“Bu cheksiz mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir”

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

    18 noyabr – “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan kun. Bu sanaga mamlakatimizda har yili alohida e’tibor qaratilib, keng nishonlanadi.

    Barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, – deya xabar bermoqda Akademiya matbuot xizmati.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Sirojiddin Rauf, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Kozimjon Tojiyev, O‘zbekiston Respublikasi Adolat-sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Umidjon Sulaymonov, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassisligidagi «Muhofaza +» jurnali va «Vaziyat» gazetasi Birlashgan tahririyati bosh muharriri Azamat Suyunov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sergeli tumani Kengashi raisi Azizbek Qayumov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev kirish so‘zi bilan ochib, Davlat bayrog‘i O‘zbekiston davlat suverenitetining ramzi va xalqaro munosabatlarda mamlakatimiz timsoli ekanligi haqida gapirdi. Yigirma to‘qqiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli ekanligini alohida e’tirof etdi.

    Tadbirda so‘zga chiqqanlar ozod va obod Vatanimiz — O‘zbekistonning bayrog‘i ham bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’ala ekanligini hamda Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo‘lish bilan birga millat bayrog‘i sifatida yuksak e’zozlanishi xususida fikr bildirdilar. Shuningdek, taklif etilgan mehmonlar tomonidan, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.

    Qolaversa, tadbir ishtirokchilariga she’rlar hamda Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etildi.

    Tadbir so‘ngida badiiy-ilmiy hamda qonunchiligimizga oid kitoblar yarmarkasi ham ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.

    — Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona o‘tash uchun bayrog‘imizni o‘pib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, yuzlaridagi quvonchni ko‘rib, faxrlanamiz. Ana shunday lahzalarda hech mubolag‘asiz Vatanimiz bayrog‘ini ko‘zimizga to‘tiyo qilgimiz keladi. Bu faxrlanish aslida yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir, – deydi polkovnik Abduazim Ahmadxodjayev. – Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

    – Bugungi tadbir biz – yoshlarning qalbimizda g‘urur va iftixor hissini yanada to‘lqinlantirib yubordi, – deydi Akademiya 3-bosqich kursanti Shahriddin Faxriddinov. – Biz ham buyuk ajdodlarimizning davomchilari sifatida davlatimiz rahbari yaratib bergan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, turli sohalarda yuksak cho‘qqilarni zabt etib, davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmog‘imiz shart deb bilaman.