Odatda ishkom deganda, ko'z o'ngimizda toklarni ko'tarib o'stirish uchun poya va bag'azlardan qurilgan arksimon so'ri, ulardagi xuddi yulduzlardek jilo taratib turgan uzum shodalari namoyon bo'ladi. Buyuk shoirimiz erkin Vohidov Oltiariq ishkomlari haqida to'lqinlanib shunday satrlarni yozgan edi.
Toqi ishkom misli osmon,
Har taraf yulduz sochur.
Voh ajab, bu ne sinoat,
Yer uzum, osmon uzum…
Bugun Buloqboshida bo'lsangiz ham ana shu tuyg'ular ko'nglingizga ko'chadi. Keng ko'chalarning ikki tomonidan ko'tarilgan, uylar oldini egallagan ishkomlar unga ertakmonand manzara baxsh etgan. Mabodo bu yerga xorijlik mehmon tashrif buyurib qolsa, o'zini xuddi tarixchilar hayrat bilan ifodalagan Bobilning qadimiy “osma bog'lar”da yurganday his etsa ajab emas.
Ishkomlar bir-biriga tutashib ketgan va ikki tarafdan ko'tarilgan novdalari bilan ko'chalarni toboro qoplab boryapti. Uning ostidan yurib borar ekansiz, bahri-dilingiz ochiladi, kayfiyatingiz ko'tariladi.
Ayni shunday kezda davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 18 iyun` kuni Andijon viloyati faollari bilan o'tkazilgan yig'ilishda bildirgan ushbu fikrlari keladi.
“Oltiariqda dehqonchilik rivojlangan deb ko'p gapiramiz. Mana kecha ko'rdik, Buloqboshi tumanida yo'l yoqasida qanday ishkomlar qilingan... Andijonda ham o'z ishining ustasi bo'lgan mirishkorlar ko'p.”
Haqiqatan shunday, Buloqboshiliklarning yerdan oqilona foydalanish va ishkom uslubida uzum yetishtirish tajribasi ham buni yaqqol ko'rsatib turibdi.
— Tumanimizda yaratilgan uzumchilik tajribasini boshlashimizda Prezidentimizning hokimlar, sektor rahbarlariga “Mahallabay” ishlash tizimi bo'yicha bergan topshirig'i asos bo'ldi, —deydi Buloqboshi tumani hokimi O'tkirbek MA'MUROV. — CHunki hududimizda, ayniqsa, tuman markazidagi “Buyuk Turon”, “Uch ko'cha” mahallalarida odamlar azaldan uzumchilik bilan shug'ullangan bo'lsa-da, yagona tizim yo'lga qo'yilmagan edi. Xonadonma-xonadon yurib, “o'sish nuqtalari”ni aniqlash asnosida kishilar uzumchilikni rivojlantirish bo'yicha o'zlarining takliflarini aytishdi. Oqsoqollar, tajribali dehqonlar bilan suhbatlashganimizda, agar arzon kreditlar berilsa, shu joylarda uzumchilikni yanada rivojlantirish, daromadlarni oshirish mumkinligini aytishdi.
Joriy yil 24-fevral kuni Prezidentimiz raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbariga buloqboshiliklarning istaklarini etkazdim. Ular bu taklifni ma'qullab, qo'llab-quvvatladilar. Shu tariqa, yangi tajribaga ilk poydevor qo'yildi.
Viloyatdagi “Mikrokreditbank” tomonidan 511 ta xonadonga 2 milliard 700 million so'm mablag' ajratildi. Hozirgi kunda 9 ta mahalladagi 21 ta xonadonda 8,5 kilometr masofada ko'cha ishkomlari yaratildi. Salkam 100 kilometr joyda yangi bog' barpo etildi. Natijada 1 gektardan o'rtacha 20 tonnagacha uzum olsa bo'ladi. Bemalol aytish mumkinki, 8,5 kilometrda ming tonnadan ortiq eksportbop mahsulot etishtirilyapti. Buloqboshiliklar avvallari yiliga 5 ming tonnagacha hosil olgan bo'lsa, yangi bog'lar hisobiga yana 2 ming tonna hosil qo'shiladi.
Bu yerda uzumchilik daromadli sohaga aylangan. Bitta xonadon uzumchilikdan shu kungachyaa 10-12 million so'm daromad olgan bo'lsa, ko'cha ishkomlari hisobiga foyda 1,5-2 barobarga oshyapti. Bu 30 foizdan ko'proq miqdorda hosilga hosil qo'shilyapti degani. Hatto, mirishkorlarimiz 3 yil berilgan imtiyozli kreditlarni joriy yilning o'zida yopishni maqsad qilgan. Eng muhimi, Prezidentimizning “xalqimiz boyisin, mehnati ortidan daromad topsin” degan yuksak maqsadlari Buloqboshi tumanida ham amalga oshmoqda.
Ochig'i, tumanda kam ta'minlangan aholini ishli qilish jarayonlari boshlangan ilk davrda odamlarga zotdor tovuqlar, chorva mollari ham tarqatib ko'rdik. Ammo uzumchilikdagi kabi samara bermadi. Chunki bu yerliklar ota-bobolaridan sohibkorlik kasbining hadisini olgan. Hududda 2 ta “Tomorqa xizmati” MCHJ ham tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari doim ilm-fan va ishlab chiqarishni yonma-yon olib borishni ta'kidlaydi. Ana shuni o'z faoliyatida qo'llayotgan tadbirkorlar ham tumanda ko'payib bormoqda. Uzum hosilining ortib borishi natijasida mayiz tayyorlash bilan shug'ullanadigan ishbilarmonlar paydo bo'ldi. Avvallari Buloqboshida hech kim mayiz ishlab chiqarmagan. Uzum pishganda 3-6 ming so'mdan sotilsa, mayiz holatiga kelganidan keyin 60 ming so'mdan daromad olish imkoni paydo bo'ladi. Tadbirkorlar mayizlarni xorij davlatlariga eksport qilmoqda.
— Buloqboshimizda har bir xonadonda uzum bor. Biz ham oilaviy uzumchilik bilan shug'ullanamiz, —deydi Avaz Teshaboyev. —Bu otamizdan meros qolgan kasb. U kishi hovlimizdagi uzumlarni parvarish qilib, olgan daromadidan bizlarni uy-joylik qildi. Bizning ham asosiy daromad manbaimiz shundan.
Yaxshi hosil olish uchun mehnat qilish va ishga mehr berish kerak. Bu yilgi hosil har yilgidan ham yaxshi bo'ldi. Daromad ham shunga yarasha. O'tgan yili salkam 40 million so'm daromad qildik. Bu yilgi rejamiz undan ham ortiqroq.
Hovlimizda uzumning ketmonsopi, qizil uzum, kelinbarmoq, oq par navlari bor. Xorijda bu navlarga talab yaxshi bo'lgani bois, eksport qilamiz.
Bugun Buloqboshidagi uzumchilik tajribasini qo'shni tuman, viloyatlardan kelib, havas bilan o'rganishyapti. Biz ularga yo'l-yo'riq ko'rsatish, parvalishlash ishlarini o'rgatish uchun mirishkor uzumchilarni biriktirib berishga doim tayyormiz. Axir, mehnat qilgan inson kam bo'lmaydi.
Yana bir tarafi, ishkomlarda etilgan uzumlar ko'proq hosil beradi. Sababi, baland va hosilli novdalari ko'p bo'ladi, orasidan shamol o'tib turadi, mevasi quyosh nuridan yetarlicha bahramand bo'ladi. Lekin buning uchun oldin xomtok qilinadi. Bu ishni yoz chillasi o'tib, kunlar biroz salqinlashgandan so'ng amalga oshirish maqsadga muvofiq. Negaki, uzumlar maromida pishib-etilishga ulgurishi kerak.
Keyingi paytda har bir hududi imkoniyat va sharoitdan kelib chiqqan holda alohida yo'nalishga ixtisoslashib borayapti. Andijonda ham shunday holatni kuzatish mumkin. Qo'rg'ontepa, Jalaquduq tumanlari kartoshka yetishtirishga alohida e'tibor qaratilayotgan bo'lsa, Asaka, Xo'jaobodda bog'dorchilik, Andijonda gulchilik, Buloqboshi tumanida esa, sarimsoqpiyoz parvarishlash rivojlanib boryapti. O'tgan yil kuzida “Sarimsoqpiyoz etishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi” ning aynan shu tumanda tashkil etilgani ham maqsadning nechog'lik ustuvorligidan dalolat beradi.
Ayni paytda tumanda 600 gektar maydonda sarimsoqpiyoz ekini parvarishlanmoqda. Dehqonlar va tomorqa egalarining sa'y-harakati bilan 2021-yilda har gektar yerdan 20 tonnadan va jami 4 million tonna hosil yig'ish rejalashtirilgan. Amaldagi loyihalar o'z samarasini bergach, bu ko'rsatkich 2022 yilda 4,3 million tonnaga etkaziladi. Tabiiyki, uning asosiy qismini eksportga yo'llashmo'ljallangan.
Tumandagi "Nektar agro" MCHJ da 2,5 gektar maydonda gidroponika usulida issiqxona tashkil etilgan. Bu erda 200 tonna pomidor, 100 tonna bodring etishtirilishi kutilmoqda. Mahsulotning qariyb 75 foizi qo'shni davlatlarga sotilyapti.
Tabiiyki, bunday yangicha ishlash va izlanishlardan birinchi navbatda, oddiy aholi manfaat ko'ryapti. Oilaviy daromadga daromad qo'shyaishi, turmushi yaxshilanishi, ish bilan bandlik darajasi ortishi barobarida qishlog'u xonadonlarga fayzu baraka kirib kelyapti. Obodlik va farovonlikni buloqboshiliklarning o'zlari yaratyapti.
G'ayratbek SIROJIDDINOV,
Abdurauf NURULLAYEV