Global masalalarning yechimi innovatsion texnologiyalarga bog'liq

    ShHTga a'zo davlatlar bilan agroinnovatsiya sohasidagi o'zaro manfaatli hamkorligimiz zamonaviy innovatsion agrotexnologiyalar va metodologiyalar bo'yicha ilmiy-amaliy tajribalar bilan o'rtoqlashish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqishni o'z ichiga oladi.

    SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan sammitida koʻrilgan masalalar qatorida agrar sohani hamkorlikda rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratildi.

    Bugungi kunning dolzarb muammolari – iqlim oʻzgarishlari, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligi, bioxilma-xillikning buzilishi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash kabi global masalalarning yechimi ham, jumladan, agrar sohada innovatsion texnologiyalarni qoʻllashni taqozo qiladi.

    Shuningdek, dalalarning agrokimyoviy elektron xaritalarini yaratish, oʻsimliklarni parvarishlash, yerni, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va oʻgʻitlarni qoʻllashning optimal texnologiyalarini tanlash va amalga joriy qilish “Aqlli qishloq xoʻjaligi”dagi dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Demakki, bu borada SHHTga aʼzo davlatlar bilan qator ishlarni hamkorlikda olib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

    Hindistonning “Nath Bio-Genes” kompaniyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida “Nath Bio-Genes Central Asia” MCHJ qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Uning yer maydonida 34 xil urugʻ navlari, jumladan, paxta, sholi, makkajoʻxori va sabzavotlarning gibrid va super elita urugʻlari yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.

    Mazkur qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlash innovatsion texnologiyalarni joriy qilish asosida olib borilayotganligi hosildorlikning bir necha barobar oshishi hamda sifatli mahsulot yetishtirish imkoniyatini bermoqda.

    Kelgusida Hindistonning yana bir tajribasi — agrar sohada innovatsiyalarni qoʻllashda fermerlarning bilimi va malakalarini oshirish, “Agri Value Added Services” kabi mobil ilovalarni hamkorlikda ishlab chiqarish va joriy qilish boʻyicha hamkorlikdagi ishlar nazarda tutilmoqda. Bu kabi mobil ilovalar qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermerlar va dehqonlarni nafaqat ob-havo hamda daladagi ekinlarning parvarish holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, balki eng ilgʻor texnologiyalar haqida real vaqtda axborotlar bilan taʼminlaydi.

    Rossiya Federatsiyasida 10 foiz haydaladigan yer maydonlariga raqamli texnologiyalar yordamida ishlov beriladi. Mamlakatdagi yirik agrosanoat korxonalari «Rusagro» agroxoldingi, «Agroterra» kompaniyasi qoʻllayotgan innovatsion texnologiyalar yordamida soya hosildorligi 11,5 foizga va bugʻdoyning yillik hosildorligi 6,5 foizga ortgan.

    Shunga koʻra Rossiya Federatsiyasi bilan raqamlashtirilgan qishloq xoʻjaligini ilmiy-texnologik rivojlantirish borasida hamkorliklarimizni oshirish koʻzda tutilgan.

    Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikdagi loyihalar “bir hudud, bir yoʻl” tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. Xitoyning yetakchi kompaniyasi bilan hamkorlikda Angrenda qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyer lentasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    SHHTga aʼzo davlatlar bilan agroinnovatsiya sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorligimiz zamonaviy innovatsion agrotexnologiyalar va metodologiyalar boʻyicha ilmiy-amaliy tajribalar bilan oʻrtoqlashish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, endilikda telekommunikatsiya infratuzilmalarini yanada rivojlantirib, “smart” qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish tizimi takomillashtiriladi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga zaruriy axborot yetkazib beruvchi tezkor tizim joriy etiladi.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    Innovatsion rivojlanish vaziri