Mazkur agregat ikki qismdan, yaʼni tuproqqa ishlov beruvchi oldingi va don ekuvchi ortki qismlardan iborat. Agregat yordamida biryoʻla gʻoʻza qator oralaridagi tuproqqa ishlov beriladi, sugʻorish egatlari ochiladi hamda don qatorlab bir xil chuqurlikda ekiladi.
Ochiq maydonlarda esa agregat sugʻorish egatlarini ochib, egatlar boʻylab donni qatorlab ekadi. Respublikamizda kuzgi boshoqli donning 70 foizidan ortigʻi gʻoʻza qator oralariga, qolgan qismi esa ochiq maydonlarga ekilishini inobatga olsak, mazkur ishlanmaning ahamiyati yanada ortadi.
Hozirda dehqon va fermer xoʻjaliklarining aksariyatida gʻoʻza qator oralariga don ekishda mineral oʻgʻitlarni sochishga moʻljallangan sepkichlar, paxtachilik kultivatorlaridan foydalaniladi.
Bunda urugʻlar sepilayotganda turli tomonga sochilib ketadi va bir tekisda unmaydi. Bu esa ortiqcha sarf-xarajatga, vaqtning behuda ketishiga va donning nobud boʻlishiga olib keladi. Yangi ishlab chiqarilgan agregat esa gektariga 80-300 kilogramm donni ekishga moʻljallangan boʻlib, ekilgan don bir tekisda unadi.
Agregatning old qismi mavjud KXU-4 kultivatori asosida ishlab chiqilgan. Maxsus tayyorlangan markaziy rama traktorning gʻildiragi oldiga oʻrnatiladi. Gʻoʻza qator oralarida ishlaganda tuproqqa ishlov berish uchun kultivator jamlanmasidagi ishchi organlar, jumladan, yumshatuvchi va universal oʻqyoysimon panjalar toʻplamidan foydalaniladi.
Qator oralaridagi tuproq traktor gʻildiraklari va seyalkaning tayanch-uzatmali gʻildiraklari tomonidan qoʻshimcha ezilib, yaxshi maydalangan tuproq hosil boʻlishiga erishiladi.
Agregatning ortki ekish qismi traktorning orqa osish mexanizmiga avtossepka yordamida osiladi. U rama, unga oʻrnatilgan ikkita urugʻ bunkeri, gʻaltakli miqdorlagichlar, yuritma mexanizmi va tayanch-uzatmali gʻildiraklar hamda ekish seksiyalaridan tashkil topgan.