Qishloq xo'jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotining etakchi sohalaridan biri bo'lib, ayniqsa, so'nggi to'rt yarim yil ichida uni rivojlantirish va samaradorligini oshirish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etdi. Zero, davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligi, dasturxonimiz fayzi bevosita agrar tarmoq istiqboliga bog'liq. Shuning uchun sohada islohotlarni amalga oshirish jarayonida bozor munosabatlarini joriy qilish va xususiy mulkchilik shaklini rivojlantirishga yo'naltirilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayapti. Bu esa o'zining yuksak samaralarini berayotgani quvonarlidir.
Darhaqiqat, buni yurtimizda dunyoning taraqqiy etgan davlatlari tajribasida o'zini har tomonlama oqlagan fermerlik harakati joriy etilgani misolida yaqqol ko'rish mumkin.
Koronavirus pandemiyasi jahon mamlakatlari qatori yurtimizda ham ko'pgina rejalarni amalga oshirishga jiddiy ta'sir ko'rsatyapti. Lekin mamlakatimiz Prezidenti tomonidan o'z vaqtida ko'rilgan choralar natijasida 2021-yilning birinchi yarim yilligini yalpi ichki mahsulotning o'tgan yilning shu davriga nisbatan 106,2 foizga o'sishi bilan yakunlashga erishildi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmog'i kabi agrar sektorda ham keng ko'lamli islohotlar olib borildi. Xususan, bugungi kunga qadar yerlarni foydalanishga kiritish uchun 1 203 km sug'orish tarmoqlari qurilib, 391 km kollektor tarmoqlari ta'mirlandi, 997 dona sug'orish quduqlari va 201 dona nasos agregatlari o'rnatilib, 1 782 km elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Natijada respublika bo'yicha jami 189,0 ming gektar, shundan 100,5 ming gektar foydalanishdan chiqqan yerlar hamda yer osti zaxira suvlari mavjud bo'lgan 88,4 ming gektar cho'l, adir hududlardagi lalmi va yaylov yerlar o'zlashtirilib, qishloq xo'jaligi foydalanishiga kiritildi.
O'zlashtirilgan yer maydonlarda 20 ming gektar sabzavot, 12,5 ming gektar poliz, 18,2 ming gektar moyli, 17,3 ming gektar dukkakli, 38 ming gektar ozuqa ekinlari, 37,9 ming gektar bog', 26 ming gektar uzumzor, 9,2 ming gektar sholi va 9,8 ming gektar boshqa qishloq xo'jaligi ekinlari joylashtirildi.
2021-yilda fermer xo'jaliklari va qishloq xo'jaligi korxonalari tomonidan 7 mln tonna sabzavot, 1,6 mln tonna kartoshka, 3,1 mln tonna meva va 1,8 mln tonna uzum etishtirish belgilangan. Buning uchun qo'shimcha ravishda hisobot davrida 64 ming gektar mevali bog' va 37,6 ming gektar uzumzorlar barpo etildi. Mevali bog'lar va uzumzorlarni tashkil etish uchun 64,3 ming dona mevali, 100,6 ming dona tok ko'chatlari hisob-kitob qilinib, bugungi kunga qadar 44,9 mln dona meva va 51,9 mln dona tok ko'chatlari yetkazib berildi.
Fermer va qishloq xo'jaligi korxonalarning g'alladan bo'shagan takroriy maydonlariga 92,5 ming gektar sabzavot, 22,9 ming gektar kartoshka va 33,8 ming gektar poliz ekinlari ekilishi belgilangan bo'lib, o'tgan davrda 13,2 ming gektar sabzavot, 453 gektar kartoshka, 10,7 ming gektar poliz ekinlari ekilgani agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar natijasi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Prezidentimizning tashabbuslari bilan yoshlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida joriy yildan boshlab, respublikada qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yoshlarga asosiy maydondan qariyb 62 ming gektar yer maydonlari hamda g'alladan bo'shagan maydonlardan 64,3 ming gektar maydonlar takroriy ekin ekish uchun jami 416,2 mingta yoshlarga ajratib berildi.
Davlatimiz Rahbarining joriy yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida fermer xo'jaliklari va klasterlar ixtiyoridagi er maydonlaridan fuqarolarga 10 yil muddatgacha dehqon xo'jaligi tashkil etish hisobiga yer berish bo'yicha topshirig'i ijrosini ta'minlash bo'yicha choralar ko'rilmoqda. Ya'ni, dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, Respublika bo'yicha 450 mingdan ziyod fuqoralarga 75 ming gektardan ziyod maydonlarni ajratib berish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 10,8 ming gektarni 44,4 ming fuqaroga, Farg'onada 8 ming gektarni 54 ming fuqoraga, Namanganda 7,9 ming gektarni 55 ming fuqaroga, Qoraqalpog'iston Respublikasida 6 ming gektarni 30,7 ming fuqaroga, Andijon viloyati 3,1 ming gektarni 31,3 ming fuqaroga, Jizzax viloyati 7 ming gektarni 22,5 ming fuqaroga, Sirdaryoda 5,8 ming gektarni 28,7 ming ishsiz fuqarolarga dehqonchilik qilish uchun ajratib beriladi.
Mamlakatimizda fermer, dehqon xo'jaliklarini va tomorqa er egalarini yanada rivojlantirish, ularning faoliyat ko'lamini kengaytirishga ustuvor ahamiyat berilayapti. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 9-oktyabrda imzolangan “Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo'jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 5199-sonli Farmoni muhim omil bo'lmoqda. Unga asosan, avvalo, fermer va dehqon xo'jaliklari harakatini rivojlantirish hamda aholi tomorqa yer egalarini qo'llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratildi va boshqarish tizimida yangi tuzilma — O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari va uning quyi bo'g'inlari tuzildiki, bu fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalarining huquq va manfaatlarini yanada kuchaytirish, ularning vakolatlarini kengaytirish, ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini tashkil etish, tomorqadan 2-3 martadan hosil olish, eng asosiysi, sohaga ilm-fan yutuqlari hamda eng zamonaviy agrototexnologiyalarni tatbiq qilish imkoni berdi.
Farmonda ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini tashkil etish, shu orqali qishloq joylarda sanoatni rivojlantirish, xom ashyoni chuqur qayta ishlashni yo'lga qo'yish vazifasi ham o'z ham aksini topgan edi. Shundan kelib chiqib, ishlab chiqilgan maxsus dasturga muvofiq, joriy yilda 16,7 mingdan ortiq ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklari tashkil etilishi ko'zda tutilgan edi.
O'tgan 7 oy mobaynida 12 ming 615 ta fermer xo'jaligi ko'p tarmoqli fermer xo'jaligiga aylantirilgani e'tiborga molikdir. Ya'ni ularning qoshida meva-sabzavot, go'sht-sutni qayta ishlash korxonalari barpo etildi, intensiv bog'lar yaratildi, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va asalarichilik tarmoqlari yo'lga qo'yildi, shuningdek, servis xizmatlari ko'rsatila boshlandi. Bularning hisobiga qariyb 40 mingta kishilarga mavsumiy va doimiy ish joylar ochildi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ularning hech biri bitta yo'nalish bilan cheklanib qolgani yo'q. Qo'shimcha tarmoqlarni yo'lga qo'yish, kichik ishlab chiqarish korxonalarini ochish orqali qishloqqa sanoatni olib kirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta'minlashga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Fermerlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari esa allaqachon o'z xaridorini topgan. Bunga “Koinot”, “Yulduz to'lasoy” Moviy osmon zamini”, “Yo'ldosh Sunnatillo, “Chashmai safed”, “ “Oqsuv”, “Ozod”, “Tayimbet” singari fermerlarning faoliyati misol bo'la oladi.
Bundan ko'rinib turibdiki, fermer xo'jaliklari shakllanish jarayonidan rivojlanish bosqichiga chiqdi. Chunki yer maydonlari eng munosib kishilar ixtiyoriga berilgan. Ishbilarmon, omilkor va fidoyi fermerlarning halol mehnati bilan qishloq xo'jaligida hosildorlik yil sayin oshayapti, qishloqda sanoat ravnaq topayapti.
Yurtimiz fermerlari mustaqilligimizning iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, eng ulug' va eng aziz ayyom — Mustaqilligimizning 30 yillik bayramini munosib mehnat zafarlari bilan qarshi olish niyatida g'ayrat-shijoat bilan mehnat qilmoqdalar. Zero, istiqlol o'zbek dehqoniga mulkdor bo'lish, o'z mehnatidan manfaat ko'rish, rag'bat topish baxtini berdi.
Zokir ALLAMURADOV,
O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi bo'lim boshlig'i