Yerni auksionga chiqarish boʻyicha takliflar qanday holatlarda rad etiladi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 23-moddasiga asosan tadbirkorlik va shaharsozlik uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar elektron onlayn-auksion orqali ijara hamda mulk huquqi asosida ajratiladi.

    Toshkent shahrida 2022-yilning 15-dekabr holatiga koʻra, “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi Vazirlar Mahkamasining 71-son qaroriga asosan Tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadalarida yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish boʻyicha jami 663 ta (155,85 gektar) boʻsh yer maydonlari auksion orqali realizatsiya qilish maqsadida vakolatli tashkilotlar muhokamasiga kiritilgan.

    Mazkur yer uchastkalarining 425 tasi (95,18 gektar, boshlangʻich narxi 508,64 milliard soʻm) elektron auksion savdo maydonchasiga chiqarilgan.

    Auksion orqali umumiy maydoni 59,04 gektar boʻlgan 265 ta yer uchastkasi 357,70 milliard soʻmga sotilgan.

    Hozirda savdoda umumiy maydoni 33,69 gektar boʻlgan 137 ta yer uchastkasi mavjud boʻlib, ularning boshlangʻich narxi 200,37 milliard soʻmni tashkil etadi.

    Bundan tashqari, umumiy maydoni 12,73 gektar boʻlgan 141 ta yer uchastkasi vakolatli tashkilotlar muhokamasida rad etilgan boʻlsa, umumiy maydoni 47,93 gektarga teng 97 ta yer uchastkasi muhokama jarayonida turibdi.

    Shu oʻrinda qanday holatda yerlarni auksion savdolariga chiqarish boʻyicha kiritilgan takliflar rad etilishi mumkinmi, degan savolga javob berib oʻtsak. Agar hududda yer osti muhandislik tarmoqlari (gaz, elektr tarmoqlari, kanalizatsiya va ichimlik suvi quvurlari) mavjud boʻlsa, ushbu koʻrsatilgan hududni ajratishning imkoni boʻlmaydi.

    Shu bilan birga, ajratilishi rejalashtirilgan yer maydoni qurilish chizigʻidan tashqariga chiqib ketgan, qisman koʻchaning qizil chizigʻi va muhandislik tarmogʻi himoya hududida joylashgan boʻlsa, bunday holatda ham bildirilgan taklif rad etiladi.

    Bundan tashqari, fuqaro va tadbirkorlar ham boʻsh turgan yer uchastkasini tanlab, uni auksionga qoʻyish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha taklif kiritishi mumkin.

    Jasur KARIMOV,

    Davlat kadastrlari palatasi

    Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi