Yaqinda bir doʻstimizning uyida mehmon boʻldik. Anʼanaga koʻra osh damlandi. Dasturxon atrofida farzandlarimiz bilan oʻtiribmiz. Kimdir qoʻl bilan, kimdir qoshiq bilan osh yeyishni boshladi. Shunda doʻstimning 8-sinfda oʻqiydigan qizi: “Tasavvur qiling, hozir yonimizda ingliz sayyohlari oʻtirgan boʻlsa, men ularga “Pilaf is eaten by hands” (Bizda palov qoʻl bilan yeyiladi), deya maqtangan boʻlar edim”, dedi kulib. Toʻrda oʻtirgan yana bir mehmon doʻstimiz esa qoʻlidagi qoshiqni oshlagan chetiga qoʻydi-da: “Bu maqtanadigan odat emas, qizim. Bir zamonlar bizda qoshiq taqchil boʻlgan, shuning uchun ham oshni qoʻlda yeyish sunʼiy urfga kirgan”, dedi tarixda yangi sahifa ochgandek maqtanib. Qizimiz esa jim boʻlib qoldi. Bitta gap bilan uning qalbida kurtak otayotgan milliy gʻurur hissi lat yeganini sezdim-u, ishtaham boʻgʻildi.
Milliy tarbiyadagi nuqsonlarimiz alohida mavzu. Oʻzbeklar dasturxonida qoshiqlar shovuri qachon boshlangani ham tarixchilar hukmiga havola. Biz dasturxon atrofidagi bu qisqa voqea fonida ong uchun kurash va axborot jangi oqibatida sodir boʻlgan fojiani koʻrdik. Endi doʻstimning qizi xorijlik sayyohlar oldida hech qachon maqtana olmaydi. Aksincha, ular osh yeymiz desa, qimtinib turishi tabiiy.
Milliy mafkura uchun kurashda biz — ommaviy axborot vositalari qanchalik ilgʻor va faolmiz, taʼsirchan va vatanparvarmiz? Shu yoʻlda jurnalistlar bilan birdek masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari ham bu haqda hech oʻylab koʻrganmikan? Ularning matbuot kotiblari-chi?
Zamonning yangi bir ruhi
Biz fenomen hodisalar davrida yashayapmiz. Chekimizga murakkab, tahlikali sharoitlarda yashab, xayrli maqsadlar yoʻlida oʻzimizni qiynash, kelajak avlodlarimiz uchun xavfsiz va tarixiy buyuk Vatanni meros qoldirish vazifasi tushgan. Bu ogʻir muddao juda sharafli hamdir. Kelgusi tarix biz haqimizda ijobiy xulosalar bitishi uchun hali koʻp harakat qilishimiz kerak.
Muammolar esa har doim ham boʻlgan. Darvoqe, muammo haqida. Muammo tizimdagi boʻshliqlar taʼsirida yuzaga keladi. Bu boʻshliqni toʻldiruvchilar esa hamisha hushyor turadi. Shu oʻrinda yuqoridagi savollarga javob izlashga harakat qilamiz.
Bugun xalqimiz bilan birgalikda Yangi Oʻzbekistonni qurish va hayotimiz farovonligini taʼminlash yoʻlida katta marralarni bosib oʻtmoqdamiz, salmoqli, tarixiy yutuqlarga erishyapmiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida Yangi Oʻzbekiston jamiyati haqida toʻrtta muhim tushunchani aytib oʻtgan.
Birinchisi: Yangi Oʻzbekiston — mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlik yoʻlining yuqori bosqichi.
Ikkinchisi: Yangi Oʻzbekiston — kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam koʻmak va yordam berish, mehr-oqibat koʻrsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan ijtimoiy makon.
Uchinchisi: Yangi Oʻzbekiston — jahon hamjamiyati bilan, eng avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik va hamkorlik eshiklari keng ochilayotgan, mamlakatimizning jozibador demokratik qiyofasi yangilanayotgan bugungi betakror zamon.
Toʻrtinchisi: Yangi Oʻzbekiston — oʻzgarib, kuch-qudratga toʻlib borayotgan, dunyo ahli eʼtirof etayotgan yangilangan jamiyat, dunyoga yuz tutayotgan erkin bir oʻlka.
Mana shu tushunchalar bizning oldimizga yangi falsafiy qarashlar va ijtimoiy intilishlarni qoʻyadi. “Bular nimalarda aks etishi kerak?” savoli qoʻyilsa, eng avvalo, matbuot koʻzgusida, degan boʻlardik. Boisi, bugun milliy matbuotimiz mutlaqo yangicha format va avval kuzatilmagan, imkoniyat berilmagan soʻz erkinligi muhitida shakllanib ulgurdi.
Mamlakatimizda axborot maydonining lokomotivlari — jurnalist va blogerlar qoʻllab-quvvatlanayotgani, ularning erkin va faol ijod qilishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani va bunga Prezidentimiz alohida ahamiyat qaratayotgani ham bejiz emas.
Boisi, davlatlararo munosabatlarda siyosiy qarashlarning tobora keskinlashayotgani, ziddiyatli tarafga oʻzgarayotgani, bu jarayonda esa, eng avvalo, axborot kurashida milliy manfaatlar ustun qoʻyilayotgani hech kimga sir boʻlmay qoldi. Shunday ekan, bugun biz, jurnalist va blogerlar tahliliy-tanqidiy faoliyatimizni ana shu global ehtiyoj nuqtai nazaridan yoʻlga qoʻyishimiz bugungi zamon talabi oʻlaroq yuzaga qalqmoqda.
Bir oʻylab koʻraylik, milliy media sohasi vakillariga bugungidek keng imkoniyat va imtiyoz qachon berilgan? Bilishimizcha, hech qachon. Endigi gap bu sharoitdan kim qaysi maqsadda foydalana olishida qolmoqda.
Toʻgʻri, bizga tanqid kerak. Ammo u haqqoniy boʻlsin. Prezidentimiz har safar jurnalistlar bilan uchrashganida hamkasblarimizni joylardagi, soha va tarmoqlardagi, umuman, hayotdagi muammolarni ochiq-oydin, islohotlar samarasini reallikka asoslanib, boʻrttirmasdan, yashirmasdan, boricha aytishga chorlab keladi. Biz shunga koʻnikib boʻldik.
Ammo masalaning ikkinchi tomoni boʻy koʻrsata boshladiki, bu har birimizni jiddiy oʻylantirishi kerak. Biz dunyo miqyosidagi axborot oqimi fonida avj olayotgan milliy davlatchilik manfaatlarini himoya qilishda bir oz sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgandekmiz.
Bu nimalarda koʻzga tashlanadi? Masalan, gʻarbu shimol nashrlari bugun jiddiy ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ekosiyosiy, geosiyosiy mavzular bilan toʻlib-toshib turibdi. Ular koʻtarayotgan masalalar ohangi butun dunyoni tutmoqda. Bu targʻibot, avvalo, oʻsha mamlakat manfaatlari va gʻoyalarini yoyish bilan alohida xususiyat kasb etadi. Chunki gʻoyalar jangi avj olayotgan bugungi dunyoda milliy manfaatlar zuhur etilishi ham juda zarur boʻlib bormoqda.
Biz esa davlatning oʻzi qoʻllab-quvvatlab turgan bir paytda hali-hamon “ichki oshxonamiz”dagi ur-surlar bilan bandmiz. Toʻgʻri, bu kerak. Bu jamiyatdagi illatlarni yoʻqotish uchun ham kerak. Ammo bir narsani unutmaslik zarur, zamonning yangi bir ruhi paydo boʻlgan sharoitda endi biz xalqaro miqyosda tahlil yuritadigan bosqichga oʻtishimiz kerak. Negaki, xalqaro siyosatda bugun Yangi Oʻzbekiston fenomeni paydo boʻldi. Bu qutlugʻ hodisa zamirida Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekiston orzusi va uning asosida ishlab chiqilgan strategiyada Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarimiz, butun jahon hamjamiyati, uzoq-yaqindagi davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik, tobora globallashib borayotgan bugungi dunyodagi muammolarni birgalikda hal qilish, eng rivojlangan mamlakatlar safiga kirishdek amaliy saʼy-harakatlar mujassam”.
Shunday ekan, biz, avvalo, milliy media sohasidagi hozirgi holatimizga bir qur nazar tashlab, muammo va kamchiliklarni roʻy-rost aytmogʻimiz ham foydadan xoli boʻlmaydi.
Rost gap oʻrnini yolgʻon egallamasin
Yuqorida aytganimiz kabi, bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy va mahalliy OAV vakillariga, mustaqil jurnalist va blogerlarga aniq va xolis axborotni birinchi manbadan toʻgʻridan-toʻgʻri, hech qanday toʻsiqsiz olish imkoni yaratilgan. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan gʻoyaning hayotga tatbiq etilishi natijasida bunday imkoniyat yanada kengaydi.
Funksional vazifamizdan kelib chiqib, Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida matbuot anjumanlari, brifinglar, turli shakldagi uchrashuvlar oʻtkazishga tashkilotchilik qilamiz. Bu kabi tadbirlar soni keyingi yillarda juda koʻpaydi, deyishga ham asoslarimiz bor. Har kuni bir-ikkita shunday tadbirlar boʻladi. Hisob-kitob qilsak, oʻtgan 6 yilda markazimizda 1500 ga yaqin matbuot anjumani oʻtkazilibdi. Mana ularning solishtirma koʻrsatkichi: 2010-yilda 45 ta matbuot anjumani tashkil etilgan boʻlsa, 2017-yilda 196, 2018-yilda 238, 2019-yilda 251, 2020-yilda 129, 2021-yilda 315, 2022-yilda 319-marta matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Bu raqamlar, qaysidir maʼnoda, axborot maydonidagi tarqoqlik sabab paydo boʻlgan mavhumlik va chalkashliklarga barham berdi. Axborotlarni tezkor ravishda tahlil etib, ularning toʻgʻri va xolisligini taʼminlaydigan tizim yaratildi. Oʻzbekiston aholisi birinchi marta toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali har kuni respublika tashkilotlari masʼul rahbarlarining axborotini eshitdi, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga matbuot anjumanlari vaqtida onlayn savol yoʻllash orqali javob olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Lekin bizni oʻylantiradigan boshqa bir jihat bor. Bu jarayonda aksariyat vazirlik va tashkilotlar faol boʻlishga intilgani holda, jurnalistlar bilan muloqot qilishdan, kunning dolzarb mavzulari yuzasidan odamlarda tugʻilayotgan savollarga ochiq maʼlumotlarni aytishdan ihotalangan idoralar masʼul rahbarlari va matbuot kotiblari ham boʻldi va hamon bor.
Ularni hozir birma-bir sanamadik. Boisi, bugungi davr shiddati bizdan bir-birimizni ayblash emas, xatolardan xulosa chiqarib, hamjihatlikda ishlashni talab qilmoqda. Lekin bir narsani aytish mumkinki, OAVdan ihotalangan soha masʼullari va matbuot kotiblari oʻz faoliyatini, jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik masalasini qayta koʻrib chiqishi va isloh qilishi kerak. Chunki yuqorida aytganimiz kabi, qayerdaki boʻshliq paydo boʻlsa, uni toʻldirishga hoziru nozir “tashqi doʻstlarimiz” borligini unutmasligimiz shart.
Ularni ham qoʻya turaylik. Avvalo, jamiyatimizdagi tinch-osoyishta muhitni oʻylaylik. Aytaylik, bugun gaz yoki elektr energiyasi masalasida odamlarni oʻylantirayotgan, tashvishga solib, ertangi kunidan xavotir olishgacha borib yetayotgan masalalar haqida qancha gap-soʻzlar tarqaldi. Orada xorij matbuotidagi yolgʻon, asoslanmagan tahliliy maʼlumotlar ham odamlarni ancha chalgʻitib, kayfiyat qobigʻini tildi.
Yaxshiki, mutasaddi rahbarlarimiz tezda bu masalaga oydinlik kiritdi. Vaziyat yana iziga tushdi. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, har qanday voqea-hodisalarga faktlar bilan asoslangan axborot manbasi kerak boʻladi. Bu oʻzimizning manba boʻlsin, toki odamlarimiz tashqi axborot manbalaridan ozuqa olmasin.
Axir odamlar, shu jumladan, jurnalist va blogerlar ochiqlanmagan axborotlarni yot, shubhali manbalardan izlabgina qolmay, topib olayotganini hammamiz koʻrib-bilib turibmiz. Ular topgan javobning toʻgʻri yo notoʻgʻriligi, xolis yo noxolisligi alohida masala, albatta.
Kundan-kunga shiddat bilan oʻzgarayotgan, nihoyatda murakkablashgan bugungi davr, tobora globallashayotgan dunyo uzuq-yuluq axborotlar bilan qanoatlanmay qolgani hech birimizga sir emas. Shuning uchun ham bugun toʻgʻri va xolis axborotlar muntazam aytilishi kerak, yolgʻonga joy qolmasligi zarur. Aytilmay qolgan rost gapning oʻrnini yolgʻon gap egallashini zinhor unutmasligimiz lozim.
Shunday ekan, bir-biridan muhim, dolzarb vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish jarayonlari haqidagi shaffof, toʻgʻri hamda xolis axborotlar bugun jamiyatga suv bilan havodek zarur.
Shundan kelib chiqib, mavridi bilan bugun hamkasblarimiz oldida qanday vazifalar turgani haqida ham ayrim mulohazalarimiz bilan oʻrtoqlashsak.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga bergan intervyusida xalq bilan muloqot qilish, ularning fikrini olish imkoni, bu boradagi “boʻshliq”ni toʻldirish haqida gapirar ekan, jumladan, shunday degan edi: “...Albatta, bugungi kunda odamlarni qanday masala va muammolar oʻylantirayotgani, tashvishga solayotganini yaqindan bilishda yordam beradigan ochiq manbalar, axborot tarmoqlari koʻp.
Ayniqsa, televideniye, matbuot, internet hayot nafasini, taʼbir joiz boʻlsa, har bir sohaning “yurak urishi”ni aniq-ravshan his qilishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan oʻzim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-eʼtiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman.
Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas. Shunga qaramasdan, xalq bilan turli koʻrinishdagi, deylik, bu rejadagi tadbir boʻladimi yoki mahalla, tuman, qaysidir muassasaga kutilmagan holatda kirib borish orqali boʻladimi, umuman, bevosita muloqot hamisha kerak, deb hisoblayman”.
Davlatimiz rahbarining mana shu fikrlari va boshqaruvdagi shaxsiy yondashuvi biz, media soha vakillari uchun asosiy prinsipial xarakter kasb etishi bugungi kun talabidir.
Shu maʼnoda, oldimizda nihoyatda katta vazifa turganini ham anglab yetish mushkul emas. Bu, birinchidan, islohotlarning haqqoniy borishi haqida xolis axborot oqimini hosil qilish. Ikkinchidan, xalqimizning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish yoʻlida gʻov boʻlib qolayotgan korrupsiya, byurokratizm, taʼmagirlik va loqaydlik singari illatlarga qarshi olib borilayotgan izchil kurashlar haqida ochiq-oydin axborot berib borish. Uchinchidan, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, oʻz kuchiga, ertangi kuniga boʻlgan ishonchini mustahkamlash va yangi marralar sari safarbar etish borasida olib borilayotgan ustuvor vazifalar haqida, mamlakatimizda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi toʻgʻrisida maʼlumotlarni aholiga izchil ravishda yetkazib borish. Toʻrtinchidan, odamlarda katta qiziqish uygʻotayotgan voqea-hodisalar, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan kechiktirmasdan munosabat bildirilishi, muayyan mavzu boʻyicha xalqimizda, jurnalistlarda, shu jumladan, blogerlarda tugʻilayotgan savollarga aniq va asosli javob aytilishini taʼminlashimiz kerak.
Demak, bu borada OAV vakillari bilan birga davlat va nodavlat tashkilotlar masʼullari ham birdek javobgar va burchli ekanini unutmasligimiz zarur.
Maqolamiz avvalida dasturxon atrofidagi ong uchun kurash va axborot jangi fojiasi haqida aytgan edik. Oʻrtadagi shuncha gap-soʻzlardan keyin xulosa oʻrnida taʼkidlashni istardikki, Yangi Oʻzbekiston media tuzilmasi oldida nihoyatda muhim vazifalar turibdi. Bu vazifalarni, asosan, vijdoniy havola sifatida ham qabul qilish vaqti keldi. Nihoyat biz shunday boʻlishimiz kerakki, toki kelajak avlod bugungi axborot oqimida va gʻoyalar jangida hech qachon boʻyin egib qolmasin.
Shavqiddin GʻANIYEV,
Oʻzbekiston Milliy matbuot markazi raisi