Uning fikrlarini tinglab, menda savollar paydo bo'lmoqda. Avvalo, bu insonning fermer ekanligiga shubham bor? Fermer bo'lsa, nega somonni va boshqa yem-xashakni sotib oladi? Negaki, davlatimiz tomonidan chorvachilik yo'nalishida faoliyat yuritayotgan xo'jaliklar har tamonlama qo'llab- quvvatlanmoqda. Bunda chorva shartli mol bosh soniga qarab, etarlicha er maydoni ajratilmoqda. Ularga birinchi navbatda soliq yukining kamaytirilgan, subsidiya olish imkoniyatlari kengaytirilgan, yetishtirayotgan mahsulotlariga narxni erkin belgilash va imtiyozli ravishda kreditlar olish kabi imtiyozlar berilgan.
Bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalishdan tashqari, yerdan samarali foydalangan holda yiliga 2-3 marta hosil olayotgan dehqonlarimiz tajribasi keng qo'llanmoqda. Natijada chorvachilik yo'nalishidagi fermer xo'jaliklari mo'l ozuqa yetishtirish evaziga mahsulot tannarxiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan chetdan ozuqa va yem-xashak sotib olish hajmini keskin kamaytirishga erishish mumkin.
Shu o'rinda vijdon masalasida, shu yurtning tadbirkor farzandi sifatida o'ylab qaraydigan bo'lsak, yurtdoshlarimizni arzon chorvachilik mahsulotlari bilan ta'minlash zimmamizda ekanligidan nolish emas, faxrlanishimiz kerak. Zero, yurtimizda chorvachilik yo'nalishida faoliyat yuritib, yuqori natijalarga erishayotgan fermerlarmiz ko'plab topiladi. Yerdan foydalanish, mahsulot tannarxini pasaytirish, mo'l va sifatli ozuqa yetishtirish sirlarini ulardan o'rganish lozim.
Yana bir gap. Bu inson qoramol parvarishlash bilan shug'ullanayotgan bo'lsa, go'sht yetishtirishdan oladigan daromadi kamaygan bo'lishi mumkin. Ammo, bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir mahsulotning bahosi unga bo'lgan talab va taklif asosida o'zgaradi. Go'sht narxini oshirish istagini bildirganimiz bilan iste'molchi xarid qilmasa, go'sht rastalarda qolib ketsa va vaqt o'tib yaroqsiz holga kelsa yana kim zarar ko'radi? Albatta, ishlab chiqaruvchi.
Chorvaning ozuqasiga keladigan bo'lsak, ularning narxi qimmatlashuvi ham bozor iqtisodiyoti talablariga borib taqaladi-ku. Agarda hozirgi fermerlar qishloq xo'jaligi xodimi emas, balki ko'p qirali tadbirkor ekanligini hisobga oladigan bo'lsak, bu insonga yo'nalishini o'zgartirishni yoki ehtiyojlari uchun yem-xashak bazasini yaratish choralarini ko'rish zarurligini eslatgan bo'lardim.
Ro'ziqul PRIMQULOV,
Sirdaryo viloyati fermer, dexqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi