Qayd etilishicha, konferensiyada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Fransiya Respublikasi Oliy taʼlim va tadqiqotlar vaziri Filipp Batist, shuningdek, Fransiya va Oʻzbekistonning 30 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarining rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvini kengaytirish boʻyicha 20 dan ortiq oliygohlararo shartnomalar imzolandi.
Kunning birinchi yarmida Parijdagi Tadqiqotchilar va talabalar shaharchasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan IV “Science NEXT: yosh olimlar netvorkingi“ tadbiri boʻlib oʻtdi. Ushbu forumda Oʻzbekiston va Fransiyadan yosh olimlar, startapchilar, ixtirochilar hamda ilmiy va innovatsion sohadagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimizda yosh olimlar va tadqiqotchilarga yaratilgan imkoniyatlar haqida soʻz yuritdi. Shuningdek, Fransiyaning Parij xalqaro universitet shaharchasidagi Il-de-Frans ijodiy uyi direktori Franchesko Torrini oʻz taqdimotini oʻtkazdi.
Shuningdek, forum doirasida Yoshlar akademiyasi rahbari Akbarxon Sobirxonov “Oʻzbekistonda yosh olimlar, ixtirochilar va innovatorlarga yaratilgan imkoniyatlar” mavzusida taqdimot qilib, bugungi kunda yosh olimlarga ajratilgan grantlar, ilmiy loyihalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, ishtirokchilarga Oʻzbekiston Yoshlar akademiyasi faoliyati haqida videorolik taqdim etildi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston va Fransiya yosh olimlari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolandi, shuningdek, Oʻzbekistonlik yosh olim-vatandoshlarni Yoshlar akademiyasiga aʼzolikka qabul qilish marosimi oʻtkazildi.
Kunning ikkinchi yarmida esa Parij shahridagi “InterContinental Paris — Le Grand” mehmonxonasida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi va unda Fransiya hamda Oʻzbekistonning taʼlim, fan, innovatsiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislar, rektorlar, tadqiqotchilar hamda nufuzli universitetlar vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi videorolikning namoyishidan soʻng, tadbirning yalpi majlisi boshlandi.
Fransiya Respublikasi Milliy taʼlim, oliy taʼlim va tadqiqotlar vazirligining oliy taʼlim va tadqiqotlar vaziri Filipp Batist, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodir Ganiyev hamda Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi taʼlim boʻyicha mintaqaviy attashesi Serj Bellini oʻz nutqlari bilan konferensiyani ochib berdi.
Shuningdek, tadbirning ikkinchi qismida uchta yoʻnalish boʻyicha sessiyalar oʻtkazildi:
- “Oʻzbek-Fransuz universiteti“ mavzusidagi sessiyada Oʻzbekiston va Fransiya universitetlari oʻrtasida taʼlim va madaniy hamkorlikning strategik istiqbollari muhokama qilindi.
- “Ilmiy-texnik hamkorlik“ mavzusidagi sessiyada innovatsion taʼlim, ijtimoiy-gumanitar fanlar va energetika sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
- “Madaniy meros va turizm“ mavzusidagi sessiyada Fransiya va Oʻzbekistonning moda sanoati, tarixiy merosni asrash va rivojlantirish borasidagi hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida “Oʻzbek modasi: anʼanalar va ilhom choʻqqilari” nomli milliy liboslar namoyishi tashkil etildi. Ushbu xalqaro konferensiya Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.