XXI asrning yana bir yili oʻtdi. Koʻp soʻzlayotganimizdan-da ogʻirroq, tashvishliroq kelgan 2020-yil moziyda qoldi. Tarix sahifalarida uning qaysi boʻyoqlarda bitilishi esa oldindan maʼlum: har qalay, u solnomachilar qoʻlida koʻngilda shavq uygʻotuvchi yorqin va rang-barang mozaika tusini olmasa kerak...

2020-yil haqida oʻylaganimda, yodimga oʻtgan asrning 66-yili tushadi. Oʻsha yili Toshkentda dahshatli zilzila yuz berganida, biz hali yigirmaga ham kirmagan yigitlar edik. Boz ustiga, hali Ikkinchi jahon urushining alamli xotiralarining hovuri bosilmagan, urush kulfati odamlar yuzu koʻzidan koʻtarilmagan kezlar...

Oʻshanda koʻrganman. Pastqam tomlar ostidan tashqariga otilib chiqayotgan bolalar, turishga ham ulgurmay, emaklab, devordan nari intilayotgan chol-kampirlar, chaqalogʻini bagʻriga bosib, izillab tashqariga yugurayotgan kelinlar...

Afsuski, bu kino emas, koʻz oʻngimizda yuz bergan voqea, tabiat fojiasining odam bolasi hayotiga solgan vayronkor qutqusi edi.

Va ayni mana shu koʻrgiliklar mening hayotga, yashash va yaratishga boʻlgan tasavvurlarimni oʻzgartirib yubordi. Va yana anglab yetganmanki, inson irodasini ushlab turadigan tayanch — ishonch boʻlar ekan. Oʻsha kezlarda Toshkentda boshlangan ulkan bunyodkorliklar odamlarga shunday ishonchni bergan, ertangi kunga ruhlantirgan edi.

2020-yilda xalqimiz koʻlami jihatdan oʻsha tahlikali, oʻtmishimizda ogʻriqli iz qoldirgan sitamgir xotiralardan qolishmaydigan taqdir bilan yana roʻbaroʻ boʻldi: jahonni qamrab olgan pandemiya va ikki texnogen falokat...

2020-yildagi voqealarda odamlarning asosiy ishonchi bitta muhim nuqtada jamlandi — Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi va xalqning mustahkam birdamligi!

Oʻzim guvoh boʻlgan bu ikki hayotiy hodisa xalqimiz, millatimiz kechmishi, buguni va ertasi haqidagi mening tasavvurlarimni aniq va sobit bir mezonga koʻtaradi: xalqimiz buyuk va qudratli, matonatli va yaratuvchi, dunyo sahnasida mudom oʻz soʻzini aytib kelayotgan ulugʻ bir millatdir. Ha, kuchli xalqlargina buyuk tarix yarata oladi.

Prezidentimiz Murojaatnomasini tinglab, menda shu va shu kabi boshqa yana bir qancha mulohazalar tugʻildiki, ularni Siz bilan oʻrtoqlashishni lozim koʻrdim...

Xalqona va samimiy hisobot

Milliy jamiyatimizda va yangi davlatchiligimiz hayotida sarlavhaga aylangan “Yangi Oʻzbekiston” ­istilohi bir atama oʻlaroq boshqa, biz koʻrgan siyosiy va mafkuralashgan shior va chaqiriqlarga qaraganda, xiyla samimiyroq koʻrinadi menga.

Negaki, u tabiiy bir jarayon sabab, ochiqrogʻi, zarurat tufayli paydo boʻlgan “sifat fenomeni”dir. Ehtimol, buning sabablarini chorak asrlik turgʻunlik va “yopiq” siyosat zamiridan izlash kerak boʻlar. Hech kimni kamsitmagan, oʻtmishga tosh otmagan holda aytish mumkinki, mamlakatning favqulodda ochilishi, ichki va tashqi siyosat trayektoriyalarining oʻzgarishi inqilobiy darajada bir toʻlqin hosil qildiki, u biz hatto koʻnikib qolgan koʻpdan-koʻp qarashlarni, stereotiplarni “uvalantirib” yubordi. Va jamiyat hamda siyosiy hayotdagi shu evrilishlar yangi qarashlar, islohotlar, yangicha yashash va mehnat qilish ishtiyoqi oʻlaroq yangi formatga oʻtishga chogʻlangan islohotlarimizni nomlashni taqozo etdi, desam xato qilmagan boʻlaman.

Albatta, bu fundamental oʻzgarishlar, shu bilan birga, tugal bir gʻoya sifatida “Yangi ­Oʻzbekiston”ga ham istehzo bilan qarayotganlar nafaqat tashqarida, balki ichimizda ham bor. Bu haqda keyinroq toʻxtalamiz.

Biz mamlakatimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida koʻp gapirayotirmiz. Ammo aksariyat voizlarimizning “nutq”larini eshitsangiz, aslida ularning oʻzi bugungi oʻzgarishlar haqida aniq tasavvurga ega emasligini sezib qolasiz. Tasavvurning yetishmasligi esa baʼzilarimizni yana eski zamonlarning mumtoz usuli — “ura-ura”, “yashasin-yashasin” kabi kampaniyabozliklar sari boshlamoqda.

Biroq kechayotgan jarayonlar, mamlakat hayotida yuz berayotgan global yangilanishlar shunga muhtojmi, kampaniyabozliklarga ehtiyoj bormi?

Men oʻylaymanki, yoʻq! Negaki, biz ostonasida turgan bu yangi hayot bizning tasavvurlarimizdagidan yuz chandon oʻzgacharoqdir. U maqtov va zoʻraki qoʻllovlarga muhtoj sunʼiy harakat emas, odamlar va mamlakat taqdirini oʻzgartirishga astoydil kirishgan, rasmiy mediamakon orqali fuqarolaridan olqish umidvor boʻlib turadigan emas, aksincha, odamlarning, oddiy odamlarning qaddini koʻtarishga, ularni hayotga magʻrur boqishga, koʻrayotgan kunidan rozi boʻlib yashash uchun zarur sharoit yaratib berishga bel bogʻlagan, aytish mumkin boʻlsa, xalqparvar, zahmatkash xalqimizning oʻziday sodda va samimiy, joʻmard va beminnat bir harakatdir.

Biz siyosatchi va mafkurachilarning koʻpchiligimiz esa oyogʻimizga oʻtgan asrning 70-yillarida ilib olgan chorigʻimizni sudrab “eski kasal”imiz “xuruj”i domida qoldik. Zamon oʻzgarganini, dunyo yangilanganini, koʻz oldimizda avlodlar almashinuvi kechganini payqamadik. Prezidentimiz boshlagan ishlar, amalga oshirayotgan buyuk tashabbuslarni ilgʻamadik. Va aynan mana shu qusurlarimiz jamiyat tafakkuri oʻzgarishini mudom ortga surib kelayotgan omillarning asosiysi boʻlsa, ajab emas.

Shu maʼnoda, men Prezidentimiz Murojaatnomasini tinglar ekanman, unda qilingan ishlardan maqtanish hissi, amalga oshirilgan oʻzgarishlardan havolanish kayfiyatini ilgʻamadim.

Hammasi oddiy, barchasi samimiy gaplar. Iddao yoʻq, minnat yoʻq. Oʻzini shu xalqning chin farzandi deb biladigan, Millat va Vatan taqdirini hayotidan, shirin jonidan ustun qoʻyadigan qobil va mard bir oʻgʻlonning ona xalqi oldidagi hisobi...

Yuksaltiruvchi kuch manbai

Mohiyatan olganda, Yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi qilingan ishlarga bir nazar solish, kelgusidagi rejalarni belgilab olishni anglatadi.

Murojaatnomada eʼtiborimni tortgan narsa shu boʻldiki, Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ilk ish kunini boshlagan kunlardagi siyosiy rakurs oʻzgarmagan. Jamiyatdagi eng ogʻriqli nuqtalarimiz — taʼlim, tibbiyot, ilm-fan sohasi va kambagʻallikni qisqartirish, sud-huquq, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va tashqi siyosatdagi islohotlarni izchil amalga oshirish mudom mamlakat istiqbolini belgilovchi asosiy omillar oʻlaroq qaralayotgani siyosiy irodaning metinligini, boshlangan ishlar avvalboshdan puxta oʻylanganini, muhim asoslarga ega ekanini anglatadi. Qolaversa, bu ishonch va qatʼiyat harakatlarning jamiyat qatlamlariga singib, odamlarimiz qalbida alangalanib, katta ilhombaxsh kuchga aylanayotgani bilan gʻoyatda ahamiyatlidir.

Bugun men ishonamanki, odamlarimiz oʻz tasavvurlarida davlat haqidagi tushunchasini oʻzgartira boshladi. Bu Shavkat Mirziyoyev siyosatidagi eng katta yutuqlardan biridir.

Bunga oʻnlab misollar keltirish mumkin. Biroq oʻz koʻzing bilan koʻrib, guvoh boʻlganing baribir boshqacha taʼsir qilar ekan.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar bilan birgalikda Prezidentimiz tashabbusi va topshirigʻi bilan joylardagi ayollar muammolarini oʻrganishga kirishdi. Jarayonda 6 milliondan ortiq ayollarimizning muammolari oʻrganildi.

Tasavvur qiling, shuncha odamni uyma-uy yurib, har biri bilan yuzma-yuz gaplashish oson ishmi? Lekin shu koʻzga qiyin koʻringan, mamlakat tarixida ham, tajribasida ham boʻlmagan ish uddalandi.

Jarayonda koʻrdikki, uzoq yillar oʻz kuchi va Yaratganninggina moʻjizasidan boʻlak umidlanadigan narsasi qolmagan ayollar, opa-singillarimiz oʻzlariga koʻrsatilayotgan mehrdan, oqibatdan va nihoyat oʻz turish - turmushi, hayot tarzidan xoʻrligi kelib, hoʻngrab yigʻlab yuborishardi.

Ular ancha yillardan buyon barcha eshiklarini berkitib olgan, adolat u yoqda tursin, oddiygina oʻz haq-huquqlarini soʻrasa, jinoyatchiga chiqarib qoʻyishidan qoʻrqadigan davlat ostonasiga kelib, uzr soʻrayotgani, yordam berishga chogʻlanganini tasavvurlariga sigʻdirolmayotgani yuz-koʻzlaridan koʻrinib turardi.

Albatta, bu — ogʻir, odamning yuragini oʻrtaydigan bir holat. Ammo haqiqat, biz uzoq yillar oʻz qarsakbozliklarimiz, balandparvoz gap-soʻzlarimiz bilan niqoblab, yopib kelgan achchiq haqiqatdir.

Shu damda Lotin Amerikasi adabiyotining yirik vakili Gabriel Garsia Markesning bir gapi esimga tushmoqda: “Meni ishontiring dunyoni oʻzgartirib yuboraman”.

Ayni shu jarayonning ichida yurganim uchun ayta olamanki, davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi jamiyatning eng katta va eng muhim qatlami boʻlgan ayollarning qalbiga ishonch nurlarini olib kirdi. Ishonch esa barcha hayotbaxsh kuchlarning manbaidir.

“Hayotbaxsh uchlik” modeli

Jamiyatni qatlamlarga boʻlib oʻrganish va barcha “guruh”lar xarakteri, mavjud ahvoli va tabiatidan kelib chiqib choralar belgilash, ular bilan individual ishlash yangi siyosatning diqqatni oʻta jalb etadigan yana bir jihatlaridan, desam yanglishmayman.

Bugun koʻpchilik ekspertlar tomonidan eʼtirof etilayotgan ushbu “hayotbaxsh uchlik” modeli (ruxsat bersangizlar men bu harakatni shartli ravishda shunday atashni taklif qilgan boʻlardim) — “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar” atamalarining paydo boʻlib, turmushimizga singishi hamda jamiyatni kambagʻallikdan qutqarishning asosiy siyosiy leytmotiviga aylanishi bugun biz uchun koʻp narsani anglata boshladi.

Mohiyat eʼtibori bilan bir maqsadga qaratilgan bu tizim mavjud muammolarni yengishning, unga qarshi kurashishning oʻziga xos aniq shakllarini yaratdi.

Unga koʻra, ayollar masalasi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “...Ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dard-u tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning oʻzidan boʻlak yaxshi tushunadigan inson yoʻq”.

Yoshlar muammolari esa barchamiz anglab turganimizdek, bu oʻy-tashvishlardan keskin farq qiladi. Bu koʻpchilik hollarda global dunyoda kechayotgan oʻzgarishlar, yuqorida aytganimizdek, hayotimizdagi avlodlar almashinuvi bilan bogʻliq omillarni, qolaversa, jamiyatdagi tektonik va shu bilan birga, yaratuvchilik manbai boʻlgan demografik “oʻsuvchanlik”ni toʻgʻri parvarish etish, el-yurtiga sadoqatli, qudratli va ilmli avlodni voyaga yetkazishni oʻz ichiga oladi.

“Temir daftar” esa jamiyat kontekstida koʻzga zirapchaday sanchilib turgan umum yoʻqsillikni aniqlash va uni bosqichma-bosqich bartaraf etish vazifasini oʻz “zimmasi”ga olgan.

Ahamiyatli va eʼtirof etish shart boʻlgan jihat shundaki, bu model biz aksariyat hollarda oʻrganib qolganimiz yaltiroq qogʻozga oʻralgan “puch yongʻoq” emas, balki aniq dasturlarga ega boʻlgan, moliyalashtirilgan bir harakatdir. Uning ishlash mexanizmi, sarflanadigan xarajatlar va beradigan samarasi puxta hisob-kitob qilingan.

Murojaatnomada Prezident oʻzi oʻylagan, muammoga samarali yechim boʻla oladi, deb bilgan gʻoyasining amaliy jihatlarini aniq-tiniq asoslab berdi.

Sinovlarda toblangan millat

Haqiqatan ham, 2020-yil ogʻir keldi. Koronavirus pandemiyasi xalqimizni ham, davlatni ham jiddiy sinovdan oʻtkazdi. Hozir pandemiyaning ogʻir asoratlari haqida emas, bir jihat haqida toʻxtalib oʻtmoqchi edim. Bu — oqilona siyosat — Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra bilish qobiliyati, Millat va Vatanga boʻlgan chin va samimiy muhabbati haqida.

Ochigʻi, virus quturgan, xalq tahlikaga tushgan kezlarda men Prezidentimizning nigohida ulugʻ bir dardni — “xalq qaygʻusi”ni koʻrdim. Tez-tez oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishlarida asosiy eʼtiborni pandemiya vaziyatlaridan boshlar edi. Koʻplab qarorlar qabul qildi. Va shunda anglab yetdimki, davlat rahbarining xayoli mudom shunda boʻldi — el salomatligini asrash, imkoni boricha, pandemiyani yoʻqotishlarsiz oʻtkazish...

Ammo iqtisodiyot aravasi ham toʻxtab qolmasligi kerak edi. Bir nafas harakatsiz qolgan iqtisodiyotning istiqbolda ogʻir depsinishlari boʻlishi aniq. Bu yoʻlda Shavkat Mirziyoyev oʻziga xos uslubni qoʻlladi — har qanday sharoitda ham iqtisodiy tanazzulga yoʻl qoʻymaslik.

Keling, bu haqda bir xalqaro eʼtirofni aytib oʻtsak:

“Boshqa tomondan olib qaraganda, koronavirus epidemiyasi ichki emas, balki global miqyosdagi xalqaro hodisadir. U global miqyosdagi inqirozni, xususan, global iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi, — deb yozadi UzAnalytics saytida siyosatshunoslik fanlari doktori, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti va Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi” professori Andrey Kazansev. — Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistondagi vaziyat oʻziga xos boʻlib chiqdi, chunki bu yerda koronavirus inqirozi avvalgi yillari boshlangan yana bir jarayon bilan “kesishdi”. Ushbu jarayon — Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan iqtisodiy islohotlarning izchil davom etishidir. Menimcha, Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlar tashqaridan yaxshiroq koʻrinadi va respublika aholisi ushbu islohotlar natijalariga yetarlicha baho bera olmasligi mumkin. Ammo makrostatistikaga eʼtibor qaratsak, bu islohotlar sezilarli iqtisodiy oʻsishga olib kelayotgani yaqqol koʻzga tashlanadi....”

Prezidentimizning Murojaatnomasini tinglar ekanman, pandemiya sharoitida ham xalq dardi, odamlarning manfaatini asosiy mezonga koʻtarish siyosatini yana-da toʻliqroq anglab yetdim.

Mana qarang, pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion soʻmlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu jarayonda xorijda boʻlgan vatandoshlarimiz ham oʻz holiga tashlab qoʻyilmadi. Ularni vatanga qaytarish, zarur boʻlsa, koʻmak koʻrsatish choralari koʻrish alohida eʼtiborda boʻldi.

Aslida bu nihoyatda ogʻir jarayon edi. Axir oʻtgan qariyb oʻttiz yilda koʻplab eldoshlarimiz nochorlikdan taqdirini boshqa yurtlarda koʻrish, ish topish ilinjida vatanni maʼlum muddatga tark etishga koʻnikib ulgurgan, tirikchilik vajidan millionlab yurtdoshlarimiz xorij tuprogʻida yurardi. Bunday sharoitda qanday yoʻl tutmoq joiz?

Bunga ham xorijdan nazar tashlasak. Andrey Kazansev ayni shu jihat haqida quyidagicha yozadi:

“Pandemiya inqirozi Rossiyadagi muhojirlar holati keskin oʻzgarishiga olib keldi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Rossiyaga eng koʻp mehnat muhojirini yuboradigan Markaziy Osiyo mamlakati hisoblanadi. Rossiyada 2020-yili mehnat muhojirlari soni ikki baravar kamaydi. Bundan tashqari, bularning bari katta muammolar bilan birga yuz berdi. Chunki, aeroportlar mamlakatdan chiqib keta olmayotgan odamlar bilan toʻla edi. ­Oʻzbekiston hukumati oʻz fuqarolariga yordam berishga harakat qildi. Shu oʻrinda bir holatga eʼtibor berish kerakki, koʻplab boshqa davlatlar muhojir fuqarolarini deyarli tashlab qoʻydi. Ammo Toshkent bunday yoʻl tutmadi”.

Bu eʼtirofda men, eng avvalo, ulugʻ insonning irodasini, xalq dardini oʻz dardiga aylantira olgan jasoratli vatandoshimiz, millat qahramonining qiyofasini koʻraman.

Yangi Oʻzbekiston gʻalabalari

Men Shavkat Miromonovich davlat rahbari boʻlib ish boshlaganda koʻpchilik xorijlik tahlilchilarning “Mirziyoyevga qiyin boʻladi, unga ogʻir siyosiy meros qoldi” degan gaplarini ochigʻi, uncha tushunmaganman.

Mana, toʻrt yil u kishi bilan yelkama-yelka turib ishlab angladimki, dunyo ancha oʻzgarib, biz undan olisda qolib ketgan ekanmiz. Faqatgina suverenitetni saqlash, har qanday yoʻl bilan boʻlmasin, tinchlik-xotirjamlikni ushlab turishning oʻzi yetarli emas ekan. Bu yoqda kun sayin globallashib borayotgan dunyo, jahon davlatlari bilan tengma-teng qadam tashlash va shu bilan birga, dunyo sahnida tan olingan — legitim bir formatda taraqqiyot yoʻliga oʻtish degan gaplar ham bor ekan.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan odam shuni anglaydiki, bugungi jamiyat tizimdan, boshqaruv tizimidan zerikkan. Mustabidlik unsurlarini oʻziga meros qilib olgan, biz hozirgacha amalda qoʻllab kelgan tizim hammamiz ich-ichimizdan sezib turganimizdek, bugungi kunlarga mos kelmay qoldi. Prezidentimiz Murojaatnomasida buni joʻyali izohladi:

“Mahalliy hokimlik va Kengashlar bundan 27 yil avval, yaʼni hokimlik instituti joriy etilgan dastlabki paytda qabul qilingan qonun asosida ishlamoqda. Bu hujjat bugungi islohotlarimiz talablariga mutlaqo javob bermasligini hisobga olib, uni tubdan yangilash zarur...”

Bu gap nega bundan uch yo toʻrt yil ilgari emas, bugun aytildi, degan savol tugʻilishi mumkin. Mening nazarimda, oʻylangan islohotlar bosqichma-bosqich, puxta reja asosida amalga oshirilayotir. Yaʼni jamiyat va siyosiy elita koʻnikkan tizimni “isteʼmol”dan chiqarish uchun avvalo, ularning tafakkurini, qolaversa, zarur resurslarni yangilash talab etildi. Shu oʻrinda, men baʼzi odamlarning “nega buncha qaror-u farmonlar, qonunlar koʻpayib ketdi” degan iddaolarini anglaganday boʻlaman.

Toʻgʻrisi, koʻpchiligimiz boʻlayotgan oʻzgarishlar, yangilanishlar mohiyatini toʻliq anglab yetmayotirmiz. Va bu holat koʻpchilik hollarda koʻz oʻngimizda Oʻzbekiston bir suveren davlat sifatida tamoman yangi qiyofaga oʻtayotganini, tom maʼnoda Yangi Oʻzbekiston shakllanayotganini tushunib olishimizga monelik qilayotganday...

Bugun shunday zamon boʻldiki, hamma soʻz aytib birovni hayron qoldirishga, favqulodda “zamonamiz qahramoni”ga aylanib shuhrat toʻnini kiyishga ishtiyoqmand. Hamma “haqiqatgoʻy”, hamma “yurtparvar”, “elparvar” va “adolatparvar”... Ora-sira oʻziga shu maydon, erkin soʻz aytish imkonini berib qoʻygan davlatga ham shox tashlab qoʻyadi. Bundan sal ilgariroq shu gaplarni yoza olarmiding, deydigan odam yoʻq. “Yangi Oʻzbekistonning nimasi yangi” deya tajanglik qiladiganlar ham bor. Ichiqoralik bilan barchasini inkor etishga urinadiganlar ham. Qalbdagi xusumat, soxta obroʻ topishga boʻlgan tiyiqsiz ishtiyoq va odamda malol qoʻzgʻovchi davolar bilan toʻyingan kibr bundaylarni har koʻyga soladi. Bir tomondan bu — “toʻydirganning qorniga...” degan xalq matalini ham esga soladi.

Lekin nima boʻlganda ham, oʻylab koʻraylik-chi, soʻnggi paytlarda ijtimoiy-siyosiy hayotimizning mazmun-mohiyatini ochib beradigan bir istiloh oʻlaroq yangilanishlarning leytmotiviga aylanib ulgurgan “Yangi Oʻzbekiston” atamasi bizga nimani anglatadi? Uni ushlab turgan ustunlar nima, nimalar uni tanib olishimizga, anglashimizga koʻmaklashadi? Yoki u haqiqatan ham baʼzi “doʻst”larimiz iddao qilayotganidek shunchaki yaltiroq bir gapmi? Mana shuni aniqlab olish bugunning eng muhim masalalaridan biri.

Avvalo, gapni jamiyatda sodir boʻlayotgan maʼnaviy yangilanishlar, “muzlatilgan” identitet — oʻzlikni anglash, tanitish borasida tashlangan dadil qadamlardan boshlasam toʻgʻri boʻladi, deb oʻylayman. Zotan, jamiyatning milliylashuvi biz uchun koʻp narsani anglatadi. Oʻtgan 25 yillik mustaqillik davri garchi, biz uchun postkolonial oʻtish davri hisoblansa-da, milliy jabhada biz orzu qilgan, kutgan natijalarni bermadi. Davlat va jamiyat orasida shunday bir qutblanish hosil boʻldiki, bu hayotda gibrid-duragay va ayni paytda milliylik daʼvosidagi neokolonial madaniy mafkurani shakllantirdi. Unga koʻra, tarix “chegaralandi”, milliy manfaatlar, madaniy his-tuygʻular siyosiylashtirildi.

Eʼtibor qiling, oʻtgan shuncha yil davomida “millat” soʻzi siyosiy elita nutqlarida necha marotaba ishlatildi? Tarixiy oʻzanimiz bilan bevosita bogʻliq turkiylik yoki turkiy qavm istilohlari-chi?.. Siyosiy elita nafaqat bu katta va oydin haqiqatlarni tan olish, balki minbarda gapirishdan ham uzoq yillar tiyilib keldi.

Va bu, oʻylaymanki, davlatning, jamiyatning toʻlaqonli milliylasha olmaganining asosiy sabablaridan biridir. Bunday tutum esa jamiyatni murakkab kolonial, postkolonial va dekolonial uchburchak ichida ekanini “taʼminladi”. Jamiyatda milliy tafakkur, umuminsoniy zehniyat, til, sanʼat va madaniy qadriyatlarga qarashlarning siyosiylashuvi va haddan ziyod mafkuralashgani milliy ruhning soʻnishiga olib keldi. Bugun men baʼzi ayonlarimizning tushuniksiz matnlarini eshitib yoki oʻqib koʻp ham hayron qolmayman. Negaki, u avval oʻrischa fikrlab keyin nutqini davlat tilida bayon etadi. Aslida bu biz, tarixi bir necha ming yillarga boradigan buyuk tilning bugungi vorislari uchun juda uyatli, yoʻq, sharmandali hol, albatta. Tarixga qarashimiz, oʻzlikni anglash va tan olish borasida ham biz eski aqidalarga uzoq yillar “sodiq”ligimizni namoyon etib keldik.

Millatimiz buyuk, tariximiz hech bir xalqqa nasib qilmagan shonli oʻtmishga ega. Mavridi kelganda bu boradagi baʼzi mulohazalarimni aytmoqchiman. Zotan, bu bizning oʻzligimizni belgilovchi, aslida biz kim ekanimizga haqqoniy baho beruvchi muhim bir omil — tarix ilmi va unga bizning yondashuvimiz masalasidir. Kechagacha shonli tariximizni kimlar yozib kelgani va bizga qanday oʻrgatganini hammamiz yaxshi bilamiz. Ular bir narsani oʻylagan edi. Oʻtmishidan uzilgan, yulib olingan millat xuddi yetimday qulfeʼl boʻladi. Maʼlum maʼnoda bu samara ham berdi.

Bugun ham har maqomga yoʻrgʻalayotgan, ul yo bul madaniyatga havasmand boqayotgan, oʻtmishga magʻzava agʻdarayotgan toʻdalar borligi oʻsha siyosat taʼsiri, deyish mumkin. Lekin tarixiy dalil shundayki, bizning tariximiz juda koʻhna va shu adogʻi koʻrinmas moziy landshaftida tovlanib turgan marvaridlar bevosita bizga ham tegishlidir. Tarixda soʻnmas iz qoldirgan, biroq biz uzoq yillar taysallab, oʻzimizni chetga tortib, begonasirab kelgan umumturkiylar yaratgan tarix, madaniyat va tamaddunlar, bir soʻz bilan aytganda, benazir madaniy va ilmiy meros, hech shubhasiz, bizga ham tegishlidir.

Men nega bu masalaga keng toʻxtaldim. Shuning uchunki, yangi siyosat bizga qariyb 100-yildan ortiq vaqt mobaynida taqiq qoʻyilgan tarixiy haqiqatlarni, milliy oʻzligimizni qaytib berishdek baquvvat siyosiy irodani namoyish etdi. Davlat rahbari mustaqillik davrining oʻtgan oʻttiz yilida ilk bor BMT minbarida oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Nafaqat MILLAT, TURKIYLIK soʻzlarini aytish, balki oʻz mafkurasiga koʻra, turkiy birlikni anglatuvchi “Turkiy tilli davlatlar kengashi”ga toʻlaqonli aʼzo boʻlib qoʻshildi. Va bu madaniy va milliy siljish hozirdanoq oʻz samarasini bera boshladi. Qoʻshni Afgʻon yurtida yilning bir kuni mamlakatda “Oʻzbek tili bayrami kuni” etib belgilanishi Yangi Oʻzbekistonning, Shavkat Mirziyoyev siyosatining eng katta yutuqlaridan biri boʻldi.

Shu oʻrinda “Prudent Solutions” tahlil markazi direktori, tarix fanlari nomzodi Esen Usubaliyevning quyidagi fikrlariga eʼtibor qaratish joiz deb bilaman:

“Modomiki, ayni paytda Turkiya “turkiy dunyo” nomi bilan hamkorlik tashabbuskori boʻlayotgan ekan, bu birinchi navbatda iqtisodiyot, savdo-sotiq va energiya resurslari sohalariga tegishli boʻladi. Shu maʼnoda mintaqada Turkiya uchun ham, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham prezident Sh.Mirziyoyevning islohotlari va Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlikka tayyor ekani bilan bogʻliq jiddiy ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi”.

Haqiqatan ham, milliy gʻurur, oʻzlikni tanitish borasida gap ketar ekan, muhtaram Prezidentimizning bu boradagi siyosati mintaqa hayotiga ham taʼsir qilayotganini yaqqol koʻrishimiz mumkin. Barchamizga maʼlumki, Shavkat Mirziyoyev islohotlari boshlanguncha mintaqa davlatlari — qoʻshnilarimiz oʻz kelajaklarini majburiy tarzda turli mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, birlashmalar misolida koʻrib keldi. Hatto mintaqadagi eng katta va iqtisodiy baquvvat davlat hisoblanmish Qozogʻiston ham uzoq vaqt davlat sifatidagi oʻzligini Yevroosiyo mamlakati sifatida shakllantirib keldi. Ushbu maydonchadan mintaqaga daxldor muammolarni ishlab chiqishda foydalandi, shu bilan birga, Markaziy Osiyoning qolgan qismi bilan Rossiya oʻrtasidagi koʻprik sifatidagi qulay oʻrnini saqlab qoldi. Biroq Shavkat Miromonovichning mintaqa hayoti boʻyicha ilgari surgan gʻoya va qarashlaridan keyin qoʻshnilarning mintaqa identiteti — oʻziga xosligi haqidagi qarashlari milliy mansublik nuqtayi nazaridan epik trayektoriyasini oʻzgartirdi. Esingizda boʻlsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda Samarqandda “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” shiori ostida xalqaro konferensiya oʻtkazilgan va unda Prezidentimiz mintaqamizning ertangi porloq kuni haqida gapirib shunday degan edi: “Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bogʻlab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va anʼanalar birlashtiradi”.

Shundan koʻp oʻtmay, Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ham “Ostona” klubi qatnashchilariga murojaat qilar ekan, shunday degan edi: “Oradan chorak asr vaqt oʻtib, tarixi, dini, madaniyati va mentaliteti — zehniyati bir boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga boʻlishimiz, bir-birimizga yordam berishimiz va mintaqa xavfsizligini birgalikda taʼminlashimiz Allohning irodasi ekanini hammamiz tushunamiz...”

Falsafada shunday tushuncha borki, unga koʻra, barcha narsa ziddiga qiyoslanganda oʻzini yorqinroq koʻrsatadi. Shu maʼnoda gapirganda, kechagina nafaqat bizga ergashish, balki bizdan oʻzini nari oladigan davlatlarning Shavkat Mirziyoyev boshlagan yangi siyosatni nafaqat qoʻllab-quvvatlashi, balki safga qoʻshilishi Oʻzbekistonning mintaqada yoʻqotilgan oʻrnini qayta tiklashda muhim rol oʻynamoqda.

Bu esa, albatta, yangi Oʻzbekistonning katta gʻalabasi, desak xato qilmagan boʻlamiz. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, mamlakatimizning tashqi siyosat, xususan, mintaqa boʻyicha belgilagan strategiyasi yildan-yil qatʼiylashib, toblanib borayotgani shaxsan men uchun nihoyatda quvonarli hol.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada bu borada ham aniq taklif va niyatlarini bayon qilgani bu boradagi siyosatimiz ortga qaytmas yoʻlga tushganini anglatadi.

Oʻzlikni anglash saodati

Men oʻz chiqishlarimda milliy landshaftdagi “anʼanaviy” koloritlar — milliy madaniyat, sanʼat, adabiyot hamda til va tarixga yondashuvimiz haqida bir necha bor fikr yuritganman va bundan hech qachon chekinmayman ham, charchamayman ham. Zotan, kim nima deyishidan qatʼi nazar, bugungi global dunyoda oʻzlikni saqlab qolish, mozaikaday turlanib borayotgan umummadaniyatlar (“ommaviy madaniyat”) girdobida yoʻq boʻlib ketmaslik, dunyo sahnasida oʻz soʻzimiz va qarashlarimiz bilan sobit turishga erishish har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xursand boʻladigan jihat shundaki, Prezident ayni shu jabhani ham davlat siyosatining muhim strategik vazifalaridan biri etib belgiladi.

Xalqimizda “asl aynimas” degan hikmatomuz gap bor. Buni marvarid qancha payt chang-gʻubor tagida yotsa-da, oʻz qiymatini saqlab qoladi, uni artib tozalasang jilosi bilan yana koʻzlaringni qamashtiradi, latofatini tiklaydi va shunisi bilan ham u qiymatlidir, degan mulohazalar bilan ham quvvatlash mumkin.

Bugun milliy jamiyatimizda, aytish mumkin boʻlsa, ana shunday zargarona “jilolash” tendensiyalari kechmoqdaki, bu yuzlab yillar parda ortida qolib kelgan buyuk xalqimizning insoniyat oldidagi oʻlmas xizmatlarini koʻrsatish bilan birga, dunyoga bu yorugʻ olamda shunday qudratli bir xalq bor ekanini ham namoyon etadi.

Men yuqorida ajdodlarimiz madaniyati haqida bekorga eslamadim. Zotan, biz oʻrgangan, tarix bizga oʻrgatilganidan koʻhnaroq, bizga chizib berilgan rassomning xolstidagi tasvir aslidagidan ancha buyukroqdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev harakatga keltirgan “madaniy siljish” bizni bugun ana shu asl oʻzligimiz sari “surib” borayotir.

Biroq buni teran tushunadigan, anglaydigan odam bormi? Yoki buni jamiyat uchun sharhlab beradigan, oddiy odamlarimizning, yoshlarimizning qulogʻiga quyadigan ijtimoiy qurim-institutlar-chi? Taassufki, jamiyatimizda bunday kuch koʻzga tashlanmayapti.

Nazarimda, shu ishlarni qilishi kerak boʻlgan odamlarning koʻpi ayni paytda bir-biriga turli xildagi keraksiz maʼlumotnomalar, shablon infografikalar joʻnatish bilan band. Eski kasallik. Shu bois ham ijtimoiy tarmoqlardagi gʻala-gʻovurlarga quloq tutsangiz, yuqorida aytganimday, “yangi Oʻzbekistonning nimasi yangi, biz qaysi yoʻlda ketayotirmiz” deganga oʻxshash talmovsirash yoki xusumatli qarashlarga duch kelishingiz mumkin.

Jaloliddin Rumiyning bir gapi bor: “Bogʻ xayoli boqqa, doʻkon xayoli doʻkonga olib boradi”. Hikmatdan chiqadigan mazmun shuki, niyatning ijobati koʻngildagi istak-xohishga bogʻliq. Albatta, ichiqoralik, kibr va manmanlik, inson bolasiga ota meros qusurlar. Biroq quyoshni qora deb tentaklarcha oyoq tirab isbotlashga uringanimiz bilan u qora boʻlib qolmaganidek, azim haqiqatlar ham bizning chapanicha feʼl-u xuyimiz izmida emas. U oʻz yoʻli, qonun qoidasiga koʻra, aylanadigan sobit “orbita”siga ega.

Hayotda oʻz isbotini topgan bir haqiqat bor: samimiyat har doim samimiylikka chorlaydi. Ezgulik buyuk ishlarimizga, yangilanishlarga doyalik qiladi. Prezident chizib bergan ezgulik va bunyodkorlik xaritasi — Murojaatnoma bizning ana shunday ishlarimiz uchun dasturilamal vazifasini oʻtaydi.

Shak-shubha yoʻqki, XXI asrning 21 yili ham Yangi Oʻzbekiston tarixi zarvaraqlariga zarhal ­harflar bilan yozilajak!

Qudratilla RAFIQOV,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari

Federatsiyasi raisi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi,

Siyosatshunos