Umumiy maydoni 2,5 gektar yerda limonchilik yoʻnalishida issiqxona qurish loyihasiga tamal toshi qoʻyilganiga ham mana uch yil boʻldi.

Amalda esa, hech narsa oʻzgargani yoʻq. Mahalla masʼullari hamrohligida bu yerdagi haqiqiy manzarani koʻrib, essiz shuncha mehnat, mablagʻ degan xulosaga keldik.

2020-yilda dahadagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerda issiqxona tashkil etilib, hududdagi kam taʼminlangan, ishsiz, mehnat migratsiyasidan qaytgan 125 ta oilaga, 2 sotixdan, 50 foiz subsidiya (7 mln 840 ming soʻm), qolgan yarmi ATB “Turonbank”ning imtiyozli krediti hisobidan taqsimlab berildi.

Yaxshi niyatda boshlangan ezgu ishlar yakuniga yetkazilmadi. Suvsizlik, qarovsizlik tufayli chala qolib ketgan issiqxonalarning bugungi holiga maymunlar yigʻlaydi. Yuzlab oilalar mushkulini oson qilib, roʻzgʻoriga baraka keltirishi kerak boʻlgan issiqxonadan hech kim, hech qanday maqsadda foydalangani yoʻq. Qovjiragan ariqlar, yirtilib ketgan plyonkalar hudud boʻylab sochilib yotibdi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi? Bu issiqxonalar haqiqatdan ham muhtoj oilalarga berilganmi? Shuncha vaqtdan buyon issiqxonani boʻlgan oilalar nega daromad olishmayapti?

– Yashash joyimizga yaqin hududda qurilgan issiqxonadan umidimiz katta edi, – deydi “Yangi asr” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat  qilayotgan Rustamjon Alimov. – Ammo bu yerda ekin ekib, daromad  olishning  imkoni yoʻq. Chunki issiqxonaga suv tarmogʻi tortilmagani uchun har qanday ekin eksak ham qurib qoladi. Ikki sotixli issiqxonadan bugunga qadar bir soʻm ham daromad olganimiz yoʻq. Lekin kreditni qaytarishning imtiyozli davri boʻlgani uchun bir amallab turibmiz. Imtiyozli davri tugagach, daromad olishning imkoni boʻlmasa, kredit qarzimizni qanday qaytarishga hayronman. Shifer zavodida ishlayman. Issiqxonalar suv bilan taʼminlansa, qoʻshimcha daromad olish imkoniyatiga ega boʻlardik. Bu masalada masʼullarga bir necha bor murojaat qilganmiz. Hammalari kelib, koʻrib ketishadi, amalda esa hech narsa oʻzgargani yoʻq.

Yillar davomida haqli eʼtirozlarga sabab boʻlib kelayotgan issiqxonani suv bilan taʼminlash borasida  oʻtgan yili amaliy ishlarga kirishildi. Mavjud holatni oʻrganish va kamchiliklarni bartaraf etish, ekin maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida ishchi guruh tuzilib quduq qazildi, suv minorasi oʻrnatildi. Ammo bu ish ham oxiriga yetgani yoʻq. Oʻrnatilgan suv minorasi boshqa qurilish obyekti hududida  tiklangani  bois koʻchirib  tashlandi.

– Issiqxonalarning ishga tushmayotganligining birdan bir sababi, suv taʼminoti bilan bogʻliq, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini hokim yordamchisi Sherzod Normatov. – Issiqxona olgan  barcha fuqarolar haqida aniq maʼlumotlarga ega emasmiz. Chunki yer maydonlari tumandagi boshqa mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashayotgan,  ijtimoiy  himoyaga muhtoj oilalarga ham berilgan. Oʻrganishlarimiz natijasiga koʻra, 7 nafari bizning mahallada yashayotgan fuqarolar. Ular issiqxona faoliyatini yuritishga tayyor. Lekin dehqonchilik qilish uchun suv  yoʻq. Muammo hal etilsa, bu yerda ishlash istagida boʻlgan  tashabbuskor  tomorqachilar koʻpchilikni tashkil etadi. Ular roʻyxatini shakllantirib  tuman mehnat boʻlimiga havola qilganmiz. Mahallamizda mehnatga layoqatli 120 nafar ishsiz fuqaro bor. Shuningdek, 117 nafar “Ayollar daftari” 16 ta  “Yoshlar daftari” va  17 ta “Temir daftar” da turadi. Aksariyati dehqonchilik qilishga ishtiyoqmand, qobiliyatli kishilar.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bandligini taʼminlash, farovonligini  oshirish yoʻlidagi loyiha boshlanganidan  buyon, tumanda uch bor hokim oʻzgardi.  Ammo muammo oʻsha-oʻsha turibdi. Oʻtgan yilning sentyabr oyida masalaga ijobiy yechim topish maqsadida  “Vodil Mindonobod limonlari” kooperatsiyasi  tashkil etildi. Biroq boshlangan ish oxiriga yetmay toʻxtab qoldi. Nima uchun?

– Bu yerda dastlabki bosqichda yuz million  soʻmga yaqin investitsiya kiritib, oʻndan ortiq issiqxonalarga limon koʻchatlar ekdik, – deydi kooperatsiya rahbari Abdugʻaffor Mamajonov. – Suv yoʻqligi  bois koʻchatlar qurib ketdi. Mavjud ekin maydonlarini qonuniy biriktirib berish  masalasi hal etilmayotgani sababli  loyihaga sarmoya jalb etishni toʻxtatib turibmiz. Suv olib kelish, tomchilatib sugʻorish tizimi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, obodonlashtirish borasida imkoniyatlarga egamiz. Ekin maydonlarini shartnoma asosida hujjatlashtirib berish yuzasidan amaliy yordam soʻrab bormagan joyimiz, bosh suqmagan idoramiz qolmadi. Masala hanuzgacha hal etilgani  yoʻq. Bu ishlarga bevosita daxldor boʻlgan tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi turli bahonalarni roʻkach qilish bilan ovora.

Fargʻona tumani hokimining 2020-yil, 2-iyul kungi №441-sonli qaroriga  koʻra, yerdan belgilangan maqsadlarga muvofiq  foydalanish, kooperatsiyalar faoliyatini  yoʻlga qoʻyish, tuproq unumdorligini oshirish, belgilangan shakldagi hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etish, qishloq  xoʻjaligi ekinlari hosildorligini (3 yil mobaynida oʻrtacha yillik hisobda) yerlarning normativdagi kadastr bahosidan past boʻlmagan darajada boʻlishini taʼminlash vazifasi belgilangan va uning ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari zimmasiga  yuklatilgan. Guvohi boʻlganimizdek, chala-yarim qolgan  issiqxonalar yaroqsiz, tashlandiq boʻlib, yuzdan ortiq oilaning hech biri undan  foydalangani yoʻq.

Mavjud holat bilan bogʻliq vaziyatni oʻrganish jarayonida  tuman hokimining oʻrinbosari Shahboz Sayfutdinov, fermer, dehqon xoʻjalik va tomorqa yer egalari kengashi raisi Otabek Xoliqov,  bank sohasi mutasaddilari bilan hamsuhbat boʻldik. Ular mavjud masalalar shu kunlarda bartaraf etish choralari koʻrilayotgani, masʼullarga tegishli vazifalar yuklatilgani, muammoga tez kunlarda yechim topilishini bot-bot takrorlashdi. Shunday boʻlsa-da, bu mavzuga yana qaytishga qaror qildik.

Rasuljon Kamolov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.

Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.