GEF qum-chang boʻronlariga qarshi kurashda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlaydi

    Yashil sayyora 20 Noyabr 2023 1085

    BMTning choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-yigʻilishi doirasida Ekologiya vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov Global ekologik fondning (GEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy koordinatori Ulrix Apel bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    U.Apel Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni va GEFning soʻnggi moliyalashtirish davrlarida ajratilgan grant mablagʻlaridan faol foydalanish munosabati bilan erishilgan oʻzaro hamkorlik darajasini yuqori baholadi.

    Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda mintaqaviy oʻzaro hamkorlikning faollashuvi va munosabatlarning mustahkamlanishi, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq masalalarning transchegaraviy xususiyatini hisobga olgan holda GEF qum-chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish sohasida qoʻshma mintaqaviy dastur va tashabbuslar uchun mablagʻ ajratishga tayyorligini bildirdi.

    Bundan tashqari, GEF tomoni 2026–2030-yillarga moʻljallangan toʻqqizinchi moliyalashtirish sikli doirasida moliyaviy tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.

    Maʼlumot uchun, GEFning 2022–2026-yillarga moʻljallangan sakkizinchi moliyalashtirish sikli doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga 13 million dollar miqdorida grant mablagʻlari ajratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining 11-ilovasiga muvofiq, BMT FAO, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda moliyalashtirishga taqdim etish uchun loyiha taklifining 2 ta konsepsiyasi ishlab chiqildi.

    Uchrashuv yakunida Global ekologik fond ijrochi direktori va raisi 2024-yil 12–17-fevral kunlari Samarqandda oʻtkaziladigan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash boʻyicha konvensiya (COP -14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishida ishtirok etishi maʼlum boʻldi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.