Eng katta baxt – vatanga kerakliging

    Bu yil jonajon vatanimiz oʻzining 33-yillik mustaqil hayot yoʻlini bosib oʻtmoqda. Oʻtgan yillarda amalga oshirilgan zalvorli oʻzgarishlar, tub islohotlar zamirida, avvalo, mustaqillik, tenglar ichra tenglik huquqi mujassam topgandir.

    Yangi Oʻzbekistonda qisqa muddatda juda katta ishlar amalga oshirildi, jamiyatimizning barcha jabhalarida kompleks oʻzgarishlar qilindi. Ular qatorida Insonga, uning qadriga eʼtibor eng bosh masala boʻldi, desak yanglishmaymiz. Yil nomlari va davlat dasturlari, muhtaram Prezidentimizning “Inson – jamiyat — davlat”, degan bosh gʻoyalari fikrimizni tasdiqlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi bosh qomusining 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir…”, deb belgilab qoʻyilgan. Bunga hamohang ravishda davlatimiz bosh siyosatida ham inson, uning qadri birlamchi masalalardan sanaladi.

    Yaqin-yaqingacha mamlakat tashqarisida fuqarolarimizga munosabat tubdan boshqacha edi. Chet elga ishlash uchun ketgan, yoʻlini yoʻqotgan, adashgan Oʻzbekiston fuqarolari odam oʻrnida koʻrilmas, turli qiyin sharoitlarga solinar, ularning arz-dodini hech kim tinglamas edi. Chunki Vatanga kerak boʻlmagan odam boshqalarga ham keraksiz edi. Eng achinarlisi, hatto, qoʻshni davlatlarda ham bizga munosabat yaxshi emas edi.

    Bugun Oʻzbekiston dunyoga keng ochildi, dunyo Oʻzbekistonni tan oldi. Fuqarolarimiz jahonning istalgan joyida erkin boʻlib, oʻzi istagan ish bilan shugʻullanmoqda. Elchixona va konsulliklar har bir vatandoshimizning shaʼni, taqdiri uchun qaygʻurmoqda. Turli sabablar bilan oʻzga yurtda vafot etgan fuqarolarimizning vatanga qaytarilishida davlatning bosh-qosh boʻlishi bu yoʻldagi insonparvar amallardandir.

    Inson uchun eng buyuk fojia qadr topmaslik, birovga keraksiz boʻlib yashashdir. Oʻzga yurtda yurgan odam esa, begona ellarda xoki qarovsiz qolishidan qoʻrqadi. Shukrona keltirish kerakki, bugun vatandoshlarimizda bunday qoʻrquv yoʻq. Bugun har bir oʻzbekistonlikning Vatanda, dunyoda oʻz oʻrni bor. Vatanga kerakligingni his qilib yashashdan ortiq baxt boʻlmasa kerak…


    Rustamjon Umrzoqov,

    FarDU katta oʻqituvchisi


    Hamkorlik materiali