– Avvalo, sizni dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri – YUNESKO-Ekvatorial Gvineya xalqaro mukofoti sohibi boʻlganingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Ruxsatingiz bilan, bu mukofotni nafaqat sizning yutugʻingiz, balki Yangi Oʻzbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans voqeligining yorqin natijasi sifatida ham qabul qilamiz. Suhbatimiz avvalida bu mukofotga erishish jarayoni va mukofotning tasnifi haqida gapirib bersangiz.
– YUNESKOning mazkur mukofoti 2012-yildan buyon olimlarning hayot toʻgʻrisidagi fanlar boʻyicha erishgan yutuqlari, asosan, aholi ogʻirini yengil qilish, hayotini yaxshilashga qoʻshgan hissasi uchun berib kelinmoqda. Janubiy Afrika, Meksika, Misr, Peru, Burkina-Faso, Eron, Braziliya, Hindiston, Senegal, Portugaliya, Isroil, AQSH, Irlandiya, Xitoy, Buyuk Britaniya olimlari mazkur mukofot gʻolibi boʻlgan.
Mukofot har yili 3 kishiga beriladi, bu yil istisno tariqasida 4 kishi gʻolib topildi — mendan tashqari, Misr, Litva va Xitoy olimlari oʻrtasida taqsimlandi. Mukofot jamgʻarmasi 350 ming AQSH dollari boʻlib, bu yil har bir sovrindorga 87 ming 500 AQSH dollari miqdorida berilishi eʼlon qilindi.
Mukofotning salmogʻi haqida gapiradigan boʻlsak, oʻtgan yillardagi gʻoliblarga nazar tashlashning oʻzi kifoya. Masalan, 2022-yilda AQSH Xalqaro nanotexnologiyalar instituti direktori va Shimoli-gʻarbiy universitet tibbiyot professori Chad Mirkin kasalliklarni aniqlash va yangi genetik markerlarni yaratish boʻyicha sohada ulkan burilish yasagan nuklein kislota va nanotuzilmalarga doir kashfiyoti, dori-darmonlarining raqamli dizayni va ratsional vaksinalogiya sohasidagi ishlanmalari uchun taqdirlandi. Xuddi oʻsha yilgi yana bir gʻolib xitoylik professor, Chjeszyan universitetining Infeksion kasalliklarni davolash davlat bosh laboratoriyasi direktori Li Lanjuan yuqumli kasalliklar, xususan, COVID-19, gripp, virusli gepatitni davolashdagi novatorlik yondashuvlari, shuningdek, bemorlarning hayot sifati oshishiga olib kelgan noyob sunʼiy jigar yaratgani uchun eʼtirof etildi. London Imperial kolleji Biotexnologiya muhandisligi instituti asoschisi, Biotexnologiya markazi direktori, professor Kristofer Tumazu erta diagnostika uchun moʻljallangan tibbiyot uskunalariga kremniy texnologiyalarini joriy etgani, bu orqali saratonni bakterial va virus kasalliklari alomatlari paydo boʻlmasidan avval aniqlab, davolash imkoniyatini yaratgani uchun mukofotlandi.
Biz 2000-yillarda 300 dan ortiq molekulyar markerni oʻrgandik, fanda yetakchilardan boʻlib DNK markerlar toʻplamini klonlab, gʻoʻzaga tatbiq qilish boʻyicha tadqiqotlar olib bordik.
Oʻzbekistondagi paxta urugʻlari bankidagi mavjud navlarni molekulyar markerlar orqali tahlil qildik. Ulardagi genlarni oʻrganib, qurgʻoqchilikka, turli kasalliklarga, shoʻrlikka chidamliligi kabi xususiyatlarga javob beradigan genlari mavjud navlarni aniqlaganmiz. Dunyoda birinchi marta molekulyar markerlardan foydalanib, rekombinatsiya bloklari (LD) oʻlchamlarini aniqlaganmiz. LDga asoslangan assotsiativ kartalashtirish, yaʼni chatishtirish oʻtkazmasdan turib genofondda bor oʻsimliklarni molekulyar markerlar orqali tekshirib, ularning xususiyatlarini ochib berish usulini ishlab chiqqanmiz. Ilk bor 2008-yilda xalqaro ilmiy jurnalda bu haqda maqola eʼlon qilganmiz. Bu texnologiyani ham madaniy, ham yovvoyi paxta navlarid sinovdan oʻtkazdik. 2017-yilda uzun tolali paxta navlarida ham molekulyar markerlarni qoʻllab, 2021-yilda tolasi uzun, shu bilan birga, yuqori hosil beradigan, ertapishar “Ravnaq” paxta navini taqdim etib, bu haqda xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop etdik.
Gap shundaki, paxtachilikdagi muammolardan biri paxtaning bir xususiyati yaxshilansa, ikkinchi foydali xususiyati kamayishida koʻzga tashlanadi. Masalan, ertapishar yoki uzun tolali navlar hosildor, koʻp hosil beradigan navlarning esa sifati pastroq boʻladi. Shu negativ korrelyatsiyani molekulyar markerlar yordamida buzib, yangi nav yaratish uchun markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyasini ishlab chiqdik. Mana shu 20 yillik ishimiz eʼtirof etilib, mukofotga loyiq topilishi nafaqat mening, balki maslakdoshlarim va shogirdlarimning ham yutugʻidir.
Shu oʻrinda olimlar muvaffaqiyatida ularning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi naqadar muhimligini aytmoqchiman. Mana shu tadqiqotlar olib borilgan Genomika va bioinformatika markazi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita qoʻllab-quvvatlovi bilan hali Bosh vazirlik davrida qurib berilgan, eng soʻnggi laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan edi. Prezidentimiz oʻsha paytlarda ham olimlarga, tadqiqotchilarga oʻzgacha mehr berib, eʼtibor qaratardi. Mustaqillikdan keyingi davrda jahonda tanilgan ilmiy maktablarimiz yoʻqolib ketmasligida Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi katta rol oʻynagan. Davlatimiz rahbari ishdan boʻsh paytlari – kechalari markazimiz qurilishiga, undan keyin markaz faoliyati bilan tanishishga kelib turardi. Har bir tashrifi va amaliy qoʻllab-quvvatlovi jamoamizni matonat va shijoat bilan ishlashga ruhlantirardi.
– 2023-yil mamlakatimiz tarixida maʼmuriy islohotlar yili sifatida qoladi. Zero, davlat boshqaruvida jiddiy oʻzgarishlar kuzatildi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi birlashtirildi. Bu keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin va katta umidlar bilan kutib olindi. Bugun siz ana shu vazirlikka – mamlakat taraqqiyoti va farovon hayot taʼminotini hal qiluvchi tizimga rahbarlik qilyapsiz. Albatta, innovatsiya va ilm birlashishi juda jiddiy oʻzgarishlarga asos boʻladi. Ayting-chi, bugun bu sohada mamlakatimizda qanday yangi islohotlar kutilmoqda?
– Oliy taʼlim iqtidorlarni rivojlantirish, yoʻnaltirish, eng soʻnggi bilim va koʻnikmalar bilan tanishtirishni nazarda tutadi. Oʻz navbatida, soʻnggi yillarda innovatsion rivojlanish borasidagi islohotlar natijasida inson kapitali, inson resurslari, inson omiliga katta eʼtibor qaratildi. Natijada oliy taʼlim qamrovi kengaydi, universitetlar soni sezilarli darajada oshdi. Avval oliy taʼlimni jonlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan boʻlsa, galdagi vazifamiz oliy taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning hamohangligi, bir-biriga uygʻunligini taʼminlashdir.
Ilm-fan bilan oliy taʼlim integratsiyasi uzoq yillardan buyon muammo boʻlib kelgan va hozir ham kun tartibimizdagi asosiy masalaligicha qolmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar rivojlanmas, talaba yoshlar koʻproq ilmiy faoliyatga jalb qilinmas ekan, taʼlim sifatini oshirib boʻlmaydi.
Islohotlar davrida biznes yuritish, tadbirkorlik shiddat bilan rivojlandi, yangi tarmoq korxonalari paydo boʻldi, klasterlar tizimi yoʻlga qoʻyildi. Endi oliy taʼlim muassasalari ularga sifatli kadrlar zaxirasini yaratib berishi kerak. Bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash asosiy vazifamiz boʻlib turgan hozirgi jarayonda oliy taʼlimning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasini taʼminlash oʻta muhim.
Talabalarni tarmoq korxonalari, xususiy ishlab chiqarish obyektlari faoliyati bilan oʻquv jarayonining oʻzida tanishtirib borish lozim. Bitiruvchilarimizni toʻlaqonli yangi texnologiyalarga moslashgan, ishlab chiqarishni tushunib yetadigan mutaxassis sifatida shakllantirish asosiy vazifamiz. Oliy taʼlim sifati va qamrovini muntazam oshirish bilan birga, oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash ham muhim. Professional taʼlimga asoslangan ixtisoslashgan maktablar faoliyatini rivojlantirish boʻyicha islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Shu bilan birga, hozir davlatimiz oldida turgan eng katta vazifalardan biri — raqamlashtirish. Hukumatimiz iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish ustida ishlayotgan ekan turli soha mutaxassislarining axborot texnologiyalaridan xabardor boʻlishini taʼminlashimiz darkor. Aynan raqamlashtirish orqali iqtisodiy samara bir necha barobar oshishi isbotlangan.
Hozir ilm-fanni moliyalashtirishga katta mablagʻ ajratilyapti. Davlatimiz taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga katta mablagʻ ajratib, yirik islohotlarni amalga oshiryapti.
Endigi vazifamiz ilm-fanga xususiy sektor investitsiyasini kengroq jalb etishdir. “2022-yil uchun ilm-fan boʻyicha milliy maʼruza”da keltirilgan statistik maʼlumotlarga koʻra, ilm-fanni moliyalashtirishda xususiy sektorning ulushi 5 yil oldingi holat bilan solishtirganda qariyb 6 barobar oshgan. Bu juda katta koʻrsatkich.
Ilgari 8 foizgina tarmoqlar ilm-fanni moliyalashtirar edi. Hozir bu koʻrsatkich qariyb 30-40 foizga yetdi. Bu jahon tajribasida ham juda yaxshi koʻrsatkich sanaladi. Shunday boʻlsa-da, ilm-fan va taʼlimga ajratilayotgan mablagʻning aksariyati baribir davlat hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Xususiy sektorni ilm-fan bilan shugʻullanishga qiziqtira olmayotganimizning sababi – sifatli kadrlar taqchilligi. Rivojlanayotgan sanoatimizni boshqaruvchi kadrlar sifatli boʻlsagina, ular ilm-fan yoki taʼlimning qadrini bilgan holda, hech ikkilanmay mablagʻni manzilli sarflay oladi. Tarmoq korxonalarini muayyan universitet yoki tadqiqot institutlariga majburan biriktirish bilan ish bitmaydi. Shu bois, biz endi tarmoqlarga birinchi qadamni oʻzimiz tashlamoqchimiz. Tarmoqlarda muhandislik maktablari tashkil qilib, unga talabalarni jalb qilamiz.
Shuningdek, vazirlik tarkibidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi orqali xorijiy tillar qatorida turli yoʻnalishlardagi bilimlarni baholash tizimini yangilashimiz taqozo qilinadi. Sababi, malakali kadrlarni saralash, ularni iqtidori va bilimiga yarasha ragʻbatlantirish taʼlim sifati oshishiga sabab boʻluvchi omillardandir.
Qolaversa, ilmiy kadrlarni tayyorlash boʻyicha ham juda koʻp muammolar mavjud. Aytaylik, ilmiy kadrlar tayyorlash yoki ilmiy daraja berish tizimimiz jahon andozalariga mos kelmaydi. Oxirgi yillarda bu sohada ham koʻp islohotlar qilindi, lekin jahon tizimiga integratsiyalash, yaʼni ilmiy malakali kadrlarni tayyorlash va ularga ilmiy daraja berish masalasida ham Oliy attestatsiya komissiyasi bilan yangi tizimni shakllantirishimiz lozim.
Universitetlarda akademik bandlik darajasi oshishi kerak. Har bir professor-oʻqituvchining oʻz brendiga aylangan predmeti boʻlishi shart. Bu boʻyicha ham tashkiliy islohotlar qilamiz. Shunda abituriyent falon universitetning mana bu yoʻnalishida falonchi professorning qoʻlida oʻqiyman, degan orzular bilan oʻqishga kirishga tayyorlanadi.
Oʻz navbatida, har bir universitetning oʻz brendi boʻlishi zarur, deb oʻylayman. Talabalar qaysidir soha uchun universitetlarni oʻzi qidirib kelishi lozim. OTMlar iqtidorli yoshlarni oʻqitish uchun oʻzaro kurashishi kerak. Agar biz shunday tizim qilsak, sifat oʻz-oʻzidan taʼminlanadi.
Universitetlarimizning oʻz anʼanalarini shakllantirish kerak. Ular nafaqat bilim oʻchogʻi, balki tarbiya maskani ham boʻlsin. Universitetlarda turli sohalarni qamrab olgan talabalar kengashlari, jamiyatlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. OTMda shakllangan anʼanalar bitiruvchilarni, ularning oilalari va farzandlarini maʼnan birlashtirishi, ular orqali umuminsoniy qadriyatlar jamiyatimizga singdirilishi muhim.
Adabiyot, sanʼat, maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar orqali talabalarda ijodkorlikni, didni shakllantirib borishimiz kerak. Raqamlar bilan ishlash juda yaxshi, lekin quruq raqam bilan rivojlanish boʻlmaydi. Ilm-fan, innovatsiya va taʼlimni milliy qadriyatlarimizga hamohang tarzda insonparvarlik tamoyillari bilan sugʻorilgan ruhan tetiklik, sogʻlom tan va aql hamda zamonaviy intellektni shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadga muvofiq.
– Prezidentimiz bir intervyusida buyuk ajdodlarimiz orzu-umidlari, jadid bobolarimiz maqsadu muddaolari haqida gapirar ekan, jumladan, bunday degan edi: “Bugungi kunda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi zamirida ana shunday ulugʻ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari mujassam, desak adashmagan boʻlamiz”. Biz bugun ajdodlarimizning ana shu armonlari va orzu-intilishlarini ilm-fan yoʻlida qay darajada roʻyobga chiqara olyapmiz? Umuman, Yangi Oʻzbekiston ilm-fanining bugungi darajasi qay ahvolda?
– Oʻzbekistonda dunyoning raqobatbardosh innovatsion iqtisodiyotini shakllantirish jarayoni faol kechmoqda. Shu bilan birga, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida 2022-yilda 2021-yildagiga nisbatan koʻrsatkichlar, asosan, ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Hozir ilm-fanga xarajatlar hajmi nominal koʻrinishda 16 foiz, ilmiy tadqiqot ishlari hajmi 12,3 foiz oshdi va 744,7 milliard soʻmni tashkil etdi. Olimlarimizning xorijiy jurnallardagi ilmiy chiqishlari barqaror oʻsishda davom etmoqda, intellektual mulk obyektlari soni 2,3 barobar oshdi. Tadqiqotchilarning umumiy soni 33 foiz, ayollarning ulushi esa 13 foiz, fan doktorlari (DSc) va falsafa doktorlari (PhD) mos ravishda 24 foiz va 52 foiz koʻpaydi.
Global innovatsion indeksi reytingida Oʻzbekiston 2015-yildagiga nisbatan 40 pogʻona koʻtarildi. Hozir mazkur reytingda 82-oʻrinda turibmiz. Oʻzbekiston ilk bora “2022-yilda innovatsiyalar boʻyicha global yetakchilar” sifatida alohida qayd etildi. Yaʼni Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida Hindiston va Erondan keyin innovatsiyalar boʻyicha TOP-3 talik davlatlardan biri boʻldi.
2019-yildan buyon kiritilgan GII reytingidagi muhim koʻrsatkichlardan biri “Innovatsiyalar sohasida kutilgan natijadan yuqori yutuqlar” boʻlib, har yili GII ekspertlari tomonidan barcha toʻrt guruh mamlakatlari uchun jon boshiga daromad darajasi boʻyicha tuziladi. Ushbu roʻyxatga cheklangan imkoniyatlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan qatʼi nazar, innovatsion taraqqiyot boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishgan mamlakatlar kiritiladi.
Aholi jon boshiga oʻrtacha daromadi past boʻlgan davlatlarni sarhisob qilish rivojlanayotgan mamlakatlarni aniqlash imkonini beradi. 2022-yilda Oʻzbekiston GII reytingi tarixida birinchi marta aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotda innovatsiyalarga sarflangan mablagʻlar darajasidan qatʼi nazar, innovatsion rivojlanish boʻyicha kutilganidan yuqori yutuqlarga erishgan davlatlarning TOP-10 taligiga kirdi.
Ekspertlar fikricha, mamlakatimizda keyingi 10 yil ichida quyidagi sohalar ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻlishi kerak: axborot texnologiyalari (11 foiz), tibbiyot (10 foiz), texnik fanlar (9,7 foiz), kimyo, fizika, nanotexnologiya va qishloq xoʻjaligi kabi fan sohalari. Hozir aynan mana shu sohalarda ilmiy ishlar koʻlami keng va salmoqli. YUNESKOning xalqaro mukofoti bilan taqdirlanishim ham mana shu sohalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani mevasidir.
2017-yilgacha ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish ishlari juda sust edi. Hozir ilmiy tadqiqotlar natijalari boʻlgan 125 milliard soʻmlik mahsulot sotildi. Bu yil mazkur koʻrsatkich 2 barobar oshishi – 250 milliard soʻmlik mahsulot sotilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonda dunyoning raqobatbardosh innovatsion iqtisodiyotini shakllantirish jarayoni ketmoqda. Hukumat mamlakat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishda ilmiy faoliyat koʻlamini izchil kengaytirish, texnologiyalar transferini tijoratlashtirish va samaradorligini taʼminlash, startap ekotizimini toʻliq shakllantirish, innovatsion faol, tashabbuskor jamiyatni qoʻllab-quvvatlash, raqobatbardosh mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish, ilmiy hajmdor va innovatsion ishlanmalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish orqali koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish, innovatsiyalardan iqtisodiy samaradorlikka oʻtish, chekka hududlar aholisi hayotiga innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan rivojlanish choralarini koʻrmoqda.
Yoshlarni ilm-fan va innovatsiya sohasiga jalb etish boʻyicha ishlar faol kechmoqda. Respublika miqyosida yoshlar akademiyasi aʼzolari loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta yirik tanlov tashkil etildi: “Boʻlajak olim”, “Ayollarning biznesga birinchi qadami” va “Student Idea Challenge”. Bu loyihalar natijasida yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
– Dunyo siyosatida “Davlatlar oliy ligasi” degan termin bor. Bu oliy ligaga kirish uchun bizning bugungi ziyolilar qatlami, olimu yosh tadqiqotchilarimizning ilmiy salohiyati yetarli, deb oʻylaysizmi? Oʻzi bu yoʻlda ilm-fan va innovatsiyalarning roli qay daraja muhim?
– “Davlatlar oliy ligasi” deganda yetakchi mamlakatlar nazarda tutiladi. Nazarimda, yetakchi mamlakatlar qatoridan oʻrin olish uchun imkoniyatlarimiz yetarli. Biz yoshlar mamlakatimiz va ularning iqtidorini kashf etishimiz, katta sahnaga olib chiqishimiz zarur. Iqtidorlilarni qidirib topsak, unib, rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratsak, “oliy liga”ga kiramiz. Yutugʻimiz shundaki, biz “oʻyin”ga endi kirib kelyapmiz. Demak, hozir oldimizda turgan vazifa juda qisqa tarixiy davr ichidagi oliy imkoniyat — iqtidorlarni yuzaga chiqarish.
Ayni paytda yoshlarga ishonch bildirish, ularning milliy gʻururini shakllantirish va rivojlantirish ham muhim. Aynan shuning uchun Oʻzbekistonning innovatsion rivojlantirish strategiyasida inson kapitaliga alohida urgʻu berilgan. Ikki vazirlikning birlashib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi nomi bilan qayta tashkil etilishi zamirida iqtidorlarni qisqa muddatda yuzaga chiqarish masalasi yotibdi.
Hozir yurtimizda aholi oʻsish surʼati yuqori – har yili 900 mingdan ortiq chaqaloq dunyoga kelmoqda. Bu taʼlim muassasalari, xususan, oliy taʼlim muassasalariga boʻlgan talab yildan-yilga oʻsishini anglatadi. Oʻsib kelayotgan avlodga taʼlim-tarbiya berish, iqtidorlarni rivojlantirish, ularga shart-sharoit yaratish oʻta muhim.
– Prezidentimiz oʻtgan yilgi Murojaatnomasida soʻnggi qisqa davrda oliy taʼlim muassasalari soni 2,5 barobar koʻpayib, 198 taga yetgani, bu raqamlarni yanada koʻpaytirishni maqsad qilganimiz haqida gapirib, “lekin taʼlim sifati nima boʻladi, degan savol hammamizni oʻylantirishi kerak”ligini taʼkidlagan edi. Bugun oliy taʼlimga qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Navbatdagi savolimiz oliy taʼlim muassasalarining soni va sifati haqida boʻladi. Bu savolga sizning javobingiz qanday?
– Taʼlim qamrovi kengayishi natijasida bosqichma-bosqich sifat ham osha boshlaydi. Bizda raqobat muhiti paydo boʻldi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari endi bemalol raqobatlasha oladi va sifatga boʻlgan talab ham oshadi. Shu bilan birga, iqtisodiyot rivojlanib, yangidan-yangi korxonalar, xususan, yuqori texnologiyali korxonalar paydo boʻlyaptiki, ularning talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlashda oliy taʼlim muassasalari yangi taʼlim dasturlarini kiritish, pedagog-oʻqituvchilar malakasini oshirish, taniqli professorlarning sifatli maʼruza oʻqishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan qator islohotlarni amalga oshirishi hayot talabiga aylanib bormoqda.
Agar bozorda talab boʻlsa, sifat oʻz-oʻzidan ortadi. Hozir taʼlim olayotgan qariyb 1 million talabamiz yaqin kelajakda oʻz bilimi, malaka va gʻayrati bilan mehnat bozoriga kirib borar ekan, oʻsha yerda haqiqiy raqobat boshlanadi. Taʼlim sifati, bir tomondan, bozorda ishchi oʻrinlari mavjudligiga bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, boʻsh ish oʻrinlarini toʻldirishga xizmat qiladi va iqtisodiyotning oʻsishi bilan chambarchas bogʻliq. Iqtisodiyotning oʻsishi bilan taʼlim sifati ham oshib boradi. Bu qonuniyatdan ham koʻz yuma olmaymiz.
– Suhbatimiz soʻngida oʻktam ilm kishisining ruhiyati va bu darajaga erishish yoʻli haqida aytib bersangiz. Chunki bu boradagi mulohazalaringiz ham yoshlarimiz uchun juda muhim. Ayting-chi, ilm yoʻli oʻzi nima va u qanday mezonlarga asoslanishi kerak?
– Ilm, haqiqatan, igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli mehnat. U oʻz-oʻzidan yuzaga chiqmaydi, katta fidoyilik talab qiladi. Ilm kishisi tartibli, intizomli boʻlishi shart, oromning bahridan kechishi, hamisha izlanishga oʻzini majburlashi kerak. Ozgina boʻsh keldingizmi, nimadandir ortda qolasiz. Olim sabr-toqatli, shu bilan birga, oʻziga ishonchi kuchli boʻlishi zarur.
Kashfiyot va ixtirolarni hayotning oʻzi taqdim etadi. Shu sababli ilm odami, avvalo, kuzatuvchan boʻlishi, borliqqa, atrofidagi voqeliklarga, yangilanishlarga befarq qaramasligi lozim. Bulardan yorugʻlik, yaʼni ziyo izlashi darkor. Yurtimiz yoshlari yangi ixtirolarga zamin boʻla oladigan voqeliklarga shohid boʻlib ulgʻaymoqda. Bu borada men yozuvchi Isajon Sultonning “Genetik” romanini misol qilib keltirgan boʻlardim. Chunki unda ayni shunday: borliqni kuzatish va mulohaza yuritish yangi kashfiyotlarga yoʻl ochib berishi haqida hikoya qilingan.
Bilim kishisi uchun gʻoya juda muhim, yaʼni har bir izlanuvchining oʻz gʻoyasi boʻlishi zarur. Gʻoya atrofimizdagi voqelik bagʻrida yashirin. Baʼzan jamiyat yangi gʻoyalarni qabul qilishga tayyor boʻlmaydi, bundan xafa boʻlmaslik kerak. Ilmiy gʻoyaning yaxshi-yomoni yoʻq, bugun boʻlmasa, erta-indin ahamiyat kasb etadi. Uni tashlab qoʻymay, jamiyatga foydali ekanini isbotlashga harakat qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, inson har qanday gʻoyani oʻzi “elakdan oʻtkazishi” zarur. “Bu gʻoya ortida qanday maʼnaviyat, qanday falsafa bor?”, “Elga, yurtga qanday foyda keltira oladi?” degan savollarni qoʻyishi samaralidir. Agar bu gʻoya hayotbaxsh boʻlsa, undan voz kechmasdan, matonat va bardosh bilan tadqiqotlarni davom ettirish tahsinga loyiq.
Masalan, oʻsimlikni qorongʻi joyga qoʻysangiz, tezroq oʻsa boshlaydi. Hujayra koʻpayishi tezlashadi, soyadagi oʻsimlik tezroq gullab, urugʻ tugishga urinadi. Sababi, qish kelishidan qoʻrqqani uchun tezroq hosil berishga, yaʼni avlod qoldirishga harakat qiladi. Tabiatda bu holat muttasil takrorlanib turadi. Buning falsafasi shuki, har qanday tiriklik oʻzidan mahsul qoldirishi kerak, tiriklikning buyuk falsafasi, mazmuni – oʻzidan zurriyot qoldirish. Quyosh uzoqlashishi, yorugʻlik va harorat kamayishi kuz kelishidan belgi bergani uchun oʻsimlik va daraxtlar dunyosi oʻz ezgu vazifasini bajarishga intiladi. Shu falsafani bilgan holda, uni texnologiyaga aylantirishga katta kuch sarfladik va oʻziga xos eʼtirof etilgan “gennokaut” texnologiyasini yaratib, tolani uzaytirish va bir vaqtning oʻzida tezpishar, hosildor, chidamli navlarni yaratdik. Demak, har bir gʻoyaning falsafasini oʻylab koʻrish kerak. Tadqiqot zaminida falsafa boʻlishi shart. Falsafiy yondashuv ilmga bejiz chambarchas bogʻliq emas. U orqali gʻoyalarning maqsadga muvofiqligi, uni davom ettirish toʻgʻrisida xulosalar qilinadi. Gʻoya egasi muayyan xulosaga kelgach, oʻz oldiga talab qoʻyib, unga erishishga harakat qilishi lozim. Shundayam, agar faraz rad etilsa, u notoʻgʻri degani emas.
Kashfiyot uchun kurashish kerak. Ulugʻ mutafakkirlarimiz ilmni “yetti parda ortidagi xazina”, deb bejiz taʼriflamagan. Ishonch, matonat, sabr, shijoat bilan intilsa, natija albatta boʻladi.
Prezidentimiz oʻz maʼruzalarida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish gʻoyasining ahamiyatini doim taʼkidlab keladi. Jaholatni zulmat desak, maʼrifat – nur. Oʻsimliklar yorugʻlikka intilgani kabi, barchamiz bilim, maʼrifat ziyosiga intilishimiz, hayot mahsullarini berishimiz kerak. Davlatimiz rahbari ilgari surgan gʻoyalar va belgilab bergan maqsadlar yoʻlida jipslashishimiz, bilim, tajriba, qobiliyat va salohiyatimizni ulugʻvor maqsadlar sari yoʻnaltirishimiz lozim. Shunda yashab oʻtgan umrimiz va mehnatlarimiz qiymat kasb etadi, el-yurtimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi.
Salim DONIYOROV suhbatlashdi.