Dunyo bo'ylab 160 million bola mehnat qilishga majbur

    Dunyo bo'ylab taxminan 160 million bola ta'lim olish huquqidan mahrum bo'lib, oz maosh va og'ir sharoitlar evaziga qishloq xo'jaligi yerlarida, konlarda va sanoat maydonlarida uzoq vaqt ishlashga majbur.

    Ulardan 89,3 million nafari 5 – 11 yoshli bolalar, 35,6 million nafari esa 12 – 14 yoshli bolalardir.

    Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va Amerika qit'asi dunyo mintaqalari orasida mehnat qiluvchi bolalar soni bo'yicha yetakchilik qiladi.

    Bu haqda Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti (TİHEK) rahbari, professor Muharram Qilich “Anadolu” agentligi muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi. Suhbat 20-noyabrda nishonlanadigan Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni arafasida bo'lib o'tdi, deb xabar beradi aa.com.tr.

    Unga ko'ra, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ta'rifiga ko'ra, bolalar mehnati bolalarni bolaligidan, salohiyatidan va qadr-qimmatidan mahrum qiladigan, jismoniy va aqliy rivojlanishiga zarar yetkazuvchi mehnatdir.

    “XMT hisobotiga ko'ra, mehnat qilayotgan bolalar soni, ayniqsa, 2020-2024-yillarda 8,4 million nafarga ko'payib, butun dunyo bo'ylab 160 milliondan oshdi. 5-11 yoshli bolalarning qariyb 28 foizi mehnat qiladi, 12-14 yoshli bolalarning 35 foizi ta'lim jarayonidan chetda qolib, maktabga borish imkoniyatidan mahrum”, dedi u.

    Qilich bolalar mehnati ijtimoiy va ma'naviy jihatdan xavfli va zararli ekanligini ta'kidladi.

    Professorning qo'shimcha qilishicha, majburiy mehnat bolalarning salohiyati va ishonchini yo'q qiladi, chunki ular tajriba olish huquqidan va ko'nikmalarga ega bo'lish imkoniyatidan mahrumdir.