Murojaatda kunlar sovishi natijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilgʻida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishda eʼtiborsizlik tufayli is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va yongʻinlar sodir boʻlishi mumkinligi taʼkidlangan.
Bunday holatlarga tushmaslik uchun uy-joy sektorlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlaridagi gaz, elektr va boshqa yoqilgʻida ishlovchi isitish moslamalarini soz hamda shay holatga keltirish choralarini mavsum boshlanishidan avval amalga oshirish zarurligi aytildi.
Aks holda isitish moslamalari bilan bogʻliq turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.
FVV aholi va tashkilot rahbarlariga qish mavsumida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida tavsiyalar berdi:
- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmaslik;
- elektr xoʻjaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega boʻlgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalanish;
- isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va ular dudburonlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini koʻzdan kechirish va dudburon orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qaratish;
- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida oʻrnatilishi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishish;
- nosoz, qoʻlbola isitish moslamalaridan foydalanmaslik, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yoʻriqnomasidan foydalanish;
- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormaslik;
- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmaslik;
- gaz taʼminoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan oʻtkazib, ularga texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil etish;
- gaz uskunalarini ulash boʻyicha tartib-qoidalarga rioya qilish;
- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmaslik;
- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning oʻchib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalanish va ularning doimiy sozligiga eʼtibor berish.
“Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini koʻring. Bu haqda 104 raqami orqali gaz xizmatiga, yongʻin sodir boʻlgan taqdirda yongʻin-qutqaruv xizmatining 101 yoki 1050 telefon raqamiga xabar bering”, deya qoʻshimcha qilinadi murojaatnomada.