Ezgulik gʻoyasining ifodasi

    Fikr 22 Yanvar 2021 3880

    Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz siyosiy hayotida eng muhim voqeaga aylandi. Unda joriy yil mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshiriladigan oʻzgarishlar haqida muloqotlar davomida fuqarolarga atroflicha maʼlumot berib boryapmiz.

    Darhaqiqat, yurtimizda demokratik islohotlar ortga qaytmas, barqaror xususiyat kasb etganligi, yangilanish jarayoni bundan buyon ham qatʼiy va izchil davom ettirilishini taʼminlamoqda.

    Xususan, 2021-yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli va qonuniyligini taʼminlashda bosh mezon boʻlishini, bir necha sud bosqichlarining bekor qilinishi odil sudlov tizimining maqbullashtirilishi ushbu masalalarning ilmiy asoslarini tadqiq etish olimlar oldida turgan dolzarb vazifa sifatida belgilandi.

    Odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi qanchalik yangi bosqichga olib chiqilsa, xalqimiz sud tizimi faoliyatidan shunchalik rozi boʻladi. Sud tomonidan chiqarilgan hujjatlar nafaqat qonuniy, asosli va adolatli boʻlishi, balki uning ijrosi muqarrarligi va qatʼiyligi bilan ustuvorlik kasb etadi.

    Joriy yil yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvi saqlab qolinib, sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi.

    Shu oʻrinda bu oʻzgarishlar nima beradi, degan savol tugʻiladi. Hududlarda markazlashgan holda umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish, sudlarning ixtisoslashuvini saqlab qolish, har bir sudga alohida sudlov hayʼatlari tuzish imkoniyatini beradi. Sudlarni boshqarish amaliyotida, ishlarni koʻrish, sudlar bilan bogʻlanish uchun axborot-texnologiyalarini qoʻllashda, videokonferensiya va videoselektorlar oʻtkazishga sud binolarini moslashtirish, mavjudlarini qayta qurish, sud binolarida sudyalarga va aholiga qulay sharoitlar yaratishga sabab boʻladi. Fuqarolarni qabul qilishni tizimli yoʻnaltirish, quyi sudlar va tumanlardan keladigan aholi uchun yuqori turuvchi sud-huquq tizimi rahbariyati tomonidan sayyor qabullar tashkil etishni yana-da osonlashtiradi. Shuningdek, sudlarga va fuqarolarga xizmat koʻrsatuvchi tezkor axborot xizmati “darchalari”ni tashkil etish, onlayn xizmat koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish imkonini beradi.

    Yana bir oʻzgarish bu ishlarni sudgacha hal qilish amaliyoti joriy etilishidir. Shu kunga qadar ushbu masala jahon va milliy miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etgan. Chunki, sudlarning ish yuklamasini kamaytirish, kelib chiqayotgan nizolarni hal qilishda aholiga yana-da qulaylik yaratish, sudlarda ishlarni har tomonlama sifatli hal qilish asosiy vazifa etib belgilangan.

    Amaliyotda bu borada hozirda hakamlik sudlari, mahallada yarashtiruv tamoyillarini qoʻllash, hokimiyat va boshqa vakolatli idoralarga talabnoma yuborish shakllari, FHDYO, notariat, soliq va boshqa organlar nizolarni sudga qadar hal qilishda yetakchi oʻrin tutmoqda. Endilikda nizolarni hal qilishda yarashtiruv tartib-taomillaridan biri sifatida mediatsiya protsedurasini joriy etishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish fursati yetdi.

    Murojaatnomada sudlarda onlayn ishtirok etish mumkin boʻlishi alohida taʼkidlandi. Jahon va milliy amaliyotda pandemiya sharoitida sudlarga onlayn murojaat qilish va ishtirok etish tartib-taomillariga yana-da ehtiyoj va zarurat oshdi.

    Islohotlarning keyingi bosqichlarida sudlar faoliyatida nafaqat sudga onlayn murojaat qilish, balki ishlarni onlayn koʻrishning protsessual tartibini yoʻlga qoʻyish zarurati paydo boʻlgani rost. Bu amaliyot, ayniqsa fuqarolik va iqtisodiy sudlar faoliyatida ijobiy samara berishi aniq. Tizimda videokonferensaloqa tizimidan toʻliq foydalanish ijobiy natija beradi. Bu borada zaruratga koʻra, protsessual chiqimlar toifalarini belgilash, ayniqsa yuridik shaxslar faoliyatida muayyan samara beradi, deb oʻylayman.

    Biroq, sudlarda onlayn ish koʻrish tartibiga doir Yoʻriqnoma ishlab chiqilishi kerak. Shuningdek, iqtisodiy sudlari amaliyotida mavjud boʻlgan dalillarni taʼminlash, sud topshiriqlari yuborish amaliyotini ham onlayn shaklga oʻtkazish zarurati bor. Ushbu amaliyot ham oʻz navbatida sudlar faoliyatiga ham, ishda ishtirok etuvchi taraflarga ham vaqt, xarajatlar sarfini kamaytirishda moddiy va protsessual qulaylik yaratadi.

    Xususan, sudlar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli oʻzgarishlardan barchani xabardor qilish mamlakatda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

    Alibek XAITBOYEV,

    Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanlararo

    iqtisodiy sudi sudyasi.