Ushbu savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligining oʻquv-tarbiya muassasalari boʻyicha bosh mutaxassisi Inobat Ahmedova javob berdi.
— Albatta bu savol bugun koʻpchilik ota-onalarni qiziqtiradi, — deydi mutaxassis. — Bilasizmi, bobo-buvisi bilan birga yashaydigan aksariyat bolajonlarni kuzatsak, ular tengdoshlariga nisbatan ancha aqlli va ziyrak boʻladi. Hatto, ayrim olti yoshdagi bolalarning yetti yoshli oʻgʻil-qizlarga nisbatan birmuncha uquvli ekaniga ham guvoh boʻlamiz.
Shu bois koʻpchilik ota-onalar yetti yoshga toʻlmasa ham “farzandim maktabga borsin” deydi. Vaholanki, olti yoshda bola har qancha aqlli boʻlmasin, ularda fikrlash qobiliyati toʻliq shakllanib ulgurmaydi.
Chunki yetti yoshgacha uning miyasi oʻsish jarayonida boʻlib, ayni shu yoshdan keyin takomillashadi. Yaʼni, bu fiziologik holat hisoblanadi.
Qolaversa, bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar koʻlami kengayib, aniqlashadi va oʻzaro moslashuv boshlanadi. Ular oʻzini idora etish, harakatlarini nazorat qilish qobiliyatiga ega boʻladi. Yetti yoshda diqqatni jamlash, vaziyatni baholash va qiyinchiliklarga duch kelganda toʻgʻri qaror qabul qilishni oʻrganadi.
Shuningdek, bu yoshda bola ham jismonan, ham ruhan chiniqadi, qiziquvchanligi ortadi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni anglashga intiladi. Shuningdek, bu yoshda ularda gigiyenik malakalar shakllanadi.
Shu bois Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunida ham umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinishi belgilangan.
Bir soʻz bilan aytganda, oʻgʻil-qizlarning maktabga yetti yoshdan borishi nafaqat ularning shaxsiy rivojlanishi, balki kelajagi uchun ham muhimdir.