Unga qarab dunyoning oʻtkinchiligini tuyasan. Ne davru davronlar vaqt tovasida qovrilib, tuproqqa qoʻshilib ketgan. Oʻtmishni tuproq ostidan izlashimiz ham chin. Chunki “hammasiga guvoh yer osti”. Lekin vaqt chegarasini buzib oʻtganlar qancha. Qay davr boʻlmasin, inson manglayiga yashash huquqi bitilgan ekan, hayot sururini totmoq, oʻtgan kunidan shukronalik tuymoqning oʻzi saodat.

Oʻta Berdiyorovning 46 yillik umri maktabda kechgan. Qishlogʻida ilk bor qurilgan maktab binosiga poydevor qoʻyilganiga oʻzi guvoh.

— Hech esimdan chiqmaydi, — deydi otaxon goʻdakday jilmayib. — Birinchi sinfni aʼlo baholar bilan tugatganimdan soʻng maktab maʼmuriyati meni 5 metr satin bilan mukofotladi. Matoni olganimdan soʻng enamning huzuriga gʻizillab uchib bordim. Voqeani tushuntirdim. Enam satinni qoʻliga olarkan, koʻzida yosh qalqdi. Chunki shu parcha matoh bir bosh qoʻy bahosiga teng edi-da. Afsuski, toʻrtinchi sinfni bitirgan chogʻimda urush boshlanib qoldi. Shu-shu dalaning odamiga aylandik. Oʻn ikki yoshimda xoʻjalikda tabelchi boʻldim. It egasini tanimaydigan yillar edi. Yer toʻshanchi, osmon yopinchigʻimiz boʻlgan.

Otaxon kaftiga sekin yoʻtalib olib, yoshli koʻzlari bilan menga uzoq tikilib turdi. Soʻng urush yillari qishloqda tirik jonning dalaga otlanib, erta bahordan lalmi yerni ketmon bilan agʻdarib, jaziramada mashoq terganigacha kuyinib  gapirdi.

— Elliginchi yili Gʻallachi qishlogʻi ahlini ommaviy ravishda Qashqadaryo sohiliga yaqin Paxtakor qishlogʻiga koʻchirishdi. Oʻsha paytlari Samarqand     shahridagi uch yillik oʻqituvchilarni tayyorlash kursida oʻqirdim. Kursni bitirib, maktabda oʻqituvchi boʻldim. Darsliklar  yetishmasdi. Oʻqituvchilar ham kam. Hamma fandan oʻqitardim. Rus tili, matematika, biologiya, ona tili... Ellik toʻrtinchi yildan boshlab eldoshlarimizning koʻpchiligi oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqqa qaytib ketishdi.

Oʻta Berdiyorov yigirma olti yoshida Gʻallachi qishlogʻidagi maktabga direktor etib tayinlanadi. Oʻn sakkiz kilometr masofaga qatnab ishlashning oʻzi boʻladimi? Yoʻllar yozda tizza boʻyi tuproq, qish-bahorda loy, xullas, yoʻl yurmoq goʻr azobi edi. Maktabga toʻrt qishloqdan oʻquvchilar qatnardi. Yana darsliklar yetishmas, oʻqituvchiga muhtojlik katta. U paytlari oʻqituvchilarning obroʻsi xoʻjalik rahbarinikidan kam emasdi. Lekin muammolar yechimini topish igna koʻzidan arqon oʻtkazishdek gap.

Bir kuni huzuriga sariqdan kelgan, gʻoʻdaygan oʻttiz besh yoshlardagi erkak kirib, unga qogʻoz tutadi. Qarasa, xoʻjalik raisi imzosi bilan bunday jumlalar bitilgan: “Oʻtajon, shu yigitni maktab xoʻjalik mudirligiga ishga ol.

Xoʻjalik raisi, rayon partiya komiteti byurosi aʼzosi Karim Sodiqov”.

Oʻtaning peshonasi terlaydi. Yigitga yer ostidan nigoh solib: “Joy boʻsh emas. Shu gapni raisga ayt”, deydi. Yigitning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, xonadan chiqadi. Bir haftadan keyin u yana paydo boʻladi. Dimogʻdorlik bilan direktorga qogʻoz tutadi. Direktor oʻqisa, Chiroqchi qishloq kengashi raisining buyrugʻi. Oʻsha vaqtlari maktab xoʻjalik mudiri lavozimi qishloq kengashi tomonidan buyruqlashtirilardi. Oʻtaning bu gal figʻonidan oʻt chiqadi va qogʻozni yirtib, yigitning yuziga otdi. “Maktabga direktor ekanman, mening ruxsatimsiz hech kim ishlamaydi. Bor! Raisingga ayt. Eshigimga burun tiqmasin. Oʻrin boʻsh emas, deb tushuntirgandim-ku senga”.

Shundan soʻng mojaroga nuqta qoʻyiladi. Bir yildan soʻng xoʻjalik raisi bayram arafasida kelib oʻqituvchilarni yigʻib bir piyola choy ustida suhbat quradi. Oʻta rais mendan arazlagan boʻlsa kerak, degan gumonda yurgan edi, raisning oʻzi gap qoʻshdi: “Sendan iymonli rahbar chiqarkan. Odamni odamdan ajratmading. Kadringning qadriga yetding. Bilaman, oʻqituvchilaringning maoshiga koʻz tikmagansan. Birortasini iligini qoqib ishga joylamagansan. Toʻgʻri tayoqsan. Xushomadgoʻylikni yomon koʻrasan. Rahbarning sinchiligi mutaxassislarni joy-joyiga qoʻyishida”.

— Olti yildan soʻng yangang: “Oʻzimizning maktabda ishlang. Yetar tuproq-loy kechib yurganingiz, siz oʻqituvchi, men kutubxonachi, bizga nima yetmaydi”, deb qoldi, – deya jilmayadi otaxon. — Ariza yozib, uyga qaytdim.

— Sizni rashk qilgan-da, — dedim oʻsmoqchilab.

Otaxon qah-qah urib kuladi va bir zumda jiddiylashadi. Oʻychan holda:

— Oltmish beshinchi yillardan keyin xalq taʼlimidayam “buzilish” boshlandi. Yosh mutaxassisni taʼma evaziga ishga joylashtirish, bora-bora ularning maoshiga koʻz olaytirish - eh-he, doimo kuzatganman. Kechagi davrda ham rahbarlar maktabni esidan chiqarib qoʻydi. Maktablarda mix qoqquday erkak qolmadi. Odamlar bolalarini repetitorga berishga majbur boʻldi. Allohga shukur, bugun oʻqituvchi maktabga qaytyapti, — dedi egilgan boshini gʻoz qilib.

Shu oʻrinda Chingiz Aytmatovning “Bolalar tinimsiz savol berib, charchashadi, ayniqsa, ularga javob topib berolmasangiz. Ayrim ota-onalarga bola ularni ataylab boshi berk koʻchaga tiqayotganday tuyiladi. Bunday oʻy bilan asabiylashmay boʻladimi? Hayotdan zerikkan va charchagan kattalar uchun bolalari oʻylamasa, yaxshiroqday. Ammo bu fojia-ku! Shunchalik katta fojiaki, taʼriflashga til ojiz. Bolalikda tabiatning beqiyos sovgʻasi – hayrat va anglashni boy bergan odam kelajakda zerikarli umrguzaronlikka mahkumdir. Uning yozmishi – mazmunsizlik, zerikish, ishonchsizlik”, deya bashoratomuz gaplarini eslamay boʻladimi? Ana shu oʻrinda Oʻta Berdiyorning “Rost gap” sheʼrini eslamoq joiz. Bola va quyosh muloqoti zamirida tabiatning insoniyatga uygʻunligi timsollashtirilgan. Sheʼr chiroyli yakunlangan.

Quyosh, botar chogʻingda

Qizarib ketding nechun?

Juda uyalib ketdim,

“Ikki” olganing uchun.

Otaxon qoʻliga qalam tutgan qalamkash ahlini qoʻllab-quvvatlagan. Chiroqchi tumani adabiy muhitini jonlantirishda mehnati singgan.

— Nazarni (Nazar Shukur) oʻylasam, borligʻim qorongʻilashadi. Sheʼriyatda oʻz yoʻliga ega boʻlib, dadil qalam tebratib kelardi. U tirik boʻlganda katta shoir boʻlib ketardi. Juda yosh ketdi. Bir gal uyimga kelganda ochilib gurung qildik. “Siz menga ustozsiz”, deb aytdi. Sholgʻomim chiqib, koʻylagim jiqqa hoʻl boʻldi. “Nazarjon, sen menga ustozsan”, dedim. Uning nomi Chiroqchida mashhur boʻlib ketgandi. Chiroqchiliklar bizdan zoʻr shoir chiqyapti, deb doʻppisini osmonga otgan paytlar edi-da, — oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashadi otaxon. — Chiroqchida adabiy muhit hamisha yaxshi boʻlgan. Joʻra Alimardon, Gʻozi Rahmon, Qoʻchqor Bekmurodov, Qobil Eshmamatov, Norqul Tilovov, Mahmaraim Kenjayev, Abdujalol Taypatov, Oʻroq Ravshan, Norqizil Kengboyev, Oʻktam Sadin, Baxtiyor Jumanov va keyingi yosh ijodkorlar el nazarida. Baxshichilik maktabi oʻzi bir dunyo.

Oʻta Berdiyor elliginchi yillardan beri bolalarga atab sheʼrlaru ertaklar yozib keladi. Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev kabi taniqli bolalar shoirlari uning ijodiga yuqori baho berishgan. Anvar Obidjonning ushbu eʼtirofi buni tasdiqlaydi: “Oʻta aka ijodida bolalarning quvligiyu shoʻx qiliqlari istiora, mubolagʻa, kinoya sanʼatiga uygʻunligi bilan kattayu kichikka baravar yoqadi. Bolalar dunyosi bilan hamroh yashagani bilan sheʼrlari tabiiy va samimiydir”.

Otaxon mamnun holda tabassum bilan sheʼr oʻqiydi:

Bobom tulporim deydi,

Momom shunqorim deydi,

Otam qoʻchqorim deydi,

Oʻylab oʻyga tolaman,

Qachon odam boʻlaman?

Bu sheʼr nafaqat bolalarga, moʻysafid boʻlsa-da, hayotda oʻrin topolmay, insoniylik siyogʻi yoʻq kimsalarga ham taalluqli. Qochirimu istiorani qarang. Yaxshi sheʼr yosh tanlamaydi, barchaga baravar yoqadi. “Shahardan xat” sheʼri “hazil, hazilning tagi zil” qabilida bitilgani bilan shuurimizda chaqmoq chaqadi.  Millatlarning totuv va inoq yashashi bilan birga, shoʻro mustamlaka siyosatining ham avra-astarini agʻdarib koʻrsata olgan, desak yanglishmaymiz. Hatto oʻzbeklar ham ruscha gaplashsa-da, kulgisi oʻzbekchaligini  bunday tasvirlaydi:

...Togʻamlar turgan uyda

Qirq oila yasharkan.

Hammasi ahil-inoq,

Tinch oshini osharkan.

Qoʻshnilari rus, tojik...

Kunaro kelisharkan.

Ular ruscha soʻzlashib,

Oʻzbekcha kulisharkan!

Oʻta Berdiyor sheʼrlarida xalqona ohang ham ustuvor. Bu ohang “Qoʻrqitdim” sheʼrida yorqinlik kasb etgan:

Men quduqqa

“Ov”, dedim.

Undan kimdir

“Yov”, dedi.

“Jim-e!” dedim.

Jim boʻldi.

Mendan qoʻrqqan

Kim boʻldi?!

Oʻta Berdiyor ijodida nishoniga tegadigan bunday sheʼrlar talaygina. Uning “Qachon odam boʻlaman?”, “Ikki qalb birlashsa”, “Choʻpon bola orzusi”, “Ota nasihati” va boshqa qator toʻplamlari nashr etilgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Otaxon sinchi bogʻbon ham. Nafaqaga chiqqandan keyin xoʻjalikdan bir gektar yer olib tokzor yaratdi. Quyoshning tillarang nuridan yaltirab pishgan uzumga qarab quvonadi. Bugungi kunda 30 tup toki, turli mevali, manzarali 25 tup daraxti bor.

— Oʻn bosh qoramolim, 50 ta tovugʻim, 20 ta kurkam bor. Iqtisodim baquvvat, xudoga shukr. Daromaddan yangi kitob chiqarmoqchiman. Oʻzimga bekman. Hozir ishlaydigan davr keldi, — deydi otaxon. — Odam oʻz paytavasiga oʻralib qolmay, Allohdan umr tilab, yangi orzular bilan yashashi kerak. Inson irodasini yengish qiyin. Irodasi sobit kishilar hayotning har qanday toʻsigʻini yorib oʻtadi. Bir yuz yigirma yoshga kirsam, degan niyatdaman. Bu yogʻi Allohning aytgani boʻladi.

Uning shukrona istagidan beixtiyor koʻngil yorishib ketadi. Shu yoshda ham elning toʻyu maʼrakalaridan chetda qolmaydi. Nabirayu chevaralari qurshovida dunyoning eni-boʻyini oʻlchaydi. Shirin suhbatlar kechganda xotiralari tilga kiradi. Nolishni yomon koʻradi, aytar soʻzidan hech qaytmagan. Hozir ham kitob qoʻlidan tushmaydi. Koʻzoynakni taqib, mutolaa qiladiki, hayratga choʻmasan.

Gurungdan soʻng uning dasturxon boshida erkin oʻrnidan turganidan koʻnglim togʻday oʻsdi. Qoʻllarini baland koʻtarib:

Shamollarni yolvoltirib yashamoqdaman,

Doʻstlarimni quvontirib yashamoqdaman,

deya baralla sheʼr oʻqidi.

Otaxonning shijoatiyu gʻayrati vujudiga sigʻmay orzu, umid ogʻushida yashayotganidan zamin ham titrashi bor gap.

                                                         Oʻroz HAYDAR,

 shoir