Fuqarolarning mahalliy kengash qarorlarini qabul qilishdagi ishtiroki kengaymoqda

    Fikr 2 Sentabr 2024 511

    “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”. Ushbu konstitutsiyaviy printsip barcha bo'g'indagi davlat hokimiyati organlari faoliyatida va qarorlar qabul qilishida aks etishi zarur.

    Davlatchilikning muhim qoidalaridan biri shuki, xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishga mas'ul davlat hokimiyati organlari jamiyatni boshqarishda, aholi farovonligi va mamlakat taraqqiyotini ta'minlashga qaratilgan qarorlar qabul qiladi. Davlat organlari o'z qarorlari orqali ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga, jamiyatda barqarorlik, tartib va adolatni ta'minlashga intiladi.

    Mazkur qaror jamiyat va shaxs manfaatiga xizmat qilishi uchun qanchalik puxta o'ylansa, fuqarolar bilan bamaslahat qabul qilinsa yoki boshqacha aytganda “etti o'lchab bir kesilsa” qabul qilinadigan qarorlar sifatli va xalq uchun manfaatli bo'ladi.

    “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 21-moddasida, har bir insonning bevosita o'z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi, shuningdek, “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risida”gi halqaro paktning 25-moddasiga ko'ra, har bir fuqaro bevosita davlat ishlarini yuritishda ishtirok etish huquqiga egaligi mustahkamlangan.

    O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasida

    fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o'z vakillari orqali ishtirok etish huquqi belgilangan.

    Davlat va jamiyatni boshqarishda jamoatchilikning ishtiroki demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biridir. Demokratiya nafaqat hokimiyat organlarining saylanishini, balki fuqarolarning hayoti va farovonligi bilan bog'liq qarorlarni qabul qilish jarayoniga jamoatchilikning faol jalb qilinishini ham anglatadi.

    2016 yildan boshlab Prezident SH.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tashabbus asosida fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirokini amalda ta'minlash masalasi kun tartibiga olib chiqilganidan so'ng demokratik islohotlarni amalga oshirishda davlat organlari tomonidan xalq bilan muloqot o'rnatib, muhim ijtimoiy-siyosiy masalalarda qarorlar qabul qilishda avvalo aholining fikrini inobatga olish tizimi shakllantirildi.

    Ayniqsa, mahalliy vakillik organlari qarorlarini qabul qilishda fuqarolar, aniqroq qilib aytganda, saylovchilarning ishtiroki qabul qilinajak qarorlarning sifatli, hayotiy va xalqchil bo'lishiga, turmush farovonligini yaxshilash va ehtiyojlarni aniq baholash uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Bu esa o'z navbatida fuqarolarning davlat organlariga bo'lgan ishonchini oshiradi.

    Mahalliy kengashlar qaror loyihalari ishlab chiqilishida fuqarolarning ishtiroki Kengashlar faoliyatining ochiq, oshkora hamda shaffof bo'lishiga asos bo'lib xizmat qiladi. Buning natijasida fuqarolarni uzoq vaqt davomida qiynab kelgan tizimli muammolarga huquqiy vositalar orqali echim topiladi. Bunga misol sifatida, byudjet mablag'larini sarflanishini aniqlash bo'yicha qaror qabul qilishda fuqarolar ishtirok etishini ta'minlaydigan tashabbusli byudjetlashtirishni (Participatory Budgeting) tizimi joriy qilinganligini keltirish mumkin.

    Fuqarolarning mahalliy Kengashlar qarorlari qabul qilishida ishtiroki fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirishi va hayot sifatini yaxshilash bilan birga BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning samarli vositasi ham sanaladi.

    Ta'kidlash lozimki, jahonda fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarida boshqaruvi va faolligi hamda unga nisbatan davlat organlarining munosabati nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan o'rganilib, turli reytinglarda doimiy ravishda yoritib boriladi. Misol uchun, Jahon banki tomonidan davriy e'lon qilinadigan “Aholining fikrini inobatga olish va hisobdorlik” (Voice and Accountability) reytingida fuqarolarning davlat hokimiyati faoliyatida ishtiroki, axborotlardan erkin foydalanish kabi mezonlarga alohida urg'u qaratiladi. 2022 yil e'lon qilingan natijalarga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi mazkur reytingda 192 davlat orasida 168-o'rinni egallagan. Ushbu reyting ko'rsatkichlari davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida xususan norma ijodkorligi faoliyatida fuqarolarning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etayotishini anglatadi.

    Tahlillar shuni ko'rsatadiki, rivojlangan demokratik mamlakatlarda mahalliy vakillik organlari o'z faoliyatini jamoatchilik ishtirokiga, jumladan, fuqarolar bilan norma ijodkorligi jarayonida maslahatlashuv amaliyotiga alohida e'tibor qaratgan holda amalga oshiradi.

    Mamlakatimizda ham fuqarolarni norma ijodkorligi jarayoniga jalb etish, ularni takliflari va xohish-istaklarini o'rganish, ular bilan maslahatlashuvlar o'tkazish barcha bosqichdagi norma ijodkorligini ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jumladan, “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasi”da fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etish ishlarini samarali tashkil etish orqali norma ijodkorligi jarayoniga jamoatchilik muhokamalarining ta'sir darajasini oshirish muhim vazifa sifatida belgilab berilgan bo'lsa, “O'zbekiston-2030” strategiyasining “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam “ovozi”ga aylantirish” deb nomlanuvchi 75-maqsadida, mahalliy kengashlar faoliyatida jamoatchilik ishtiroki uchun zarur sharoitlarni yaratish vazifasi yuklatilgan.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning 2017 yil 22 dekabr` kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog'ida maxsus “maydon”lar yaratishi zarurligini ta'kidlab o'tgan edilar.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF–5308-son Qarori bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 34-bandida “Mening fikrim” maxsus veb-portali orqali O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibini joriy etildi.

    “Mening fikrim” veb-portali mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligi, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samarali bo'lishini ta'minlash maqsadida yaratilgan.

    «Mening fikrim» veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaatlar berish va ularni ko'rib chiqish tartibi to'g'risidagi Nizom qoidalariga ko'ra, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari ham elektron jamoaviy murojaatlarni ko'rish vakolatiga ega bo'lgan vakolatli davlat organlari hisoblanadi. Nizom talablariga ko'ra, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari nomiga yo'llangan murojaat kamida mingta qo'llab-quvvatlovchi ovozni to'plashi kerak.

    Kengashlarning qonun ijodkorligi faoliyatida shaffoflik va jamoatchilik ishtirokini ta'minlashida yana bir muhim vosita hisoblangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) jamoatchilikning ushbu jarayonda fikrlari va takliflarini bildirishiga imkon beradigan, xalq bilan «qayta aloqa»ni ta'minlaydigan muhim institut hisoblanadi.

    Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, 2024 yil 2 sentyabr` holatiga 6353 ta Xalq deputatlari Kengashlari qarorlari, 9834 ta hokim qarori, 1049 ta hokim farmoyishi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga joylashtirilib, fuqarolarning muhokamasiga qo'yilgan.

    Portalning bugungi kundagi imkoniyatlari orasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan taqdim etilgan loyihaga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallar foydalanuvchilar tomonidan tanishib chiqish imkoniyati yaratilgan. e'tiborlisi, axborot-tahliliy materiallarsiz ishlab chiquvchi tashkilot loyihani portalga yuklay olmaydi.

    SHubhasiz, ushbu talablar jamoatchilik manfaatiga xizmat qiladi. Foydalanuvchilar tegishli loyiha nima uchun ishlab chiqilganligi, unda nima nazarda tutilganligi, davlat byudjetidan qancha xarajat talab qilinishi mumkinligi va uni qabul qilishning boshqa oqibatlari haqidagi ma'lumotlar, ya'ni uni asoslantiruvchi masalalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladi.

    Mazkur holat fuqarolarning loyiha bilan tanishuvidan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlarni ekspertlik tahlil va xulosalar, takliflar bildirish imkoniyatini yaratadi. YAna bir muhim jihat, turli sohalarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadiqotchilarga normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni bilan tanishish orqali takliflar berish imkoniyatini yaratadi.

    Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda fuqarolarning va keng jamoatchilikning mahalliy kengashlar qarorlari qabul qilish jarayonidagi ishtirokini ta'minlashga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilgan bo'lib, oldimizda turgan asosiy vazifa ushbu huquqiy asoslarni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari va metodlarini ishlab chiqishdan iborat. Bu esa keng fuqarolarga davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishdek konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni kafolatlashga xizmat qiladi.

    Ixtiyor Bekov

    YU.f.d. professor