Tadbir Oʻzbekiston va qator xorijiy davlatlarning nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, parlament aʼzolari va ekspertlar — jami 300 dan ziyod ishtirokchilarni oflayn va onlayn formatlarda qamrab oldi.

Taʼkidlangandek, bugun Oʻzbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarida chuqur islohotlar bosqichidan oʻtyapti. Baʼzan vaqt va resurslar tanqisligi sharoitida boʻlsa ham jadal harakat qilishga toʻgʻri kelyapti. Bu jarayonlarga keng jamoatchilikning jalb etilishi qabul qilinayotgan qarorlar inklyuzivligini taʼminlaydi. Aynan shuning uchun hukumatning barcha darajalarida xalq bilan muloqot tamoyili ilgari surilmoqda.

Davlat fuqarolik jamiyati institutlari rolini anglagan holda, ularni maqsadli ravishda qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etyapti. Ularning imkoniyatlarini ham kengaytiryapti. Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasidagi qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi. Jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklaydigan mavjud toʻsiqlar olib tashlanyapti. 70 dan ortiq davlat idoralari va muassasalari huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy grantlarni olishi va undan foydalanishi bilan bogʻliq qator toʻsiqlar bekor qilindi.

Barcha muhim qarorlarni, shu jumladan, qonunlar, farmonlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni faqatgina jamoatchilik muhokamasidan keyingina qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Xususan, davlatimiz rahbari yangi saylangan Prezident lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida: “Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish eʼtiborimiz markazida boʻladi”, — deya taʼkidladi.

Forum davomida Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari hamda mahalliy hokimiyat organlari va davlat idoralari oʻrtasidagi hamkorlikning mavjud holati tahlil qilindi. Soʻng fuqarolik jamiyati va davlat hokimlik idoralari vakillari Oʻzbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan, keng koʻlamli islohotlarni yangi pogʻonaga koʻtarish borasida tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqdi. Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatidan samarali foydalanish, qonunlar, Prezident hujjatlari va topshiriqlari, davlat va hududiy dasturlar ishlab chiqish va ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish borasidagi faolligini oshirish, ularning ijrosi yuzasidan samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy etish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishtirokchilar tomonidan ilgari soʻrildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.


Forum Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati va xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.