Gʻolib boʻlish uchun 1,5 ming ovoz yetarli boʻladi

    Dolzarb 17 Iyul 2023 1524

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 17-iyul kuni “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi ikkinchi mavsumiga start berildi. Uning birinchi bosqichida — 17-iyuldan 6-avgustgacha fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalar shakllantiriladi, ikkinchi bosqichida — 6-avgustdan 26-avgustgacha bu takliflar maxsus komissiya tomonidan saralab olinadi va 26-avgustdan 15-sentyabrgacha loyihalarga ovoz berish jarayoni — uchinchi bosqich oʻtkaziladi.

    Mazkur jarayon yakunlariga koʻra, har bir hududda eng koʻp ovoz toʻplagan loyihalar gʻolib topiladi va ular berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi hamda moliyalashtiriladi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ikkinchi mavsum uchun tuman (shahar) byudjetlari hisobidan 1 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi va ular mavsum yakuniga qadar ortib borishi kutilmoqda.

    ODAMLARNI UYGʻOTGAN VA BIRLASHTIRGAN LOYIHA

    Davlatimiz rahbari shu yil 12-iyun kuni Prezidentlikka nomzod sifatida Nukus shahrida oʻtkazgan saylovoldi uchrashuvida mahallalar uchun “Ochiq byudjet” imkoniyatlari yanada kengaytirilishi va unga ajratiladigan mablagʻ uch karra oshirilishini bildirar ekan, endi “Ochiq byudjet” loyihalari gʻolibi boʻlishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli boʻlishi va ushbu maqsadlar uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion soʻm ajratilishini maʼlum qildi.

    Bu jarayonlar 2019-yildan buyon Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Ochiq byudjet” portalidagi “Tashabbusli byudjet” boʻlimi orqali amalga oshirib kelinyapti. Ushbu elektron tizim yordamida fuqarolar mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yoʻllar qurish, ularning yoritilishini taʼminlash, bogʻcha, maktablar qurish, taʼmirlash va jihozlash kabi masalalar boʻyicha loyihalarni taklif etib, ovoz berish yoʻli bilan mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratilgan.

    Shu oʻrinda bir taqqos: mamlakatimiz aholisi 36 milliondan ortiq boʻlsa, ularning 20 milliondan ziyodi ovoz berish huquqiga ega. Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, “Tashabbusli byudjet”ning joriy yil birinchi mavsumida 16 million 129 ming 764 fuqaro ovoz berishda qatnashgan. Bu yurtimiz aholisining qariyb 45 foizidir.

    Agar 2021-yilda oʻtkazilgan ovoz berish jarayonida 1,1 million fuqaro qatnashgan boʻlsa, 2022-yilning dastlabki mavsumida ular soni 6,7 milliondan ziyodroq boʻlgan edi. Demak, joriy yilning mos davrida ishtirokchilar soni qariyb 9,3 millionga oshgan. Bu aholining “Tashabbusli byudjet”dan joy olgan loyihalarga daxldorligi, jarayonning xolis va oshkora oʻtishi, gʻolib takliflar qisqa muddatda amalga oshishiga boʻlgan katta ishonchining yaqqol namoyonidir.

    Tahlilchilar fikricha, soʻnggi 30 yilda mamlakatimizda aholini bunchalik darajada qamrab olgan ijtimoiy voqelik kuzatilmagan.

    “Ochiq byudjet”ning 2023-yilgi birinchi mavsumida 55 ming 970 ta taklif ilgari surilgan. Ularning 33 ming 680 tasi hududiy ichki komissiyalar tomonidan saralab olinib, ovoz berish bosqichiga oʻtkazildi. Eng koʻp ovoz olgan 1 ming 666 loyiha gʻolib topildi.

    — Davlatimiz rahbarining shu yil 10-apreldagi “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida tizimga oid qator vazifa va qoidalar belgilandi, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azim Hasanov. — Jumladan, 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 1 ming 309 loyiha uchun ham qoʻshimcha ravishda 1,3 trillion soʻm ajratiladi. Bu 4 milliondan ortiq aholi koʻtargan masala yechimini topdi, degani. Shunday qilib, gʻolib loyihalarga byudjet mablagʻlari hisobidan jami 2,9 trillion soʻm yoʻnaltiriladigan boʻldi.

    2023-yil birinchi mavsumda gʻolib topilgan 2 ming 975 loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi qatʼiy nazoratga olingan. Bunda jihozlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish soʻnggi muddati etib joriy yilning iyul, qurilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha loyihalarni bajarishning soʻnggi muddati etib avgust oyi belgilangan.

    Tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni doirasida byudjet tashkilotlari rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yigʻish boʻyicha xodimlarga topshiriq berishi taqiqlangan. Majburiy ovoz yigʻishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutidan maʼlum qilishlaricha, gʻolib loyihalarning asosiy qismini umumtaʼlim maktablari, ichki yoʻllar, sogʻliqni saqlash va maktabgacha taʼlim muassasalarini taʼmirlashga oid takliflar tashkil etdi. Jumladan:

    umumtaʼlim maktablari —1 ming 335 ta yoki 44,5 foiz;

    ichki yoʻllar — 629 ta yoki 20,9 foiz;

    sogʻliqni saqlash muassasalari — 370 ta yoki 12,3 foiz;

    maktabgacha taʼlim muassasalari — 176 ta yoki 5,8 foiz.

    Yana bir eʼtiborli jihati, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport muassasalarini taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda boshqa yoʻnalishlar boʻyicha har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan loyihalar tahlili oʻtkazilib, 2024-yil uchun byudjet soʻrovida ularni taʼmirlash, jihozlash va xarid qilish xarajatlarini roʻyxatga kiritish koʻzda tutilgan. Bu aslida 34 mingta loyiha kelgusi yil byudjetini shakllantirish uchun tayyor taklif, degani. Buning natijasida 164 ta maktab, 30 ta bogʻcha va 32 ta tibbiyot muassasasida taʼmirlash, jihozlash va boshqa ishlar uchun 304,6 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltiriladi.

    “OBOD QISHLOQ”, “OBOD MAHALLA” VA “MENING YOʻLIM” LOYIHALARI

    Prezidentimizning oʻtgan yil 25-oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida 2023-yildan boshlab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yoʻli bilan aniqlanishi nazarda tutilgan. Buning uchun ovoz berish jarayoni har yili noyabr — dekabr oylarida oʻtkaziladi. Taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla boʻyicha bitta loyiha paketi shaklida ovozga qoʻyiladi.

    Vazirlar Mahkamasining shu yil may oyi boshida eʼlon qilingan qarori bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ham qabul qilindi.

    — Nizomga binoan, jamoatchilik fikri asosida loyihalar toʻplami mahallalar (qishloqlar) boʻyicha shakllantiriladi va gʻolib mahallalar (qishloqlar) aniqlanadi, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament boshligʻi Sherzod Muhammedov. — Jarayonlar 3 ta bosqichda amalga oshiriladi: 1-bosqichda portalda loyihalar toʻplami shakllantiriladi, 2-bosqichda shakllantirilgan loyihalar toʻplami saralab olinadi, 3-bosqichda saralashdan oʻtgan loyihalar toʻplamlariga ovoz beriladi.

    Gʻolib mahallalar ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka eʼlon qilingan holda loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar soni inobatga olinadi. Aholisi soni kam mahallalarga loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar aholi sonidan kelib chiqqan holda tuzatish koeffitsiyenti qoʻllaniladi.

    Ovoz berish jarayoni yakunlariga binoan, har bir tuman (shahar) uchun jamgʻarmada shakllantirilgan mablagʻlar doirasida eng yuqori koʻrsatkichni egallagan loyihalar toʻplami gʻolib topiladi. Ularning gʻolib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz toʻplash zarur. Ovoz berish yakunlangandan soʻng 3 kunda gʻolib topilgan loyihalar toʻplamini amalga oshirish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantiriladi hamda jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tuman (shahar) maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.

    Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi. Har yil yakunlari boʻyicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq jarayonda faol ishtirok etgan fuqarolar ragʻbatlantirib boriladi.

    Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Mening yoʻlim“ loyihasini moliyalashtirishning aniq tizimi joriy etildi. Unga asosan, 2022-yildan boshlab tuman va shaharlar byudjeti parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan loyihalarni taʼmirlashga yoʻnaltirilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Bu jarayon bir yilda bir marotaba oʻtkaziladi.

    — Mazkur jarayonda axborot portaliga ichki yoʻllarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), toʻliq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlari toʻliq kiritiladi, — deydi Azim Hasanov. — Portal avtomatik ravishda taʼmirlashga doir oʻrtacha narxni va tuman (shahar) byudjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir hududdagi taʼmirlanadigan ichki yoʻllarning umumiy hajmini aniqlaydi. Ularni taʼmirlashga doir takliflar kiritish fuqarolar tomonidan axborot portalida taqdim etilgan yoʻllardan birini tanlash orqali amalga oshiriladi. Har bir fuqaro ichki yoʻllarni taʼmirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi va bitta taklifga ovoz berishi mumkin.

    Joriy yil 7-may kuni “Mening yoʻlim” loyihasining 2023-yilgi mavsumiga ovoz berish jarayoni yakuniga yetdi. Ushbu mavsum uchun 10 ming 317 ta tashabbusli taklif kelib tushdi. Oʻtgan yili xuddi shu jarayonda 9 ming 212 loyiha ilgari surilgan edi.

    Bu yilgi ovoz berish jarayonida 8 million 93 ming 918 fuqaro ishtirok etdi. Uning natijalariga koʻra, 517 loyiha gʻolib topildi. Ularni moliyalashtirishga 412 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.

    Amaldagi nizomga muvofiq, gʻolib deb topilgan loyihalar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ushbu takliflarni ilgari surgan fuqarolar jalb qilingan holda ishlab chiqiladi. Ularni amalga oshirish boʻyicha ichki yoʻllarni loyihalashtirish, taʼmirlashda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmachi vazifasini bajaradi.

    Yoʻl qurish va uning obodligini taʼminlash savobli ish. Chunki bu vazifa inson qadri, el roziligi bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois, joylarda ichki yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha mavjud muammolar aynan fuqarolarning talab hamda takliflari asosida hal etilishi ularning sifatli va ravon, manzillarning yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.

    Soʻnggi uch yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 9 ming 500 mahallaga 57 trillion soʻm ajratildi. Bu mablagʻ hisobiga 3 ming 500 mahallada ichki yoʻllar, yana shunchasida bogʻcha, maktab va shifoxona taʼmirlandi. 1 ming 19 mahallada ichimlik va oqova suv taʼminoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirildi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori Sherzod Muhammedovning qayd etishicha, bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablagʻ koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazilishi, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida oʻtgan yildagiga qaraganda byudjetdan 3,5 barobar koʻp — jami 8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Shundan 2 trillion soʻm “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun tuman va shahar byudjetlarida rejalashtirilgan, 320 milliard soʻm “Mening yoʻlim” loyihasi doirasida tuman va shahar byudjetlaridan ajratilishi, 4 trillion soʻm “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilishi moʻljallangan.

    Odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri byudjeti qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida yoʻnaltiriladigan boʻldi. Bungacha bunday talab faqat tuman-shaharlar byudjetiga taalluqli edi. Endi mahalliy byudjetlar tomonidan ajratilgan qoʻshimcha mablagʻ hisobiga 1,7 trillion soʻm Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga oʻtkaziladi.

    “Ochiq byudjet” loyihalari koʻlami tobora kengayib, uning har bir jarayoniga ajratilayotgan mablagʻ miqdori ham ortib boryapti. Toʻgʻri, bu jarayon ayrim muammo va kamchiliklardan ham xoli emas. Ularni hal etish zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanishni va doimo takomillashtirib borishni taqozo etadi.

    Xususan, oʻtgan davr mobaynida fuqarolar tomonidan turli telefon raqamlari bilan portaldan roʻyxatdan oʻtib, “foydalanuvchilar” zaxirasini shakllantirish va keyinchalik ushbu akkauntlarni ishga solish asosida sunʼiy ravishda ovozlar sonini koʻpaytirish holati kuzatilgan edi.

    Shunday qilib ularning oldini olish va jarayonning haqqoniy oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida ovoz berish imkoniyati faqatgina SMS xizmati orqali va roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar tomonidan ovoz berilishida ham ularning telefon raqamlariga yuborilgan SMS-xabarnoma bilan amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Bunda barcha ovozlar real vaqt rejimida va xaqiqatda amalda boʻlgan (ishlab turgan) telefon raqamlari orqaligina amalga oshiriladi. Natijada fuqaro har bir jarayonda bitta taklif kiritish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Eng muhimi, aholining “Tashabbusli byudjet” loyihasiga va uning shaffofligiga ishonchi katta. Bu loyiha qisqa fursatda fuqarolar manfaati va jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmi asosida byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish vositasiga aylandi. Natijada qishloq va mahallalarda uzoq yillar davomida hal etilmay kelgan ijtimoiy muammmolar qisqa muddatda yechimini topyapti, hamjihatlikda koʻtarilgan va ovoz berilgan takliflar samarasidan bahramand boʻlinyapti.

    Davlatimiz rahbari bu haqda “Bizning tajribamizda bu ham birinchi marta va juda katta ijobiy natija beryapti. Odamlar shu jarayonlarda bevosita oʻzlari ishtirok etyapti... Eng muhimi, odamlar bunday loyihalarga daxldor boʻlib, bunyod qilingan infratuzilmadan faxrlanib, ularni asrab-avaylab foydalanyapti”, degan edi.

    Ha, shunday. Aholi oʻz hududi, yashab turgan joyi obodligi uchun masʼuliyatni his qilyapti, yaxshi yashash yoʻlida faol fuqarolik pozitsiyasini ishga solyapti. Tadqiqotchilar taʼbiri bilan aytganda, bu jarayonda odamlar oʻz manfaati uchun emas, xalq manfaati uchun bir tanu bir jon boʻlib raqobatlashyapti. Insonlardagi birdamlik, jipslik ertangi kunga boʻlgan ishonchni oshiryapti.

    Fikr erkinligi insonlar tafakkurini yuksaltirib, yurt obodligi, ezgu ishlarga daxldorlik tuygʻusiga qanot beradi. Shu maʼnoda, “Tashabbusli byudjet” ham mahalliy byudjet mablagʻlarining aholi tomonidan ovoz berish yoʻli orqali yoʻnaltirilishida, qolaversa, ular hamjihatligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Shu bois, erishilgan yutuqning qadr-qimmmati sarbaland, iftixorli.

    Mana, mazkur loyihaning shu yilgi ikkinchi mavsumiga ham start berildi. Dolzarb takliflarni ilgari surib, hamjihatlikda harakat qilganlar, albatta, gʻoliblar safida boʻladi. Bir yarim ming ovoz toʻplash orqali qanchadan-qancha bogʻcha, maktab, shifoxona taʼmirlanab, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanadi, sport maydonchalari ishga tushadi, qishloq va mahallalarga toza ichimlik suvi keladi, yuzlab kilometr yoʻl obod va charogʻon boʻladi...

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi