Qayd etilishicha, ushbu yer maydonida koʻp yillik qimmatbaho daraxtlar mavjudligiga qaramasdan, 2025-yil 22-yanvarda Quvasoy shahar hokimi tomonidan auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalariga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi qaror (31-11-167-Q/25-sonli) qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu yer maydonida koʻp qavatli turar joy binolari, yirik universal va ixtisoslashtirilgan savdo doʻkonlari, supermarketlar, restoranlar qurish loyihasini amalga oshirish va auksion savdolariga chiqarish maqsadida yer maydoni 2 ta lotga boʻlingan holda “Elektron“ avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan.
Taʼkidlash joizki, kelishish jarayonida Quvasoy shahar ekologiya boʻlimi tomonidan 2025-yil 3-fevralda “Elektron“ avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali koʻp yillik daraxtlar mavjud boʻlganligi sababli ushbu yer maydonida loyihani amalga oshirish mumkin emasligi koʻrsatilgan va rad javobi berilgan.
Shunga qaramasdan, Quvasoy shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari v.b. N.M.ning topshirigʻiga asosan 11–14-fevral kunlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida 270 tup (sasna, kashtan, katalpa, Yapon saforasi, tut, aylant) daraxt 16 ta joyga noqonuniy ravishda koʻchirib oʻtqazilgan va 9 tup daraxt koʻchirish jarayonida nobud qilingan.
Shuningdek, hokimlik mansabdor shaxslarining notoʻgʻri qarorlari va noqonuniy topshiriqlari oqibatida koʻchirilgan daraxtlar kelgusida nobud boʻlishi xavfi yuqori boʻlgan yer maydonlariga ekilgan.
Daraxtlarni noqonuniy koʻchirish natijasida tabiatga umumiy 1 mlrd 829 mln 437 ming 500 soʻm zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Hozirda toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.