Jons Xopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, jahon boʻyicha COVID-19 kasalligidan vafot etganlar soni 600 ming nafardan oshdi, 14,1 million nafardan ortiq odam ushbu virusga chalingan. Koronavirus yuqtirganlar soni, afsuski, kundan kunga rekord darajada koʻpayib bormoqda.

Taassufki, Oʻzbekistonda ham bu boradagi ahvol qoniqarli darajada emas. Davlatimiz rahbari 20-iyul kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilinganidek, mamlakatimizda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat murakkabligicha qolmoqda, jumladan, oxirgi toʻrt kunda mamlakat boʻyicha yangi aniqlangan 2 136 nafar bemorning 1 218 nafari (yaʼni, 57 foizi) poytaxtimiz va Toshkent viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.

Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yana-da oshib borishi mumkinligini alohida taʼkidlar ekan, Prezidentimiz COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarni chuqur tanqidiy tahlil qildi hamda shuni inobatga olib, mutasaddilar oldiga qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qoʻshimcha oʻrin-joylar soni, birinchi navbatda, oliy oʻquv yurtlari yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sigʻimi katta bino-inshootlar hisobiga kamida ikki-uch barobar oshirilishini taʼminlash vazifasini qoʻydi.

Shuningdek, chet davlatlarda oʻpkasi yalligʻlangan har bir bemorga zudlik bilan kislorod konsentratorlari yordamida havo olishi yengillashtirilib, qoʻliga pulsoksimetr taqilayotgani, bu bilan uning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinayotgani aytilib, hukumat rahbariga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirigʻi berildi.

Buning uchun, agar kerak boʻlsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini Oʻzbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari koʻrilishi lozimligi qayd etildi.

Afsuski, fuqarolarni himoya qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrilayotganiga qaramay, kasallik tarqalishi va oʻlim holatlari koʻpaymoqda. Bu esa joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tizimli tartibga solinmagani, qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganidan dalolat beradi.

Birinchidan, birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimidagi muammolar bugungi mushkul vaziyatda roʻyi rost boʻy koʻrsatdi. Yaʼni koronavirus kasalligiga gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratni olib borishda birlamchi tibbiyot xodimlarining professional malakasi va tajribasi kamligi, bu sohada kadrlar yetishmovchiligi yuzaga chiqib, oʻz navbatida, bu kelgusida birlamchi tibbiyot xodimlari sonini koʻpaytirish, ularning bilim va malakalarini oshirish maqsadida amaliy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish, ushbu tizim yaxlit bir mexanizm sifatida faoliyat yuritishi uchun epidemiologlar tomonidan aniq choralar belgilanishini taqozo etadi.

Ikkinchidan, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tomonidan COVID-19 infeksiyasi yengil kechayotgan bemorlarni davolash boʻyicha vaqtinchalik klinik koʻrsatmalar ishlab chiqilgan. Endilikda bugungi epidemiologik vaziyatni hisobga olib, tibbiy mutaxassislar tomonidan yordam koʻrsatishning barcha bosqichlarida bajariladigan harakatlar algoritmlari va standartlarini ham ishlab chiqish hamda shifokorlarning har bir xatti-harakatlari shunga asoslanishi maqsadga muvofiq. Qolaversa, test oʻtkazuvchi eng zamonaviy uskunalarni mamlakatga olib kelish va sifatli laboratoriyalarni koʻpaytirish zarur.

Shuningdek, JSST tavsiyasi hamda rivojlangan davlatlarning pandemiyaga qarshi kurash boʻyicha samarali tajribasidan kelib chiqib, koronavirusga PZR tahlili (infeksiyani aniqlashda yuqori sezgirlikka ega boʻlgan tekshirish usuli) olish tizimini mukammallashtirish va aholini testdan oʻtkazishni keskin koʻpaytirish ham foydadan xoli boʻlmaydi.

Uchinchidan, bugungi kundagi statistika har kuni koronavirus yuqtirib olayotganlarning qariyb 70 foizi aholi orasida aniqlanayotganidan dalolat bermoqda. Ammo odamlar orasida klinik belgilarsiz kasallik tarqatuvchiga aylanib qolish ehtimoli borligi koʻpchilikning parvosiga ham kelayotgani yoʻq.

Shu bois, ayniqsa, mamlakatimizning boshqa hududlariga qaraganda poytaxtimizda vaziyat ogʻirligini inobatga olib, kasallik zanjirini uzish uchun zarurat boʻlmaganida boshqalar bilan muloqotga kirishmaslik, aholi gavjum joylarda karantin tartiblariga soʻzsiz itoat etish, bemaqsad toʻplanmaslik yuzasidan amaliy choralar koʻrish, har bir odamning shaxsiy masʼuliyati haqidagi targʻibot ishlarini kuchaytirish, shu jumladan, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha qatʼiy deputatlik va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish talab etiladi.

Toʻrtinchidan, bugun, ayniqsa, yuzaga kelgan ayrim kamchiliklarni ijtimoiy tarmoqlar orqali boʻrttirib koʻrsatish, masalaning tub mohiyatini anglab yetmasdan oʻrinsiz iddaolar qilish, bir tomonlama va noxolis xabarlar tarqatish “urf”ga aylanib bormoqda. Bu kabi holatlar odamlarni chalgʻitishga, ularda norozilik kayfiyati uygʻonishiga sabab boʻlishi mumkin. Vaholanki, dunyoning manaman degan davlatlari ham koʻrinmas balo oldida boshi berk koʻchaga kirib qolayotgan bir vaqtda ish bor joyda uchrashi tabiiy boʻlgan kamchiliklarni shunchaki sanab berish emas, balki ularni tugatishga qoʻlimizdan kelganicha amaliy hissa qoʻshsak, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Beshinchidan, bugun bizga COVID-19 berayotgan achchiq saboqlardan xulosa chiqarib, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qayta inventarizatsiyadan oʻtkazish va ilgʻor xalqaro amaliyot, bugungi zamon talablarini eʼtiborda tutib takomillashtirgan holda yangi tahrirlarda ishlab chiqish va qabul qilish lozim.

Umuman, koʻrinmas baloga qarshi kurashda barcha soha vakillari hamjihat boʻlishi, oʻzaro hamkorlikda yakdil harakat qilishi, pandemiyaga qarshi kurash strategiyasini tubdan oʻzgartirgan holda hozirgi murakkab sharoitga mos eng kuchli, eng taʼsirchan vositalarni ishga solish, davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda boʻlishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida alohida qayd etganidek: “Har bir rahbar bugungi kunda fuqarolarimizning sogʻligʻini saqlab qolishdan muhim vazifasi yoʻqligini anglashi shart”.

Dilorom TOSHMUHAMEDOVA,

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari