Gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yuksak namunasi

    Fikr 30 Mart 2021 5983

    Bolalar har bir mamlakatning ulkan boyligi, katta salohiyatga ega strategik resurslaridan biridir. Bolalarga gʻamxoʻrlik dunyoning barcha mamlakatlarida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

    Bolalik inson hayotining ajralmas davri, taʼbir joiz boʻlsa, katta marraning boshlangʻich nuqtasi. Zero, “bola boshidan” degan hikmatli naql xalqimiz tomonidan bejizga aytilmagan.

    Shubhasiz, yosh avlodning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida taʼlim va tarbiyaning, oila hamda katta avlod vakillarning oʻrni beqiyos. Donishmandlar bolani yosh niholga qiyoslashadi. Egri oʻsgan nihol qiyshiq daraxtga aylanganida uni toʻgʻrilash amri mahol vazifa. Bolaga ham yoshligidan oilada va jamiyatda risoladagidek tarbiya berilmasa, ulgʻaygach uni toʻgʻri yoʻlga solish qiyin boʻladi. Shu boisdan mashhur Sharq mutafakkiri, buyuk ajdodimiz Abu Ali Ibn Sino oʻzining “Donishnoma” asarida bola tarbiyasi uchun avvalo ota-ona masʼulligini taʼkidlaydi. Shuningdek, buyuk alloma farzand tarbiyasi haqida fikr yuritib, bunga atrof-muhitning ham taʼsiri ulkanligi xususida shunday deydi: “yosh bola taʼlim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turish-turmushi namunali bolalar boʻlishi lozim. Zero, yosh bola har bir narsani ularga taqlid qilib oʻrganadi va ular bilan doʻst boʻladi”.

    Alisher Navoiy ham oʻz asarlarida bolaning voyaga yetishida tarbiyani birinchi oʻringa qoʻyadi. Oʻzbek xalqining yana bir buyuk maʼrifatparvari Abdulla Avloniyning fikricha, odam tugʻilishidan yomon xulq bilan tugʻilmaydi. Uning yaxshi inson boʻlib yetishishida esa tarbiya oʻta muhim rol oʻynaydi. Zero, insondagi qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan amalga oshadi.

    Bolalarga bering dunyoni

    Bolalar dunyoga, atrof-muhitga boshqacha nazar bilan qaraydi. Maʼlumotlarga murojaat qiladigan boʻlsak, yosh boʻlishiga qaramasdan oʻzining qatʼiy fikri, nuqtai-nazari yoki ixtirosi bilan dunyoni oʻzgartirgan bolalarni koʻrishimiz mumkin.

    Mashhur nemis faylasufi A.Shopengauer “har bir bolada daholik, har bir dahoda bolalik mujassam” degan edi. Mazkur fikrga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq, zero bolalardagi zukkolik, oldinga intilish va yaratuvchanlik kabi xislatlar ulkan natijalarga olib keladi.

    Bu borada oʻzbekistonlik bolalarning dunyo miqyosida qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlari xususida toʻxtalib oʻtish joiz. Jumladan, Javohir Sindorov shaxmat boʻyicha jahonning yosh xalqaro grossmeysteri hisoblanadi. Nodirbek Abdusattorov esa 13 yosh 1 oy va 11 kunligida xalqaro turnirda gʻolib chiqib shaxmat tarixida ikkinchi eng yosh grossmeysterga aylangan. Pianinochi Behzod Abduraimov 18 yoshida Buyuk Britaniya poytaxti Londonda boʻlib oʻtgan Xalqaro pianino musobaqasida oliy oʻrinni egallagan. Hozirda B.Abduraimovning muxlislarini dunyoning deyarli barcha davlatlarida topish mumkin. Yana bir noyob isteʼdod egasi dirijyor Aziz Shohakimovdir. U dirijyorlikni 12 yoshida boshlagan, 18 yoshida Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri jamoasiga rahbarlik qilgan, 21 yoshida Germaniyada boʻlib oʻtgan dirijyorlarning xalqaro konkursida ikkinchi oʻringa munosib koʻrilgan.

    Ushbu roʻyxatni xorijiy davlatlar misolida koʻradigan boʻlsak quyidagilarga guvoh boʻlamiz. Dunyo davlatlari yetakchilarini iqlimning salbiy oʻzgarishiga qarshi faol kurashga chaqirgan shvetsiyalik Greta Tunberg, musulmon ayollar huquqlari va qizlarning taʼlim olishi huquqi taʼminlanishiga daʼvat qilgan va 2017-yilda tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan pokistonlik qiz Malala Yusufzay, batareyasiz ishlaydigan fonarni kashf qilgan kanadalik Enn Makosinki, Afrikada yashovchi aholini ichimlik suv bilan taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshgan amerikalik oʻspirin Rayyan Xrelyak, sovuq urush davrida “bolalar diplomatiya”siga asos solgan amerikalik qiz Samanta Smit, 10 yoshida oʻzining dastlabki asarini yozgan avstriyalik mashhur bastakor Volfgang Amadey Motsart va h.k. Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

    Bolalarga gʻamxoʻrlik qilish, ularni doimo qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish – ertangi kunga qoʻyilgan mustahkam poydevordir. Chunki, bolalar muhim demografik, ijtimoiy qatlam sifatida jamiyat va davlatning doimiy eʼtiborini taqozo etadi.

    Ushbu masala xalqaro hamjamiyat tomonidan umumeʼtirof etilgan asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Jumladan, 1989-yil 20-noyabrida BMTning Bosh assambleyasi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani qabul qilgan. Mazkur xalqaro hujjat qabul qilingunga qadar ham bola huquqi boʻyicha tegishli hujjatlar amal qilgan – Jeneva deklaratsiyasi (1924-y.) va Bola huquqi Deklaratsiyasi (1959-y.) shular jumlasidan).

    BMTning Bosh assambleyasi tomonidan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning qabul qilinishi amalda bola huquqlarining institutsionallashuvini taʼminladi. Zero, mazkur xalqaro hujjatda “bola” tushunchasi huquq subyekti sifatidan tan olindi.

    Oʻtgan davr mobaynida ushbu Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan muhim xalqaro huquqiy hujjatga aylandi. Unda ishtirok etuvchi mamlakatlarning vazifa va majburiyatlari va ularning bajarilishi shartligi qatʼiy belgilangan. Hozirda ushbu Konvensiya dunyoning 191 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

    Taʼkidlash lozimki, Konvensiya qabul qilingunga qadar aksariyat davlatlarda bolalar haqida gʻamxoʻrlik faqatgina ular himoyaga muhtoj boʻlgan taqdirdagina amalga oshirilgan. Konvensiyaning qabul qilinishi bu borada mutlaqo yangicha yondashuvni belgiladi. Unga koʻra, bolaga gʻamxoʻrlik va uni himoya qilish – bu nafaqat muruvvat, balki bola huquqlarining toʻla taʼminlanganligiga asoslanishi lozim. Konvensiya kuchga kirishi bilan, u bolalar uchun asosiy ijtimoiy va huquqiy mezonlar, tartib va qoidalar qatʼiy belgilangan majmuaga aylandi. Bola huquqlari toʻgʻrisida konvensiya BMTning bolalikni himoyalash boʻyicha eng universal hujjati hisoblanadi.

    Mazkur xalqaro xujjat 54 moddani oʻz ichiga oladi. Bola xuquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qoʻshilgan har bir mamlakat oʻz milliy qonunchiligini uning qoidalariga muvofiq qayta koʻrib chiqishi lozimligi belgilangan.

    Mazkur hujjatda 4 ta asosiy yoʻnalish belgilangan: yashash, riovjlanish, himoyalanish hamda bolalarning oʻzlariga bevosita tegishli jamiyat va davlat ishlarida faol ishtirokini taʼminlash. Konvensiyada shuningdek, bola oʻz shaxsiyatining toʻliq va barkamol rivojlanishida mehr va uni tushunishlariga muhtoj deyilgan. Bola imkon boricha ota-onasining masʼuliyati ostida, ularning qaramogʻida, har qanday holatda ham mehr bilan maʼnaviy va moddiy taʼminotda oʻsishi kerak. Hujjatda taʼkidlanadiki, yosh bola vaziyatlar taqozo qilgan alohida holatlardan tashqari onasidan ajralmasligi kerak. Jamiyat va hukumat idoralari zimmasida oilasiz va yetarlicha yashash imkoniga ega boʻlmagan bolalarga alohida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati boʻlishi kerak. Katta oilalarga davlat tomonidan bolani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshqa imtiyoz (nafaqa)lar berilishi maqsadga muvofiqdir.

    Oʻzbekistonda bolalarga boʻlgan eʼtibor

    Bolaga mehr eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan hisoblanadi. Mamlakatimizda bolalar avlod davomchilari, kelajagimiz vorislari sifatida qadrlanadi. Oʻzbekistonda yashovchi diniy eʼtiqodi va millatidan qatʼi nazar barcha bolalar mamlakatning katta xazinasidir.

    Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratilib, bolalar haq-xuquqini himoyalashga doir qator qonun va meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi, tub islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda bolalar va yoshlar faoliyatiga doir jami 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan boʻlib, ularda bolalar va yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs sifatida tarbiyalashning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari yaratilgan.

    Jumladan, bolalar huquqlarini himoya qilishga oid asosiy normalar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida oʻz ifodasini topgan. “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari mamlakatimizda navqiron avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va maʼnaviy xurujlardan asrash kabi muhim masalalarni oʻz ichiga olgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq bolada tugʻilishi bilanoq inson va fuqaroning huquq, erkinliklari vujudga keladi hamda ular davlat tomonidan kafolatlanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga koʻra bolalar ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qatʼiy nazar qonun oldida tengdirlar.

    Konstitutsiyamizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deya belgilangan.

    45-moddada “Voyaga yetmaganlar mehnatga layoqatsizlar va yolgʻiz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deya eʼtirof etilgan.

    Asosiy Qonunimizda oilaga alohida bob ajratilgan. “Oila” bobining 64-moddasida “Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlaydi, bolalarga bagʻishlangan xayriya faoliyatlarini ragʻbatlantiradi” deb kafolatlab qoʻyilgan.

    65-moddada esa “Farzandlar ota-onalarning nasl nasabidan va fuqarolik holatidan qati nazar qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalaik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” deb taʼkidlangan.

    Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin ratifikatsiya qilgan eng birinchi xalqaro huquqiy hujjatlardan biri – bu bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya hisoblanadi. 1992-yilda mazkur Konvensiyaga qoʻshilib, Oʻzbekiston bola huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha bir qator xalqaro-huquqiy majburiyatlarni oʻz zimmasiga oldi. Jumladan, Konvensiya qoidalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar tashkilotining bola huquqlari boʻyicha Qoʻmitasiga Konvensiyaning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib turadi.

    Mazkur sohadagi ishlarni yana-da takomillashtirish va muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy qilindi hamda uning huzurida Bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoatchilik kengashi tuzildi.

    Bolalar Ombudsmani birinchi navbatda bolalar huquqlari himoyasi taʼminlanishi ustidan parlament nazoratini olib boradi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarning yashash sharoitlarini oʻrganadi, bolalarning murojaatlari boʻyicha surishtiruv olib boradi hamda mamlakatdagi mavjud bola huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar faoliyati bilan hamohang tegishli kamchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Ahamiyatlisi, bolalar Ombudsmani parlamentga doimo hisobot berib, Oʻzbekistonda davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan bolalarning huquqlarini himoyasi qanday amalga oshirilayotganini nazorat qilib boradi.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil 1-yanvar holatiga yurtimizda 0-14 yoshdagi jami bolalar soni 9 million 870 ming 276 nafarni tashkil etgan. Shundan, 5 million 112 ming 470 nafari oʻgʻil bolalar boʻlsa, 4 million 757 ming 806 nafari qiz bolalardir.

    Bola huquqlarining taʼminlanishi va barcha bolalarga teng shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan muhim qarorlardan biri – “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Prezidentining Qaroridir. 2020-yil 13-oktyabrda qabul qilingan mazkur hujjat alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning bilim olish huquqini toʻlaqonli taʼminlashga qaratilgan. Shu bilan birga, ushbu qarorda quyidagi masalalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

    - inklyuziv taʼlim tizimi uchun malakali pedagog kadrlar tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi;

    - inklyuziv taʼlim sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalar joriy etiladi;

    - alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni kamsitish, ularga salbiy muomalada boʻlishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

    - 2023-2025-yillar davomida inklyuziv taʼlim tizimi bosqichma-bosqich boshqa umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida joriy qilinadi;

    - oʻquvchilarning jismoniy va aqliy ehtiyojidan hamda taʼlim muassasalarining geografik joylashuvidan kelib chiqib alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari (maktab va maktab-internatlar) soni optimallashtiriladi.

    - nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda professional taʼlim muassasalari uchun umumiy davlat granti asosida qabul koʻrsatkichlarining ikki foizgacha boʻlgan qismi ushbu shaxslarga ajratiladi;

    - oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida uning belgilangan shtat birliklari doirasida «Inklyuziv taʼlim laboratoriyasi» tashkil etiladi.

    Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston inklyuziv taʼlim berish sohasini takomillashtirish maqsadida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni amalga oshirmoqda. Jumladan, 2014-2016-yillarda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida: 1) 2 ming nafardan ortiq alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar va ularning ota-onalariga inklyuziv taʼlim xizmatlari tashkil etildi; 2) Toshkent, Samarqand, Namangan, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida 5 ta tajriba-resurs markazi hamda 15 ta tajriba maktablari tashkil etilib, ularga 800 nafardan ortiq bolalar qamrab olindi.m

    Davlatimiz Rahbarining 2020-yilning 29-dekabrida Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda yosh avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash, ularning kelgusida barkamol shaxs sifatida shakllanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, 2021-yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021-yilda 11 million nafar, 2022-yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tugʻish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi boʻlganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi boʻlgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

    Shuningdek, alohida eʼtiborga muhtoj bolalarning taʼlim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda oʻz oʻrnini topishga yordam berish, uy-joy bilan taʼminlash vazifasiga ham ahamiyat qaratildi. Jumladan, 2021-yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashga 50 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

    Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratib maqsadida “Bola himoyasi” elektron dasturiy taʼminot tizimi ishlab chiqildi.

    Bu tizim ota-ona qaramogʻisiz qolgan har bir bola toʻgʻrisidagi barcha zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. U orqali har bir bolaning ahvoli, nima bilan mashgʻulligi, uning huquqi, erkinligi va manfaatini kim qay tarzda taʼminlayotganini bevosita kuzatish mumkin. Tizimning boshqa qator qulayliklari va afzal jihatlari ham mavjud. Hozirda mazkur tizim sinov tariqasida Buxoro viloyatida muvaffaqiyatli ishga tushirildi.

    Bolaning begonasi boʻlmaydi

    Mamlakatimizda yosh avlod vakillariga eʼtibor jamiyat va davlat oldida turgan muhim masalalardan hisoblanadi.

    Taʼkidlash joizki, bolalarga nisbatan bunday yuksak eʼtibor tarixiy qadriyatlar, anʼanalar va urf-odatlarimiz bilan bogʻliq. Yaqin tarixga qaraydigan boʻlsak, Ikkinchi jahon urushi paytida uy-joysiz qolgan, ota-onasi va yaqinlaridan ajralgan yuz minglab bolalar Oʻzbekiston bagʻrida Vatanga, oʻzbek xonadonlarida oʻz uylariga ega boʻlgan. Oʻzbekistonlik oilalar murakkab sharoitga qaramasdan turli millat vakillaridan iborat boʻlgan bolalarni voyaga yetkazishgan, tarbiyalashgan.

    Ayni vaqtda, dunyoning koʻplab davlatlarida turli ziddiyatlar kuchayib borayotgani sharoitida farzandlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning oʻzi koʻrsatib turibdi.

    Bu borada Oʻzbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yosh avlod vakillarining yetuk va barkamol shaxs sifatida shakllanishiga mustahkam zamin hozirlaydigan 5 ta muhim tashabbusni koʻrsatish mumkin.

    Birinchi tashabbus — yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Ikkinchi tashabbus — yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan. Uchinchi tashabbus — aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan. Toʻrtinchi tashabbus — yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan. Beshinchi tashabbus — xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalarini nazarda tutadi.

    Mamlakat rahbari tomonidan bunday tashabbusning ilgari surilishi shubhasiz yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratishga qaratilgandir. Albatta, bunday saʼy-harakatlar strategik ahamiyatga ega. Zero, dunyo tajribasi shuni koʻrsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita nazorati ostida mamlakat tarixida ilk bora “Mehr” maxsus insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirildi. Oʻtgan davrda “Mehr” operatsiyasi 3-marta amalga oshirildi. Mazkur operatsiyadan maqsad turli yoʻllar bilan Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar maydoniga borib qolgan oʻzbekistonlik ayollar va bolalarni Vatanga qaytarishdan iborat.

    Maʼlumotlarga koʻra, mazkur insonparvarlik operatsiyasi orqali 137 nafar bolalar Oʻzbekistonga qaytarilgan. Bugungi kunda ushbu bolalarning barchasiga davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga olingan. Jumladan, tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam (kiyim-kechak bilan taʼminlash, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish, bogʻcha, maktabga joylashtirish va h.k. masalalar boʻyicha) taʼminlangan.

    Shuningdek, bolalarni himoya qilish va ularni doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani joriy yilning fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi”ga tashrif qilgani oʻzining yaqqol isbotini topdi.

    Davlat rahbari “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari bevosita suhbatda boʻldi, ularning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Sh.Mirziyoyev suhbat jarayonida tarbiyalanuvchilarning hayotini yana-da yaxshilash boʻyicha mustahkam qonuniy asoslar yaratish zarurligini taʼkidladi.

    Muxtasar aytganda, mamlakatimizda yosh avlodga berilayotgan eʼtibor nafaqat chuqur tarixiy ildizlar, anʼana va qadriyatlar bilan, balki yangi davr davlat siyosatining asosiy ustunlaridan biri ekani oʻzining amaliy tasdigʻini topmoqda. Ayni vaqtda, jamiyat va davlatning barcha sohalarini qamrab olgan demokratik oʻzgarishlar insonparvarlik tamoyiliga asoslangani, mamlakatimiz taqdiri sogʻlom va teran fikrli yoshlar qoʻlida boʻlishi kerakligini koʻrsatuvchi yorqin dalildir.

    Abror Yusupov

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik

    va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi