Eskirgan va ahamiyatini yoʻqotgan normalar bugungi kun talablariga uygʻunlashtiriladi

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan “2023-2028-yillarda Oʻzbekistonda qurilish bozorini rivojlantirish” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida aytib oʻtildi.

    Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasidagi oʻtkazilgan tadbirda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qurilish va kommunal sohasiga daxldor vakillari ishtirok etishdi.

    Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatovning qayd etishicha, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning strategiyasi tasdiqlangan boʻlib unda shaharsozlik sohasidagi eskirib qolgan normativ hujjatlarni zamonaviy jahon standartlariga muvofiqlashtirish qatʼiy belgilab olingan. Jumladan, “Uzbekistan building code” modernizatsiyasi orqali bir necha aniq maqsadlar koʻzda tutilmoqda. Yaʼni:

    -eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normalarni bugungi kun islohotlari bilan uygʻunlashtirish;

    -ularni tizimlashtirish orqali qurilish sohasida byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish;

    -normalarni amaliyotda qoʻllash bilan bogʻliq muammolarni tahlil qilish orqali takomillashtirish;

    -normalarni qurilishga oid xalqaro normativ-texnik hujjatlarga muvofiqlashtirish shular jumlasidandir.

    Mazkur modernizatsiya jarayonlari uchun Koreya qurilish texnologiyalari instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, ushbu ishlarni muvofiqlashtirish uchun 2022-yilda vazirlik huzurida Qurilishda texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bugungi kunda institutda 80 dan ortiq qurilish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash boʻyicha ilmiy xodimlar hamda malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.

    Bugungi tezkor zamon, jahon boʻylab globallashuv jarayonlari tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamlashtirish ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmogʻida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori choʻqqisi hisoblangan sunʼiy intellektdan faol foydalanyapti. Raqamlashtirish har bir sohada insonlarsiz boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish orqali korrupsiyani kamaytiradi, soliq tushumlarini “aqlli” shartnomalar tuzish orqali koʻpaytiradi, byudjet xarajatlarig ochiqligini oshiradi. Yagona elektron platforma orqali xizmatlar koʻrsatish imkoniyatini beradi. Har bir jabhada raqamlashtirish jarayonlarini tashkil etish kelajakda real raqobatbardoshlikni uzoq muddatga saqlab qolishda asqotadi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston qurilish sohasini raqamlashtirish boʻyicha dunyoning ildamlab borayotgan mamlakatlari qatorida, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Vazirlik tomonidan aholiga, tadbirkorlik subektlariga buyurtmachi, loyihachi va pudrat tashkilotlariga, umuman, qurilish jarayonlarining barcha ishtirokchilariga maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bunda barcha xizmat va texnologik jarayonlarni inson omilining aralashuvisiz muvofiqlashtirib borish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirilgani muhim omil boʻlmoqda. Bu esa mazkur sohadagi davlat xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish, hujjatlarning elektron shaklda aylanishini taʼminlash, investitsiya dasturidagi qurilish obektlarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini bermoqda. Shuningdek, qurilish obyektlarida nazorat jarayonlari elektronlashtirilib, barcha maʼlumotlar avtomatik tarzda shakllantirilayapti.

    “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi direktori oʻrinbosari Shuhrat Hamdamovning aytishicha, “Qurilish sohasidagi davlat xizmatlari axborot tizimi” platformasi orqali bir necha davlat xizmatlari onlayn amalga oshirilmoqda. Jumladan, qurilish hamda tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma olish va hokazo.

    Shuningdek, Qurilish va loyiha tashkilotlarining reytingini aniqlash tizimi bugungi kunda, mazkur tizimga respublikada faoliyat yuritayotgan 22 mingdan ortiq qurilish va loyiha tashkilotlari kiritilgan. Mazkur tashkilotlarning reytingi uning moddiy-texnik bazasi, raqobatbardoshligi, kadrlar siyosati, moliyaviy koʻrsatkichlari, soha mutaxassislarining ish tajribasi kabi bir necha muhim faktorlarni inobatga olgan, shuningdek masʼul davlat organlaridan maʼlumotlarni on-layn tartibda avtamatlashtirilgan holda shakllantirilib boriladi.

    Qurilish ishlari tender platformasi inson omilisiz amalga oshiriladi. Taʼkidlash lozimki, dunyo miqyosida tender platformasining analogi mavjud emas, yaʼni ushbu tizim faqat Oʻzbekistonda tashkil etilgan. Bunda talabgorning maʼlumotlari avtomatlashtirilgan tarzda soliq, adliya idoralari, Majburiy ijro byurosi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat inspeksiyasi hamda Markaziy bank maʼlumotlar bazasidan olinadi.

    Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha axborot tizimi toʻliq raqamlashtirildi. Bunda ariza beruvchilar uydan chiqmagan holda murojaat qilishlari, qisqa muddatlarda tegishli ekspertiza xulosalarini olishlari mumkin. Eng muhim jihati, murojaatchi onlayn ravishda arizaning har bir bosqichini monitoring qilishi uchun imkoniyat yaratilgan.

    Navbatdagi modul qurilish sohasida koʻrsatiladigan elektron xizmatlarni monitoring qilish va har bir obyekt kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida jam qilgan “Maqsadli dasturlar monitoring” elektron tizimidir. Ushbu tizim orqali “Shaffof qurilish” tizimi qoshidagi boshqa tizimlar hamda tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi hisobiga amaldagi muammolarni yechish salohiyatiga ega boʻldi.