Endokrinolog organizmda qand miqdori oshgani qanday belgilar orqali namoyon bo'lishini aytdi

    Endokrinolog Antonina Guryeyeva organizmda qand miqdori oshgani qanday belgilar orqali namoyon bo'lishi bo'yicha ma'lumot berdi.

    Birinchi alomat immunitetning zaiflashishi bilan bog'liq. Shuningdek, ko'p miqdorda shakar iste'mol qiladigan odam doimiy charchoqni boshdan kechiradi. Agar kechki ovqatdan keyin uyqu kelsa, bu organizmda muammoning borligini ko'rsatadi. Ko'pincha shokolad iste'mol qilgach, kayfiyat ko'tariladi, ammo bunday energiya to'lqini uzoq davom etmaydi. Keyinchalik, ishga layoqatsizlik yana paydo bo'ladi, diqqatni jamlash pasayadi. Bu glyukoza darajasining keskin oshishi bilan bog'liq bo'lib, u ham tezda pasayadi.

    Bundan tashqari, shakarni ko'p iste'mol qilish ovqat hazm qilish muammolariga olib keladi. Agar odam meteorizm va ich qotishi bilan aziyat cheksa, ehtimol ichak mikroflorasi bilan bog'liq muammolar mavjud va bu immunitet tizimiga salbiy ta'sir qiladi.

    Mutaxassisning fikriga ko'ra, kuniga 50 grammdan ortiq shakar iste'mol qilish mumkin emas, insonning energiya iste'moli kamida ikki ming kaloriya bo'lishi kerak. Faqatgina ikki stakan apelsin sharbati iste'mol qilish bilan mazkur me'yor buzilishi mumkin. Organizm talab qilganidan ko'proq ovqat iste'mol qilinsa, semirish, qandli diabet va yurak kasalliklarining rivojlanish xavfi ortadi.

    Qonda qand miqdori oshganining asosiy belgilari – haddan tashqari tashnalik, poliuriya, quruq teri va ko'rish muammolari. Xuddi shu alomatlar qandli diabet rivojlanayotganidan dalolat berishi mumkin. Qonda glyukoza darajasining oshishi buyraklarga ortiqcha yuklama beradi, bakteriyalar terida ko'paya boshlaydi va toshma paydo bo'ladi, deb xabar beradi mir24.tv.