Fargʻona viloyatida import kamayib, eksport oʻsmoqda

    Biznes 28 Iyun 2023 1542

    2017–2022-yillarda viloyatda importni optimallashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirishga eʼtibor qaratilishi natijasida mahalliylashtirish loyihalari soni keskin oshdi, sifati yaxshilandi.

    Gaz plitasi, kir yuvish mashinasi va vositalari, tibbiy radiologik tekshiruvlar uchun rentgen plyonka, velosiped ehtiyot qismlari, suv isitish qozonlari, poliefir tola, innovatsion eshitish moslamalari, melamin qatroni bilan toʻyintirilgan qogʻoz, oʻt oʻchirish kukuni, shpris va tibbiy infuzion tizimlar, sunʼiy moʻyna, kosmetika mahsulotlari, elektroskuter, yuk mashinalari uchun vallar, sanoat tishli gʻildiraklar, dori-darmon vositalari...

    Fargʻona viloyatidagi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan bunday mahsulotlar turini yana koʻplab sanash mumkin. Zero, viloyatda bu yoʻnalishdagi loyiha va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor berilyapti.

    Bundan besh-olti yil avval ishlab chiqarish va aholi ehtiyoji uchun muhim boʻlgan aksariyat mahsulotlar chetdan katta mablagʻ va ortiqcha ovoragachiliklar hisobiga olib kelingan. Ularni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish haqida gapirish xomxayoldan boshqa narsa emasdek koʻrinardi. Bugun esa ularning soni kundan-kunga koʻpayib bormoqda.

    2017–2022-yillarda viloyatda importni optimallashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirishga eʼtibor qaratilishi natijasida mahalliylashtirish loyihalari soni keskin oshdi, sifati yaxshilandi. Oʻtgan yilning oʻzida bu yoʻnalishda 144 ta loyiha ishga tushirildi. Bu 2017-yilga nisbatan 7 barobar koʻp.

    2017-yilga qadar viloyatda mahalliylashtirish dasturiga muvofiq ishga tushirilgan loyihalar soni 9 ta boʻlib, bor-yoʻgʻi 40 nafar aholi bandligi taʼminlangan, xolos. Hozirga kelib ishga tushirilgan yangi loyihalar hisobiga 1 trillion 303 milliard soʻmlik (2017-yilga nisbatan oʻsish qariyb 52 barobar) import oʻrnini bosuvchi, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarildi, 600 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. Loyihalarning import oʻrnini bosish samaradorligi 117,9 million dollarga yetdi, 41 ta zamonaviy loyiha doirasida 14,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi, 68 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    — Soʻnggi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar tufayli sohada imkoniyatlar koʻlami yanada kengaydi, — deydi Fargona viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari buyicha yordamchisi Akmaljon Poʻlatov. — Jumladan, tadbirkorlik sohasida talab etiladigan 114 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, xabardor etish tartibi joriy qilindi, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaydi, tekshiruvlar qisqartirildi, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga, ijtimoiy soliq stavkalari 25 foizdan 12 foizga tushirildi. 3,5 ming turdagi tovarlar uchun import boji va 1,1 ming turdagi tovarlar uchun aksiz soligʻi bekor qilindi, 3 mingdan ziyod turdagi tovarlar uchun import bojlari kamaytirildi. Investitsiya muhitini tubdan yaxshilash va sohalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan yangi loyihalar ham koʻpayib bormoqda. 2017-yilda 46 ta loyiha doirasida 475,8 milliard soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, 2022-yilda 1121 ta loyihaga 5,9 trillion soʻmga teng mablagʻ yoʻnaltirildi.

    Qoʻqon shahrida “Life Import” MCHJ tomonidan ishga tushirilgan loyiha doirasida 6,6 million dona shpris va tibbiy infuzion sistemalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Fargʻona shahrida ish boshlagan “To Produce And Sell Construction Materials” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan 4,1 milliard soʻmlik qiymatdagi melamin qogʻozlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mebelsozlik sanoati uchun muhim boʻlgan xomashyo shu kunga qadar katta sarf-xarajatlar hisobiga chetdan olib kelingan. Mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va tannarxining arzonligi bilan eʼtiborni tortadi.

    Bugungi kelib mahalliylashtirilgan mahsulotlarning viloyat sanoatidagi ulushi 4,3 foiz, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa 2,3 foizni tashkil qildi. Sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 24 ta loyihada umumiy qiymati 209,2 milliard soʻmlik xalq xoʻjaligi tarmoqlari uchun kerakli butlovchi qism va materiallar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Fargʻona shahridagi “Oil Filter Technologies” MCHJ QK tomonidan sanoat filtrlari, “Shturval” MCHJda yirik sanoat korxonalarida qoʻllaniladigan aktivlashtirilgan koʻmir, seolit, silikagel, “Qoʻqon” EIZda joylashgan “Imkon Plast Sez” MCHJda plastmassa va rezina buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun polimer plastifikator xomashyosi, “Best Design Wire And Cable” MCHJda elektrotexnika sanoati uchun turli elektr uzatgich va kabellar ishlab chiqarish yoʻlida amalga oshirilgan loyihalar viloyat sanoat salohiyati jozibardorligini oshirish, eksport hajmini koʻpaytirishga xizmat qilmoqda.

    Endilikda sanoat mahsulotlari bozorining barcha qatlamlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni maqsadli jalb qilish, respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari turi, texnik tavsiflari va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berish maqsadida elektron kooperatsiya portali faoliyatini tashkil qilish va muntazam ravishda sanoat yarmarkalari oʻtkazish kabi ustuvor vazifalar ijrosi ustida ish olib borilmoqda. Elektron kooperatsiya portalida hozirga qadar viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 7478 ta hududiy sanoat korxonasidan 6080 tasi roʻyxatdan oʻtkazildi, 5880 ta korxonaning 1532 turdagi mahsuloti portalga joylashtirildi.

    Tadbirkorlik subyektlari uchun hamkorlar topish, shu jumladan, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishning muhim vositasi sifatida xizmat qilayotgan elektron kooperatsiya portali orqali sanoat mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha xoʻjalik shartnomalarini masofadan turib tuzish imkoniyati ham taqdim qilindi. Oʻtgan yil yakuniga koʻra, elektron portal doirasida viloyatdagi hududiy sanoat korxonalari tomonidan mahsulot sotish boʻyicha umumiy qiymati 640,2 millard soʻmlik 4060 ta shartnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, viloyatlarda oʻtkazilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida sooperation.uz elektron savdo platformasi orqali 426 ta hamkorlik aloqsi yoʻlga qoʻyildi.

    Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirish, quvvatlardan toʻliq va samarali foydalanish orqali import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashni oʻzlashtirish hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarining kengaytirilayotgani istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish imkoniyatini bermoqda.

    Fargʻona viloyatida kelgusi yetti yilda bu yoʻnalishda 231 ta istiqbolli loyiha amalga oshiriladi. Buning hisobiga shu kunga qadar import qilinayotgan va talab yuqori boʻlgan 81 turdagi yangi mahsulot oʻzlashtirish asnosida 1070 nafar yangi ish oʻrni va 70 million dollarga teng qoʻshimcha eksportni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri