Yevrobondlarni London birjasiga joylashtirish imkoniyatiga egamiz

    Balandligi 100 metr bo'lgan to'g'onni qurish, odatda, 50 metrlik shunday inshootni bunyod etishdan to'rt marta qimmatga tushgani qayd etiladi.

    Mamlakatimizda 430 ta katta-yu kichik daryolar mavjud. Ularning umumiy uzunligi 12,7 ming kilometrni tashkil etadi. Ana shu suv arterriyalariga gidroelektr stantsiyalari qurish orqali elektr energiya quvvatlari hosil qilish muhim masalalar sirasiga kiradi.

    Germaniyaning “Tractabel Engineering GmbH” kompaniyasi tomonidan mamlakatimizning gidroenergetik salohiyati o'rganilib, umumiy quvvati 676 MVtga teng bo'lgan 80 ta istiqbolli loyihalar mavjudligi aniqlangan.

    Demak, sohaning kelajak imkoniyatlari katta. “O'zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Abdug'ani SANGINOV bilan suhbatda, eng avvalo, bugungi kunda aholi xonadonlarini charog'on etish, ishlab chiqaruvchilarni uzluksiz elektr energiya bilan kafolatli ta'minlashga qaratilgan dasturlarning mohiyatiga qaratildi.

    — Avvallari suv dunyodagi eng arzon tabiiy resurs hisoblangan bo'lsa, endilikda eng ehtiyojmand va qimmatbaho ne'matga aylanib boryapti, — dedi Abdug'ani Sanginov. — Keyingi yillarda suv tovar sifatida xalqaro xomashyo birjalarida sotuvga qo'yilayotganligi ham shundan dalolat beradi. Qolaversa, mintaqamizda suv tanqisligi bilan bog'liq vaziyat yildan-yilga tobora murakkablashmoqda. Ayni chog'da undan hosil bo'ladigan elektr energiyasiga bo'lgan talab ham ortyapti.

    2017-yilning may oyida “O'zbekgidroenergo” AJ tashkil etilgan paytda uning tarkibiga 36 ta gidroelektr stantsiyasidan iborat 15 ta unitar korxona kirgan. Ushbu GeSlarning jami quvvati 1856 MVtga teng bo'lgan.

    Davlatimiz rahbari qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish dasturiga asosan, innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali 2026-yilga borib gidroelektr stantsiyalarning umumiy quvvatini 1,7 barobarga oshirish lozim. Buning uchun mamlakatimiz hududlarida 65 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish, jumladan, 31 ta mavjud kichik gidroelektr stantsiyani modernizatsiya qilish va tabiiy suv oqimlari hamda suv xo'jaligi obyektlarida 34 ta yangi quvvatni qurish belgilab berildi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 3,4 milliard AQSH dollari miqdorida bo'lib, ularning 48 foizi xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga ishga tushiriladi.

    Dunyodagi eng nufuzli tadqiqot markazlaridan biri — Oksford universiteti (Buyuk Britaniya)ning bir guruh yetakchi olimlari so'nggi 70 yilda besh qit'a va 65 mamlakatda qurilgan 245 ta yirik to'g'onni tahlil qilib, har to'rt loyihaning uchtasini barpo etish jarayonida ularning qiymati qariyb ikki barobar ortganini aniqlagan. Masalan, balandligi 100 metr bo'lgan to'g'onni qurish, odatda, 50 metrlik shunday inshootni bunyod etishdan to'rt marta qimmatga tushgani qayd etiladi.

    Shu nuqtai nazardan qaraganda, mamlakatimizda kichik gidroelektr stantsiyalarni kurishga asosiy e'tibor qaratilayotgani xorijiy tajribada ham o'zini oqlayotganini, biz to'g'ri yo'lni tanlab olganimizni ko'rsatadi.

    Zero, kichik gidroinshootlar muqobil energiyani rivojlantirishning eng samarali yo'nalishlaridan biri. Ayniqsa, olis masofadagi va etib borishi qiyin, uzatish liniyalarini yetkazish imkoniyati cheklangan joylarda bunday elektr stansiyalar juda asqotadi.

    Suv ta'minotida yirik obihayot manbalari bilan bir qatorda kichik daryolarning ham o'rni muhim o'rin tutadi. Mamlakatimizda ishlatadigan jami daryo suv resurslarining 30 foizdan ortig'i ular hissasiga to'g'ri keladi. Mazkur “yashil energiya” manbaidan elektr quvvati ishlab chiqarish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar qanday samara beryapti?

    — 2018-yilda Jizzax viloyatida Zomin suv omborida 200 kVt soat quvvatga ega mikroGeS, 2019 yilda Tuyabo'g'iz suv ombori qoshida ishga tushirilgan kichik GeS bu borada amalga oshirilgan dastlabki loyihalardan bo'ldi. Tuyabo'g'iz GeSi juda qisqa fursatda – o'n to'rt oy davomida qurib bitkazildi. Ilgarilari bunday stantsiyani barpo etish uchun kamida uch yil vaqt sarflanar edi. GeSning umumiy quvvati 11,4 MVtga teng bo'lib, har bir jarayon “aqlli” elektron qurilmalar tomonidan boshqariladi.

    Shundan keyin ko'p o'tmay Katta Farg'ona kanalida kichik GeSlar kaskadi ishga tushdi. Bu loyihaning umumiy qiymati 31 million dollar, shundan 22,3 million dollari jamiyatimiz mablag'lari hisobidan, qolgan qismi esa XXRning “eksimbank”i tomonidan moliyalashtirildi. Har bir agregat 6 MVt quvvatga ega bo'lgan bu kaskad yiliga 72,89 million kVt soat elektr energiyasi etkazib berish imkoniyatiga ega. Ularning turbinalari Xitoyning “Dongfang Electric” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ta'kidlash joizki, ushbu kompaniya mahsulotlari dunyoning o'nlab mamlakatlarida qo'llaniladi. Turbinalari resursi 40 yilga mo'ljallangan

    Yana bir loyiha — Pop tumani Ohangaron daryosidagi “Qamchiq” kichik GeSi. 2017-yilda barpo etish ishlari boshlangan ushbu inshootning o'rtacha quvvati 26,5 mVt bo'lib, yiliga qariyb 80 million kVt elektr energiyasi hosl qiladi. U murakkabligi jihatidan Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Buning uchun tog' bag'ridan uzunligi 3,7 kilometrlik bosimli tunnel qazildi. Kichik suv ombori va undan oqib tushadigan obihayotni elektrga aylantiradigan inshoot dengiz sathidan ancha balandda barpo etishga to'g'ri keldi. Tunneldan har soniyada oqib keladigan 33 kub metr suv to'rtta agregatni katta bosim bilan harakatga keltiradi va elektr energiyasi aholi xonadonlari va ijtimoiy-iqtisodiy obyektlari sari yo'llanadi.

    Joriy yil mustaqillik bayrami arafasida mazkur hududda “Chortoq mikro GeS” lar kaskadi ham foydalanishga topshirildi. Unga har birining quvvati 275 kVt bo'lgan 3 ta agregat o'rnatildi va ular tomonidan qariyb 3,11 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Umuman olganda, Namangan viloyatida qurilgan uchta kichik GeS 51 ming aholini uzluksiz ekologik toza va qayta tiklanuvchi elektr energiyasi bilan ta'minlash imkonini beradi.

    Yangidan barpo etilgan Surxondaryo viloyatining To'polon daryosidagi Zarchop GeSlar kaskadi, Toshkent viloyatidagi “Kamolot” kichik GeSlari ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

    “Kamolot” GeSining o'ziga xos tomoni, unga “kapsula” usulidagi gidroagregatlar o'rnatilgan. Bu odatiy usuldan farqli ravishda bosimsiz suvdan ham quvvat olish imkonini beradi. Chunki, inshootda gidroagregatlar suvning oqimi bo'ylab gorizontal joylashgan, bu esa, o'z navbatida, 50 yil davomida ta'mirlashga hojat qoldirmaydi. Bu usuldagi gidroagregat nafaqat O'zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ilk bora qo'llanilmoqda.

    Ma'lumki, modernizatsiya, degan frantsuzcha so'z o'zbekchaga o'girilganda, eng yangi, zamonaviy, degan ma'noni beradi, modernizatsiyalash esa, biror narsani yangilash, uni zamonaviy talablarga muvofiq o'zgartirish, degan tushunchani anglatadi. Bu atamaning iqtisodiyotimiz lug'atidan joy olganiga ancha bo'lganiga qaramay, gidrotexnika sohasiga kirib kelganiga endigina to'rt yil bo'lyapti. O'tgan qisqa vaqtda bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?

    — “ O'zbekgidroenergo" AJ tashkil etilgan paytda uning tarkibidagi gidroelektr stantsiyasining aksariyati o'z umrini o'tab bo'lgan, eskini yamab, esing ketadi, degan qabilda ishlab turgan edi. Misol uchun Toshkent shahri yaqinidagi “Qodiriya GeSlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi uchinchi inshootni olaylik. Qariyb 85 yildan buyon faoliyat ko'rsatayotgan stantsiyaning 4 ta agregati o'z ishlash quvvati samaradorligini yo'qotib, tubdan ta'mirga muhtoj bo'lib qolgan edi.

    Ushbu obyektni modernizatsiya qilish bo'yicha qabul qilingan tegishli qarorga ko'ra, 2017-yilning dekabr oyida qurilish-montaj ishlari boshlandi. Ikki yarim yil mobaynida bu erda texnik qurilmalarni yig'ish va o'rnatish, ehtiyot qismlarni butlash yumushlari olib borildi. Loyihalash ishlari “Gidroproekt” AJning malakali mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.

    2020-yilning iyul oyi oxirida modernizatsiya ishlari yakunlanganidan so'ng, u zamonaviy talablar asosida tubdan yangilandi. GeSning umumiy quvvati 15,34 MVtga yetkazildi. Uning yillik o'rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish ko'rsatkichi 124 million kVt soatni tashkil etdi.

    2017—2021-yillar davomida “Shahrixon GeSlar kaskadi” unitar korxonasiga qarashli 2 ta quvvat, “Qodiriya GeSlar kaskadi” tarkibidagi GeS-3, “Quyi Bo'zsuv GeSlar kaskadi”ning GeS-14 va “Toshkent GeSlar kaskadi”dagi GeS-9 singari inshootlarda ham modernizatsiyalash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Pirovardida ularning ishlab chiqarish quvvati oshdi, elektrotexnik, gidromexanik va gidrotexnik qurilmalarining ishonchli ishlashi ta'minlandi.

    — Kichik quvvatli gidroinshootlar bilan bir qatorda yirik GeSlarni modernizatsiya qilish va yangilarini qurish borasida qanday loyihalar ustida ish ketyapti?

    — Farhod GeSining qurilishi Ikkinchi jahon urushining eng og'ir davrida — 1943-yil 10-fevralida ommaviy hashar yo'li bilan qurilishi boshlangan va 1951-yilda to'liq ishga tushirilgan. Mazkur stantsiya nafaqat O'zbekiston, balki mintaqadagi eng yirik gidroinshootlardan biri sifatida o'n minglab aholining elektr energiyasiga bo'lgan talabini qondirib keldi. Lekin o'tgan 70 yil mobaynida texnologik jihatdan eskirib, bugungi kun talablariga javob berolmay qoldi.

    “O'zbekgidroenergo” AJ 2017-yilning 12-dekabrida Rossiyaning “Silovie mashini” kompaniyasi bilan “Farhod GeS modernizatsiyasi” bo'yicha 69,7 million dollar qiymatidagi shartnomani imzoladi va bugungi kunda mazkur obyektda so'nggi sinov-sozlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Loyihaga muvofiq, to'rtta agregat yangilanganidan keyin ularning quvvati avvalgiga qaraganda 13 MVt ortib umumiy 127 MVtga yetkaziladi.

    Yana bir yirik, qiymati 798 million dollar bo'lgan strategik ahamiyatga molik loyiha Pskom GeSini qurilish ishlari qizg'in ketyapti. Uning elektr energiya ishlab chiqarish salohiyati 404 MVtni tashkil etadi. Bu esa, sohadagi yirik obyektlardan biri bo'lishini anglatadi. Ushbu GeS yiliga 900 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. GeS qurilishi 2024-yilda yakunlanishi ko'zda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko'ra, unda hosil qilinadigan elektr energiyasi yiliga 330 million kub metr tabiiy gaz yoqilg'isi iqtisod qilinishini ta'minlaydi, shu bilan birga, atmosferaga katta hajmdagi zararli moddalarning chiqishining oldi olinadi.

    Pskom GeS qurilishi natijasida, ushbu hududda yashovchi aholi turmush sharoitining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksalishiga zamin yaratiladi.

    Xususan, oltmishga yaqin zamonaviy kottej, 100 o'rinli yotoqxona, maktab, bog'cha, tijorat va ijtimoiy ob'ektlari qurilib, foydalanishga topshiriladi.

    Bunyodkorlik ishlari “Quyi-CHotqol” GeSda ham qizg'in tus olgan. Uning quvvati 76 MVtga teng bo'lib, yillik o'rtacha elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 282 million kVt soatni tashkil etadi.

    “O'zbekgidroenergo” AJ tomonidan yirik GeSlar qurish investitsiya loyihasiga binoan, Toshkent viloyatida yana bir yirik Mullalak GeSi qurilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur yirik inshootni loyihalash va qurilish ishlari xorijiy hamkorlar bilan uzviy hamkorlikda yo'lga qo'yilmoqda.

    Amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qiladigan bo'lsak, mamlakatimizda 2017-yilgacha GeSlar 36 ta bo'lgan bo'lsa, 2021-yilga kelib bu ko'rsatgich 49 taga yetdi.

    — Gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga binoan, yaqin istiqbolda yana qanday loyihalarni joriy etish ko'zda tutilgan?

    Jamiyatimiz va “Gidroloyiha” instituti mutaxassislari yaqinda mamlakatimiz hududlarida mikroGeSlar qurilishi uchun istiqbolli hududlarda o'rganish ishlarini olib bordi. Uning natijalari yangi mikroGeSlar qurilishi uchun Andijon, Qashqadaryoda, Samarqand va Farg'ona viloyatlarida 14 ta istiqbolli suv oqimi uchastkalari borligini va 19 ta mikroGeS qurish mumkinligini ko'rsatdi.

    Osiyo taraqqiyot bankining grant mablag'lari hisobiga jalb qilingan “Tractabel engineering gmbh” (Germaniya) kompaniyasi tomonidan respublikaning gidroenergetik salohiyati bo'yicha takliflarini ham inobatga olib, asosiy rejaga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritilishi mo'ljallanmoqda.

    Umuman olganda, 2022-yilda quvvati 931,2 MVtga teng bo'lgan 15 ta, 2023-yilda quvvati 1 002,2 MVtdan iborat 18 ta yangi investitsiyaviy loyiha ustida ish olib borilishi rejalashtirilgan.

    — Sohaning istiqbol salohiyati transformatsiya jarayoni bilan uzviy bog'liq. Shunday ekan, bu borada olib borilayotgan ishlar jamiyat kelajak taraqqiyoti uchun qanday imkoniyatlar eshigini ochadi?

    Jamiyatimizni transformatsiya qilish bo'yicha amalga oshirilgan ishlarga kelganda, keyingi uch yilda hisob-kitobni takomillashtirish bo'yicha markazlashgan 1S dasturi, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlari (IFRS) joriy etilganligi bu borada yangi yo'llar ochilishiga zamin hozirladi. 2020-yilda “PricewaterhouseCoopers” xalqaro audit tashkilotidan “ijobiy” xulosasi olindi, Shuningdek, “Fitch Ratings” tomonidan “V+” kredit reytingi berildi.

    Mazkur reyting darajasi “O'zbekgidroenergo” AJni jahon investitsiya bozorlariga jozibadorligi aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va korporativ boshqaruv tizimiga ega birinchi o'zbek ishlab chiqaruvchi korxonasi sifatida tanitdi. Bu, o'z navbatida, o'z yevrobondlarimizni London fond birjasiga joylashtirish imkoniyatini beradi.

    Jamiyat o'z oldiga “S&P Ratings” tomonidan ikkinchi xalqaro kredit reytingi olishni qo'ygan. Shu bilan birga, xalqaro moliya yo'nalishda “Green Certification” sertifikatiga ega bo'lish, “IRENA” bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, “Green Energy Program” dasturini joriy etish, Markaziy Osiyoda birinchi bor “Green sukuk” islomiy obligatsiyalarni chiqarish imkoniyatlarini o'rganishni vazifa qilib olganmiz. “Iks-Xolding” xalqaro ko'ptarmoqli IT-guruhi bilan hamkorlikda raqamli transformatsiya dasturini ishlab chiqildi. “McKensey” xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish orqali sohani transformatsiya qilish ishlari davom ettiriladi.

    Transformatsiya jarayonlarining amalga oshirilishi ham pirovardida istiqbolli loyihalarning yurtimizdagi yuz minglab xonadonlarni charog'on etishiga,, keng aholi qatlamlarining maishiy ehtiyojlarini qondirishiga, ko'plab biznes va tadbirkorlik subyektlari uchun uzluksiz kafolotlti energiya quvvati bilan ta'minlashga, yangi ish o'rinlarini ko'payishiga xizmat qiladi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi