"Fukusima" AESdan oqizilayotgan suv tufayli Kuril atrofidagi suv havzasida ifloslanish xavfi aniqlandi

    Sankt-Peterburg va Vladivostok olimlari Yaponiyadagi “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidan chiqarilgan suv tufayli Kuril atrofidagi suv havzasining radioaktiv ifloslanish xavfi borligini aniqladi.

    Bu haqda Sankt-Peterburg davlat universiteti matbuot xizmati xabar berdi.

    “Sankt-Peterburg davlat universiteti va Rossiya Fanlar akademiyasi V. I. Ilichyev nomidagi Tinch okeani instituti okeanologlari Janubiy Kuril baliq ovlash zonasining “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidan oqizilgan suv bilan ifloslanish darajasini va tarqalish yo'llarini modellashtirishdi. Olimlar Kuril orollari qirg'oqbo'yi hududlarining ifloslanganini taxmin qilishmoqda”, deyiladi xabarda.

    2011-yilda “Fukusima-1” AESda zilzila va sunami oqibatida radioaktiv moddalar tarqalishiga olib kelgan avariya yuz bergandi. Atrof-muhitga tarqalishning oldini olish uchun texnik radioaktiv suv atom elektr stansiyalari yaqinidagi yirik idishlarda to'plana boshladi va 2023-yilga kelib 1,25 million tonnadan ortiq ana shunday suv to'plangan.

    2023-yil avgust oyida Yaponiya atom elektr stansiyalarida to'plangan suvni maxsus suv osti tunneli orqali Tinch okeaniga to'kishni boshlagan. 2024-yil mart oyigacha 31 ming tonnaga yaqin suv oqizib yuborilgan. Yaponiya hukumati va Xalqaro atom energiyasi agentligi bu jarayon atrof-muhit va odam salomatligiga tahdid solmasligiga ishontirmoqda, biroq suvni oqizish ishlari boshlanganidan bir oy o'tmasdan, OAVda Tinch okeani suvida, bandargohning shimoli-sharqiy chegarasida tritiyning radioaktiv izotopi topilgani haqidagi ma'lumotlar tarqala boshladi. Ularning ma'lumotlariga ko'ra, izotopning suvdagi konsentratsiyasi litriga 10 bekkerelni tashkil etgan, bu standart ko'rsatkichlardan 10 baravar yuqori, deb xabar beradi tass.ru.