat sohasida ham imkon qadar samarali foydalanish zarur.

    “Bugun Oʻzbekistonda ichki va tashqi ochiqlik siyosati olib borilmoqda. Buni davlat idoralarining axborot resurslaridan tortib, barcha xizmatlarini ochiq va shaffof Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirib kelayotganidan ham anglash mumkin”, – deydi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev. – “Endilikda har bir davlat va idoralardagi dolzarb maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga integratsiya qilinishi orqali aholimiz butun jarayonlarni kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladi: nima xizmatlar koʻrsatilyapti, qanday sharoitlar va qulayliklar yaratilyapti va hokazo”.

    “Yana bir muhim jihati, Ochiq maʼlumotlar portalidagi ochiqlik va shaffoflik tufayli katta-katta xorijiy kompaniyalar Oʻzbekistondagi har bir davlat idoralarining ahvolini, ulardagi statistik maʼlumotlarni oʻrganib, oʻzlariga keraklilarini elektron koʻrinishda olish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Bu Oʻzbekistonga investitsiya olib kirishda juda qoʻl keladi. 2021-yil 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi ochiq maʼlumotlar portalining yangi versiyasini ishlab chiqish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu har bir davlat idoralarini avtomatik tarzda yagona nuqtaga birlashtiradigan platforma boʻladi”, qoʻshimcha qildi Bahrom Ziyayev.

    Ochiqlik va shaffoflik yurtimizning jahon maydonidagi imijini oshirib, investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Matbuot anjumanida masʼullar OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga ham atroflicha javob berdi.