Eng kichik tarmoqdan katta sohalargacha investitsiyalar yirik loyihalarga yoʻl ochmoqda

    Sanoat 21 Iyul 2023 631

    Iqtisodiyot aniq hisob-kitoblarga tayanadigan, natijadorlikni xush koʻradigan soha. Shu yoʻnalishga xos termin bilan aytganda, uni investorga oʻxshatish mumkin. Yaʼni sarmoyador istiqbolli deb bilgan, natija olishiga ishongan biznesgagina mablagʻ kiritadi.

    Bu mablagʻ oʻsha loyiha yoki tarmoqni yanada rivojlantirib, bu orqali yurt iqtisodiy taraqqiyotiga hissa boʻlib qoʻshiladi. Ammo buning uchun sarmoyadorni ishontira olish, nafaqat sohalar, balki hududlar, mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirib borish talab etiladi. Bu boradagi koʻrsatkich qancha yuqori boʻlsa, taraqqiyot shuncha jadallashadi.

    Gap investitsiyalarning davlat iqtisodiyotidagi oʻrni haqida bormoqda. Drayver sohada investitsiyalar ulushi ortishi rivojlanish tendensiyasining oʻsib borishiga xizmat qiladi. Sodda qilib aytganda, har qanday sohada natijadorlikni oshirish uchun tashqi sarmoya zarur. Bu sarmoyani esa investor kiritadi. Milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, yuqori barqarorlik va mutanosib iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda investitsiyalarning oʻrni muhim.

    Mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi oxirgi yillarda keskin oshib, qariyb 40 milliard dollarga yetdi. Bu kichik raqamlar emas va nafaqat mahalliy, balki xorijiy investorlar soni ortib borayotgani, avvalo, diyorimizda qulay investitsion muhit yaratilgani bilan bogʻliq. Boshqa tomondan, iqtisodiyotimizdagi rivojlanish koʻrsatkichi keskin oʻsib borayotganini dunyo xalqlari ham eʼtirof etib, ishbilarmonlar hamkorlikka oshiqmoqda.

    Natijada birgina joriy yilning oʻtgan olti oyida iqtisodiyot tarmoqlarida 3,6 milliard dollar investitsiya oʻzlashtirilgan. Raqamlar shu yilning 11-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida keng tahlil qilindi. Tarmoqda erishilgan yutuqlar bilan birga, koʻrsatkichi past, investitsiya muhiti qoniqarsiz boʻlgan ayrim hudud va tarmoqlar ham tilga olingani bejiz emas. Chunki bugun shiddat bilan rivojlanayotgan hayotimizda investitsiya iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuchlardan biri sanaladi. Sarmoya kiritilmagan loyihalar qogʻozda qolishi, hududlar rivojlanishdan oqsashi, tarmoqlar esa eskicha ishlashda davom etib, oʻsmasligi turgan gap.

    Qaysi tarmoqlar yetakchi?

    Shu bois, yangi Oʻzbekiston investorlar uchun oʻz eshiklarini keng ochdi. Sarmoyadorlar faoliyatiga erkinlik berish, ularning huquqlarini qonuniy kafolatlash, mamlakatda qulay biznes va investitsiya muhitini yaratishga qaratilgan harakatlar kundan kunga faollashmoqda. Xususan, bugunga qadar investorlar uchun zarur boʻlgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarga bojxona boji bekor qilinib, davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilingani buning isboti. Qolaversa, yurtimizda xorijiy investorlarning oʻz aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi. Shu kabi koʻplab imkoniyatlar chet ellik investorlarning yurtimizga ishonchini oshirayotgani rost.

    Ahror XOLMURZAYEV, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Strategik rivojlanish va tahlil departamenti bosh mutaxassisi:

    — Investitsiya hamisha biror tarmoq, soha yoki insonning rivojlanishida muhim omil boʻlib kelgan. U kelajakda naf olish maqsadida pul, qimmatli qogʻozlar, yer, bino va hokazo koʻrinishida kiritiladigan sarmoyadir. Bu mablagʻ keyinchalik investorga foyda boʻlib qaytadi. Investitsiya kapitalni muayyan muddatga bogʻlash yoki band qilishni bildiradi. Investitsiyalar sohalar rivojiga katta hissa qoʻshadi. Sarmoyador kiritadigan mablagʻ hisobiga tarmoqni zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, bu orqali daromadni ham oshirib borish nazarda tutiladi. Tabiiyki, bundan barcha tomonlar manfaat koʻradi.

    Yurtimizda investitsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqilgan. Xususan, davlat investitsiya dasturi doirasida joriy yil jami 20,2 milliard dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi belgilangan. Birinchi yarim yillikda 7,4 milliard dollar shunday investitsiya oʻzlashtirildi va bu rejaga nisbatan 1,8 barobar koʻp. Bu davrda yuqori oʻsish koʻrsatkichlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Energetika vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hududlar boʻyicha Navoiy, Jizzax va Andijon viloyatlari yetakchilik qilmoqda.

    Investitsion loyihalarni amalga oshirish qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish degani hamdir. Bitta loyiha orqali yuzlab, minglab odamning bandligi taʼminlanishi kutilgan natijalarning bir qismidir. Shu bois, investitsiya dasturlari doirasida yaratiladigan yangi ish oʻrinlari boʻyicha kunlik “loyihabay” nazorat mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻl boshqaruvi boʻyicha haftalik monitoring tizimi ishlamoqda.

    Joriy yil uchun tasdiqlangan 12 ming 622 ta investitsion loyihani amalga oshirish orqali 289 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi belgilangan. Loyihalarni muddatida ishga tushirish hamda ish oʻrinlari oʻz vaqtida va sifatli yaratilishini tashkil etish maqsadida ularning har biriga alohida masʼullar biriktirilgan. Bu kabi amaliy ishlar natijasida joriy yilning yanvar-iyun oylarida belgilangan 41 ming 548 ta emas, balki 76 ming 654 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

    Birinchi yarim yillikda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan imzolangan qarz bitimlari qiymati esa 2,38 milliard dollarga teng va 17 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamkorligidagi “118 ta nasos stansiyani modernizatsiya qilish”, Jahon banki bilan birgalikdagi “Ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish”, Xitoy Eksport-import banki bilan kelishuvdagi “Olimpiya shaharchasini barpo etish” loyihalari shular jumlasidan.

    Bu mablagʻlar, asosan, transport infratuzilmasi, kommunal xoʻjalik, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, qishloq va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa koʻplab sohalarga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlaridan oʻzlashtirilgan investitsiyalarning asosiy qismi Jahon banki, Xitoy banklari, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

    Investitsion loyihalarni amalga oshirishda hududlardagi sanoat zonalari, “loyiha guruhlari” ham yetakchilik qiladi. Buni joriy yilning olti oyi davomidagi tahlillardan ham koʻrish mumkin. Masalan, shu davrda yurtimizdagi barcha sanoat zonalarida umumiy qiymati 4,3 trillion soʻmlik 439 ta loyiha ishga tushirilib, 12 mingdan ziyod yangi ish oʻrni ochildi. Ular tomonidan salkam 440 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. “Loyiha guruhlari” tomonidan esa hududlarning mavjud imkoniyati va salohiyatidan kelib chiqib, qiymati 8,3 milliard dollarlik 3 ming 700 ta yirik investitsiya loyihasi shakllantirildi.

    Yurtimizda hududlarni iqtisodiy holatiga koʻra 5 ta toifaga ajratish tizimi samarali yoʻlga qoʻyilgan. Investitsiyalarni jalb etish borasida ham ishlar yangi tizim asosida olib borilyapti. Xususan, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan har bir tumanga mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilish uchun 500 million soʻmdan ajratildi. Mazkur kompaniyalar tomonidan esa tumanlarning investitsiya salohiyatini oshirish, tabiiy zaxiralar, mavjud infratuzilma va mehnat resurslaridan samarali foydalanish maqsadida iqtisodiy tahlillar ishlab chiqildi.

    Masalan, Buxoro viloyati Peshku tumanining drayver sohasi qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish etib belgilab olinib, grafitdan elektrod, granitdan pardozbop plitkalar, goʻsht va sutni qayta ishlash, meva-sabzavotlardan sok ishlab chiqarish, sublimatsiya usulida quritish loyihalarini amalga oshirish takliflari berilgan. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining drayver sohasi sifatida esa elektrotexnika sanoatini rivojlantirish belgilanib, turli generatorlar, quyosh panellarini ishlab chiqarish, elektr skuterlar va velosipedlarni yigʻish kabi loyihalar istiqbolli deb topildi.

    Yaʼni investitsion loyihalarni amalga oshirishda ham chuqur tahlillar, bilim va innovatsiyalardan toʻgʻri foydalanish talab etiladi. Shundagina natijadorlik ham, iqtisodiy samaradorlik ham uzoq kuttirmaydi.

    Qoʻshimcha sarmoya raqobatni oshiradi

    Yurtimiz iqtisodiyotida jadal rivojlanayotgan sohalardan biri tikuvchilik va toʻqimachilik sanoatidir. Soʻnggi yillarda ushbu tarmoq xalqaro texnologiyalar va sifat standartlarini joriy etishda yetakchilik qilmoqda. Buni Oʻzbekiston paxta xomashyosini yetkazib beruvchi davlatdan paxtani toʻliq qayta ishlash orqali tayyor mahsulot eksport qiluvchi davlatga aylangani misolida ham koʻrish mumkin. Jumladan, paxta-toʻqimachilik tarmogʻida ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagiga nisbatan 5 barobar, eksport esa 4 barobar oshgan. Joriy yilning birinchi choragida ishlab chiqarilgan 11,9 ming tonna toʻqimachilik mahsuloti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13,9 foiz koʻp ekani ham oʻsishdagi jadallikni koʻrsatadi. Bunda sohaga kiritilayotgan investitsiya koʻlami ortib borayotgani alohida ahamiyatga ega.

    Muhammadjon MAHMUDOV, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi departament boshligʻi:

    — Mamlakatimizda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati jadal rivojlanib borayotgani investitsion loyihalarning ortishida ham koʻzga tashlanadi. Xususan, yoʻnalishimiz boʻyicha joriy yilning birinchi yarmida umumiy 490,2 million dollarlik xorijiy investitsiya va kredit jalb qilindi. Bunda uyushma masʼulligidagi xorijiy investitsiyalar hajmi 110,6 foiz oshdi. Barcha hududlarda bunday loyihalarni koʻpaytirishdan koʻzlangan maqsadlardan biri, albatta, aholi bandligini taʼminlashdir. Jumladan, birinchi yarim yillikda ishga tushirilgan 151 ta investitsiya loyihasi doirasida 3 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.

    Oʻzbek investitsiyasi ishtirokida xorijda ham paxta-toʻqimachilik loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu soha salohiyatini yuksaltirish, kerakli xomashyo bilan taʼminlash va eksport bozorlarini kengaytirish imkoniyatini beradi. Qolaversa, buning mahalliy iqtisodiyot rivojiga ham taʼsiri katta. Bunday loyihalarni faollashtirish hisobiga hududlarda sanoat mahsulotlari, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishi oʻsib boryapti.

    Ana shunday yirik investitsion loyihalarga Qarshi shahridagi “Kitob ip yugiruv” AJ, Dehqonobod tumanidagi “Dehqonobod tekstil”, Namangan shahridagi “Balanse tex” MCHJ va boshqa koʻplab korxonalar faoliyati orqali misol keltirish mumkin. Ular kiritilgan qoʻshimcha sarmoyalar hisobiga yiliga bir necha million dona tikuv-trikotaj mahsuloti ishlab chiqarmoqda.

    Hududlarda yana oʻnlab yangi investitsion loyihalar ishga tushirilish arafasida. Masalan, Namangandagi “Art Soft Tex Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan momiq sochiq va choyshab toʻplamlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi “Art Men” qoʻshma korxonasi tashkil etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 75 million dollarga teng boʻlib, ishga tushganidan soʻng viloyatdagi 2000 kishining bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan. Korxona yiliga 14 ming 400 tonna kalava ip, 12 ming 600 tonna momiq sochiq va choyshab toʻplami ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Andijon viloyati Buloqboshi tumanida ham sentyabr oyida ikkita yirik korxona ishga tushirilishi va umumiy 1 ming 200 ta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Korxonalarda oyiga 1,5 million dona, boshqasi esa 5 million dona trikotaj mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.

    Ishlab chiqarish quvvatlari oshib borishi bevosita yangi texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalar bilan bogʻliq. Boisi, bugungi kunda har qanday soha rivojida raqamli texnologiyalarni qoʻllash asosiy zaruratga aylanmoqda. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi faoliyati ham jahon toʻqimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoati talablariga muvofiq kengayib boryapti. Uyushma Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF), Amerika kiyim-kechak va poyabzal uyushmasi (AAFA), AQSH moda sanoati uyushmasi (USFIA), Bangladesh ishlab chiqaruvchilar va kiyim-kechak eksportchilari uyushmasi (BGMEA), Xitoy savdo palatasi (CCCT) kabi hamkor tashkilotlar bilan birga raqamli yorliq boʻyicha xatni imzolaganlar qatoriga kiradi.

    Bu xat global sanoatda uy toʻqimachilik, kiyim-kechak, poyabzal va tegishli aksessuarlarni etiketkalashni joriy etish hamda kerakli yorliq maʼlumotlari uchun yanada barqaror va tejamkor raqamli yorliqlardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan harakatlarni nazarda tutadi. Yaʼni raqamlashtirish imkoniyatlari sanoatning bu jihatini ham chetlab oʻtmadi. QR kodli yorliqlar kabi raqamli texnologik yechimlar kundalik hayotimizga kirib kelmoqda. Raqamli yorliqlarga oʻtish etiketkalash chiqindilarini sezilarli darajada kamaytiradi, natijada sanoat taʼminot zanjirlaridan chiqayotgan zaharli gazlar ekvivalenti kamida 343 ming tonnaga kamayadi. Investitsiyalar esa ana shu yoʻnalishlarga ham sarmoya kiritish orqali eng maqbul yechimlarni taklif etish, yangicha texnologiyalarni yaratishga yoʻl ochadi.

    Yangi loyihalar quvvati

    Yurtimizda joriy yilning keyingi yarim yilligida investitsiya dasturlaridagi 1 ming 500 ta loyihani tezlashtirish va 12 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyani oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilangan. Shuningdek, hukumat komissiyasi tomonidan iqtisodiyotga katta turtki beradigan 97 ta yirik sanoat loyihasi tayyorlandi. Ular orqali 6,7 milliard dollar oʻzlashtirilib, 3 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, 27 mingdan ortiq ish oʻrni yaratish imkoniyati mavjud.

    Umid UBAYDULLAYEV, Toshkent viloyati investitsiya, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari:

    — Investitsiyalarni iqtisodiyotning quvvati, deyish mumkin. Yaʼni soha va tarmoqlarga qancha koʻp sarmoya kiritilsa, shuncha rivojlanib, imkoniyatlari kengayib boraveradi. Masalan, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini olaylik. Hozir odamlar gʻishtga suvoq urib, uyni koʻtarib olaveradigan avvalgi davrlar emas. Zamon oʻzgaryapti, shunga mos ravishda insonlarning talab va istaklari ham oldingidek emas. Mustahkam, tejamkor, innovatsion qurilish materiallaridan foydalanishga qiziqish oshib boryapti, ular asosida “aqlli uy”lar paydo boʻlyapti. Ana shunday tejamkor, zilzilabardosh, arzon qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun esa shunga yarasha quvvat, qimmat texnologiyalar zarur. Bularni qoʻshimcha sarmoya, yaʼni investitsiya kiritmasdan amalga oshirib boʻlmaydi.

    Shu bois, Toshkent viloyatida ham investitsiyalarni jalb qilishni yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Birgina joriy yilda umumiy qiymati 696,5 million dollar boʻlgan 502 ta loyihani amalga oshirish va 17,5 mingga yaqin yangi ish oʻrni ochish belgilangan. Birinchi yarim yillikda rejadagi 316 ta yangi loyiha ishga tushirilishi hisobiga 7 ming 148 nafardan ziyod yurtdoshimiz ish bilan taʼminlandi.

    Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish koʻlami ham kichik emas. Shu yilning yanvar-iyun oylarida bu boradagi oʻsish 117 foizni tashkil etdi, 321 million dollar oʻzlashtirildi. Qaysidir hududlar bu borada faol boʻlsa, ayrimlarida kechikish kuzatilgan. Masalan, Bekobod, Boʻka, Oqqoʻrgʻon va Chinoz tumanlari birinchi yarim yillikda 5 million dollardan kam xorijiy investitsiya jalb qilgan hududlardir. Shu bois, mazkur tumanlarda yil yakuniga qadar kamida 15 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

    Xususan, Chinoz tumanidagi “Inter-trading-group” qoʻshma korxonasi tomonidan umumiy qiymati 4,5 million dollarlik “Makaron mahsulotlari ishlab chiqarish” loyihasi hamda “Marakanda Petrolium” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 5,5 million dollarlik “Motor moylari ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish uchun har biriga 1 gektar yer auksion orqali sotib olindi. Qurilishni boshlash uchun kanadalik hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazilyapti. Viloyatda investitsiya loyihalari amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha alohida masʼullar biriktirilib, haftalik monitoring tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Ular mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi hamda maqsadli sarflanishini nazoratga oladi.

    Bu yoʻnalishda yilning ikkinchi yarmiga moʻljallangan rejalar ham oz emas. Unga koʻra, viloyatimizda yil yakuni bilan 375,7 million dollar xorijiy investitsiya va kredit oʻzlashtiriladi. Bu, birinchidan, oliy darajadagi tashriflar va xalqaro tadbirlar doirasida erishilgan kelishuvlar natijasidagi loyihalar hisobiga boʻlsa, boshqasi “loyiha guruhlari” tomonidan shakllantirilgan va muzokaralar olib borilgan xorijiy kompaniyalar loyihalarini ishga tushirish orqali taʼminlanadi. Qolaversa, har bir tuman va shahar hokimlari tomonidan qoʻshimcha 40—50 million dollarlik xususiy investitsiyalarni oʻzlashtirish choralari koʻriladi.

    Viloyatda 11 ming 48 ta sanoat korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtgan, shundan faoliyat koʻrsatayotganlari 7 ming 208 tani tashkil etadi. Ishlab turgan korxonalarda joriy yil yakuniga qadar 100,5 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti tayyorlanib, oʻsish surʼati 105,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan. Eksport rejasi esa viloyat boʻyicha 1 milliard 124 million dollarga yetishi kutilmoqda. Birinchi yarim yillikdagi natijalar ham shunga ishonchni oshiradi. Boisi, bu davrda 509 million dollarlik sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 115,3 foiz yuqori natijadorlikka erishildi.

    Mahsulotlar eksport bozorini kengaytirish, eksport qilinuvchi mahsulot turlari va korxonalar sonini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkich va amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Bunda asosiy 3 ta jihatga eʼtibor qaratilyapti.

    Birinchidan, mavsumiy meva-sabzavotlar ayni pishgan paytda imtiyozli kredit ajratish tizimini joriy qilish yoʻlga qoʻyiladi. Ikkinchidan, meva-sabzavot mahsulotlari tarkibini oʻrganadigan zamonaviy va jahon standartlari talablariga mos tekshiruv laboratoriyalari tashkil etiladi.

    Uchinchidan, kamida 4 ta yoʻnalishda eksportni amalga oshirish imkonini beradigan suv transportidan foydalanish nazarda tutilmoqda. Bu Kaspiyboʻyi mamlakatlari — Ozarbayjon, Qozogʻiston, shuningdek, Armaniston bilan oʻzaro kelishuvlar asosida olib boriladi. Qoʻshni mamlakatlar orqali dengizga chiqish va undan asosiy transport vositasi sifatida foydalanish yuk tashishdagi vaqtning 2 barobar qisqarishi, transport xarajatlari esa 1,5 barobar arzonlashishiga olib keladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri