Aholi farovonligi ortib borishi, son va sifat jihatidan koʻpayayotgan maishiy texnika elektr energiyasi isteʼmolini oshirmoqda.
Masalaning yana bir jihati borki, bu isteʼmol qilinayotgan energiya resurslaridan foydalanishning maqsadliligi va samaradorligini nazarda tutadi. Masalan, xorijiy davlatlarda turar joy sektorida 1 metr kvadrat hududga toʻgʻri keladigan solishtirma elektr energiyasi sarfi 120-150 kilovatt-soatni tashkil etsa, Oʻzbekistonda 390-400 kilovatt-soatga yetadi. Demak, mamlakatimizda elektr energiyasi isteʼmoli xorijdagidan deyarli 3 barobar yuqori. Bu kabi qiyosiy koʻrsatkichlar boshqa yoʻnalishlar boʻyicha tahlil qilinsa ham shunday xulosaga kelish mumkin. Albatta, chet elda energiya sarfining bu qadar kamligini kundalik turmush tarzida aholining energiya tejovchi va energiya samaradorligi yuqori qurilmalarni ishlatishi bilan asoslash mumkin. Biroq baribir energiya sarfidagi qiyosiy koʻrsatkichlar oʻrtasidagi bunday tafovut isteʼmolchilarning energiya tejash madaniyati bilan ham tavsiflanadi.
Mazkur yoʻnalishdagi tadqiqotlar natijasiga koʻra, aynan aholi turar joylarida energiyani tejash imkoniyati 20-30 foizni tashkil etadi. Yaʼni bugun isteʼmolchilar, jumladan, aholining elektr energiyasidan samarasiz foydalanayotgani, zarurat boʻlmasa ham elektr jihozlarini ishlatishi, yoritish tizimlarining uzluksiz yonib turishi isteʼmol oshishiga olib kelmoqda. Mazkur raqamlar bitta isteʼmolchi yoki bir xonadon misolida u qadar katta koʻrsatkich emasdir, lekin elektr energiyasidan foydalanuvchi abonentlar soni 7,3 million ekani hisobga olinsa, hazilakam raqam hosil boʻlmasligi tushunarli. Sutkalik, haftalik, oylik va yillik tejalgan elektr energiyasidan boshqa yoʻnalishlarda maqsadli foydalanilsa, samaradorlik ancha ortadi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: talab ortib borayotgan bir pallada isteʼmolchilarni uzluksiz sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash yoʻnalishida oldimizda turgan vazifalar nimalardan iborat?
Yetti yilda 49 foiz oshadi
Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 74,3 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan. 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 124 milliard kilovatt-soatga yetishi yoki bugungiga nisbatan 49 foiz oshishi prognoz qilinmoqda. Agar mazkur koʻrsatkich ishlab chiqarish quvvatiga mos ravishda bugun energetika tizimining oʻrnatilgan quvvati 18 gigavatt ekani hisobga olinsa, 2030-yilda bu koʻrsatkich 35,4 gigavattga yetishi yoki 2 barobar oshishi kutilmoqda.
Prognozlar koʻrsatishicha, kelgusi yetti yilda bugungi 40 foizga yaqin maʼnan va jisman eskirgan energiya qurilmalarini foydalanuvdan chiqarish bilan birga, energetika tizimi quvvatini 17,4 gigavattga oshirish zarurati mavjud. Bunda bugungi energetik muvozanat koʻrsatkichlari bilan taqqoslaganda, issiqlik elektr stansiyalari quvvatini 15,4 gigavattdan 19,6 gigavattga, GESlar quvvatini 2,2 gigavattdan 3,8 gigavattga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 0,2 gigavattdan 10 gigavattga oshirish talab etiladi.
Energiya resurslariga talab ortib borishi sharoitida mamlakat energetika xavfsizligini taʼminlash masalasi ustuvor yoʻnalishlardandir. Masalaning yechimi faqat yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bilangina hal etilmaydi. Chunki talab doimiy ravishda karrasiga ortib bormoqda. Birgina misol: bugun Oʻzbekiston dunyoda aholi soni boʻyicha 41-oʻrinda turadi va bu borada 50 ta yetakchi mamlakat qatoriga kiradi. 2030-yilga borib yurtimiz aholisi 40 millionga yetishi prognoz qilingan. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiyot tarmoqlari, ishlab chiqarish, maishiy xizmat koʻrsatishda elektr energiyasiga talab oshishiga olib keladi. Xoʻsh, bunday sharoitda undan foydalanish samaradorligini oshirishda qanday mexanizmlar mavjud? Bu boradagi halqaro tajriba va yurtimizdagi joriy holat qay darajada?
Arzon narsa beqadr(mi?)
Bugun energiya samaradorligi va tejamkorligi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga ega xorijiy davlatlarda elektr energiyasi narxini tahlil qilsak, ularda nechogʻli yuqori qiymatda ekanini koʻrish mumkin. Masalan, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxi Germaniyada — 62 sent, Yaponiyada — 24,5 sent, Xitoyda — 7,6 sent, Rossiyada — 5,5 sent, Ozarbayjonda — 4,7 sent, qoʻshni Qozogʻistonda — 4,8 sent. Oʻzbekistonda esa 2,5 sent. Yana bir maʼlumot: elektr energiyasi narxi arzonligi boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 13-oʻrinda turadi.
Energiya resurslari isteʼmolini kamaytirish borasida, avvalo, yuqori xarajat talab etuvchi chora-tadbirlar va ularni moliyalashtirish manbalarini obdon oʻylab koʻrish kerak. Chunki yuqori xarajatliligi tufayli doim ham hamma narsa yetarli darajada amaliyotga joriy qilinmaydi. Bunday sharoitda eng maqbul yoʻl energetikada bozor munosabatlariga oʻtish va energiya resurslari narxini erkinlashtirishdir.
Ulgurji raqobatdosh bozorning joriy holati
Bugun mamlakatimizda elektr energiyasining ulgurji raqobatbardosh bozoriga oʻtish yoʻnalishida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, elektr energiyasining ulgurji raqobatdosh bozoriga izchil oʻtishni nazarda tutuvchi konsepsiya ishlab chiqilgan boʻlib, uch bosqichni oʻz ichiga oladi.
Birinchi bosqichda elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarini erkinlashtirish va ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotishni ixtiyor etgan xususiy (mustaqil) ishlab chiqaruvchilar litsenziya olishi koʻzda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda elektr energiyasini taqsimlash tizimining yagona operatori yaratiladi. Elektr energiyasini isteʼmolchilarga sotishga oid vazifalar esa asta-sekin yetkazib beruvchilarga oʻtkaziladi. Isteʼmolchilar elektr energiyasini savdo onlayn platformasi yoxud istalgan yetkazib beruvchi orqali xarid qilish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.
Uchinchi bosqichda “kun ichi (soatbay) savdolar” qoʻllanadi. Unga binoan, rejali asosda savdo maydonchasida soatbay ishlab chiqarilgan va isteʼmol qilingan elektr energiyasining ortiqcha yoki yetmagan hajmi onlayn oldi-sotdi qilinadi.
Energetikada bozor munosabatlariga oʻtish, energiya resurslari narxini erkinlashtirish masalasiga Prezidentimiz ham alohida toʻxtalib, jumladan, bunday degandi: “Energetika sohasida raqobatdosh ulgurji bozorni shakllantirish, xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish va shu orqali elektr energiyasiga oʻsib borayotgan talabni maqbul narxlarda qondirishni asosiy vazifa etib belgiladik. Shu tariqa 2025-yilgacha yurtimizda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz”.
Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugunga kelib issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xorijiy investorlar bilan qiymati 16,6 milliard dollarga teng 34 ta bitim imzolangan. Ushbu bitimlar asosida 19,5 gigavatt quvvatga teng yangi elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Elektr energiyasini mustaqil ishlab chiqaruvchilar qatorida Total Eren SA (Fransiya), Abu Dhabi Future Energy Company — Masdar (BAA), Aksa Enerji Üretim A.Ş va Cengiz Enerji San. ve Tic. A.Ş. (Turkiya), ACWA Power (Saudiya Arabistoni), Siemens Energy (Germaniya), YEDF (Fransiya), Stone City Energy (Niderlandiya), Gezhouba Overseas Investment Group (XXR), Tepelen Group AG (Shveysariya) kabi kompaniyalar bor.
Tabaqalashtirilgan tariflar
Bozor munosabatlariga oʻtishning asosiy omillaridan biri narxlarni erkinlashtirishdir. Mavjud energiya resurslaridan samarali foydalanishda esa tabaqalashtirilgan tariflar tizimini qoʻllashning samaradorligi xorij tajribasida allaqachon tasdigʻini topgan. Tabaqalashtirishda energiya resurslari isteʼmoli uchun toʻlovlar sutkaning turli davrida turli tariflar asosida oʻrnatilishini hisobga olsak, elektr energetikasi tizimining maksimal yuklama soati vaqtida, yaʼni sutkaning tarif yuqori boʻlgan paytida toʻlov yuqoriligini bilgan aholi energiya isteʼmolini cheklaydi. Bu vaqtda yuqori ehtiyoj boʻlmagan elektr jihozlarini ishlatmaydi.
Elektr energetikasi tizimining yuklamasi minimal vaqtda, yaʼni sutkaning tarif past boʻlgan davrida aholi isteʼmoli oshishi energetika tizimi uchun ham, aholi uchun ham manfaatlidir. Bu, oʻz navbatida, energetika tizimi qurilmalari, elektr uzatish liniyalari va transformatorlarning uzoq muddat va soz holatda ishlashiga imkon beradi. Albatta, bu kabi tizimlar joriy etilishi vaqt talab etadi. Avvalo, milliy zehniyatdan kelib chiqqan holda barcha omillarni hisobga olish va isteʼmolchilarni mazkur oʻzgarishlarga tayyorlash darkor. Lekin bir jihat aniqki, mazkur tizim xorijiy mamlakatlarda oʻzini toʻla oqlagan. Bunda energetika tizimi bilan birga isteʼmolchi katta manfaatdorlikka ega ekanini unutmaslik lozim.
Tabaqalashtirilgan tariflarga oʻtishning dastlabki bosqichi sifatida 2022-yilda energiya resurslari isteʼmoli boʻyicha “ijtimoiy norma” tizimini joriy etish masalasi koʻtarilgan, bu boʻyicha hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, muhokamaga qoʻyilgan edi. Keyinchalik mazkur tizimni joriy etish muddati kechiktirildi. “Ijtimoiy norma”ning amaliyotga kiritilishi energiya resurslari isteʼmolida sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga olib kelarmidi? “Ijtimoiy norma”ning ijtimoiyligi nimada?
“Ijtimoiy norma”ni joriy etish zarurati
“Ijtimoiy norma” tizimini joriy etish, avvalo, energiya resurslari narxining bozor narxlariga oʻtishi bilan tavsiflanadi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil may-iyun oylarida muhokamaga qoʻyilgan “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasiga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan elektr energiyasi va gaz isteʼmoli uchun narxlarni “ijtimoiy norma” asosida belgilash kutilgan edi. Loyihaga koʻra, amaldagi narxlar oshirilishi, shuningdek, belgilangan normadan koʻproq ishlatganlar qoʻshimcha har bir kilovatt·soat elektr energiyasi uchun 2 barobar haq toʻlashi kerak edi. Yaʼni aholi isteʼmoli uchun oyiga 250 kilovatt soatgacha elektr energiyasi meʼyor deb belgilanib, 1 kilovatt-soat uchun 325 soʻmgacha imtiyozli narx qoʻllanadi. Bundan yuqori har bir kilovatt-soat uchun esa 650 soʻmdan toʻlash, yaʼni bozor narxini qoʻllash taklif etilgan. Mazkur qaror energiya resurslari narxini erkinlashtirish va bozor munosabatlariga oʻtish yoʻlidagi dadil qadam edi.
Aynan mazkur tizim “koʻp isteʼmol — koʻp toʻlov” tamoyili asosida shakllantirilgan. Energiya resurslari isteʼmoli boʻyicha belgilangan meʼyor oʻrtacha koʻrsatkich boʻlib, aksariyat aholining oylik isteʼmoli undan oshmaydi. Maʼlumotlarga koʻra, isteʼmolchilarning 80 foizi oyiga oʻrtacha 200 kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlatadi. Lekin aholi isteʼmol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yoʻgʻi 31 foizi xonadonlar hissasiga toʻgʻri keladi. Yaʼni aholi isteʼmoli uchun yoʻnaltiriladigan elektr energiyasining 70 foizini oylik isteʼmoli 200 kilovatt soatdan yuqori boʻlgan 20 foiz aholi ishlatadi. Bundan koʻrish mumkinki, aholining juda kam qismi elektr energiyasining asosiy qismidan foydalanadi.
Mazmunan qaralganda, “ijtimoiy meʼyor” tizimi joriy etilishi aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun davlat byudjetidan muayyan miqdorda subsidiya ajratiladi. Ijtimoiy norma mazkur subsidiyalarni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki elektr energiyasi isteʼmoli minimal boʻlgan aholi qatlamiga yoʻnaltirishni nazarda tutadi.
Hozircha mazkur tizimni joriy etish kechiktirilgan. Lekin yuqoridagi tahlillardan koʻrish mumkinki, “ijtimoiy norma” tizimining joriy etilishi elektr energiyasini bozor narxida sotish va uning sotuvidan foyda koʻrish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish imkonini beradi. Bu kabi oʻzgarishlar pirovardida elektr taʼminoti tizimi barqaror ishlashiga zamin yaratiladi.
Targʻibot — eng yaxshi vosita
Odatda muayyan turdagi islohotlar avvalida omma orasida turli yondashuvlarga duch kelinadi. Aksariyatida joriy etilishi rejalashtirilgan islohot toʻgʻrisida notoʻgʻri fikrlar mavjud boʻlib, ularning mohiyati va mazmuni batafsil tushuntirilgandan soʻng fuqarolar notoʻgʻri oʻylaganini tan oladi. Tajriba koʻrsatadiki, har qanday sohadagi yangilik va oʻzgarishlarning tub mazmun-mohiyatini aholi orasida targʻib qilish islohotlarning muvaffaqiyatini belgilaydi. Bugun mediaolam rivojlanayotgan bir sharoitda sohadagi yangilik va oʻzgarishlarni aholiga sodda, tushunarli yetkazish, asosiy vektorni islohotlarning inson qadri va manfaatlariga yoʻnaltirish lozim.
“Ijtimoiy norma” tizimi targʻibotida ham shu kabi boʻshliqlar kuzatildi. Targʻibot yetishmadi. Rasmiy maʼlumotlar koʻp berildi, lekin sodda va aniq videoroliklar, mazkur tizim joriy etilishidan avval va joriy etilganidan keyin uning toʻlov holatiga taʼsir koʻrsatishi jarayoni xalqqa yetarlicha yetkazilmadi. Tan olib aytish kerak, energiya resurslari narxi bilan bogʻliq har qanday oʻzgarish doim ham ijobiy kutib olinmaydi. Lekin bu oʻzgarishlar faqat va faqat xalq manfaatiga xizmat qilishini yetkazish hamda tushuntirish lozim. Bu, oʻz navbatida, aholining energiya resurslaridan foydalanish madaniyati oshishiga va energiya resurslari isteʼmoli uchun toʻlov tizimida “koʻp isteʼmol — koʻp toʻlov” tamoyili qoʻllanishiga olib keladi. Shu oʻrinda isteʼmolchilarga “Pul oʻzingizniki, lekin resurslar barchamizniki”, degan iborani eslatish lozim.
Xulosa oʻrnida
Bugun Oʻzbekiston barcha sohada ildam odimlamoqda. Buni dunyo hamjamiyati ham eʼtirof etmoqda. Qaysi sohani olib qaramang, rivojlanishni koʻrasiz. Asosiy jihatni ham unutmaslik kerak — barcha sohalar rivoji mamlakatning energetik mustaqilligi va barqarorligi bilan ifodalanadi. Har bir voqelik — bir dars, saboq aslida. Soʻnggi vaqtlarda energetika tizimida kuzatilayotgan qisqa muddatli va mavsumiy taqchillikdan toʻgʻri xulosa chiqarish lozim. Bu faqat ishlab chiqarish quvvatini koʻpaytirish bilan hal etiladigan masala emas. Sababi, soʻnggi besh yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish 1,3 barobar oshirildi. Lekin tizimdagi muammolar toʻla-toʻkis bartaraf etilgani yoʻq. Shundan kelib chiqib, tizimning asosiy boʻgʻini boʻlgan isteʼmolchilarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish va ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish va, asosiysi, bozor munosabatlariga oʻtish jarayonini tezlashtirish oldimizga qoʻyilgan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishiga zamin yaratadi.
Energetikada bozor munosabatlariga oʻtish uchun muayyan ishlar bajarilgan va ular davom ettirilmoqda. Lekin bugungi shiddatli zamonda bu masalada qatʼiyroq boʻlish talab etiladi. Bozor munosabatlariga oʻtishning huquqiy mexanizmlarini yaratish borasidagi ishlarni kun tartibiga olib chiqish lozim.
Xususan, bozor munosabatlarini tartibga solishda asos boʻluvchi “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririni yaratish bilan bogʻliq ishlarni hamda Elektr tarmoqlari kodeksi (Grid Code) va elektr energiyasi bozori modelini ishlab chiqish jarayonini yakuniga yetkazish maqsadga muvofiq. Elektr energiyasi bozori modeli va bozor munosabatlariga oʻtish konsepsiyasini ishlab chiqish sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishi boʻlmogʻi darkor. Zero, energetikada bozor munosabatlariga oʻtishni davrning oʻzi talab etmoqda. Chunki raqobat muhitidagina rivojlanish bor. Tizimning bozor munosabatlariga oʻtishi esa mazkur raqobatning paydo boʻlishiga, natijada isteʼmolchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga asos boʻladi.
Ikromjon RAHMONOV,
Toshkent davlat texnika universiteti
kafedra mudiri, texnika fanlari doktori