Bugungi kunda mamlakatimizda aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlash, farmatsevtika tarmogʻiga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish, tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirib kelinyapti.
Shu bilan birga, tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, mamlakatimizda donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, farmakologik vositalar va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish, shuningdek dori vositalarini va farmatsevtika mahsulotlarini roʻyxatdan oʻtkazish shartlarini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelgan.
Ushbu Qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarida sogʻlom shaxslarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatlarini oʻzgartirish uchun imkoniyatni nazarda tutuvchi, shuningdek bir ishlab chiqaruvchining turli savdo nomlari ostidagi, tarkibi bir xil dori moddalaridan iborat boʻlgan dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Bundan tashqari, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonunga donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlariga donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda toʻplashni, tayyorlashni, qayta ishlashni va saqlashni amalga oshirishga ruxsat beradigan oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun qon preparatlariga boʻlgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishini taʼminlashga xizmat qiladi deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.